Imom Buxoriy rahmatullohi alayh va bir qancha muhaddislar rivoyat qilgan hadisi qudusiyda Alloh taolo: “Odam bolasining ro‘zadan boshqa hamma amali o‘zi uchun, faqat ro‘za Men uchun va uning mukofotini Men – O‘zim berurman” -deydi.
“Sahihul Buxoriy”ning sharhi “Fathul Boriy”da Ibn Hajar Asqaloniy rahmatullohi alayh ushbu hadisi qudusiyning ma’nosini yoritib, undagi muhim o‘nta asl mohiyatni bayon qiladi.
Quydagi hadis bu ma’noni qo‘llab-quvvatlaydi.
عَنِ ابْنِ شِهَابٍ، أَنَّ رَسُولَ اللهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: "لَيْسَ فِي الصِّيَامِ رِيَاءٌ" رواه البيهقي
Ibn Shihobdan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Ro‘zada riyo bo‘lmaydi” – dedilar. Imom Bayhaqiy rivoyat qilgan.
Ro‘za banda bilan Robbisi orasidagi sirriy amal bo‘lib, o‘ziga xos ibodatdir. Ro‘zadan boshqa hamma amallarda biron bir amalni bajarayotgan shaxs, o‘zgalarning havasi, maqtovi, e’tiborini jalb qilishni istab qoladi. Shuning uchun Alloh taolo amallarning ichida “...faqat ro‘za Men uchundir...” -deb xoslamoqda.
Quyidagi hadis bu ma’noni qo‘llab-quvvatlaydi.
عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ عَنْ رَسُولِ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ"مَا مِنْ حَسَنَةٍ عَمِلَهَا ابْنُ آدَمَ إِلَّا كُتِبَ لَهُ عَشْرُ حَسَنَاتٍ إِلَى سَبْعِ مِائَةِ ضِعْفٍ قَالَ اللَّهُ عَزَّ وَجَلَّ إِلَّا الصِّيَامَ فَإِنَّهُ لِي وَأَنَا أَجْزِي بِهِ يَدَعُ شَهْوَتَهُ وَطَعَامَهُ مِنْ أَجْلِي "
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Odam bolasi qilgan yaxshi amallarining savobi o‘n barobardan yetti yuz barobarigacha ko‘paytirib yoziladi. Alloh taolo: “Faqat ro‘za undan mustasno. (ya’ni, ro‘zaning savobi behisob beriladi) Chunki, ro‘za Men uchundir va uning mukofotini Men – O‘zim berurman. U (odam bolasi) ro‘zada shahvati va taomini men uchun tark qilur” – dedilar. Imom Nasoiy rivoyat qilgan.
Ro‘zaning savobi behisob ekaniga quyidagi oyati karima ham dalil bo‘ladi.
قال الله تعالى: إِنَّمَا يُوَفَّى الصَّابِرُونَ أَجْرَهُمْ بِغَيْرِ حِسَابٍ الزمر: 10
Albatta, sabr qiluvchilarga (oxiratda) mukofotlari behisob berilur.
Ro‘za sabr bilan sayqal topadigan ibodat. Ro‘zador kishi nafsining hohish-istaklarini sabr bilan to‘xtatadi. Sabr qiluvchining mukofoti oyati karimada aytilganidek behisob beriladi.
Ibn Abdu Birr rahmatullohi alayh hadisi qudusiyda “...faqat ro‘za Men uchundir...” deyilishi ro‘za ibodatining fazilatiga kifoya qiladi –deydilar. Go‘yoki, bu ibodatning fazilati borasida ortiqcha ta’rifga zarurat yo‘q.
Quyidagi hadis bu ma’noni qo‘llab-quvvatlaydi.
عَنْ أَبِي أُمَامَةَ قَالَ قُلْتُ يَا رَسُولَ اللَّهِ أَخْبِرْنِي بِعَمَلٍ ينفعني الله به قَالَ عَلَيْكَ بِالصَّوْمِ فَإِنَّهُ لَا مِثْلَ لَهُ رواه النسائي
Abu Umoma roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
U zot: “Ey, Allohning rasuli (sollallohu alayhi va sallam) Alloh taolo u tufayli menga manfa’at beradigan amalning xabarini bering” –dedim.
Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) “Ro‘zani o‘zinga lozim tutgin! Chunki, ro‘zaga barobar keladigan amal yo‘q” – dedilar. Imom Nasoiy rivoyat qilgan.
