Mohi sulton!
Sen oylarga sultonsan. Tashrifingdan poklangan ruhiyatimiz boshqa oylar uchun mador yig‘adi. Ezgulikka o‘nglangan odatlarimiz yil davomida saqlanib, an’ana tusini oladiki, yaxshiliklarimiz sen sabab buyuk ajrlarga noyil bo‘ladi. Sendan o‘rgangan fazilatlarimizni boshqa oylar uchun ham asrab qo‘yamiz.
Mohi marg‘ub
Hurmating bois bizga berilajak imkoniyatlarni sanab adog‘iga yetishimiz mumkinmi? Atrofimizni o‘rab turgan yaxshiliklar, biz erishajak savoblar yanada ziyoda bo‘lishiga guvoh bo‘lamiz. Hadislarning birida: “U oyda kim Allohga yaqinlashtiradigan ezgulik qilsa, undan boshqa oyda ado etgan bir farz darajasini topadi. Va bu oyda bir farzni ado etgan kishi boshqa oyda 70 farz ado etgan kabi bo‘ladi” deya marhamat qilinadi. Ha, senda amalga oshirilgan savobli amallar evaziga savobu ajrlar orttirib beriladi. Qolaversa, har neki niyatlarimiz bo‘lsa, Yaratganga yolvoramiz, sening sharofatingga umid bog‘laymiz. Zotan, Payg‘ambarimiz (s.a.v.) “Ro‘zadorning duosi maqbuldir” deya marhamat qilgan ekanlar.
Mohi g‘ufron
Sen sabab gunohlardan poklanamiz. Salmon Forsiy (r.a.)dan rivoyat qilingan hadisda: “Bu oy shunday oydirki, avvali rahmat, o‘rtasi mag‘firat, oxiri esa do‘zaxdan ozod bo‘lish o‘n kunligidir” deyilgan ekan. Rasululloh (s.a.v) yana bir hadislarida: «Kim Ramazon ro‘zasini imon-ishonch bilan va savobidan umid qilib tutsa, oldingi gunohlari mag‘firat qilinadi», deya marhamat qilgan ekanlar. Demak, sening hurmating sabab solih amallarimiz, xayru ehsonlarimiz uchun gunohlarimiz kechirilar ekan.
Sabr oyi
Hayotimiz davomida har xil sinovlarga duchor bo‘lamiz. Gohida besabrlik illatidan aziyat chekamiz. Arzimas yetishmovchilik tog‘dek muammoga aylanadi go‘yo. Ramazon ro‘zasi kishini sabr bilan tarbiyalaydi. Dastlab ro‘za tutgan inson jismida, ruhiyatida nafsga qarshi kurash boshlanadi. Toqat bilan yengilgan xohishlar evaziga ro‘zadorning nafaqat zimmasidagi farzi ado etiladi, balki irodasi mustahkamlanib o‘z ruhiyatiga hokimlik g‘alabasiga erishadi.
Shifo oyi
Payg‘ambarimiz (s.a.v.) sening hilolingni ko‘rishlari bilan qiblaga yuzlanib: «Allohim, ushbu oyni biz uchun osoyishtalik, salomatlik, farovonlik davri etgin, dardlarga shifo, qalblarga ziyo bergin!..», deya muborak qo‘llarini duoga ochar edilar.
Zamonaviy tibbiyot so‘nggi yillarda ochlik bilan davolanish usulini keng yo‘lga qo‘ydi. Shunga asosan ro‘za tutish orqali ko‘plab kasalliklar davo topgani isbotlandi. Qolaversa, ro‘za ayrim dardlar yuzaga kelishiga to‘sqinlik qilishi ta’kidlandi. Eng muhim jihati, kishi ongining sokinlikka erishganidir. Turli g‘arazlar, kin va hasadlardan poklangan ruhiyat barcha kasalliklardan holi turmush tarziga yo‘l ochishi shubhasiz.
Qur’on oyi
Qur’oni karimning nozil bo‘lishi senda boshlandi. Bu haqida Allohning muborak kalomida: “Ramazon oyi - ... Qur’on nozil qilingan oydir” deyiladi. Qolaversa, Payg‘ambarimiz (s.a.v.) sen kelganingda Qur’oni karimning barchasini to‘laligicha Jabroil (a.s.)ga o‘qib berar ekanlar. Ushbu go‘zal an’ananing davomi o‘laroq, ayni kunlarda obod masjidlarimizda Qur’oni karim o‘qilishi va jamoatning uni tinglashi ajib fazilat.
Oqibat fasli
Muborak tashrifing insonlar o‘rtasida o‘zaro muruvvat va oqibat tuyg‘ularini uyg‘otadi. Hurmat va e’tibordan qarindoshlar o‘rtasida hamjihatlik mustahkamlanadi. Keksayu bemor qarindoshlar holidan xabar olinib, uzoq yaqinda yashoqchi qondoshlar iftorlik dasturxoni atrofiga chorlanadi. Gina kuduratli insonlar bir-birlariga quchoq ochadilar, o‘zaro uzr so‘rashadilar. Shukuhing kirib borgan har bir xonadon ana shunday ahillik bilan, yaqinlarga yaxshiliklar qilib fazilatli kunlarni o‘tkazadilar.
Ma’rifat oyi
Qalblar sokin va xotirjam, ongu shuurda pok niyatlar o‘rin olgan bir payt ma’rifatli bo‘lish uchun ayni muddaodir. Shu bois sening beqiyos lahzalaringni bilim olishga sarf etish yanada fazilatlidir. Chunki, barakoting har narsada bo‘lgani kabi o‘rganilayotgan ilmga ham taalluqlidir. Zotan, Payg‘ambarimiz (s.a.v.) muborak hadislarida: “Agar ummatlarim Ramazon oyining ular uchun qanchalik sharofatli va barokatli ekanini yaxshi bilganlarida edi, faqatgina shu bir oy emas, balki yilning qolgan hamma oylarida ham ro‘za bo‘lishini orzu qilar edilar”, deb marhamat qilganlar.
Rostgo‘ylik payti
Rostgo‘ylik – ezguliklar debochasidir. Bu borada Nabiy (s.a.v.) “Rost so‘z o‘z sohibini yaxshilik sari yetaklaydi. Yaxshilik esa uni behishtga yetaklaydi” deya marhamat qilgan ekanlar. Ezguliklar oyi bo‘lmish senda rost so‘zlash kishini xayrli amallar sari yetaklaydi. Bundan tashqari, ro‘zaning mukammal bo‘lishi uchun ro‘zador yolg‘on so‘zlash, ig‘vo va bo‘hton qilish, noloyiq so‘zlar bilan insonlar dilini og‘ritish kabi illatlardan o‘zini saqlashi muhim sanalanadi. Bu borada bir hadisi sharifda: “Kim yolg‘on gapirishni va unga amal qilishni qo‘ymasa, uning taomi va sharobini tark qilmog‘iga Allohning ehtiyoji yo‘q”, deyiladi.
Tinchlik oyi
Ha, sen tinchlik oyisan. Islom tarixidan ma’lumki, senda jangu jadallar to‘xtatilgan, sharofating bilan davlatlar tinchlik sulhini tuzganlar. Yana bir muhim jihat, inson qalbidagi sokinlikdir. Senda turli illatlar, g‘arazu hasad, arazu ginalardan poklangan, sohibi tomonidan ezgulikka yo‘naltirilgan dillar osoyishtalikka yo‘g‘riladi. Payg‘ambarimiz (s.a.v.) bejiz “Ro‘za qalqondir” demaganlar. Zero, qalqon kamon o‘qining ofatidan jangchini to‘sib qolganidek, ro‘za xatolarning yuzaga kelishi ortidan keluvchi behalovatlikdan qutqaradi. Natijada tinchlik oyida ruhiyat ham, qalblar ham hotirjamlikka cho‘madi.
Shukrlar mavsumi
Alhamdulillah, muborak oy ichramiz. Qalbimiz shukronaga to‘la. Yana bir Ramazonda yashab, uning fazilatlarini his qila olyapmiz, imkon boricha ezguliklar ado etyapmiz! Ko‘nglimiz xotirjam, osoyishta tonglarni qarshi olyapmiz. Dunyo kishilarining sezilarli qismini o‘yga solgan “qayerda tunasam ekan”, “nima yeyman?”, “ochlikdan bolalarimning holi ne kecharkin”, “qayerga berkinib yashasam ekan”... degan og‘riqli savollarning bizga keragi yo‘q. Ro‘za sabab ana shunday insonlar kechmishini boshimizdan kechiramiz. Ochlik, tashnalikdan aziyat chekayotgan zamindoshlarimiz holatini o‘z tanamizda sinab ko‘ramiz. His qilamizki, biz uchun tongdan shom qorong‘usigacha cheklangan imkoniyatlarimiz ayrim kishilarda davomli bo‘lishi mumkin. Tun nima, tong nima sezmay faqat qorin to‘ydirish yoki jon saqlash umidida yashayotgan yerdoshlarimiz kam deb o‘ylaysizmi? Bu haqda tafakkur qilib, yurak yurakdan buyuk Mavloga shukr hissini tuyamiz. Alhamdulillah, dasturxonlarimiz to‘kin, serquyosh zaminimiz o‘z saxovatini bizga taqdim etmoqda. Yurtimizda inson nomi ulug‘, keksalar qadrlanadi, yoshlarga holis yo‘l ko‘rsatiladi, ona bola salomatligi davlat siyosati darajasida... Demak, Sen shukrlar mavsumisan.
Ramazon! Seni ta’riflab nihoyalash mumkinmi?
Biz bugun senga atalgan tavsiflarning dengizdan tomchisinigina eslatib o‘tdik. Biroq ro‘yxatimizni hali uzoq davom etishimiz mumkin. Muhimi sen mohi mahbubsan! Oylar ichra seviklisisan. Arazlashgan ko‘ngillar hurmating bois yarashadi, yaqinlar munosabati mustahkamlanadi, dillar dillardan suv ichadi, hamjihatlik, ahil inoqlik ortadi. Har bir kuningdan imkonlarga boy lahzalar o‘rin olgan. Tillar dillarni shirin so‘zlar bilan alqaydi. Sening mahbub bo‘lishing boisini-da ta’riflarga sig‘dirmoq mahol... Biz seni yaxshi ko‘ramiz.
Sharifaxon G‘aniyeva
Shu yil 23 dekabr kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarining tashabbusi o‘tkazib kelinayotgan amaliy tadbirlarning navbatdagisi poytaxtimizning Olmazor tumanida bo‘lib o‘tdi.
Tadbirga O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov boshchilik qildi. Shuningdek, unda Diniy idora bo‘limi boshliqlari Islomiddin domla Zuhriddinov, Muzaffar domla Kamolov va Masjidlar bilan ishlash bo‘limi yetakchi mutaxassisi Dilmurod Rahimovlar qatnashdi.
Mazkur tumandagi “Islomobod” masjidida o‘tkazilgan tashkiliy yig‘ilishda Toshkent shahar vakilligi rahbariyati, tuman-shaharlar bosh imom-xatiblari va Olmazor tumanidagi masjid imom-xatiblari ham ishtirok etdi.
Tadbir avvalida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarining “Inson qadri” kitobi taqdimoti o‘tkazildi. Unda Zayniddin domla Eshonqulov mazkur kitob bugungi hayotimiz bilan naqadar uyg‘un ekani, dinimizda ham inson va uning qadr-qimmati yuksak ulug‘lanishi, har bir diniy soha xodimining faoliyati uchun dasturamal bo‘lib xizmat qilishini alohida ta’kidlab o‘tdi. Ushbu kitob barcha ishtirokchilarga tarqatildi.
Tadbir davomida tuman bosh imom-xatiblari uchun namunaviy maxsus kiyim namunasi taqdimot qilindi. Unda chakmon, duxoba va milliy do‘ppilar namoyish qilindi.
Shuningdek, Toshkent shahri, xususan, Olmazor tumanida 2025 yil davomida amalga oshirilgan ishlar sarhisob qilindi. Unda shahardagi imom-xatiblar faoliyatidagi yutuqlar e’tirof etilib, ba’zi kamchiliklar bo‘yicha tegishli tavsiyalar berildi.
Shundan so‘ng Toshkent shahar bosh imom xatibi o‘rinbosari Rustamov Ergashali boshchiligida tumanlar bosh imom-xatiblari, shuningdek, tajribali imom-xatiblardan tarkib topgan Ishchi guruh tuzilib, ular Olmazor tumanidagi 21 ta masjid va mahallasiga biriktirildi.
Tadbir doirasida amaliyoti nazarda tutilgan yo‘nalishlar bo‘yicha quyidagilar amalga oshirildi:
Birinchi yo‘nalish bo‘yicha imom-xatiblar 7 toifaga mansub 105 ta oilaga kirib, ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot va amaliy yordam tadbirlarini olib bordi: Xususan:
- 20 ta xonadonda yot g‘oyalar ta’siriga moyil bo‘lganlar bilan suhbatlashilib, tushunchalari to‘g‘rilandi;
- 15 ta xonadonda jazo muddatini o‘tayotganlarning oila a’zolari, muqaddam sudlanganlar bilan suhbat qilindi;
- 20 ta notinch oila o‘rganilib, muammoning sabablari bartaraf etish, arazlashganlarni yarashtirish choralari ko‘rildi;
- 15 ta xonadonda ichkilikka ruju qo‘yganlar bilan suhbat qilinib, zararli odatlardan saqlanish to‘g‘risida nasihat qilindi;
- nogiron, kasal, ehtiyojmand fuqarolar, shuningdek, tabarruk yoshdagi qariyalar yashaydigan 20 ta oilaga kirilib, ulardan hol-ahvol so‘rash barobarida sovg‘a-salomlar ulashildi, davolanish va dori-darmon uchun moddiy yordam ko‘rsatildi.
Kirilgan 105 ta xonadonning ichidan moddiy imkoniyati cheklanganlariga homiylarni jalb qilgan holda jami 42 000 000 (qirq ikki million) so‘mlik ro‘zg‘orlik mahsulotlari ehson qilindi. Ular orasidan o‘ta nochor bo‘lganlarining moddiy ta’minotidan xabardor bo‘lib turish rejalashtirildi;
Ikkinchi yo‘nalish bo‘yicha imom-xatib faoliyati o‘rganildi. Jumladan, jamoani boshqarish, masjidni toza va ozoda saqlash, unda qulay sharoitlar yaratish jihatlari ko‘rib chiqildi.
Uchinchi yo‘nalish bo‘yicha Ishchi guruh a’zolari o‘zlariga biriktirilgan 21 ta masjidda peshin namozini ado qilib, jamoatga ma’ruza qilib berdilar. Tinchlik ne’mati, shukronalik, aqidada adashmaslik, mazhabga ergashish kabi muhim mavzudagi chiqishlarda 3800 ga yaqin tinglovchi qamrab olindi.
Shuningdek, yakuniy yig‘ilishda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov qish mavsumini betalofat o‘tkazish bo‘yicha so‘z yuritdi.
Yig‘ilishda mehnat migrantlari va ularning oila a’zolari bilan muloqatni muntazam yo‘lga qo‘yish, kadrlar masalasiga e’tiborni kuchaytirish, ma’ruzalarni Fatvo markazidan chiqarilgan juma tezislari va qo‘shimcha adabiyotlardan foydalangan holda boyitish, haftaning dushanba va payshanba kunlari ma’ruzalar qilish haqida so‘zladi.
Diniy idora Moliyaviy nazorat va tahlil bo‘limi boshlig‘i Islomiddin Zuhriddinov masjidlarda ish yuritish hujjatlarini takomillashtirish, ehson qutilardagi tushumlarni komissiya a’zolari ishtirokida dalolatnoma asosida bankdagi hisob raqamlarga kirim qilish, to‘y va marakalarni ixchamlashtirish, janoza marosimlarda bid’at-xurofatlarga chek qo‘yish to‘g‘risida gapirdi.
Masjidlar bilan ishlash bo‘limi boshlig‘i Muzaffar Kamolov mavjud mahallalarga barcha imom-xatib va imom-noiblarni biriktirish, mahalla yettiligi bilan homkorlikda ishlarni yo‘lga qo‘yish, shar’iy dalil va hayotiy misollar asosida ma’ruza qilish, kiber jinoyatchilikning oldini olish haqida aytib o‘tdi.
Tadbir so‘ngida amalga oshirilgan ishlar tahlil qilinib, Olmazor tumani imom-xatiblari yutuq va kamchiliklari yuzasidan ko‘rsatma va tavsiyalar berildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati