Shu yil sentyabr' oyidan boshlab Malayziyaning “Astro” telekompaniyasi platformalarida jahonga mashhur teleboshlovchi, oshpaz, restavrator va pazandalik bloger Chef Vanning O'zbekistonning turizm va gastronomik salohiyatiga bag'ishlangan mualliflik dasturlari namoyish etilmoqda, deb xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi.
Teleko'rsatuvlar mamlakatimizning Kuala-Lumpurdagi elchixonasi, O'zbekiston Turizm qo'mitasi va “O'zbekiston havo yo'llari” milliy aviakompaniyasi hamkorligida amalga oshirilgan qo'shma medialoyiha samarasidir.
Toshkent, Samarqand, Buxoro va Hiva shaharlarida turkum teleko'rsatuvlar va pazandachilik mahorat darslarini suratga olish ishlari olib borildi.
Ushbu loyiha O'zbekistonni sayyohlik yo'nalishi sifatida ommalashtirish va o'zbek gastronomik brendlarini xorijda joylashtirish orqali Malayziyadan kelayotgan sayyohlar oqimini ko'paytirishga xizmat qiladi.
Televideniye hikoyalari, shuningdek, 100 milliondan ortiq auditoriyaga ega butun dunyo bo'ylab mashhur striming platformalarida namoyish etiladi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
26 avgust kuni O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida “Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh, yangi kashfiyotlar” xalqaro mediaforumning “Asrlarni birlashtiruvchi meros. Islom sivilizatsiyasining ma’naviy mazmun-mohiyati” mavzusidagi uchinchi yalpi sessiyasi bo‘lib o‘tdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA.
Sessiya doirasida Qur’oni karim merosi, qadimiy qo‘lyozmalar, islom xattotligi, hujjatli kino hamda tarixiy manbalarni o‘rganishda sun’iy intellektdan foydalanishga bag‘ishlangan xalqaro loyihalar taqdim etildi.
Xususan, “114 Qur’on: islom olami xattotligining 114 durdonasi”, “Katta Langar Qur’oni: haqiqat va afsonalar”, “Allohning 99 ismi: Uning go‘zal ismlari orqali Yaratganni anglash”, “Sun’iy intellekt – qadimiy qo‘lyozmalarni o‘qishning raqamli kaliti” loyihalari hamda “Yagona tarixiy meros sahifalari” loyihasi doirasida yaratilgan “Masjid” hujjatli filmi namoyish etildi.
Xalqaro muhokamalarda Islom hamkorlik tashkiloti, shuningdek, Jazoir, O‘mon, Pokiston, Saudiya Arabistoni, Iroq, Mali va O‘zbekistonning yetakchi ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etib, islomofobiya va mavjud stereotiplarni bartaraf etishda medianing o‘rni haqida fikr almashdi.
Sessiya yakunida turli mamlakatlar va xattotlik maktablarining an’analarini birlashtiruvchi noyob Qur’oni karim nusxasini yaratish bo‘yicha Xattotlar umumjahon tanlovi e’lon qilindi.
Eslatib o‘tamiz, mazkur xalqaro mediaforumning asosiy tadbirlari O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazida o‘tkazilib, unda qariyb 50 mamlakatdan media va ekspert hamjamiyatining 300 nafarga yaqin vakili — media kompaniyalar, axborot agentliklari va telekanallar rahbarlari, jurnalistlar, prodyuserlar, olimlar hamda kreativ industriya mutaxassislari ishtirok etmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati