Qur’oni Karim suralardan, suralar esa oyatlardan iboratdir. Ularning o‘ziga yarasha tartibi bor. Oyat va suralarning tartibi haqida batafsil so‘z yuritishdan avval bu ikki iboraning lug‘atdagi ma’nosi va ta’rifi bilan yaxshilab tanishib olaylik.
«Oyat» so‘zining ma’nolari
«Oyat» so‘zining bir necha lug‘aviy ma’nosi bor:
Alloh taolo Baqara surasida marhamat qiladi:
«Banu Isroildan ularga qanchadan-qancha ochiq-oydin oyat(mo‘jiza)larni berganimizni so‘ra» (211-oyat).
Alloh taolo yana Baqara surasida marhamat qiladi:
«Albatta, uning podshohligining oyati (belgisi) -sizlarga ichida Robbingizdan sakina va Oli Musodan hamda Oli Horundan qoldiq bor sandiq kelishidir» (248-oyat).
Alloh taolo Hijr surasida marhamat qiladi:
«Albatta, bunda mo‘minlar uchun oyat (ibrat) bordir» (77-oyat).
Alloh taolo Mu’minun surasida marhamat qiladi:
«Ibn Maryamni va uning onasini oyat (ajoyib ish) qildik» (50-oyat).
Alloh taolo Rum surasida marhamat qiladi:
«Va osmonlaru yerning yaratilishi damda tillarin-giz va ranglaringizning turlicha bo‘lishi Uning oyat (burhon)laridandir» (22-oyat).
Arablarda «Qavm oyati – jamoasi bilan chiqdi» degan gap bor.
Ulamolar istilohida oyat shunday ta’riflanadi:
«Oyat Qur’on surasiga kirgan, boshlanishi va tugashi belgili bo‘lgan so‘zlar majmuasidir».
Shu bilan birga, Qur’oni Karimning har bir oyati yuqoridagi lug‘aviy ma’nolarni o‘z ichiga olgan bo‘ladi. Ha, Qur’oni Karimning har bir oyati mo‘jiza, ibrat, ajoyib ish, belgi-alomat, burhon, dalil, harf va so‘zlar majmuasi hamda Alloh taoloning qudrati dalilidir.
Qur’oni Karimning har bir oyati, uning avvali va oxiri haqidagi ilmni Alloh taolodan Jabroil alayhissalom o‘rgangan. U kishidan Nabiy alayhissalom, u zotdan esa musulmonlar o‘rganganlar.
Oyatlarni bir-biridan ajrata bilish, ularning boshlanish va tugash joylarini anglab yetish ma’nolarni yaxshi tushunib yetishda va boshqa bir qancha ishlarda yordam beradi.
Qur’oni Karimda «oyat» so‘zi ko‘p marta takrorlangan. «Oyat» so‘zi ba’zi bir joylarda yuqorida zikr qilingan ma’nolarning hammasini, ikkinchi bir joyda ikki-uchtasini, uchinchi joyda esa faqat bittasini ifoda etib kelgan. Ushbu nozik farq anglab yetilgandagina ma’no to‘g‘ri tushuniladi.
Oyatlarning tartibi haqida
Qur’onning jamlanishida oyatlarning tartibi Nabiy sollallohu alayhi vasallamning ishoralariga muvofiq va Alloh taoloning tavqifi – belgilab berishiga asosan bo‘lgan. «Tavqif» so‘zi bizning tilimizda «yuqoridan tasdiqlangan» degan ma’noni anglatadi. Ya’ni Qur’oni Karim oyatlarining tartibi Alloh taoloning O‘zi tarafidan belgilab, tayin qilib berilgan. Bu ishda bandalarning hech qanday daxli yo‘qdir.
Har bir suradagi oyatlarning o‘rni va basmalalarni suralarning boshiga qo‘yish tartibi shaksiz va xilofsiz, tavqifiydir. Shuning uchun unga xilof qilish joiz emas.
Qur’oni Karim oyatlari tartibi tavqifiy ekanining dalili quyidagi rivoyatda kelgan.
Ibn Abu Mulaykadan rivoyat qilinadi:
«Ibi Zubayr dedi: «Usmonga: «Sizlardan vafot etib, juftlarini qoldirganlarning...»ni boshqa oyat nasx qilgan. Nimaga uni yozasan yoki tark qilasan?» dedim. «Ey birodarimning o‘g‘li, undan hech narsani o‘z o‘rnidan o‘zgartirmayman», dedi».
Buxoriy rivoyat qilgan.
Demak, Usmon roziyallohu anhu oyatlarning o‘rnini o‘zgartirishga jur’at qilmaganlar. Garchi oyatning nasx qilingani sobit bo‘lib tursa ham, uni olib tashlamaganlar. Chunki u kishi o‘zlarida ham, boshqalarda ham Qur’on oyatlarining tartibiga aralashish huquqi yo‘qligini yaxshi bilar edilar. Jabroil alayhissalom Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga oyatlarning tartibini Allohning amriga muvofiq aytganlar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o‘z davrlari-da vahiy kotiblariga ushbu tavqifiy ilmni yetkazganlar.
Imom Ahmad Usmon ibn Abul Ossdan rivoyat qiladi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlarida o‘tirg‘an edim. To‘satdan u zot ko‘zlarini yuqoriga qaratib, so‘ngra to‘g‘riladilar-da, keyin bunday dedilar:
«Menga Jabroil kelib, mana bu oyatni suradagi mana bu o‘rniga qo‘yishimni buyurdi: «Albatta, Alloh adolatga, yaxshilik qilishga, yaqin qarindoshga (haqini) berishga amr etur va fahshdan, munkardan hamda tajovuzkorlikdan qaytarur. U sizlarga va’z qilur. Shoyadki, eslatma olsangiz».
Hadis kitoblarida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning vahiy kotiblariga Qur’onni imlo qilib, so‘ngra ularga oyatlar tartibini ko‘rsatib berganlarini tasvirlaydigan ko‘plab hadislar mavjuddir. Nabiy sollallohu alayhi vasallam bir necha suralarni oyatlari tartibi bilan namozda yoki juma xutbalarida ko‘pchilik sahobalar guvohligida o‘qiganlar. Mana shu holat oyatlarning tartibi tavqifiy ekaniga ochiq-oydin dalildir.
Sahobalardan biror kishi oyatlarning Nabiy sollallohu alayhi vasallam belgilab bergan tartibiga xilof qilmagan. Hatto bu masala mutavotir darajasiga yetgan.
«Sura» so‘zining ma’nolari
«Sura» so‘zi lug‘atda «qo‘rg‘on», «manzil» va «sharaf» degan ma’nolarni anglatadi.
Ulamolarimiz istilohida esa «Sura Qur’on oyatlarining boshlanishi va tugashi belgilangan mustaqil majmuasidir».
Boshqacha qilib aytsak, Qur’on oyatlarining qo‘rg‘on bilan o‘ralgandek bir to‘plami «sura» deyiladi.
Qur’oni Karimdagi eng qisqa sura Kavsar surasi bo‘lib, uch oyatdan, eng uzun sura esa Baqara surasi bo‘lib, 286 oyatdan iborat.
Qur’onda 114 ta sura bo‘lib, ulardan har birining o‘z nomi bor. Ba’zi suralarning nomi suraning avvalidagi so‘zdan olingan. Ba’zilariniki esa o‘sha surada zikri ko‘proq kelgan narsalarning nomiga qo‘yilgan.
Suralarining tartibi haqida
Suralarning tartibi ham tavqifiydir. E’tibor beradigan bo‘lsak, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hayotlari qur’oniy suralarning barchasini o‘z ichiga oladi. Buning aksi bo‘lishi mumkin ham emas. «Suralarning tartibi sahobalar ijtihodi bilan bo‘lgan» yoki «Ba’zi suralar tartibi ijtihodiy va ba’zilari tavqifiy bo‘lgan» kabi fikrlar hech qanday asosga ega emas.
Shu ma’noda imom Zarkashiyning quyidagi so‘zi bir oz mulohazalidir:
«Ba’zi suralarning tartibi Alloh vojib qilgan ish yuzasidan emasdir. Balki u sahobalarning ijtihodi va ixtiyoriga bog‘liqdir. Shuning uchun ham har birlarining o‘zlari xohlagan tartibdagi mus'haflari mavjud bo‘lgan».
Zarkashiy keltirgan sababga taslim bo‘lish joiz emas. Chunki sahobalarning o‘zlariga tegishli xos mus'haflaridagi suralar tartibi ularning shaxsiy ixtiyorlari bilan bo‘lgan. Lekin ushbu tartibga boshqa biror kishini majbur qilmaganlar hamda buning aksi haromdir, degan da’voni ham olg‘a surmaganlar. Zero, ular ushbu mus'haflarni omma uchun emas, balki o‘zlari uchun yozganlar. Usmon roziyallohu anhuning mus'haflari tartibini ummat ijmo’ bilan qabul qilgach, yolg‘iz holdagi mus'haflarni tark qilganlar. Agar suralar tartibi o‘zlarining ijtihodiga tashlab qo‘yilganligiga, bu narsa o‘z ixtiyorlariga bog‘liq ekaniga e’tiqod qilganlarida, albatta, Usmon roziyallohu anhuning mus'haflari tartibini emas, balki o‘z mus'haflari tartibini mahkam ushlagan bo‘lar edilar. So‘ngra Zarkashiyning o‘zi ham suralar orasidagi tartibni tavqifiy, deydiganlar bilan ijtihodiy, deydiganlar orasidagi ixtilof faqatgina lafzda ekanini aytadi.
«Suralarning tartibi ikki qismga ko‘ra bo‘lgan – tavqifiy va ijtihodiy» degan fikrni olg‘a suruvchilar ikkinchi qism, ya’ni «ijtihodiy bo‘lgan» degan fikrlarida sahih dalilga suyanmaydilar. Har qalay, bu ikkinchi fikr tarafdorlarining soni nihoyatda oz bo‘lib, muvaffaqiyat qozonmagan. Qozi Abu Muhammad ibn Atiyya shunday deydi:
«Suralarning aksari – as-sab’ at-tival (yetti uzun sura), «Haa-Miim»lar va mufassallarning tartibi Nabiy sollallohu alayhi vasallamning hayotlik chog‘larida ma’lum bo‘lgan».
Abu Ja’far ibn Zubayrning fikricha, «Suralar tartibi tavqifiydir», deydiganlar «Ular ijtihodiy», deydiganlardan ko‘proq.
Tavqifiy, degan qavlga xilof qilgan ozchilik kishilar nihoyatda zaif hadisga suyanishadi. Balki, bu hadisning asli yo‘q bo‘lishi ham mumkin. Uning barcha rivoyatlaridagi isnodi Yazid Forsiyga borib taqaladi. U Ibn Abbosdan, deb rivoyat qiladi. Imom Buxoriy Yazid Forsiyni zaiflardan, deb zikr qilgan. Uning o‘zi yolg‘iz roviy bo‘lganda, ushbu kabi muhim hadislar undan qabul qilinmaydi. Ushbu hadisda Qur’on suralarining ma’rifati, qiroati va mus'haflarga yozilishi qat’iy mutavotir yo‘l bilan sobit bo‘lganligi haqidagi xabarlarga shubha bildirish bor. Yana unda suralarning avvalidagi «basmala»ning sobitligiga ham shak bildirilgan. Go‘yoki Usmon roziyallohu anhu ularni o‘z fikri bilan qoldirgan va o‘z fikri bilan o‘chirgan. Bunday tuhmatdan u zotni Allohning O‘zi asrasin. Shuning uchun ham bu hadisning asli yo‘q, deyishga majburmiz. Bu botil hadisni zikr qilib, gapni cho‘zib o‘tirishning hojati yo‘q. Balki undagi Usmon roziyallohu anhuning Ibn Abbos roziyallohu anhuga bergan javobiga ishora qilib o‘tamiz. Qur’oni Karimda Tavba hamda Anfol suralari ketma-ket joylashgan bo‘lib, ular orasida «basmala»ning yo‘qligi xususida Usmon roziyallohu anhu:
«Anfol Madinada nozil qilingan avvalgi suralar-dan edi. «Baroat» esa Qur’ondagi oxirgi suralardandir. Undagi qissalar Anfoldagi qissalar bilan o‘xshash bo‘lib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bizlarga «Baroat» Anfoldanmi, yo‘qmi, bayon qilmay, qabz qilindilar. Men undan deb gumon qildim va shuning uchun ularning orasini yaqinlashtirdim», deydi.