Zayn ibn Munir rahmatullohi alayh: “Umumiy o‘rinda bir narsaning xoslanishi faqatgina o‘sha narsani ulug‘lash uchun bo‘ladi” –deydilar.
Imom Qurtubiy rahmatullohi alayh: “...faqat ro‘za Men uchundir...” hadisining ma’nosi: “Bandalarning amallari o‘zlarining hollariga munosibdir. Faqat ro‘za, Haq taoloning sifatlaridan bir sifatga munosibdir. Alloh taolo “...faqat ro‘za Men uchundir...” deyish bilan go‘yoki, “Ro‘zador mening sifatlarimdan birga ega bo‘lib, menga yaqinlashmoqda” -demoqchi.
عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ يَقُولُ: سَمِعْتُ أَبَا الْقَاسِمِ صلى الله عليه وسلم يَقُولُ: "قَالَ اللَّهُ عَزَّ وَجَلَّ: كُلُّ الْعَمَلِ كَفَّارَةٌ، إِلاَّ الصَّوْمَ، وَالصَّوْمُ لِى وَأَنَا أَجْزِى بِهِ. رواه احمد
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Alloh taolo aytadi: hamma amal kafforotdir. Faqat ro‘za mustasnodir. Chunki, ro‘za Men uchundir va uning mukofotini Men – O‘zim berurman.” – dedilar. Imom Ahmad rivoyat qilgan.
Ro‘zadan boshqa solih amallar qiyomat kunida insonning dunyoda qilgan xato va kamchiliklarni kaffarot bo‘lishi uchun xizmat qilish ehtimoli bo‘ladi. Faqat ro‘za ibodati saqlanib qoladidi. Ro‘zaning ajru savobi xato va kamchiliklarni kaffaroti uchun behuda ketmaydi.
Bu fikrni aytuvchi Ibn Arabiy rivoyat qilgan boshqa bir hadisi qudusiyni dalil qilib keltiradi. Hadisi qudusiyda Alloh taolo aytadi: “Ixlos sirlarimdan bir sirdir. Uni yaxshi ko‘rgan bandalarimning qalbiga solaman. Undan farishta ham xabardor bo‘lmaydi, xabardor bo‘lsa, uni yozar edi. Shayton ham xabardor bo‘lmaydi, xabardor bo‘lsa, u fasod qilar edi” – deydi.
Ro‘za ham ixlos kabi sirriy ibodat. Ibodatlardagi ixlosni Alloh taolodan o‘zga hech kim bilmagani kabi, ro‘zani ham hech kim bilmaydi.
Ibn Hajar Asqaloniy rahmatullohi alayh mazkurlarni zikr qilib, bularning ichida birinchi, ikkinchi, sakkizinchi va to‘qqizinchisi boshqalarga nisbat e’tiborli va yorqinroq ekanligini qayd qiladilar.
Jaloliddin Xolmo‘minov
“Ko‘kaldosh” o‘rta maxsus bilim yurti mudarrisi
Kecha, 6 may kuni Buxoro shahridagi Mir Arab oliy madrasasida “Yilning eng yaxshi islom tarixi o‘qituvchisi” musobaqasi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Muhammadolim domla Muhammadsiddiqov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Davronbek Maxsudov, viloyat bosh imom-xatibi, Mir Arab oliy madrasasi rektori Jobir domla Elov, hay’at a’zolari, ta’lim muassasalari rahbarlari, pedagog-o‘qituvchilar ishtirok etdi.
Musobaqa davomida ishtirokchilar 4 ta shart bo‘yicha bahs olib bordi. Ularning chiqishini malakali hakamlar hay’ati baholab bordi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra quyidagilar g‘olib deb topildi:
1-o‘rin: “Sayyid Muhyiddin maxdum” o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi o‘qituvchisi Muhammadyahyoxon Mahmudov 1-darajali diplom, “Haj” safari yo‘llanmasi va smart televizor bilan mukofotlandi.
2-o‘rin: Toshkent islom instituti o‘qituvchisi Xalilulloh Yusupov, 2-darajali diplom, “Umra” safari yo‘llanmasi va smart televizor bilan taqdirlandi.
3-o‘rin: Hadis ilmi maktabi o‘qituvchisi Sanjar Berdiyevga 3-darajali diplom va zamonaviy muzlatgich taqdim etildi.
Tanlovning qolgan 10 nafar ishtirokchisiga faxriy yorliq va qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.
Aytish joizki, ushbu tanlov O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalari pedagog-o‘qituvchilari o‘rtasida har yili o‘tkazib kelinmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati