Kahf so‘zi “g‘or” ma’nosini bildiradi. Bu surada boshqa qissalar bilan bir qatorda ajoyib tarixiy voqea – As'hobi kahf qissasi bayon etilgan. Unda imonini saqlash uchun g‘orga yashiringan yigitlar to‘g‘risida gap ketadi. Muso alayhissalom bilan Xizr hamda Zulqarnayn qissasi ham suradan o‘rin olgan. Kahf surasida mol-mulk maqtanishga arzigulik narsa emasligi, bu dunyo hayoti o‘tkinchiligi bayon etilgan.
Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Kim Kahf surasi boshidan o‘n oyat yodlasa, dajjol (fitnasi)dan saqlanadi”, deganlar (Imom Muslim, Imom Abu Dovud, Imom Termiziy, Imom Nasoiy, Imom Ahmad rivoyati).
Abu Dardo roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda: “Kim Kahf surasi oxirgi o‘n oyatini o‘qisa, dajjol fitnasidan saqlanadi”, deyilgan (Imom Ahmad rivoyati).
Dajjol qiyomatga yaqin chiqib, ilohlikni da’vo qiladi, odamlarni yo‘ldan uradi, ularga osmondagi oyni va’da qiladi, qo‘ynilarini puch yong‘oqqa to‘ldiradi. Kahf surasini o‘qib yurgan odam dajjol fitnasidan yiroq bo‘ladi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Kim Kahf surasining avvalini, oxirini o‘qisa, oyog‘idan boshigacha nur porlaydi. Kim (surani) to‘liq o‘qisa, uning uchun osmon bilan yer o‘rtasi(ni to‘ldiradigan) nur porlaydi” (Imom Ahmad rivoyati).
Abu Said Xudriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinishicha, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kimda-kim Kahf surasini nozil qilinganidek o‘qisa, unga qiyomat kuni turgan joyidan Makkagacha (bo‘lgan masofada) nur porlaydi. Kim bu sura oxiridan o‘n oyat o‘qisa, dajjol chiqqanda unga hukmini o‘tkazolmaydi”, deganlar (Imom Nasoiy, Imom Hokim rivoyati).
Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilingan hadisda: “Kim uyquga ketishdan oldin Kahf surasidan o‘n oyat o‘qisa, dajjol fitnasidan saqlanadi. Kim uyg‘onganida Kahfning oxirini o‘qisa, qiyomat kuni boshidan oyog‘igacha nurga to‘ladi”, deyilgan.
Kahf surasini istalgan vaqtda o‘qisa bo‘ladi. Lekin muborak juma kunida o‘qilsa, nur ustiga nur bo‘ladi.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam shunday deganlar: “Kim Kahf surasini juma kuni o‘qisa, uning uchun o‘zi bilan ikki juma o‘rtasini yorituvchi nur porlaydi” (Imom Hokim rivoyati).
Joriy yilning 6 may kuni Mir Arab oliy madrasasida O‘zbekiston musulmonlari idorasi tizimidagi diniy ta’lim muassasalari rahbarlari ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Unda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari D.Maxsudov, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari M.Muhammadsidiqov, diniy ta’lim muassasalari rahbarlari ishtirok etdi.
Yig‘ilishda ta’lim sohasini yanada yaxshilash, kadrlar salohiyatini oshirish, o‘quv-me’yoriy va uslubiy jihatdan takomillashtirish, mavjud fanlarni, xususan ijtimoiy-gumanitar va fanlarni o‘qitish sifatini yuqori bosqichga olib chiqish, o‘qituvchilar metodologiyasini mustahkamlash, ma’naviy-ma’rifiy ishlarni kuchaytirish kabi masalalar muhokama qilindi.
Majlis davomida ta’lim muassasalari misolida amalga oshirilish lozim bo‘lgan masalalar o‘rtaga tashlanib, mavjud muammolarni bartaraf etish choralari bo‘yicha taklif va tavsiyalar berildi.