JINLARNING RASULULLOH SOLLALLOHU ALAYHI VASALLAMGA IYMON KЕLTIRISHI
Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam Zayd ibn Horisa roziyallohu anhu bilan Makka tomon yo‘l oldilar.
Yo‘lda Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning tongda namoz o‘qiyotganlaridagi qiroatlarini eshitgan bir guruh jinlar u zotga iymon keltirdilar va o‘z qavmlarini Islomga da’vat qilish uchun shoshilib ketdilar. Bu hakda Alloh taolo Ahqof va Jin suralarida xabar bergan.
Mazkur hodisaning og‘ir paytda yuz berishi alohida hikmatga ega bo‘lib, odamlar Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamni inkor qilib turganlarida jinlarning o‘zlaridan-o‘zlari iymon keltirishlari katta gap edi.
Ikkovlari Makkaga yaqinlashganlarida Zayd ibn Horisa roziyallohu anhu: «Ey Allohning Rasuli, ularning oldiga qanday kirasiz? Axir ular sizni chiqardilar-ku?!» dedi.
«Ey Zayd! Alloh sen ko‘rib turgan narsaga albatta kushoyish berur. Alloh O‘z diniga albatta nusrat berur. O‘z nabiysini g‘olib qilur», dedilar u zot.
HAJ MAVSUMLARIDA ISHTIROK ETISHLARI
Toifdan qaytib kelganlaridan keyin Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o‘zlarini turli qabilalarga ochiq-oydin tanishtirishni boshladilar. Buning uchun eng qulay fursat haj mavsumlari edi. Hajga atrof-tevarakdagi qabilalar har yili guruh-guruh bo‘lib kelishar edi. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam odam ko‘p to‘planadigan joylarga borib, ularni Islomga chaqirar, Qur’oni Karimdan tilovat qilib berar edilar. U zot: «Ey Banu fulon! Men sizlarga Alloh yuborgan rasulman. Sizlarni Allohga ibodat qilishga, U Zotga biror narsani sherik qilmaslikka buyurishga amr qilinganman. U Zotdan boshqa ibodat qilayotgan narsalaringizni tark etishga chaqiraman. U Zotga iymon keltiring! Meni o‘z himoyangizga oling, toki U Zot yuborgan narsani yetkazay», der edilar.
Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam va’zlarini tugatishlari bilan Abu Lahab o‘rnidan turib: «Ey Banu fulon! Manavi sizlarni Lot va Uzzoni hamda sizlarga oshno bo‘lgan jinlarni bo‘yinlaringizdan otib tashlashga da’vat qilmoqda. O‘zi keltirgan bid’at va zalolatga chaqirmokda. Unga itoat qilmanglar. Unga quloq osmanglar», der edi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam da’vatlarini hech kim qabul qilmasa ham, ana shunday holda davom ettirar edilar.
YASRIBLIKLAR BILAN UCHRASHUV
U zot hojilar shaytonga tosh otadigan Aqaba nomli joyda Yasribda (Madinada) istiqomat qiluvchi Xazraj qabilasiga mansub bir guruh kishilarga duch keldilar. Ular olti kishidan iborat edilar: As’ad ibn Zurora, Avf ibn Horis, Rofe’ ibn Molik, Qutba ibn Omir, Uqba ibn Omir va Jobir ibn Abdulloh.
Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam ulardan: «Sizlar kim bo‘lasizlar?» deb so‘radilar. «Xazrajliklarmiz», deyishdi.
«Yahudiylarning do‘stlaridanmi?» dedilar. «Ha», deyishdi.
«O‘tirsalaringiz, bir gapim bor edi», dedilar. «Xo‘p», deb o‘tirishdi.
U zot ularni Allohga da’vat qildilar va Qur’oni Karimdan tilovat qilib berib, Islomga chaqirdilar.
Mazkur xazrajliklarning qalblarida Islomga kirishga moyillik bor edi. Ularning yurtida yahudiylar ham yashar, ular ahli kitob bo‘lishgani uchun ko‘p narsalarni bilishardi. Agar arablar bilan yahudiylar o‘rtasida janjal chiqib qolsa, yahudiylar ularga: «Bizning payg‘ambarimizning chiqish vaqti yaqinlashib qoldi. Biz unga ergashib, sizlarni o‘ldiramiz. Od va Eram xalqlari qirilib ketgandek, sizlar ham qirilib ketasizlar», deyishar edi.
Muhammad mustafo sollallohu alayhi vasallam mazkur xazrajliklarga gapirib bo‘lishlari bilan ular bir-birlariga qarab: «Bildingizmi? Bu yahudiylar vasfini keltiradigan payg‘ambarning o‘zi-ku! Ulardan oldin iymon keltirib qolish kerak!» deyishdi.
Ularning barchalari iymonga kelishdi. So‘ng Payg‘ambar sollallohu alayxi vasallamga: «Biz o‘z qavmimizni qoldirib kelganmiz. Dunyoda u qavm kabi adovatli va yomon qavm bo‘lmasa kerak. Shoyad, Alloh ularni sizning sababingizdan jam qilsa. Biz borib, ularni ham sizning ishingizga da’vat etamiz. Ularga sizdan qabul qilgan dinni taklif qilamiz. Agar Alloh ularni sizning atrofingizda jamlasa, sizdan azizroq odam bo‘lmaydi», deyishdi.
So‘ng kelasi yili yana uchrashishga va’dalashib, qaytib ketishdi. O‘sha yili mazkur guruhning harakati bilan Yasribda Islom dini tarqaldi.
BIRINCHI AQABA BAY’ATI
Nubuvvatning 12-yili zulhijja oyi, haj mavsumida va’dalashilgan joyga yasribliklardan o‘n ikki kishi kelishdi.
Ularning besh nafari bir yil oldin Makkaga kelib musulmon bo‘lgan edi. Ular o‘shanda olti kishi bo‘lib, bu safar Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhu kelmaganlar.
Boshqa yetti nafar yangi musulmonlar: Muoz ibn Horis, Zakvon ibn Abdulqays, Uboda ibn Somit, Yazid ibn Sa’laba, Abbos ibn Uboda, Abul Haysam ibn Tayhon va Uvaym ibn Soida roziyallohu anhum. Ular Aqabada Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam bilan uchrashishdi. Shunda u zot sollallohu alayhi vasallam ulardan bay’at oldilar. O‘sha bay’atning ishtirokchisi Uboda ibn Somit roziyallohu anhu bu haqda quyidagilarni aytadilar:
«O‘n ikki kishi edik. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bizga: «Kelinglar! Menga Allohga biror narsani shirk keltirmasligingiz, o‘g‘rilik, zino qilmasligingiz, bolalaringizni o‘ldirmasligingiz, qo‘l va oyoqlaringiz orasidan «to‘qilgan bo‘hton» keltirmasligingiz, menga ma’ruf ishda isyon qilmasligingiz haqida bay’at qilinglar. Sizdan kim bunga vafo qilsa, uning ajri Allohning zimmasida. Kim undan biror narsani buzib, bu dunyoda jazosini olsa, o‘sha uning uchun kafforatdir. Kim undan biror narsani buzsa-yu, Alloh uni satr qilsa, uning ishi Allohga havoladir. Xohlasa iqob qiladi, xohlasa afv etadi», dedilar».
Mazkur musulmonlar o‘z yurtlariga qaytayotganlarida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ularga Mus’ab ibn Umayr roziyallohu anhuni qo‘shib, u kishiga odamlarga Qur’on o‘qitish, Islomdan ta’lim berish va din ahkomlarini o‘rgatishni topshirdilar.
Mus’ab ibn Umayr roziyallohu anhu va yasriblik musulmonlar aholini Islomga da’vat qilishda jonbozlik ko‘rsatdilar. Mus’ab ibn Umayr roziyallohu anhu Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning tavsiyalari bo‘yicha ish olib borar, odamlarga Qur’on o‘qitish, Islomdan ta’lim berish va din ahkomlarini o‘rgatishni ajoyib uslub bilan yo‘lga qo‘yar edilar. Gohida ba’zi odamlar u kishining huzurlariga qurol ko‘tarib kelishardi. Ammo Mus’ab ibn Umayr roziyallohu anhuning chiroyli muomalalari, qiroatlari va Islom haqidagi so‘zlaridan keyin ko‘ngli erib, musulmon bo‘lib, u kishi nima topshiriq bersa, o‘shani so‘zsiz bajaradigan bo‘lib ketishar edi. Islom Yasrib bo‘ylab misli ko‘rilmagan tezlikda tarqalib borardi. U yerdagi bosh qabilalar – Avs va Xazrajning ko‘plab odamlari, jumladan, Sa’d ibn Muoz va Usayd ibn Huzayr kabi o‘z qavmining ulug‘lari ham Islomga kirdilar. Avs qabilasi, Banu Abdulashhal urug‘ining hammasi bitta ham qolmay musulmon bo‘ldilar.
ISRO VA MЕ’ROJ HODISASI
Hijratdan bir yil oldin Alloh taolo Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni Buroq nomli bir ulovga mindirib, Baytul maqdisga kechqurun sayr qildirdi. U zotga Jabroil alayhissalom hamroh bo‘ldilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam u yerda nabiylarga imom bo‘lib namoz o‘qidilar, so‘ngra Alloh taolo u zotni osmonlarga ko‘tardi. U yerda nabiylar bilan uchrashdilar. So‘ng Baytul ma’murga, u yerdan esa Sidratul muntahoga ko‘tarildilar.
Alloh taolo u zot sollallohu alayhi vasallam bilan gaplashdi va beradigan narsalarini berib, u zot sollallohu alayhi vasallamning ummatlariga namozni farz qildi.
«Isro» so‘zi lug‘atda «kechaning bir qismida sayr qildirish» degan ma’noni anglatadi. Shariatda esa Alloh taoloning hazrati Muhammad sollallohu alayhi vasallamni kechalardan birida Masjidul Haromdan Masjidul Aqsoga sayr qildirishiga «Isro» deyiladi.
Yana shuni ham ta’kidlab aytish lozimki, Isro hodisasi tush emas, ruhiy safar ham emas, balki Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning ham jasadlari, ham ruhlari bilan qilgan safarlaridir. Agar tush yoki ruhiy safar bo‘ladigan bo‘lsa, bu voqeaning mo‘jizaligi qolmas edi. Isro surasining 1-oyati karimasida «bandasini» deb ta’kidlanishi ham bu hodisa ham jasad, ham ruh bilan bo‘lganini ko‘rsatadi. Agar faqat ruh bilan bo‘lganida, «bandasining ruhini» degan bo‘lar edi. «Me’roj» lug‘atda «yuqoriga ko‘tarilish» degan ma’noni anglatadi. Shariatda esa Muhammad sollallohu alayhi vasallamning Baytul maqdisdan Allohning huzuriga ko‘tarilishlari «me’roj» deyiladi.
Muhaddislarning rivoyat qilishlaricha, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam xufton namozidan so‘ng Ummu Honi’ bint Abu Tolibning uyida uxlab yotganlarida uyning shifti ochildi va Jabroil alayhissalom u zotni Baytullohga olib chiqdi. Shu bilan Isro hodisasi boshlandi. Buroq nomli ulovga minib, Baytul maqdisga bordilar. So‘ng u yerdagi katta xarsangtosh ustida turganlarida Me’rojga ko‘tarildilar. Hozirda ana shu tosh ustiga qubba – gumbaz qurilgan. Uning dumaloq bino shaklidagi suratlari butun dunyoga tarqalgan. Ko‘pchilik bilmaganlar uni Masjidul Aqso deb tushunadilar.
Me’rojda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bilan Jabroil alayhissalom ham birga bo‘ldilar. Har bir osmonga yetganda, u kishi eshikni ochishni so‘rar edilar. Qo‘riqchi farishtalar «Kim?» deb so‘rashardi. U kishi: «Jabroil» deb javob berar edilar. Ular «Yoningdagi kim?» deb so‘rashardi. Jabroil alayhissalom «Muhammad» desalar, ular «U Payg‘ambar etib yuborildimi?» deya eshikni ochib so‘rashardi.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam har bir osmonda payg‘ambar va ko‘plab farishtalar ila ko‘rishdilar. Shuningdek, jannat va jahannamning holini ko‘rdilar. Sidratul muntahoga o‘gib, Allohning malakut olamida ko‘pgina ajoyibotlarni ko‘rdilar. O‘shanda besh vaqt namoz farz qilindi. So‘ng ortga qaytdilar. U zotning o‘zlari Ummu Honi’ga qissani to‘liq so‘zlab berdilar.
So‘ng masjidga chiqmoqchi bo‘lib, o‘rinlaridan turdilar. Ummu Honi’ u kishining kiyimlariga yopishib oldi. U zot sollallohu alayhi vasallam: «Senga nima bo‘ldi?» dedilar. Ummu Honi’: «Agar bu xabarni aytsangiz, qavmingiz sizni yolg‘onchiga chiqarishidan qo‘rqaman», dedi.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: «Yolg‘onchiga chiqarsa ham mayli», dedilar.
Chiqib borib Ka’ba yonidagi Abu Jahlning oldiga o‘tirdilar va Isroning xabarini unga yetkazdilar. Shunda Abu Jahl: «Ey Banu Ka’b[1] ibn Luay jamoasi, kelinglar!» deb baqirdi. So‘ng bo‘lgan gapni ularga aytib berdi. Ular hayron bo‘lib, taajjubga tushishdi. Biri qarsak chalsa, boshqasi boshini ushlab, hayratini ifodaladi.
Bir guruh odamlar hazrati Abu Bakr roziyallohu anhuning huzurlariga yugurib borishdi. U kishi xabarni eshitgandan so‘ng: «U zot shu gaplarni aytdilarmi?» deb so‘radilar. Ular: «Ha», deyishdi. U kishi: «Agar u zot aytgan bo‘lsalar, to‘g‘ri aytibdilar, men bunga shoxidlik beraman», dedilar. Ular: «Shom o‘lkasiga bir kechada borib, yana tong otmay turib, Makkaga qaytib kelishiga ishonasanmi?!» deyishdi. Abu Bakr: «Men u zotning bundan g‘aroyibroq so‘zlarini ham tasdiqlayman. Osmondan xabar aytishlarini ham tasdiqlayman», dedilar.
Shundan so‘ng Abu Bakr roziyallohu anhu «Siddiq» – «doimo tasdiqlovchi» deb atala boshladilar.
Odamlarning ichida Baytul maqdisga borganlari bor zdi. Ular Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan o‘sha yerdagi masjidni sifatlab berishlarini talab qilishdi. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamga masjid namoyon qilindi. U zot sollallohu alayhi vasallam ularga masjidni vasf qila boshladilar. Ular: «Ammo vasfini to‘g‘ri qilding, – deyishdi-da, so‘ngra: – Sen bizning karvonimizdan xabar ber», deyishdi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ularning karvonidagi tuyalarning soni, ahvoli haqida to‘liq xabar berib, nihoyasida: «Karvon ertaga, quyosh chiqish paytida yetib keladi. Oldinda kulrang tuya bo‘ladi», dedilar.
Ertasi tongda hammalari shahar chetiga chiqib, karvonning kelishini kuta boshlashdi. Ulardan biri: «Mana, quyosh ham chiqdi», dedi. Boshqasi esa: «Mana, Allohga qasamki, karvon ham ko‘rindi. Muhammad aytganidek, oldinda kulrang tuya kelmoqda», dedi.
Ammo shunda ham ular iymon keltirishmadi. Isro hodisasi buyuk mo‘jiza edi. Buni bilgandan keyin har qanday inson iymon keltirishi lozim edi. Lekin ular iymonga mayl etishmadi.
IKKINCHI AQABA BAY’ATI
(nubuvvatning 13-yili zulhijja oyi)
Yana haj mavsumi qaytib keldi. Mus’ab ibn Umayr roziyallohu anhu boshliq yasriblik musulmonlar hech kimga bildirmay, o‘z qavmlarining mushriklariga qo‘shilib hajga keldilar. Odamlar bilan birga haj qildilar. Arafotdan keyin tashriq kunlarining o‘rtasida Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam bilan Aqabada uchrashishga kelishdilar. Uchrashuv kechasi bo‘lganda hammalari o‘z qavmlari ila uxlagani yotdilar. Kechaning uchdan biri o‘tgandan keyin bitta-ikkita bo‘lib, hech kimga bildirmasdan uchrashuv joyiga kela boshladilar.
To‘planib bo‘lgach, qarasalar, yetmish uch erkak va ikki ayol (Ummu Umora Nusayba bint Ka’b va Asmo bint Amr) ekanlar. Hammalari jam bo‘lib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni kutishdi. Bir vaqt u zotning kelayotganlarini ko‘rishdi. Yonlarida bir kishi ham bor edi. Yaqin kelganlarida u kishi Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning amakilari Abbos ekani ma’lum bo‘ldi. Orada qisqa so‘zlashuv bo‘lib o‘tdi. Musulmonlar Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam ulardan nimani talab qilsalar, o‘sha narsaga tayyor ekanlarini bildirdilar.
Keyin Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ularga Qur’on tilovat qilib berdilar, Allohga da’vat, Islomga targ‘ib qildilar va: «Ayollaringiz va bolalaringizni nimadan himoya qiladigan bo‘lsangiz, meni ham o‘shandan himoya qilishingiz sharti ila sizlarning bay’atingizni qabul qilaman», dedilar.
Birinchi bo‘lib As’ad ibn Zurora roziyallohu anhu Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning qo‘llarini olib, bay’at qildi. Keyin hamma birma-bir bay’at qilib chiqdi.
Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam ularning oralaridan o‘n ikkita naqib (o‘z urug‘iga mas’ul rahbar) saylashni so‘radilar. Ular o‘n ikki kishini tanladilar. U zot naqiblarga: «Xuddi Iyso ibn Maryamning havoriylari o‘z qavmlariga kafil bo‘lganlaridek, sizlar ham o‘z qavmingizga kafilsizlar. Men o‘z qavmimga (ya’ni muhojirlarga) kafilman», dedilar.
So‘ng Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ularga: «Endi joylaringizga boraveringlar», dedilar.
Bo‘lib o‘tgan ishdan Makka mushriklari xabardor bo‘lib qolishdi. Yasribliklar turgan joyga borib, surishtira boshlashdi. Yasrib mushriklari: «Biz bunday ish qilganimiz yo‘q», deb qasam ichib, turib oldilar. Musulmonlar hech narsani bilmagandek, jim turaverdilar.
Hojilar jo‘nab ketganlaridan keyin mushriklar ishning tafsilotini o‘rganishdi. Ular yasriblik musulmonlarni ortlaridan quvib borishdi. Sa’d ibn Muoz roziyallohu anhuni tutib ham olishdi. U sishini kaltaklab, Makkaga olib kelishdi. Ammo Sa’d roziyallohu anhuning ittifoqdoshlari u kishini mushriklar qo‘lidan ajratib oldilar.
Bu ishdan darg‘azab bo‘lgan mushriklar musulmonlarga nisbatan adovatni yana ham avj oldirishdi.
MUSULMONLARNING MADINAGA HIJRATI
Mushriklarning tazyiqi ostida qolgan musulmonlar Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamdan hijratga izn so‘ray boshladilar, chunki ular Yasribda o‘z dindoshlari ularga yordam berishlarini yaxshi bilar edilar. Ana shu paytda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Menga hijrat diyoringiz haqida xabar berildi. U Yasribdir. Kim chiqmoqchi bo‘lsa, o‘sha yoqqa yo‘lga chiqsin», dedilar. Ba’zi musulmonlar maxfiy ravishda hijratga tayyorlana boshladilar.
Yasribga birinchi bo‘lib hijrat qilib kelgan musulmon Abu Salama ibn Abdulasad bo‘ldi. Aslida u Ikkinchi Aqaba bay’atidan bir yil oldin hijrat qilgan edi. Undan keyin Omir ibn Rabiy’a ayoli bilan keldi. Uning xotini Laylo bint Abu Hasma birinchi muhojir ayol bo‘ldi. So‘ng boshqa sahobalar ham birin-ketin o‘ta maxfiy ravishda Makkani tark etib, Yasribga hijrat qila boshladilar.
YASRIBGA ISLOMNING KIRISH OMILLARI
Yasribga Islomning kirishiga sabab bo‘lgan holat va sharoitlarning eng muhimi quyidagilardan iborat:
– Yasrib arablari samoviy dinlarga eng yaqin arablar bo‘lishgan, chunki ular o‘zlari bilan qo‘shni bo‘lib yashayotgan yahudiylardan ko‘p gaplarni eshitishgan edi.
– Madina yahudiylari arablarga tahdid qilib, oxirzamon payg‘ambarining chiqishiga oz qolganini, ular o‘sha payg‘ambarga ergashib, arablarni yo‘q qilishlarini aytishar edi. Shuning uchun Madina arablari Nabiy sollallohu alayhi vasallamga ergashishga shoshildilar.
HIJRAT. ISLOM DAVLATINI BARPO QILISH
NABIY ALAYHISSALOMNI
QATL QILISH HAQIDA MASLAHAT
Quraysh mushriklari musulmonlarning hijratidan bezovtalanib qolishdi. Muhammad sollallohu alayhi vasallamning o‘zlariga ergashgan kishilarga borib qo‘shilishlaridan havotirlana boshlashdi. Agar u zot Yasribda tursalar, mustahkam markaz qurib olishlaridan qo‘rqishdi.
Quraysh Dorun-nadvada jamlandi. Ular bilan birga iblis ham Najd ahlidan bo‘lgan bir cholning suratida hozir bo‘ldi. Yig‘ilganlar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni o‘ldirish haqida maslahat qilishdi. Abu Jahl har bir urug‘dan bittadan yosh yigitni tanlab olib, ularga qilich berib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni baravariga o‘ldirishni maslahat berdi va: «Shunda uning qoni barcha urug‘larga tarqalib ketadi va ular bilan urusha olmagandan so‘ng Banu Abdumanofning (Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning urug‘lari) xunni qabul qilishdan boshqa iloji qolmaydi», dedi. Majlisda ishtirok etganlar uning maslahatini qabul qilishdi. La’nati iblis buni muborakbod etdi.
Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhudan Ahmad ibn Hanbal quyidagi rivoyatni keltiradilar:
«Quraysh bir kecha Makkada mashvarat qildi. Kimdir: «Ertalab Muhammadni ushlab, bog‘lab qo‘yinglar», dedi. Boshqalari esa: «Io‘q, uni o‘ldirish kerak», deyishdi. Ba’zilari: «Makkadan chiqarib yuboringlar», deyishdi.
Alloh taolo Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamga buni bildirdi. Hazrati Aliy Rasulullohning to‘shaklariga kirib yotdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam esa Makkadan chiqib, Savr g‘origa yetib oldilar. Mushriklar Aliy roziyallohu anhuni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam deb o‘ylab, kechasi bilan poylab chiqishdi. Ertalab yopirilib kirib, Aliyni ko‘rganlarida Alloh ularning makrlarini puchga chiqardi. Ular: «Og‘ayning qani?» deb so‘rashdi. Hazrati Aliy: «Bilmayman», dedi.
Ular Rasulullohning izlaridan axtarib ketishdi... Rasululloh o‘sha joyda uch kun qoldilar».
MAKKADAN CHIQISH
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Abu Bakr roziyallohu anhuning oldilariga bordilar va ikkovlari birgalikda yo‘lga chiqishdi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sheriklari hamrohligida Makkadan chiqib, Savr g‘origa bordilar. Quraysh esa ularni yana ham jiddiyroq izlashga tushdi. Hatto g‘orning og‘zigacha borishdi. Shunda Abu Bakr roziyallohu anhu: «Agar ulardan biri oyog‘ining ostiga qarasa, albatta bizni ko‘radi», dedilar. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Uchinchilari Alloh bo‘lgan ikki kishi haqida nima gumon qilasiz? Mahzun bo‘lmang, Alloh taolo biz bilandir», dedilar.
Abu Bakrning o‘g‘illari Abdulloh va Omir ibn Fuhayra ikkovlari g‘orga kelib, xabarlarni aytib turishdi. Shu holatda g‘orda uch kun qoldilar. Abu Bakr roziyallohu anhuning qizlari Asmo ularga taom keltirib berdi. So‘ng ikki do‘st Madina tomon yo‘l oldilar.
SUROQA IBN MOLIK QISSASI
Quraysh qabilasi kim Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni tutib kelsa, mukofotiga yuzta tuya berilishini e’lon qildi. Odamlar u zotni ushlashga jiddiy kirishdilar. Ularning ichida mashhur izquvar Suroqa ham bor edi. Suroqa Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni izlab topdi, orqalaridan yetib boray deganda, mingan otining oldingi ikki oyog‘i yerga botib qoldi. Bu holat ikki marta takrorlandi. Shundan keyin Suroqa: «Men uchun duo qilinglar, men sizlardan odamlarni qaytaraman», dedi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uning haq-qiga yaxshi duo qildilar.
UMMU MA’BAD QISSASI
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam, Abu Bakr va qamrohlari yurib borib, Xuzo’a qabilasiga mansub Ummu Ma’bad ismli ayolning chodiri oldidan o‘tdilar. U ayolning chodirida na taom va na suv bor edi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qarib sutdan qolgan sovliqning yelinini muborak qo‘llari bilan siladilar. Undan sut otilib chiqa boshladi. Undan o‘zlari ham ichdilar, boshqalarga ham ichirdilar. So‘ng yurishda davom etdilar.
KЕYINGI MAVZULAR:
HIJRATNING BIRINCHI YILIDAGI MUHIM HODISALAR.
Nabiy alayhissalomning Yasribga kirishlari;
Yasribning yangi nomi. Islom jamiyatiga asos solish;
Yangi jamiyatning eng muhim asoslari;
Urush va g‘azot ishlari;
Harbiy harakat pog‘onalari;
Islomdagi birinchi bayroq;
Hijriy ikkinchi yildagi g‘azotlar;
Abdulloh ibn Jahshning yuborilishi;
Badr jangi;
Urushning boshlanishi va uning natijalari;
Badr g‘azotining ahamiyati;
Munofiqlarning yuzaga chiqishi;
Kudrdagi Banu Sulaym g‘azoti;
Banu Qaynuqo’ g‘azoti;
Hijriy ikkinchi yilda bo‘lib o‘tgan boshqa hodisalar;
[1] Ka’b Payg‘ambarimizning sakkizinchi bobolari bo‘lib, Banu Ka’b undan tarqalgan avloddir.
Payg‘ambarlik faqat kitob tushishi bilan emas, balki Alloh taolo tanlab olgan bandalariga vahiy nozil qilishi bilan amalga oshishi yetti qat’iy dalil orqali isbotlab berildi. Shuningdek, payg‘ambarlarga keladigan vahiy ikki tur – tilovat qilinadigan (matluv) va tilovat qilinmaydigan (g‘ayri matluv) bo‘lishi ham ko‘rsatib o‘tildi.
Endi esa Qur’oni karimning bir qator oyatlarini keltiramiz. Ular o‘z matni, mazmuni yo boshqa dalil ko‘magi bilan shuni ko‘rsatadiki, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam tomonidan shariat o‘laroq bayon etilgan, ammo Qur’onda bo‘lmagan hukmlar ham vahiydir. Bu oyatlar vahiyning bir turi – tilovat qilinmaydigani (ilohiy kitobga kirmagani) ham borligiga dalolat bo‘ladi.
Bunday oyatlar juda ko‘p bo‘lib, barchasini birdaniga jamlashga hojat yo‘q. Zero, bir oyatning o‘ziyoq haqiqatni anglash uchun kifoya qiladi. Shunday bo‘lsa-da, muqaddas Kitobimizning uslubiga ergashgan holda, sunnatning vahiy ekanini qat’iy isbotlovchi oyatlardan ko‘proq keltirish lozim topildi. Chunki bu masalaning g‘oyatda muhimligi bois shu ma’nodagi so‘zlar Qur’oni karimda turli uslublar bilan qayta-qayta ta’kidlagan. Mus'hafi sharifni sharhlashda, islom ahkomlarini bayon qilishda ham bu masala eng muhim poydevor hisoblanadi.
1. Alloh taolo bunday marhamat qiladi: «Botayotgan yulduz bilan qasamki, birodaringiz (Muhammad alayhissalom) adashgani ham yo‘q, yo‘ldan ozgani ham yo‘q. Va u (sizlarga keltirayotgan Qur’onni) o‘z havoyi xohishi bilan so‘zlamas. U (Qur’on) faqat (Alloh tomonidan) vahiy (nozil) qilinayotgan bir vahiydir. Unga (bu vahiyni) kuchga to‘lgan bir zot (ya’ni, Jabroil alayhissalom) ta’lim bermishdir» [Najm surasi, 1–5-oyatlar].
Alloh taolo tong otayotganda botadigan yulduzlar bilan qasam ichib, Payg‘ambarning haq yo‘lda ekanini, adashmagani va yo‘ldan ozmaganini ma’lum qildi. Bu yerda «adashgan» – haq va aniq yo‘lni bilmay, ilmsizlik bilan qorong‘ulikda qadam bosgan johil. «Yo‘ldan ozgan» esa haqni bila turib, qasddan va ongli ravishda undan yuz o‘girib, boshqa yo‘lga ketgan kimsadir.
Bu oyat Alloh taoloning O‘z qasami bilan mustahkamlangan buyuk guvohligi bo‘lib, bunday shahodat Rasulining barcha holat va ishlarda to‘g‘ri yo‘lda ekanini tasdiqlaydi. Shuningdek, keltirgan barcha narsalari – Kitob bo‘lsin yo hadis – to‘g‘ri va haq ekaniga dalil bo‘ladi.
So‘ng Alloh taolo bu haqiqatni yanada mustahkamlab, «U o‘z havoyi xohishi bilan so‘zlamas» deyapti. Keyin «U (Qur’on) faqat (Alloh tomonidan) vahiy (nozil) qilinayotgan bir vahiydir» deb, ta’kidni eng oliy cho‘qqiga chiqaryapti. Oyatdagi cheklov (hasr) uslubi vahiydan tashqari har qanday ehtimolni rad etadi. Ya’ni, u zot alayhissalomning gaplari faqat va faqat nozil qilinayotgan vahiydir. Bu Payg‘ambar alayhissalomning har bir so‘zi Qodir Parvardigordan kelgan vahiy ekaniga eng oliy tasdiqdir. Bu esa, «o‘z havoyi xohishi bilan so‘zlamas» degan gap shunchaki majoz emas, balki aynan haqiqat ekanini ko‘rsatadi.
Bu ibora umumiy ma’no tashiydi, ya’ni u zotning og‘izlaridan chiqqan barcha so‘zlarni o‘z ichiga oladi. Zero, arab tili qoidalariga ko‘ra, inkor gap tarkibidagi fe’l inkor qilingan nakra (noma’lumlik) so‘z hukmida bo‘lib, umumiy ma’noni anglatadi. Demak, u zotning shariat va dinni yetkazish bilan bog‘liq har bir gapi shu umumiy ma’noga kiradi. Buni faqat Qur’onga xoslab qo‘yish uchun hech qanday dalil yo‘q. Shunday ekan, oyatning ma’nosi: «U zot aytgan har bir gap – Kitob bo‘lsin yo hadis – faqatgina nozil qilinayotgan vahiydir», deganidir.
Bu oyatning umumiy ma’noga ega ekani va nafaqat Qur’onni, balki hadisni ham o‘z ichiga olishini Abdulloh ibn Amr ibn Os roziyallohu anhudan rivoyat qilingan ushbu hadis qo‘llab-quvvatlaydi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan eshitgan har bir narsani yodlab qolish niyatida yozib borar edim. Qurayshliklar meni bundan qaytarib: «Rasulullohdan eshitgan hamma narsangni yozyapsanmi? Axir, Rasululloh ham oddiy inson bo‘lsalar, ba’zan g‘azab ustida ham gapiradilar-ku!» dedi. Shundan keyin yozishdan to‘xtadim va buni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga aytdim. U zot barmoqlari bilan og‘izlariga ishora qilib: «Yozaver, jonim qo‘lida bo‘lgan Zotga qasamki, bu yerdan faqat haqiqat chiqadi», deb buyurdilar» [Abu Dovud va Dorimiy rivoyat qilgan].
Ulamolarning fikriga ko‘ra, bevosita vahiy kelmagan paytlarda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning o‘z ijtihodlari bilan hukm chiqarishlari joiz bo‘lgan. Bu holat yuqoridagi «u (sizlarga keltirayotgan Qur’onni) o‘z havoyi xohishi bilan so‘zlamas. U (Qur’on) faqat (Alloh tomonidan) vahiy (nozil) qilinayotgan bir vahiydir» degan umumiy qoidaga zid kelmaydi. Chunki Alloh taolo o‘sha vaziyatlarda u zotga ijtihod qilishga izn bergan. Bu ruxsatning o‘zi ham Alloh taoloning O‘z Payg‘ambariga vahiysidir. Demak, Nabiy sollallohu alayhi vasallam o‘z ijtihodlarida ham baribir Allohning vahiysiga ergashgan bo‘ladilar. Bunga Alloh taoloning Rasululloh sollallohu alayhi vasallam tili bilan aytgan ushbu so‘zlari dalildir: «Men faqat o‘zimga vahiy qilingan narsalargagina ergashurman» [An’om surasi, 50-oyat].
Shunday ekan, u zotning ijtihodlari va o‘sha ijtihod tayanadigan asoslarning barchasi vahiydir, aslo havoyi xohish emas. Zero, bu ruxsat go‘yo Alloh taoloning O‘z Payg‘ambariga «Biror hukmni to‘g‘ri deb bilsangiz, u Mening hukmimdir», ya’ni «Qalbingizga solingan har bir narsa Mening irodamdir» deganidek gap. Shuning uchun ham bu haqiqiy vahiy hisoblanadi va yuqoridagi umumiy qoidaga to‘liq muvofiq bo‘ladi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ijtihodlarida xato bo‘lishi ehtimoli bor, deb hisoblaydigan ulamolar mazhabiga ko‘ra esa, Nabiy sollallohu alayhi vasallam biror ijtihodda yanglishgan bo‘lsalar, Alloh taolo uni o‘sha holatda qoldirmagan, balki vahiy yo‘llaridan biri bilan darhol haqiqatni bayon qilib bergan. Demak, Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam din sifatida mustahkamlanib, qaror topgan hukmlarda qanday havoyi xohish bilan gapirmaganlari singari hali yakuniy to‘xtamga kelinmagan va ijtihod qilgan masalalarida ham aslo nafslariga tayanib so‘z yuritmaganlar. Balki u zotning aytganlari bevosita vahiy kelmaganda ijtihod qilishga berilgan ilohiy ruxsatga – ya’ni, baribir vahiyga asoslangan bo‘lgan.
Xulosa qilib aytganda, Alloh taoloning O‘z Rasuliga ijtihod qilishga ruxsat berishi go‘yo unga: «Biror hukmni to‘g‘ri deb bilsanging va Men uni shundayligicha qoldirsam, demak, u Mening hukmimdir», deb aytishi kabidir.
2. Qur’oni karimning qator oyatlarida «hikmat» so‘zi «Kitob» so‘zi bilan ketma-ket kelgan. Ularning bir qismida ikki kalima ham Alloh taolo tomonidan o‘rgatilgani bayon qilingan bo‘lsa, boshqa qismida ikkisining ham Haq taolo tomonidan nozil qilingani ochiq-oydin aytilgan.
Alloh subhonahu va taolo bunday marhamat qiladi: «Ey Rabbimiz! Ularga (kelajak ummatlarga) o‘zlaridan (chiqqan), ularga oyatlaringni tilovat qilib beradigan, Kitob va hikmat (Qur’on va hadis)ni o‘rgatadigan va ularni (kufr va gunohlardan) poklaydigan bir payg‘ambar yuborgin! Albatta, Sen Aziz (qudratli) va Hakim (hikmat sohibi)dirsan » [Baqara surasi, 129-oyat].
Yana Alloh taolo bunday deydi: «Shuningdek, sizlarga o‘zingizdan bo‘lmish bir payg‘ambar yubordikki, u sizlarga oyatlarimizni o‘qib beradi, sizlarni (shirk va gunohlardan) poklaydi, sizlarga Kitob (Qur’on) va hikmatdan (Hadisdan) ta’lim beradi va bilmaganlaringizni bildiradi » [Baqara surasi, 151-oyat].
Haq taolo aytadi: «Albatta, Alloh mo‘minlarga o‘zlaridan bo‘lgan (ya’ni, odam jinsidan bo‘lgan), ularga Allohning oyatlarini tilovat qilib beradigan, (gunohlaridan) poklaydigan hamda ularga Kitob va hikmatni o‘rgatadigan payg‘ambarni yuborish bilan yashilik qildi. Holbuki, ular ilgari ochiq xato-zalolatda edilar» [Oli Imron surasi, 164-oyat].
Alloh taolo bunday marhamat qiladi: «U (Alloh) omiylarga (ya’ni, ahli kitob bo‘lmagan ilmsiz kishilarga) o‘zlaridan bo‘lgan, ularga (Qur’on) oyatlarini tilovat qiladigan, ularni (shirk va jaholatdan) poklaydigan hamda ularga Kitob – Qur’on va hikmat – hadisni o‘rgatadigan bir payg‘ambarni (ya’ni, Muhammad alayhissalotu vassalomni) yuborgan Zotdir. Shak-shubhasiz, ular (payg‘ambar kelishidan avval) ilgari ochiq zalolatda edilar» [Jum’a surasi, 2-oyat].
E’tibor bering, ushbu oyatlarda Nabiy sollallohu alayhi vasallamning mo‘minlarga Kitob va hikmatni o‘rgatishlari Allohning oyatlarini tilovat qilib berishlariga bog‘lab keltirilmoqda. Ya’ni, Kitob va hikmatni o‘rgatish oyatlarni tilovat qilishdan butunlay boshqa narsadir. Buni ilohiy bayondagi so‘zlarning turlicha kelgani ham ko‘rsatib turibdi. Zero, Alloh taolo dastlabki harakatni «tilovat» deb, keyingisini esa «o‘rgatish» deb atayapti. Ta’lim berish esa shunchaki tilovat qilishdan farq qiladi. Qolaversa, arab tili qoidalariga ko‘ra, so‘zlarni bir-biriga bog‘lab so‘zlash (atf) ular o‘rtasida ma’no jihatidan farq borligini bildiradi. Ayniqsa, keyingi uch oyatda Kitob va hikmat ta’limi bilan tilovat «ularni poklaydigan» mazmunidagi jumla bilan ajratilgani bu ikki tushuncha bir-birini shunchaki sharhlab keluvchi sinonimlar emasligini yana bir bor qat’iy tasdiqlaydi.
Oyatlarni tilovat qilishning ma’nosi hammaga tushunarli. Kitobni o‘rgatish esa Qur’ondagi umumiy va muxtasar hukmlarni bayon qilib berish demakdir. Bunga Alloh taoloning ushbu so‘zlari dalil bo‘ladi: «Sizga esa odamlarga nozil qilingan (ma’lumotlar)ni bayon (tafsir) qilib berishingiz uchun va tafakkur qilsinlar, deb bu zikrni (Qur’onni) nozil qildik» [Nahl surasi, 44-oyat] Alloh taolo O‘z Rasuli Muhammad sollallohu alayhi vasallamga Qur’onni sharhlash, undagi qisqa hukmlarni batafsil tushuntirish va mavhum joylariga oydinlik kiritish vazifasini yuklagan. Bu ulug‘ vazifa esa faqatgina hikmatni o‘rgatish orqali amalga oshadi. Hikmat esa – Alloh taolo u zotga vahiy qilgan sunnatdir.
Bu tahlil “hikmat” so‘zi Kitobga bog‘lanib kelgan boshqa oyatlarda ham Qur’ondan farqli o‘laroq alohida bir asos – Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning sunnatlari ekaniga yorqin dalildir.
Qur’onda “hikmat” deb atalgan ushbu sharafli nabaviy sunnat Alloh taolo tomonidan nozil qilingan vahiy ekanini ochiq-oydin ko‘rsatuvchi oyatlar ham bor. Jumladan, Alloh subhonahu va taolo bunday amr etadi: «Allohning sizlarga bergan ne’matini va sizlarga nasihat sifatida nozil qilgan Kitob va hikmatni (hadislarni) yodingizda tutingiz!» [Baqara surasi, 231-oyat].
Yana bunday marhamat qiladi: «Alloh sizga Kitob va hikmatni nozil qildi va bilmagan narsalaringizni bildirdi. Allohning sizga fazlu marhamati ulug‘ bo‘ldi» [Niso surasi, 113-oyat].
Ushbu oyatlardagi «Kitob va hikmat» degan ilohiy so‘zlar hikmat xuddi Qur’oni karim kabi Alloh taolo tomonidan nozil qilinganini ochiq ko‘rsatadi. Chunki u “Kitob” so‘zi bilan yonma-yon va unga bog‘lanib kelmoqda.
Shunday qilib, dastlabki misollardagi oyatlar orqali hikmatning Kitobdan boshqa narsa ekani isbotlandi. Keyingi misollar bilan bu hikmat ham xuddi Kitob kabi Allohdan nozil bo‘lgan ilohiy vahiy ekani o‘z tasdig‘ini topdi. Ana shu vahiy nabaviy sunnatdir, vallohu a’lam.
Imom Shofeiy rahmatullohi alayh Kitob bilan hikmat o‘rtasidagi bu farqni qat’iy ta’kidlab, mazkur oyatlar sharhida bunday degan: «Alloh Kitobni zikr qildi – u Qur’ondir. Shuningdek, hikmatni zikr qildi. Men Qur’on ilmini yaxshi biladigan, o‘zim rozi bo‘lgan olimlardan eshitdimki, ular: «Hikmat Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlaridir», dedi. Bu gap ayni haqiqatdir».
Imom Shofe’iy ma’qullagan va Qur’on olimlaridan naql qilgan bu qarash barcha salaf solihlar va yetuk mufassirlarning yakdil ittifoqidir.
Ibn Kasir o‘z tafsirida bunday yozadi: Hikmat – sunnat deganidir. Buni Hasan Basriy, Qatoda, Muqotil ibn Hayyon, Abu Molik va boshqalar aytgan. Shuningdek, u «dindagi chuqur tushuncha» deb talqin qilingan. Bu ikki fikr o‘rtasida qarama-qarshilik yo‘q, biri ikkinchisining mazmuniga uyg‘undir».
Bu o‘rinda bir muhim jihatga e’tibor qaratish lozimki, bu oyatlardagi “hikmat” so‘zini «sunnat» deb tafsir qilgan olimlar, tilshunoslik jihatidan hikmat va sunnat so‘zlari mutlaq ma’nodosh (sinonim) demoqchi emas. Chunki lug‘at darsliklarida, jumladan, Xalil ibn Ahmad Farafidiyning «Kitobul ayn» asarida keltirilishicha, «hikmat» so‘zi tilda “ilm” va “adolat” ma’nolarini anglatadi. Mufassirlar oyatning kelish o‘rni va matn siyoqini hisobga olib, uni ilm va adolatning eng oliy darajada namoyon bo‘lishi, ya’ni hadis deb izohlagan. Zero, Alloh taolo hikmatni ham nozil qilingan narsalar qatoriga qo‘yishi va uni Kitob bilan birga qayd etishi uning aynan hadis ekaniga yaqqol dalildir. Chunki Alloh taolo tomonidan Kitobdan tashqari nozil qilingan yagona manba – bu hadisdir.
3-4-5. Alloh taolo bunday marhamat qiladi: «Sizlarga ro‘za kechasida xotinlaringiz bilan qovushish halol qilindi. Ular sizlar uchun libos, sizlar ular uchun libosdirsiz. Sizlarning o‘zingizga xiyonat qilayotganingizni Alloh bildi va tavbangizni qabul qilib, sizlarni afv etdi. Endi ular bilan (ro‘za kechalarida bemalol) qovushib, sizlar uchun Alloh yozgan (taqdir etgan) narsani (farzandni) umid etaveringiz. Shuningdek, tonggacha, ya’ni oq ipning qora ipdan (tongning tundan) ajraladigan vaqtigacha yeb-ichaveringiz. So‘ng ro‘zani kechgacha (quyosh botguncha) mukammal tutingiz! Masjidlarda e’tikofda bo‘lgan paytlaringizda (kechalari ham) ular (xotinlar) bilan qo‘shilmangiz! Bular (aytilgan hukmlar) Allohning chegaralaridir. Bas, ularga yaqinlashmangiz! Odamlar (man etilgan ishlardan) saqlanishlari uchun Alloh o‘z oyatlarini mana shunday aniq bayon qiladi» [Baqara surasi, 187-oyat].
Ushbu ulug‘ oyatning avvalida ro‘za kechalarida ayol bilan qovushish halol qilingani ta’kidlanmoqda. Biror narsa halol qilindimi, demak, undan oldin harom bo‘lgan. Shuningdek, oyatning davomidagi «Sizlarning o‘zingizga xiyonat qilayotganingizni Alloh bildi va tavbangizni qabul qilib, sizlarni afv etdi. Endi ular bilan (ro‘za kechalarida bemalol) qovushib, sizlar uchun Alloh yozgan (taqdir etgan) narsani (farzandni) umid etaveringiz» degan so‘zlar ham qovushishga izn berilishidan oldin bu amal taqiqlangan bo‘lganini bildiradi. Vaholanki, bu taqiq haqida Qur’onda biror og‘iz so‘z yo‘q. Demak, o‘sha dastlabki taqiq Alloh taoloning tilovat qilinmaydigan vahiysi bo‘lmish nabaviy sunnat bilan sobit bo‘lgan.
Imom Buxoriy Abu Is'hoqdan, u Baro roziyallohu anhudan rivoyat qiladi: «Ramazon ro‘zasi nozil bo‘lgan ilk davrlarda musulmonlar Ramazon oyi bo‘yi (kechasi ham) ayollariga yaqinlik qilmasdi. Biroq ba’zilar o‘zini tiya olmay, nafsiga xiyonat qilib qo‘ydi. Shunda Alloh taolo «Sizlarning o‘zingizga xiyonat qilayotganingizni Alloh bildi va tavbangizni qabul qilib, sizlarni afv etdi. Endi ular bilan qovushib, sizlar uchun Alloh yozgan narsani umid etaveringiz» degan oyatni nozil qildi».
Oyatdagi «tonggacha, ya’ni oq ipning qora ipdan ajraladigan vaqtigacha yeb-ichaveringiz» degan ko‘rsatma Alloh taolo tomonidan musulmonlarga berilgan yengillik bo‘lib, islomning ilk davridagi hukmni bekor qildi. Ilk davrdagi tartib esa, yuqoridagi holatdek, nabaviy sunnat orqali ma’lum edi. U paytlarda ro‘zador iftor qilgach, faqat xufton namozigacha yoki undan oldin uxlab qolguniga qadar yeb-ichishi mumkin edi. Uxlab qolsa yoki xufton namozini o‘qib qo‘ysa, keyingi kunning oqshomigacha yeb-icha olmasdi. Bu musulmonlarga juda katta mashaqqat tug‘dirgandi. Shunda Alloh taolo tong otguncha yeb-ichishga izn berdi. Ana o‘sha eski qiyin hukm ham Qur’onda mutlaqo zikr qilinmagan, balki faqat hadis bilan sobit bo‘lgandi.
«So‘ng ro‘zani kechgacha mukammal tutingiz!» degan amr visol ro‘zasini, ya’ni og‘iz ochmasdan bir necha kunni bir-biriga ulab ro‘za tutishni taqiqlaydi. Sahih hadislarda musulmonlar visol ro‘zasidan qaytarilgan, faqat Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallamning o‘zlarigagina xos ravishda joiz qilingan edi.
Imom Ahmad Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qiladi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Visol ro‘zasi tutmang», dedilar. Sahobalar: «Ey Allohning Rasuli, o‘zingiz visol ro‘zasi tutasiz-ku?» deyishdi. U zot: «Men sizlardek emasman. Men tunayotganimda Rabbim meni taomlantiradi va suv beradi», deb javob berdilar.
Visol ro‘zasi tutish u zotning o‘zlarigagina tegishli xususiyatlardan edi. Sahih hadisda aytilganidek, u zotga bu ishda alohida quvvat va ko‘mak berilardi.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallamga visol ro‘zasining joiz bo‘lishi alohida bir shariat hukmi bo‘lib, u ham Qur’onda zikr qilinmagan, balki tilovat qilinmaydigan vahiy orqali qaror topgan. Buni u zotning o‘zlari vahiydan tashqari ish qilmaganlari haqidagi mana bu oyatlar tasdiqlaydi: «Men faqat o‘zimga vahiy qilingan oyatlargagina ergashurman», shuningdek, «Ayting: «Men uchun uni o‘z tomonimdan o‘zgartirish durust emasdir» [Yunus surasi, 15-oyat] hamda «Agar (Payg‘ambar) Bizning nomimizdan (Biz aytmagan) ayrim so‘zlarni to‘qib aytganida, albatta, Biz uning o‘ng qo‘lidan ushlagan, so‘ngra albatta uning shohtomirini uzib tashlagan bo‘lur edik» [Haqqo surasi, 44–46-oyatlar].
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning visol ro‘zasi tutishlari vahiydan tashqari va unga tayanmagan holda bo‘lganida edi, u zot Allohning «So‘ng ro‘zani kechgacha mukammal tutingiz!» degan amrini o‘zgartirgan va Uning nomidan shariat joriy qilgan bo‘lib qolardilar, bu esa umuman mantiqqa ziddir.
Xullas, Baqara surasining 187-oyati nabaviy sunnatning Alloh taolo tomonidan yuborilgan ilohiy vahiy ekaniga bir yo‘la uch kuchli dalilni o‘z ichiga olgan.
6. Alloh taolo bunday marhamat qiladi: «Payg‘ambar juftlaridan biriga (ya’ni, Hafsaga) bir so‘zni pinhona aytganini eslang! Endi qachonki (Hafsa) u (sir) haqida (Oishaga) xabar bergach va Alloh (Jabroil farishta vositasida Payg‘ambar alayhissalomni Hafsaning qilmishidan) voqif qilgach, u (Hafsaga o‘zi voqif bo‘lgan narsaning) ba’zisini bildirdi va ba’zisidan yuz o‘girdi (bildirmadi). Bas, qachonki (Payg‘ambar alayhissalom Hafsaga o‘zi voqif bo‘lgan narsaning ba’zisi haqida) xabar bergach, u: «Sizga bu xabarni kim berdi?», degan edi, «Menga Bilguvchi va Xabardor Zot xabar berdi», dedi» [Tahrim surasi, 3-oyat].
«Alloh (Jabroil farishta vositasida Payg‘ambarni Hafsaning qilmishidan) voqif qilgach» so‘zlari shuni ko‘rsatadiki, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ayollaridan biriga yashirincha aytgan va hech kimga aytmaslikni buyurgan sirning ochilib qolganini Alloh taolo Payg‘ambariga bildirgan. Lekin Qur’on orqali amalga oshmagan. Chunki Qur’ondagi mazkur oyat o‘sha voqea sodir bo‘lib o‘tganidan keyin, o‘tgan zamon fe’li shaklida u haqda shunchaki xabar beryapti, xolos. Demak, bu bildirish va ogohlantirish, shubhasiz, tilovat qilinmaydigan vahiy orqali sodir bo‘lgan. Binobarin, ushbu oyat Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga Qur’ondan tashqari ham vahiy nozil bo‘lganiga yorqin dalildir. Ana shunday vahiy u zotning sunnatlari bo‘ladi. Zero, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlari vahiydan boshqa narsaga tayanishi sira ham mumkin emas. Bunga Alloh taoloning u zot tili bilan aytgan ushbu so‘zi dalildir: «Men faqat Parvardigorimdan kelgan vahiygagana ergashurman». Dalillarning bu jamlanmasidan ravshan bo‘ladiki, Sunnat – Alloh taolo tomonidan yuborilgan ilohiy vahiydir.
7. Alloh subhonahu va taolo marhamat qiladi: «Otalaringiz uylangan xotinlarni nikohingizga olmang! Magar ilgari o‘tgan bo‘lsa, (uylangan bo‘lsangiz, Alloh afv etar). Albatta, bu xunuk va jirkanch bo‘lgan yomon qiliqdir. Sizlar uchun onalaringiz, qizlaringiz, opa-singillaringiz, ammalaringiz, xolalaringiz, aka-ukalaringizning qizlari, opa-singillaringizning qizlari, emizgan onalaringiz, emishgan opa-singillaringiz, qaynonalaringiz, jinsiy aloqada bo‘lgan xotinlaringizning tarbiyangizda bo‘lgan qizlari(ga uylanish harom qilindi) – agar xotinlaringiz bilan jinsiy aloqada bo‘lmagan bo‘lsangiz (ularni taloq qilgandan keyin avvalgi erlaridan tug‘ilgan qizlariga uylansangiz), sizlar uchun gunoh yo‘qdir. Yana o‘z pushti kamaringizdan bo‘lgan o‘g‘illaringizning xotinlariga (uylanishingiz) va opa-singilni jamlashlaringiz (ya’ni, birini taloq qilmay turib boshqasiga uylanishingiz harom qilindi). Magar ilgari o‘tgan bo‘lsa (Alloh afv etar). Albatta, Alloh mag‘firatli va mehribon bo‘lgan Zotdir. Yana erlik ayollar (ham harom qilindi). Magar (urush-janglarda) ega bo‘lgan cho‘rilaringiz haloldir. (Bu hukmlarni) Alloh zimmangizga farz qilib qo‘ydi. Mana shulardan boshqa ayollarga zino qiluvchi bo‘lmagan holingizda mollaringizni mahr qilib berish bilan uylanishga harakat qilish sizlar uchun halol qilindi. Ular bilan nikoh orqali yaqinlik qilishingiz bilan belgilangan mahrlarini beringiz! Mahr belgilanganidan keyin o‘zlaringiz kelishib olishingizda (ya’ni, ular o‘z ixtiyori bilan haqqi-mahridan kechib yuborishida) sizlar uchun gunoh yo‘qdir. Albatta, Alloh bilim va hikmat egasi bo‘lgan Zotdir» [Niso surasi, 22–24-oyatlar].
Ushbu oyatlarda erkak kishi uchun uylanish harom bo‘lgan ayollar bayon qilingan. Vaholanki, johiliyat davrida ularning ba’zilari, masalan, otaning xotiniga uylanish va ikki opani-singilni barobar nikohga olish kabilar mumkin edi. Shuning uchun ham Alloh taolo bu ikki holat zikrida «Magar ilgari o‘tgan bo‘lsa» deb marhamat qildi va islom shariati bilan bularning barchasini qat’iy harom qildi.
Oxirida «Mana shulardan boshqa ayollarga zino qiluvchi bo‘lmagan holingizda mollaringizni mahr qilib berish bilan uylanishga harakat qilish sizlar uchun halol qilindi», ya’ni yuqorida sanalganlardan tashqari boshqa har qanday ayolga uylanish sizlar uchun joizdir, deyildi.
Biroq Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan mutavotir (shubhasiz) yo‘llar bilan rivoyat qilingan va butun ummat ulamolari bir ovozdan ijmo qilgan haqiqat shuki, ushbu oyatlarda sanalmagan bo‘lsa-da, nikohi harom bo‘lgan boshqa toifa ayollar ham bor. Masalan, bir ayolni o‘z ammasi bilan yoki bir ayolni o‘z xolasi bilan bir vaqtda nikohga olish taqiqlangan. Boshqacha aytganda, nasab-qarindoshlik jihatidan bir-biriga yaqin bo‘lgan ikki ayolning birini erkak deb farz qilinganda, u ikkinchisiga uylanishi harom bo‘ladigan darajada yaqin bo‘lsa, u holda bu ikki ayolni bir nikohda jamlash mutlaq harom hisoblanadi.
Xo‘sh, ushbu taqiq mana shu oyatlarda yoki Qur’oni karimning boshqa biror joyida bormi?! Yo‘q, faqat nabaviy sunnatda bor. Sunnat esa, boya ta’kidlanganidek, Allohning vahiysidir. Qolaversa, bu hukmlar Alloh taoloning: «Payg‘ambar o‘zi sizlarga ato etgan narsani olinglar, u zot sizlarni qaytargan narsadan qaytinglar» [Hashr surasi, 7-oyat] degan amri doirasiga ham to‘liq kiradi.
8. Haq taolo bunday amr qiladi: "(Ey Muhammad! Qur’onni) tezroq (yodlab) olish uchun tilingizni u bilan qimirlatmay-pichirlamay qo‘ya qoling. Zero, uni (sizning dilingizda) jamlash ham, (tilingizda) qiroat qildirish ham Bizning zimmamizdadir. Bas, qachon Biz (Jabroil tilidan) uni o‘qisak, siz ham ergashing! So‘ngra uni (Qur’onni) bayon qilib berish ham albatta Bizning zimmamizdadir» [Qiyomat surasi, 16–19-oyatlar].
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Jabroil alayhissalom vahiy olib kelgan paytda, Qur’on oyatlaridan biror narsa unutilib yoki tushib qolmasin degan xavotirda, u zot bilan barobar tillarini qimirlatib, oyatlarni tezda qaytarishga harakat qilar edilar. Shunda Alloh taolo ushbu oyatlar orqali u zotga Jabroil Qur’on keltirganda shoshmasdan, diqqat bilan tinglashni va tillarini qimirlatmaslikni buyurdi. Buning evaziga Alloh taolo Qur’onni u zotning qalblariga muhrlab qo‘yishni, uni Jabroil o‘qiganidek mukammal ado etishini oson qilib berishni hamda undagi muxtasar (qisqa) hukmlarni batafsil sharhlab, uning ma’nolarini u zotning o‘zlariga yoki u zotning tillari orqali butun insoniyatga oydinlashtirib, bayon qilib berishni O‘z zimmasiga oldi.
Imom Buxoriy Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qiladi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam vahiy tushayotgan paytda juda katta mashaqqat va qiyinchilik sezar, (oyatlarni yodlab qolish uchun) tez-tez ikki lablarini qimirlatar edilar. Shunda Alloh taolo: «(Ey Muhammad! Qur’onni) tezroq (yodlab) olish uchun tilingizni u bilan qimirlatmay-pichirlamay qo‘ya qoling. Zero, uni (sizning dilingizda) jamlash ham, (tilingizda) qiroat qildirish ham Bizning zimmamizdadir. Bas, qachon Biz (Jabroil tilidan) uni o‘qisak, siz ham ergashing!» – ya’ni, uni jim turib, diqqat bilan tinglang, – «So‘ngra uni (Qur’onni) bayon qilib berish ham albatta Bizning zimmamizdadir» degan oyatlarni nozil qildi. Shundan keyin Jabroil alayhissalom qaytib ketgach, u zot vahiy qilingan oyatlarni xuddi Jabroil o‘qib bergandek o‘qir edilar».
Ibn Kasir o‘z tafsirida yozadi: «Sha’biy, Hasan Basriy, Qatoda, Mujohid, Zahhok va boshqa mufassirlar: «Ushbu oyatlar aynan mana shu voqea sababli nozil bo‘lgan», deb aytgan».
«So‘ngra uni bayon qilib berish ham albatta Bizning zimmamizdadir» so‘zlari Qur’on nozil bo‘lganidan keyin uni tushuntirib, sharhlashni Alloh taolo O‘z zimmasiga olganiga kafolatdir. Bu bayon yo bevosita Muhammad sollallohu alayhi vasallamga bildirilgan yoki u zotga qilingan ilohiy vahiy orqali u zotning tillari bilan insoniyatga yetkazilgan. Shuni unutmaslik kerakki, bayon (sharh so‘zlari) mubayyandan (sharhlanayotgan narsadan) mutlaqo farq qiladi. Demak, bu o‘rindagi bayon Qur’onning o‘zidan boshqa narsadir. Alloh taolo «Bizning zimmamizdadir» deb, bu bayonning ham O‘z huzuridan bo‘lishini ta’kidladi va «So‘ngra» bog‘lovchisini qo‘llash orqali bu sharh Qur’on nozil bo‘lganidan keyin amalga oshishini bildirdi. Shunday ekan, Alloh taolo zimmasiga olgan ushbu bayon Qur’ondan tashqari alohida bir manba – U Zot Muhammad sollallohu alayhi vasallamga tilovat qilinmaydigan vahiy o‘laroq yuborgan Sunnat ekanidan boshqa ehtimol qolmaydi. Bu esa Alloh taoloning mana so‘zlariga qo‘shimcha dalildir: «Sizga esa odamlarga nozil qilgan narsalarni (ya’ni, shariat ahkomlarini) bayon qilib berishingiz uchun va shoyad tafakkur qilsalar, deb bu eslatmani – Qur’onni nozil qildik» [Nahl surasi, 44-oyat].
