Sayt test holatida ishlamoqda!
11 May, 2025   |   13 Zulqa`da, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:35
Quyosh
05:09
Peshin
12:24
Asr
17:22
Shom
19:34
Xufton
21:01
Bismillah
11 May, 2025, 13 Zulqa`da, 1446

Ro‘zadorning qalqoni

12.05.2020   3488   4 min.
Ro‘zadorning qalqoni

Shunday bir fursat borki unda mo‘min bandaga dunyoda uni gunohu ma’siyatlardan, oxiratda esa do‘zaxdan to‘sadigan “qalqon” beriladi. Bu haqida payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam shunday xabar berganlar:  

  عَنْ أَبِى هُرَيْرَةَ أَنَّ النَّبِىَّ صَلَّى اللهُ عَلَيهِ وَسَلَّمَ قَالَ الصِّيَامُ جُنَّةٌ إِذَا كَانَ أَحَدُكُمْ صَائِمًا فَلاَ يَرْفُثْ وَلاَ يَجْهَلْ فَإِنِ امْرُؤٌ قَاتَلَهُ أَوْ شَاتَمَهُ فَلْيَقُلْ إِنِّى صَائِمٌ إِنِّى صَائِمٌ.    رَوَاهُ اَبُو دَاودَ

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Ro‘za qalqondir. Qachon birortangiz ro‘zador bo‘lsa yomon gap gapirmasin, johillik qilmasin. Agar biror kishi u bilan urushsa yo uni haqorat qilsa: “men ro‘zadorman, men ro‘zadorman”, desin”, dedilar”. Abu Dovud rivoyat qilgan.

Hadisi sharifdagi “qalqon” deya tarjima qilingan “junnatun” kalimasi lug‘atda “to‘suvchi”, “himoya qiluvchi” kabi ma’nolarni anglatadi. Shunga ko‘ra ulamolar ushbu kalimadan qanday ma’no ko‘zlangani haqida quyidagilarni aytganlar:

  • Ro‘za, gunoh ma’siyatlardan himoya qiluvchidir. Chunki u tufayli ro‘zador tanasidagi shayton yuradigan yo‘llar bo‘lgan taom va qon yo‘llari torayadi. Ana shu e’tibordan ro‘za uni gunohlardan himoya qiluvchi bo‘ladi;
  • Ro‘za, do‘zaxdan to‘suvchidir. Chunki iymon va savob umidida tutilgan ro‘za ro‘zadorning oldingi gunohlari mag‘firat qilinishiga sabab bo‘ladi. Ana shu e’tibordan u do‘zaxdan to‘suvchi bo‘ladi.

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam so‘zlarining davomida ro‘zadorga “yomon gap gapirmasin”, deya tayinlaganlar. Ya’ni, birovni haqoratlash, birov ustidan kulish, la’nat aytish va fahsh gaplarni gapirish kabi shariat man qilgan gaplardan qaytarganlar. Demak, ro‘zador kishi halim bo‘lishi, o‘zgalar bilan urishib tortishmasligi, jahli chiqqan vaqtda ham o‘zini qo‘lga ola bilishi ro‘zadorning odoblaridan hisoblanadi.

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ro‘zadorning yana bir sifatini ta’kidlab “johillik qilmasin”, deganlar. Ya’ni, ro‘zador shariat man qilgan noto‘g‘ri so‘zlarni gapirmasin va noto‘g‘ri ishlarni qilmasin. Shunga ko‘ra ro‘zador kishini birov urishib haqorat qilgan taqdirda ham: “men ro‘zadorman, men ro‘zadorman” deyishi va uning haqoratiga “javob” qaytarishdan o‘zini tiyishi lozim. Ana shunda u ro‘zaning hurmatini saqlagan hamda mazkur hurmat sababli o‘ziga johillik qilayotgan beodob kimsani ham odobga chaqirgan bo‘ladi.

E’tibor beriladigan bo‘lsa aslida ro‘za bo‘lmagan paytlarda ham uni qilish mumkin bo‘lmagan ishlardan  ro‘zada ta’kidlab qaytarilgan. Buning hikmati haqida ulamolar shunday deganlar: “Inson bir narsadan uzluksiz bir oy o‘zini saqlasa, o‘sha narsa uning odatiga aylanib mazkur muddatdan keyin ham doimo undan saqlanadigan bo‘lib qoladi”.

Shu ma’noda hozirgi kunimizda ham ayrim muhim xavfsizliklarni insonlarning odatlariga aylantirish maqsadida ba’zi oylarni “harakat xavfsizligi oyligi”, yoki “yong‘in xavfsizligi oyligi” kabi nomlar bilan atalayotgani barchaga ma’lum bo‘lgan oddiy haqiqatdir.

Zero ro‘zadan ko‘zlangan asosiy maqsad boshqa payt istemol qilish mumkin bo‘lgan yeyish-ichish kabi narsalardan saqlanishdangina iborat emas, balki nafsni jilovlash malakasini hosil qilishdir.

Demak  Ramazon oyida mazkur qaytariqlarning ta’kidlanishi faqatgina uning boshqa oylardan afzal ekanini bildirib qo‘yish uchun emas, balki bu oyda odatga aylangan ishlar boshqa barcha oylarda ham bardavom bo‘lishi uchundir. Shunga ko‘ra Ramazonda o‘zlashtirilgan sifatlarni odatlariga aylantirib olganlarning oilalarida va bunday oilalardan tashkil topgan jamiyatda tinchlik, totuvlik va xayru baraka butun yil bo‘yi davom etadi.

Alloh taolo barchalarimizni dunyoda gunohlardan, oxiratda do‘zaxdan qalqon bo‘ladigan darjadagi ro‘za tutish baxtiga muvaffaq qilsin.

Olamlar Robbisiga hamdu sanolar, Payg‘ambarimiz Muhammad Mustafoga hamda u zotning oilalariyu sahobalariga salavot va salomlar bo‘lsin! 

Toshkent islom instituti o‘qituvchisi

Abdulqodir Abdur Rahim

Ramazon-2020
Boshqa maqolalar

Navbatdagi sayyor seminar Qorao‘zak va Taxtako‘pir tumanlarida bo‘lib o‘tdi

08.05.2025   7454   1 min.
Navbatdagi sayyor seminar Qorao‘zak va Taxtako‘pir tumanlarida bo‘lib o‘tdi

 

Imom-xatiblar faoliyatini yanada samarali tashkil etish bo‘yicha ko‘chma seminar bugun respublikamizning Qorao‘zak va Taxtako‘pir tumanlarida tashkil etildi. Qorao‘zak tumanidagi markaziy "Idris eshon" jome masjidida Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti qozisi Bahramaddin Razov boshchiligida soha xodimlari, mahalla raislari va ziyoratchilar ishtirokida yig‘ilish o‘tkazilib, sayyor tadbirda amalga oshiriladigan ishlar ko‘lami tushuntirildi.

Ishchi guruh a’zolari Qorao‘zak va Taxtako‘pir tumanlarining 5 ta masjidi va 19 ta mahallasiga biriktirildi. Ular o‘zlariga biriktirilgan mahalla hududidan 101 ta muammoli xonadonga kirib, o‘sha yerda yashayotganlarning holidan xabar oldi, yashash sharoitlari bilan yaqindan tanishdi va suhbatlashdi. Ularning muammolari o‘rganilib, fikr-mulohazalari tinglandi. Imom-xatiblar 10 ta toifaga mansub 101 ta oilaga ma’naviy-ma’rifiy, targ‘ibot-tashviqot va amaliy yordam tadbirlarini olib bordi. 

Shuningdek, masjidlar atrofida obodonlashtirish va tozalash ishlarini olib borish, ish yuritish, jamoani boshqarish jihatlari ham o‘rganildi. 

Ishchi guruh a’zolari o‘zlariga biriktirilgan masjidlarda peshin namozini o‘qib, yig‘ilgan qavmga, "Tinchlik baxti. Shukronalik. Ilm olish fazilati. Yot g‘oyalar ta’siridan saqlanish. Missionerlik harakatlarining salbiy oqibatlari" kabi dolzarb mavzularda ma’ruzalar qildi.

Tadbir yakunida amalga oshirilgan ishlar tahlil qilinib, Qorao‘zak va Taxtako‘pir tumanlari imom-xatiblarining ma’naviy-ma’rifiy, masjid boshqaruvidagi ishlariga ko‘rsatma va tavsiyalar berildi.

Tashrif davomida qoziyot qozisi boshchiligidagi ishchi guruh a’zolari Qorao‘zak tumanidagi "Idris eshon" masjidining yangidan qurilayotgan binosining qurilish ishlari bilan tanishdi.

B.ABBAZOV,
Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti xodimi

Navbatdagi sayyor seminar Qorao‘zak va Taxtako‘pir tumanlarida bo‘lib o‘tdi Navbatdagi sayyor seminar Qorao‘zak va Taxtako‘pir tumanlarida bo‘lib o‘tdi Navbatdagi sayyor seminar Qorao‘zak va Taxtako‘pir tumanlarida bo‘lib o‘tdi Navbatdagi sayyor seminar Qorao‘zak va Taxtako‘pir tumanlarida bo‘lib o‘tdi Navbatdagi sayyor seminar Qorao‘zak va Taxtako‘pir tumanlarida bo‘lib o‘tdi Navbatdagi sayyor seminar Qorao‘zak va Taxtako‘pir tumanlarida bo‘lib o‘tdi Navbatdagi sayyor seminar Qorao‘zak va Taxtako‘pir tumanlarida bo‘lib o‘tdi Navbatdagi sayyor seminar Qorao‘zak va Taxtako‘pir tumanlarida bo‘lib o‘tdi Navbatdagi sayyor seminar Qorao‘zak va Taxtako‘pir tumanlarida bo‘lib o‘tdi
O'zbekiston yangiliklari