Demak, bu mavzuda ixtiyor qilingan va kuchli fikr shuki, biz bugungi kundagi mus'haflarda ko‘rib turgan suralarning tartibi xuddi oyatlar tartibi kabi tavqifiy bo‘lib, bu mavzuda ijtihodga o‘rin yo‘qdir.
Qur’oni Karimning suralari va oyatlari haqida ba’zi ma’lumotlar
Qur’oni Karim suralari to‘rt qismga bo‘linadi.
Bu qismdagi suralar yettita: Baqara, Oli Imron, Niso, Moida, An’om, A’rof suralari, Anfol bilan Tavba birgalikda yoki bu ikkisining o‘rniga Yunus surasi tivol guruhiga kiradi.
Bu qismdagi suralar avvalgi qismdagidan keyin keladi. Ular uch turdan – uzun, o‘rtacha va qisqa suralardan iboratdir.
Qur’oni Karim suralarining soni 114 ta.
Qur’oni Karimdagi eng qisqa oyat «Ya siin» bo‘lib, ikki harfdan iborat. Eng uzun oyat esa Baqara surasidagi «dayn» («qarz oldi-berdisi») oyatidir.
Qur’oni Karim oyatlari sonining olti ming ikki yuztadan ortiq ekaniga ittifoq qilingan, undan tepasi haqida ixtilof qilingan. Shu o‘rinda ta’kidlash lozimki, oyatlar adadi xususida yuzaga kelgan ixtilof ba’zi oyatlarni qo‘shish yoki olish bilan emas, ayrim oyatlarni ba’zilar bitta oyat deb qaragan bo‘lsa, boshqasi ikkiga bo‘lib, ikkita oyat deb qaraganidan kelib chiqqan.
Qur’oni Karimning sura va oyatlarga bo‘linishi uni yodlashni osonlashtiradi. Shuningdek, o‘quvchiga o‘z dini va shariatining ma’lum bir qismini o‘rganib bo‘lganini his qildiradi.
KЕYINGI MAVZU:
Qur’onning yetti harfda nozil bo‘lishi
Dinimizning ko‘zga ko‘ringan barcha ulamolari “jihod” so‘ziga quyidagicha ta’rif berganlar:
“Jihod” so‘zi lug‘atda inson tomonidan barcha imkoniyatni ishga solib harakat qilish ma’nosini anglatadi.
Istilohda esa, dini, vatani, oilasi, obro‘si va moli himoyasi uchun shariat ruxsat bergan yo‘llar bilan amalga oshiriladigan kurash harakatlarini anglatadi.
Shundan kelib, musulmon odam jihod qilmoqchi bo‘lsa, o‘zining barcha kuch-quvvat, aql-zakovati va moddiy imkoniyatlarini Alloh yo‘lida, Uning dini uchun sarflashi kerak.
Ta’kidlash lozim, “jihod” so‘zi lug‘atda urush ma’nosini anglatmaydi. Urushni arab tilida boshqa so‘zlar bilan ifoda etiladi. Asosan, urush ma’nosini anglatish uchun arab tilida “qitol”, “harb” so‘zlari ishlatiladi.
Darsini o‘zlashtirish uchun barcha imkoniyatlarini ishga solib harakat qilayotgan tolibi ilm “mujtahid talaba” deb ataladi. Binobarin, uni ilmiy jihod qilmoqda desa bo‘ladi.
Shar’iy masalalarni yechishda bor imkonini ishga solib harakat qilgan ulkan olimlar ham “mujtahid” deb atalgan. Unday kishilar shar’iy ilmlarni ravnaq toptirish va tarqatishda jihod qilganlar.
Xulosa qilib aytganda, “jihod” so‘zining lug‘atdagi xususiyatidan kelib chiqib, jihodning turlari ko‘p va o‘shalarning ichida dushmanga qarshi joni, vatani va dinini saqlash uchun jon-jahdi bilan jang qilish ham jihod deyilgan.
Islomning dastlabki bosqichida mushriklar bilan aqidaviy tortishuv qilib turgan payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalomga Alloh taolo Furqon surasida quyidagi xitobni qiladi: “Kofirlarga itoat etma! Ularga qarshi u(Qur’on) bilan katta jihod qil!”.
Demak, Qur’on bilan katta jihod qilingan. Bunda urush olib borish ma’nosi yo‘qligini anglash zarracha aqli bor odam uchun qiyin emas.
Islomda jihod ma’nosi, avvalo, urush emas, balki Allohning diniga so‘z bilan da’vat qilish ma’nosida yuzaga kelgan va bu ma’no shu mavzuda asos bo‘lib qolgan.
Imom Termiziy, Imom Ibn Hibbon va Imom Daylamiy rivoyat qilgan hadisi sharifda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Jihodning afzali Alloh taolo uchun havoi nafsingga qarshi jihod qilmog‘ingdir”, deganlar.
“Jome’ul ahodis” kitobida (J. 4. B. 741) keltirilgan hadisi sharifda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
قَدِمْتُمْ مِنْ خَيْرِ مَقْدَمٍ نَ الْجِهَادِ الْأَصْغَرِ إِلَى الْجِهَادِ الْأَكْبَرِ مُجَاهَدَةَ الْعَبْدِ هَوَاهُ
“Kichik jihoddan katta jihodga, bandaning havoi-nafsiga qarshi qiladigan jihodiga xush keldingiz!” deganlar.
Bundan insonning havoyi nafsi yo‘liga kirmaslik, uni yengib, shariatga muvofiq yashash uchun jon-jahdi ila qilgan harakati ham jihod ekani, jihod bo‘lganda ham afzal jihod ekani kelib chiqadi.
Imom Buxoriy va boshqa muhaddis olimlar rivoyat qilgan hadisi sharifda quyidagilar aytiladi:
جَاءَ رَجُلٌ إلى النبيِّ صَلَّى اللَّهُ عليه وَسَلَّمَ سْتَأْذِنُهُ في الجِهَادِ فَقالَ: أَحَيٌّ وَالِدَاكَ قالَ: نَعَمْ قالَ: فَفِيهِما فَجَاهِدْ
«Bir kishi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga u zotdan jihodga izn so‘rab keldi. Shunda u zot unga:
“Ota-onang bormi?” dedilar.
“Ha”, dedi.
“Unday bo‘lsa, ikkovlari (xizmati)da jihod qil!” dedilar».
Demak, ota-onaning xizmatini qilish ham jihod bo‘lishi mumkin.
Qolaversa, Payg‘ambarimiz alayhissalom har doim ishlarni tinch yo‘li bilan hal qilishga chaqirganlar. U zot doimo mojaroli holatlarni chiroyli hikmat bilan isloh qilganlari va o‘rtada tinchlik o‘rnatganlari bilan mashhurdirlar. Payg‘ambarimiz alayhissalom doimo insonlarni ozor berishdan, boshqalarga zarar yetkazishdan qaytarganlar.
Musulmonning qoni va moli haromligi, ya’ni tajovuz qilish mumkin emasligi, joni daxlsizligi haqida quyidagilarni aytganlar:
فإنَّ دِمَاءَكُمْ وأَمْوَالَكُمْ وأَعْرَاضَكُمْ وأَبْشَارَكُمْ علَيْكُم حَرَامٌ كَحُرْمَةِ يَومِكُمْ هذا في شَهْرِكُمْ هذا في بَلَدِكُمْ هذا
“Zero, sizlarning qonlaringiz, mol-mulklaringiz va obro‘laringiz bir-biringizga xuddi ushbu (arafa) kuningiz, ushbu (Zulhijja) oyingiz va ushbu (Makkai mukarrama) shahringiz hurmati kabi hurmatlidir (ya’ni, o‘zganing qonini to‘kish, norozi qilib molini olish va obro‘sini to‘kish haromdir)” (Imom Muslim rivoyati).
Nafaqat, musulmonni balki, boshqa dindagi kishilarni ham nohaq o‘ldirish Islomda katta gunoh va og‘ir jinoyat hisoblanadi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytadilar:
مَنْ قَتَلَ مُعَاهَدًا لَمْ يَرَحْ رَائِحَةَ الْجَنَّةِ وَإِنَّ رِيحَهَا لَيُوجَد مِنْ مَسِيرَةِ أَرْبَعِينَ عَامًا
“Kim bir muohadni (musulmonlar bilan o‘rtalarida ahd bo‘lgan g‘ayridin kishini) nohaq o‘ldirsa, u jannatning hidini ham topolmaydi. Holbuki, uning hidi qirq yillik masofadan kelib turadi” (Imom Buxoriy rivoyati).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam boshqa bir hadislarida:
الْمُسْلِمُ مَنْ سَلِمَ الْمُسْلِمُونَ مِنْ لِسَانِهِ وَيَدِهِ وَالْمُهَاجِرُ مَنْ هَجَرَ مَا نَهَى اللهُ عَنْهُ
“Tili va qo‘lidan boshqalar aziyat chekmagan kishi haqiqiy musulmondir. Alloh taolo qaytargan narsalardan chetlangan inson haqiqiy hijrat qiluvchidir”, deganlar (Imom Buxoriy rivoyati).
Boshqa bir hadisda esa bunday keladi:
عَنْ أُمِّ أَنَسٍ رَضِيَ اللهُ عَنْهَا أَنَّهَا قَالَتْ: يَا رَسُولَ اللهِ أَوْصِنِي قَالَ اُهْجُرِي الْمَعَاصِي فَإِنَّهَا أَفْضَلُ الْهِجْرَةِ وَحَافِظِي عَلَى الْفَرَائِضِ فَإِنَّهُ أَفْضَلُ الْجِهَادِ وَأَكْثِرِي مِنْ ذِكْرِ اللهِ فَإِنَّكِ لَا تَأْتِينَ لِلَّهِ بِشَيْءٍ أَحَبَّ إِلَيْهِ مِنْ كَثْرَةِ ذِكْرِهِ.
“Ummu Anas roziyallohu anho Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan nasihat qilishni so‘raydilar. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Gunohlardan tiyilgin, o‘sha hijratning eng kattasidir. Farzlarga rioya qilgin, o‘sha jihodning eng afzalidir. Zikrni ko‘paytirgin, Qiyomat kuni Alloh taoloning huzuriga borganingda unga eng mahbub amal shu bo‘ladi”, deyilgan (Imom Tabaroniy rivoyati).
Mashhur alloma Muhammad Said Ramazon Butiy rahimahulloh “jihod”ni noto‘g‘ri talqin qiladiganlarga raddiya sifatida yozgan “al-Jihod fil Islom” nomli kitobida bunday degan: “Men bu asrda ba’zi bir doiralar nazdida yangi Islom tug‘ilayotganini mulohaza qilmoqdaman. U Allohning huzuridan vahiy bo‘lib tushmaydi. Lekin ba’zi odamlarning fikrlari va mijozlaridan kelib chiqadi. Uning hukmlari shar’iy dalillar hukmi ila birlashmaydi va shar’iy hujjatlarga bo‘ysunmaydi. U faqat ba’zi shaxs va jamoalarning taassubidan yoki shahvatu havoyi nafsidan kelib chiqadi”.
Jang asosida olib boriladigan jihod ikki qismdan iborat:
1. Talab jihodi – farzi kifoya. U hozir yo‘qligiga ulamolar ittifoq qilishgan. Chunki hozirda davlatlar o‘rtasida o‘zaro tinchlik bitimi mavjud bo‘lib, urushmaslikka kelishilgan.
2. Mudofaa jihodi – farzi ayn. U dushmanlar musulmonlar yashaydigan yurtga urush qilib, bostirib kirsa, himoya uchun farz bo‘ladi.
Ma’lumki, jihodning o‘ziga yarasha qoidalari bor. Birinchidan, jihodga safarbar qilish uchun “Xalifa” bo‘lishi lozim. Vaholanki, xalifalik masalasi tarixda qolgani barchaga ma’lum.
Qolaversa, jihod joriy bo‘lishi uchun ummatning ijmosi ham talab etiladi. Bular chaqirayotgan “jihod”ga Islom ummatining deyarli barchasi qarshi ekani kundek ravshan.
Demak, hozirgi kunda mazkur ko‘rinishdagi jihodga chaqirayotganlarning chaqiriqlari hech qanday asosga ega emasligini anglab olmoq lozim bo‘ladi. Zero, men jihod qilaman deb o‘zga yurtlarda begunoh insonlarga qarshi qurol ko‘tarib, ularning tinchligiga raxna solib, qotillik qilayotgan yoki o‘zi o‘lsa, shahid emas, balki johiliyat o‘limida o‘lib ketish ehtimoli mavjud.
Bugungi kunda jihodga targ‘ib qilayotgan guruhlar qaysi siyosiy kuchlarga xizmat qilayotganlarini o‘zlari ham bilmaydi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Kim noma’lum bayroq ostida jang qilsa va bu yo‘lda o‘ldirilsa, demak, u johiliyat o‘limini topibdi”, deganlar.
Kim noma’lum bayroq ostida, u bayroq kimning qo‘lida ekanini, uning maqsadi qandayligini bilmagan holda jang qilsa va shu yo‘lda o‘lsa, u johiliyatda o‘lgandek bo‘ladi.
Dinimiz hatto urush ostida bo‘lgan va dushman yerida yashagan, lekin jangovorlik sifatiga ega bo‘lmagan insonlarning o‘ldirilishiga ham ruxsat bermaydi. Jihodga chaqirayotganlarning aksariyati xalqi musulmon bo‘lgan o‘lkalarda begunoh insonlar o‘ldirilayotgan, nishonga olinayotgan hujumlarga shar’an ruxsat ko‘zi bilan qarashi juda achinarlidir.
Niso surasida bir mo‘min kishini qasddan o‘ldirganlar jahannam azobiga duchor bo‘lishi xabar berilgan.
﴿وَمَنْ يَقْتُلْ مُؤْمِنًا مُتَعَمِّدًا فَجَزَاؤُهُ جَهَنَّمُ خَالِدًا فِيهَا وَغَضِبَ اللَّهُ عَلَيْهِ وَلَعَنَهُ وَأَعَدَّ لَهُ عَذَابًا عَظِيمًا﴾
“Kim bir mo‘minni qasdan o‘ldirsa, uning jazosi jahannamdir. Unda abadiy qolur. Unga Allohning g‘azabi va la’nati yog‘ilur. Va Alloh unga ulkan azobni tayyorlagandir” (Niso surasi, 93-oyat).
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Dunyoning yo‘q bo‘lib ketishi Alloh nazdida bir mo‘minning nohaq o‘ldirilishidan ko‘ra yengilroqdir” deb bu jinoyatning oqibati qanchalik yomon ekaniga ishora qilganlar (Ibn Moja rivoyati).
Buzg‘unchi toifalar o‘zlariga tegishli veb-sahifa va ijtimoiy tarmoqlarda “shahidlik”, “jihod”, “hijrat”, “takfir”, “xalifalik” kabi tushunchalarni buzib talqin qilishi natijasida ayrim yoshlarni o‘zlarining tuzoqlariga ilintirishga muvaffaq bo‘layotgani achinarli hol, albatta.
Muhammad Said Ramazon Butiy rahimahulloh aynan nizoli hududlarning ichida bo‘lgan va terrorchilar xususida bunday degan: «Ular bir vaqtning o‘zida biror aybi yo‘q musulmonlarni kechasi bo‘g‘izlab ketishni “shariat ruxsat bergan ish” deydilar. Ular oddiy yo‘lovchilar to‘la samolyotni ichidagi aybsiz insonlar bilan qo‘shib portlatib yuborishni ham “shariatda bor ish” deydilar. Har kim ko‘zlarini yumib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bugun oramizda yuribdilar, deb xayol qilsin. U zot shunday razil ishlarga rozi bo‘larmidilar?!».
Dinimizda begunoh insonning qonini to‘kish buzg‘unchilikning eng qabihi, katta qabohat hisoblanadi. Islom hatto chumoliga ham ozor berishdan qaytaradi. Bunday vahshiylikni qilayotganlar dindorlik haqida qancha lof urmasin, qilgan yovuzliklari bu da’volari soxta ekanini fosh etmoqda.
Ba’zi olimlar jihodni uch turga bo‘ladilar:
1. Badan bilan, ya’ni har qanday harbiy vositalar bilan vatan, millat-din va xalq himoyasi uchun kofir-dushmanlarga qarshi jihod qilinadi. Bu jihodni faqat davlat rahbarlarigina amalga oshiradi, boshqarib boradi. Hozir, ming afsuski, ko‘plab musulmonlar jihod deganda faqat shu – davlat zimmasidagi vazifani tushunadi, xolos.
2. Ommaviy axborot vositalari oroqali Islomni insoniyatga yetkazish. Bu tur jihodni ulamolar qiladilar. Ulamolardan mahrum zamonlarda yashagan oddiy musulmonlarning, missionerlar va bid’at ahlining hujumlaridan himoyalanish uchun avval yashab o‘tgan ahli sunna olimlarining asarlarini, nasihatlarini kitoblar orqali, ommaviy axborot vositalari va nashrlar orqali butun dunyoga tarqatishlari, eshittirishlari kerak.
Islomning ichki va tashqi dushmanlarining buzg‘unchi, yolg‘on va soxta tashviqotlariga qarshi kurashishda ahli sunna val jamoa olimlari e’tirof etgan dinning sof ta’limotini yoyishdagi uslub bugungi kunda ham dolzarb hisoblanadi.
3. Duo bilan qilinadigan jihod. Bu jihod umumiy tarzda barcha musulmonlarga hamisha farzi ayndir. Yuqorida keltirilgan jihod turlari farzi kifoyadir. Shu uchinchi jihodga beparvo bo‘lish katta gunohdir.
Jihod – inqilob qilish, amirlarga, boshliqlarga qarshi chiqish va isyon qilish, buzish, sindirish-qiyratish, portlatish va vayron qilish degani emas. Bunday harakatlar fitna bo‘lib, Islom va boshqa musulmonlar uchun kulfat keltiradi. Musulmonlarning ezilishiga, hibsga tushishiga va din, iymon ilmlarining taqiqlanishiga yo‘l ochadi.
O‘tkirbek Sobirov
O‘zbekiston musulmonlari idorasi mas’ul xodimi
Toshkent islom instituti o‘qituvchisi