9. Alloh taolo bunday buyuradi: «Ey mo‘minlar, juma kunidagi namozga chorlansa (ya’ni, azon aytilsa), darhol Allohning zikriga boringlar va oldi-sotdini tark qilinglar! Agar biladigan bo‘lsangiz, mana shu (ya’ni, Allohning zikriga – juma namozini o‘qishga shoshilish) o‘zlaringiz uchun yaxshiroqdir. Endi qachon namoz ado qilingach, Yerga tarqalib, Allohning fazlu marhamatidan (rizqu ro‘z) istayveringiz. Allohni ko‘p zikr qilingizki, shoyad najot topursizlar. (Ey Muhammad!) Ular biron tijoratni yoki o‘yin-kulgini ko‘rib qolsalar, o‘shanga qarab sochilib-tarqalib keturlar va sizni (minbarda) tik turgan holingizda tark qilurlar. Ayting: «Alloh huzuridagi narsa (imon va yaxshi amallar uchun beriladigan ajr-mukofot) o‘yin-kulgidan ham, tijoratdan ham yaxshiroqdir! Alloh rizq berguvchilarning yaxshirog‘idir!» [Jum’a surasi, 9–11-oyatlar].
Alloh taolo mo‘minlarga juma namoziga azon aytilganda, savdo-sotiqni bas qilib, namozga shoshilishni buyuryapti. Shundan kelib chiqib, barcha ulamolar imomning qarshisida aytiladigan ikkinchi azondan keyin savdo qilish mumkin emasligiga ijmo qilgan. Shuningdek, namoz tugagach, tarqalib, Allohning fazlu karamidan rizq izlashga ruxsat berildi hamda bu jarayonda ham Parvardigorning zikridan g‘ofil bo‘lmaslik, najotga erishish uchun Uni ko‘p eslash amr etildi.
So‘ngra Alloh taolo sahobalarga ushbu oyat nozil bo‘lishidan oldin sodir bo‘lgan bir voqea sababli gina qildi. O‘shanda juma kuni azon aytilganda, namozga shoshilish haqidagi ushbu buyruq hali nozil bo‘lmagan edi va ular juma xutbasi paytida kelgan karvon tufayli tijorat ortidan ketib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni minbarda tik turgan hollarida yolg‘iz qoldirgandi. Zero, u paytlarda juma namozi xutbadan oldin o‘qilar edi. Keyinchalik bu hukm o‘zgartirilib (nasx qilinib), xutba namozdan oldinga surilgan.
Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhumo aytadi: «Bir safar Rasululloh sollallohu alayhi vasallam juma xutbasini o‘qiyotganlarida, Madinaga tijorat karvoni kelib qoldi. Odamlar chiqib ketdi va u zot bilan bor-yo‘g‘i o‘n ikki kishi qoldi. Shunda Alloh taolo «(Ey Muhammad!) Ular biron tijoratni yoki o‘yin-kulgini ko‘rib qolsalar, o‘shanga qarab sochilib-tarqalib keturlar va sizni (minbarda) tik turgan holingizda tark qilurlar» degan oyatni nozil qildi» [Imom Buxoriy rivoyati].
Demak, oyatdagi «ular biron tijoratni yoki o‘yin-kulgini ko‘rib qolsalar, o‘shanga qarab sochilib-tarqalib keturlar» degan jumla mazkur uch oyat nozil bo‘lishidan oldin, juma namozidan keyingi xutba paytida sahobalar tomonidan sodir bo‘lgan voqeaning xabaridir. Bundan shunday xulosa chiqadiki, juma namozi «juma kunidagi namozga chorlansa, darhol Allohning zikriga boringlar va oldi-sotdini tark qilinglar!» deb boshlanuvchi ushbu oyatlar nozil bo‘lishidan oldin ham shariatda bo‘lgan va unga amal qilingan. Vaholanki, Qur’oni karimda bu oyatdan oldin juma namozining farz qilinganini ko‘rsatuvchi boshqa biror oyat mavjud emas. Shunday ekan, juma namozining ibodat o‘laroq joriy qilinishi faqatgina Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning sunnatlari bilan sobit bo‘lgan.
10. Alloh taolo bunday marhamat qiladi: «Sizga esa odamlarga nozil qilgan narsalarni (ya’ni, shariat ahkomlarini) bayon qilib berishingiz uchun va shoyad tafakkur qilsalar, deb bu eslatmani – Qur’onni nozil qildik» [Nahl surasi, 44-oyat].
Alloh taolo O‘z Rasuliga Qur’ondagi umumiy va muxtasar hukmlarni batafsil tushuntirish vakolatini topshiryapti. Ana shu ilohiy vakolatga tayanib, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Qur’onda umumiy tarzda kelgan barcha ahkomlarni batafsil bayon qilib berganlar. Bu hukmlar ibodat, muomala, nikoh-oila munosabatlari, jinoyatlar, shuningdek, oilaviy, ijtimoiy va xalqaro aloqalarni qamrab olgan.
Masalan, namozni oladigan bo‘lsak, uning vaqtlarini aniq belgilagan, rakatlar sonini, o‘qilish tartibini, shart bo‘lgan amallar va buzadigan narsalarni ajratib bergan, muqimlik, safar va xavf namozlari o‘rtasidagi farqlarni ko‘rsatgan kim edi? Yoki zakotga e’tibor bering, zakot berilishi farz bo‘lgan barcha mol-mulklarning miqdorini, undan qancha ajratilishini kim belgilab bergan? Tuyaning nisobi beshtadan boshlanishi va undan bitta qo‘y berilishi, qoramolniki o‘ttiztadan boshlanib, undan bir yashar buzoq berilishi, qo‘y-echkiniki qirqtadan boshlanib, bitta qo‘y ajratilishi, kumush borasida har ikki yuz dirhamdan chorak ushr (ikki yarim foiz), oltin bo‘yicha esa har yigirma misqoldan yarim misqol berilishi kabi qoidalarni kim joriy qilgan?
Shuningdek, haj ibodatini biz biladigan bugungi mukammal shaklga kim keltirgan? Hajning ruknlari nimalardan iborat, uni nimalar buzadi, Arafotda turish qachon boshlanib, qachon tugaydi, qaysi holatda qurbonlik vojib bo‘ladi va hajning uch turi (ifrod, qiron, tamattu’) qanday bajariladi – bularni kim tizimlashtirib bergan?
Bunday savollarni ro‘za ibodatiga hamda savdo, havola, ijara, sheriklik, kafillik kabi barcha kundalik muomalalarga ham xuddi shunday tatbiq qilish mumkin.
Xo‘sh, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bularning barchasini o‘z-o‘zlaridan, Allohning vahiysisiz aytdilarmi yo vahiy bilanmi?!
Kimda-kim «bu hukmlarni o‘zlaridan chiqarganlar» deb hisoblasa, u holda Alloh taoloning «Ayting: «Men faqat Rabbimdan vahiy qilinayotgan narsagagina ergashaman» degan amriga hamda u zot haqidagi «Men faqat o‘zimga vahiy qilinayotgan narsagagina ergashaman», «U o‘z havoyi xohishi bilan so‘zlamas. U faqat (Alloh tomonidan Payg‘ambarga) nozil qilinayotgan bir vahiydir» degan qat’iy so‘zlariga qarshi chiqqan bo‘ladi. Qolaversa, bunday qarash «Sizga esa odamlarga nozil qilgan narsalarni (ya’ni, shariat ahkomlarini) bayon qilib berishingiz uchun» degan oyat bilan birga kelgan «So‘ngra uni – Qur’onni bayon qilib berish ham albatta Bizning zimmamizdadir» degan ilohiy va’daga hamda «Agar (Payg‘ambar) Bizning nomimizdan (Biz aytmagan) ayrim so‘zlarni to‘qib olganida, albatta, Biz uning o‘ng qo‘lidan ushlagan, so‘ngra albatta uning shohtomirini uzib tashlagan bo‘lur edik» degan qat’iy ogohlantirishga mutlaqo zid keladi.
Shunday ekan, bu borada yagona to‘g‘ri haqiqat qoladi – ushbu batafsil bayon va sharhlarning barchasi faqat va faqat Alloh taolo tomonidan yuborilgan ilohiy vahiy orqali amalga oshirilgandir.
11. Payg‘ambarlarning ko‘pligi va Alloh taolo nozil qilgan kitoblarning ozligi – Alloh taolo o‘zi payg‘ambarligi va elchiligiga tanlab olgan zotlarga tilovat qilinmaydigan vahiy ham tushirganiga qat’iy dalildir.
Shunday qilib, Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning sunnatlari Alloh taolodan vahiy ekani qur’oniy dalillar bilan o‘z isbotini topdi.
Keyingi maqolalarda Rasuli akram sollallohu alayhi vasallamning sunnatlari ergashish vojib bo‘lgan hujjat ekanini bayon etishga azmu qaror qildik, inshoalloh.
Nurmuhammad MATKARIMOV,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Hadis ilmi maktabi o‘qituvchi,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy tadqiqot
markazi ilmiy xodimi
Mazkur maqolaga Din ishlari bo‘yicha qo‘mita 2026 yil 28 iyulda 02/336-sonli xulosa berilgan.