Sayt test holatida ishlamoqda!
28 Noyabr, 2026   |   18 Jumadul soni, 1448

Toshkent shahri
Tong
06:02
Quyosh
07:21
Peshin
12:16
Asr
15:14
Shom
16:58
Xufton
18:16
Bismillah
28 Noyabr, 2026, 18 Jumadul soni, 1448

Bir nafasda ikki ne'mat bor...

20.09.2023   1723   11 min.
Bir nafasda ikki ne'mat bor...

Shukr faqat til bilan bo'lmaydi, balki u, avvalo, chin qalbdan ne'matni e'tirof etib rozi bo'lishdir. So'ng uni til bilan ifoda etish va qolgan a'zolar bilan ushbu ne'matni haqqini ado etish lozim. Bu haqda shoir bunday deydi: “Alloh taoloning ne'matlariga shukronani mening uch narsam: qo'lim, tilim va ko'rinmas qalbim ifoda qildi”.

“Shukr” so'zi lug'atda rahmat aytmoq va minnatdorchilik bildirmoq ma'nolarini bildiradi, shar'iy istilohda esa: “Shukr degani – qilingan yaxshilikka munosib javob qaytarish va yaxshiligu ehson qiluvchiga chiroyli tashakkur bildirishdir”, deya ta'rif berilgan.

Alloh taolo fazlu karami ila inson zotini aql va idrok sohibi qilib yaratdi va unga behisob ne'matlarni ato etdi va O'zining ne'matlariga shukr aytishga ham buyurib, shukr qiluvchilarga ne'matlarini ko'paytirishini va'da qildi: “Yana Rabbingiz e'lon qilgan (bu so'zlar) ni eslangiz: «Qasamki, agar (bergan ne'matlarimga) shukr qilsangiz, albatta, (ularni yanada) ziyoda qilurman. Bordi-yu, noshukrchilik qilsangiz, albatta, azobim (ham) juda qattiqdir”(Ibrohim surasi, 7-oyat).

Islom ta'limotida ne'matlarga shukr qilish ulug' fazilat va yuqori daraja deb alohida qayd qilingan. Bu haqda Abdulloh ibn Abbos raziyallohu anhu: “Shukr qilish iymonning yarimidir”. Boshqa o'rinda esa: “Iymon – sabr va shukrdan iborat”, deb ham aytilgan.

Shu bois Alloh taolo barchamizni shukr qilishga amr qilib, noshukrlikdan qaytargan. Buyuk bobokalonimiz “Hazrati imom” deya ulug'lanuvchi Abu Bakr Qaffol Shoshiy “Javomi ul-kalim” kitobida keltirilgan hadisda Payg'ambarimiz alayhissalom bunday deganlar: “Ne'matlar haqida so'zlash shukr qilishdir va aksincha ular haqida gapirishni tark qilish, noshukrlikdir”. Zero, Haq taolo Kalomi sharifida habibiga buyurib, bunday marhamat qilgan: “Ammo Parvardigoringizning (sizga ato etgan barcha) ne'mati haqida esa (odamlarga) so'zlang!” (Zuho surasi, 11-oyat).

Yaratgan bizlarga ato etgan behisob ne'matlarni yodda tutish, uni o'z vaqtida qadrlay olish o'sha ne'matlarning davomiyligiga sabab bo'ladi. Shayx Sa'diy aytganlar: “Har nafaski, ichkariga kiradi, u hayotni bir nafasga cho'zuvchidir. Olingan nafasning qaytib chiqmog'i esa egasini xursand qiluvchidir. Shundan ma'lum bo'ladiki, har bir nafasda ikki ne'mat bor. Biri nafasni salomat yutish va ikkinchisi olingan nafasni qaytarib chiqarish va har ikkisi uchun alohida-alohida shukr keltirish vojibdir”.

Alloh taolo ne'matlariga shukr aytuvchilarni, albatta, mukofotlashi va ularga ulug' ajru savoblar berishini ham kafolatlagandir. U zot aytadi: “... Shukr qiluvchilarni esa, albatta, mukofotlaymiz” (Oli Imron surasi, 145-oyat).

Hadisi sharifda Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Kim oziga shukr qilmasa, ko'piga ham shukr qilmaydi. Kim insonlarga tashakkur aytmasa, Alloh taologa ham shukr qilmaydi. Ne'matlar haqida gapirish – shukrdir. Uni gapirmaslik esa –noshukurlikdir. Jamoat bilan yurish – rahmatdir.  Yolg'izlik esa – azobdir”, – dedilar (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyatlari).

Hadisi sharif mazmuniga muvofiq biz yurtimizda xalqimiz baxtu saodati, farovonligi, osoyishtaligi va tinchligi yo'lida qilinayotgan barcha xayrli va ezgu amallariga ham o'z o'rnida minnatdorchilik bildirishimiz lozim ekan.

Alloh taolo barchamizni boriga shukr aytuvchi va har bir holimizda sabr qiluvchi, O'zidan yordam kutuvchi va shukrimiz evaziga ulkan ajr-mukofotlarga noil etsin!

 Islom shiorlaridan biri

Ma'lumki, Islom tinchlik va totuvlik dini hisoblanadi. Hususan, dinimizda sunnat hisoblangan salomlashish bunga dalil bo'ladi. Salom beruvchi “Assalomu alaykum”, ya'ni “Men sizga tinchlik tilayman”, alik oluvchi esa “Va alaykum assalom”, ya'ni “Men ham sizga tinchlik tilayman”, deydi. Bu iboralar orqali jamiyat a'zolari bir-birlariga tinchlik-totuvlik so'raydilar.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Iymon keltirmaguncha jannatga kirolmaysizlar, o'zaro muhabbatli bo'lmaguningizcha (komil) mo'min bo'la olmaysizlar. Sizlarga bir narsani o'rgataymi? Agar shuni qilsangiz, o'zaro muhabbatli bo'lasiz: oralaringizda salomni keng yoyinglar!” deb marhamat qildilar (Imom Muslim rivoyati). Demak, salomlashish musulmon kishining hayotida o'ta muhim amal hisoblanib, iymonning komilligi va odamlar orasidagi muhabbatga sabab bo'ladi.

Rasululloh sollallohu alayhi va sallam marhamat qiladilar: «Alloh taolo Odam alayhissalomni yaratganidan so'ng u kishiga: “Anavi o'tirgan farishtalarning oldiga borginda, salom ber. So'ng ularning senga beradigan aligi (javobi)ni yaxshilab eshitib ol, chunki bu senga va sendan tarqaladigan zurriyotlaring uchun salomlashish bo'ladi!” dedi. Odam alayhissalom borib, “Assalomu alaykum”, dedilar. Farishtalar: “Assalomu alayka va rahmatullohi!” deb alik olishdi» (Imom Buxoriy rivoyati).

Qur'oni karimda marhamat qilinadi: «... Bas, qachonki, uylarga kirsangiz, bir-birlaringizga Alloh huzuridan bo'lgan muborak, pokiza salomni aytingiz (ya'ni “Assalomu alaykum” deng!). Sizlar aql yurgizishlaringiz uchun Alloh o'z oyatlarini sizlarga mana shunday bayon qilur» (Nur surasi, 61-oyat).

Haq taolo salom va uning javobi chiroyli suratda bo'lishi haqida bunday deydi: «Qachon sizlarga biror salomlashish (iborasi) bilan salom berilsa, sizlar undan chiroyliroq qilib alik olingiz yoki o'sha (ibora)ni qaytaringiz...» (Niso surasi, 86-oyat). Ushbu oyati karimadan salom berilganda unga salomning o'zidek yoki undan-da chiroyliroq javob qaytarish lozimligi kelib chiqmoqda.

Quyidagi holatlarda salom berish, alik olish joiz emas: qazoyi hojat yoki g'usl paytida;

namoz o'qiyotgan yoki azon aytayotgan kishiga; uyquda yoki mudroq bosgan kishiga; taomlanayotgan kishiga (agar luqma og'zida bo'lmasa, salom berish mumkin. Salomga javob qilish esa vojib bo'ladi); Qur'on tilovat qilayotgan kishiga (mabodo, salom berilsa, unga javob qilib, so'ng tilovatni davom ettiradi); duo qilayotgan yoki talbiya (labbaykallohumma) aytayotgan ehromdagi kishiga.

Jannatda farishtalarning mo'minlarga xitobi ham “salom” hisoblanadi. Kalomullohda bunday deyiladi: «(U) abadiylik bog'lari bo'lib, (ular) u joylarga ota-bobolari, jufti halollari va zurriyotlaridan iborat solih (banda)lar bilan birga kirurlar. So'ngra ularning huzurlariga har (bir) eshikdan farishtalar kirib (derlar): (Alloh yo'lida turli mashaqqatlarga) sabr qilib o'tganlaringiz sababli (endi bu erda) sizlarga salom (tinchlik) bo'lgay. Dunyo oqibati (jannat) naqadar yaxshi!»(Ra'd surasi, 23-, 24-oyatlar).

Salomlashishda salom beruvchiga tegishli bir qancha odoblar bor:

– “Assalomu alaykum” deb to'liq va chiroyli shaklda salom berish lozim. “Assalomu alaykum va rohmatullohi va barokatuh” deb aytsa yanada yaxshi. Uning o'rnida boshqa so'zlarni qo'llash salomlashish odobiga ziddir.

– Kishi doimo avval salom berishga intilishi kerak. Zero, Payg'ambarimiz sollallohu alayhi va sallam bu borada chiroyli namuna bo'lganlar. U zot yo'liqqan har bir kishiga birinchi salom berganlari hadislarda keltiriladi.

– Insonlarning holatlariga qarab ham kim kimga salom berishi kerakligi bayon qilingan. Masalan, ulovdagi kishi piyodaga, piyoda o'tirganga, yoshlar kattalarga, ozchilik ko'pchilikka va yuqori mavqedagi kishi pastroq mavqedagiga avval salom berishi fazilat hisoblanadi.

 

Abduvohid domla AHMADALIYeV,

O'zbekiston musulmonlari idorasi

Fatvo markazi mutaxassisi

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Jumadan jumagacha 27-11-2026 yil

28.11.2026   6894   1 min.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

Videolavhalar