Yosin surasida Muhammad sollallohu alayhi va sallam haqiqiy payg‘ambar ekanlari, Iso alayhissalom tomonidan Antokiya shahriga yuborilgan elchilar ko‘rgan-kechirgani, Habib Najjor ismli kishi imon yo‘lida jonini fido qilishi, quyosh, oy, yulduzlar ilohiy qonuniyat asosida harakatlanishi bayon etilgan. Shuningdek, jannat va do‘zax ahllarining qiyomat kunidagi holatlari, tavhid masalasi, qayta tirilish haqligiga dalolat qiluvchi oyatlar keltirilgan.
Yosin surasi fazilatlari to‘g‘risida ko‘p hadisi shariflar rivoyat qilingan. Ularda aytilishicha, kimda-kim bu surani ixlos bilan o‘qisa, hojati ravo bo‘ladi, xavf-xatarda bo‘lsa xotirjamlik topadi, kambag‘al bo‘lsa boylikka erishadi, mahbus bo‘lsa ozodlikka chiqadi, qarzdor bo‘lsa qarzini oson uzadi.
Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytadilar: “Yosin Qur’onning qalbidir. Kim uni Alloh (roziligi)ni, oxirat kunini istab tilovat qilsa, gunohlari kechiriladi. Uni o‘liklaringizga o‘qinglar” (Imom Nasoiy, Imom Ahmad rivoyati).
Boshqa hadisda sevikli Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam: “Qaysi bir mayyit huzurida Yosin surasi o‘qilsa, Alloh unga yengil qiladi”, deganlar.
Qaysi bir banda tong otganida Yosin surasini o‘qisa, Alloh uning gunohlarini kechiradi. Bundan tashqari Qur’onni o‘n marta xatm qilish savobini oladi, barcha hojatlari ravo etiladi.
Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Kim kun avvalida Yosin surasini o‘qisa, hojatlari ravo etiladi”, deb aytganlar.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda: “Kim Yosin surasini tunda o‘qisa, o‘sha kechada gunohlari mag‘firat etiladi”, deyilgan.
Demak, boshiga tashvish tushgan, og‘ir ahvolda qolgan kishi Yosin surasini o‘qisa, Alloh unga najot beradi, murod-maqsadiga yetadi.
Yahyo ibn Abu Kasir rahimahulloh aytadi: “Kim tong otganda Yosin surasini o‘qisa, kechgacha xursandchilikda bo‘ladi. Kim uni kech kirganda o‘qisa, tong otguncha xursandchilikda bo‘ladi”.
Alloh taolo aytadi: “Kim Allohga taqvo qilsa, U unga (tashvishlardan) chiqish yo‘lini (paydo) qilur”, (Taloq surasi, 2-oyat).
Izoh:
- Ibn Abbos roziyallohu anhu oyati karimaning “chiqish yo‘li” qismini “dunyo va oxiratdagi har turli tashvishlardan uni qutqaradi”, deb tafsir qilganlar.
- Ali ibn Solihga ko‘ra, “chiqish yo‘li” Alloh taoloning o‘sha bandaga rizq berish bilan uni xushnud etishidir.
- Kalbiy oyatni bunday tafsir qiladi: “Kim musibat paytida sabr qilib, Allohdan qo‘rqsa, Parvardigor unga do‘zax otashidan jannat sari bir chiqish yo‘li ko‘rsatadi”.
- Abul Oliya oyatni: “Turli mashaqqat va tashvishlardan chiqish yo‘li”, deya sharhlagan bo‘lsa,
- Rabi’ ibn Haysam: “Odamni siqadigan hamma narsadan unga chiqish yo‘li ko‘rsatadi”, shaklida tafsir qilgan.
- Husayn ibn Fazlga ko‘ra, oyat tafsiri bunday: “Kim farzlarni ado etish borasida Allohdan qo‘rqsa, Alloh unga jazolanishdan qutulish yo‘lini ko‘rsatadi”.