Bugun insoniyatni tabiiy ofatlar, yong‘inlar, suv toshqinlari, tojdor virus singari turli xil g‘am tashvishlar qamrab olmoqda. Ularga qarshi kurashda manman degan davlatlar ham ojizligini his qilmoqda. Bunday voqea hodisalar sababini har kim o‘zicha tahlil qilib xulosa chiqarishi tabiiy. Bu borada eng to‘g‘ri to‘xtamga kelishlik menimcha ota-bobolarimiz amal qilgan mezonlardir. Bu — kishilik jamiyati rivojining tilsim kaliti bo‘lgan ilm-ma’rifat, iymon va tafakkurdir.
Bir paytlar yolg‘on gaplar, soxta guvohliklar, lafzsizliklar, ota-onaga oq bo‘lish, qarindoshlarga siylai rahim qilmaslik, o‘z joniga qasd qilish, molning zakotini chiqarmaslik kabilar katta gunoh sanalgan. Bugun biz bunday qaytariqlardan yuz burish uchun nimalar qilyapmiz? Yoki sodir etilayotgan bu kabi xatoliklarga befarqmizmi?
Dono xalqimizning “Sababsiz oqibat bo‘lmaydi”, — degan naqli bejizga aytilmagan. Bugungi kunda kishilar ruhiyatidagi ma’naviy qashshoqlik, iymon sustligi, insoniyat ta’lim-tarbiyasi uchun zaruriy manbalardan yiroqlashish kabi holatlar ham uchramoqda. Xo‘sh, bunday chekinishlarning davosi bormi?
Bor albatta! Buning yagona yo‘li kishi o‘z ma’naviy dunyosini boyitishi uchun avvalo kitob mutalaasiga mehr qo‘yishidir. Bugungi avlod uchun qoldirilgan ma’naviy meroslarni qunt bilan o‘rganishimiz lozim. Bir so‘z bilan aytganda ilm, ilm va yana ilm. Chunki insoniyatni barcha falokatlardan qutqaruvchi omil bu — ilm-ma’rifat yuksakligi va iymon butligidir. Ana shunda shaxs komillik darajasiga yetishadi.
O‘z ruhiyatidagi qashshoqlikni ilm-ma’rifat bilan boyitib, ma’naviy barkamollik chashmasidan suv ichgan imom al-Buxoriy, imom at-Termiziy, imom Motrudiy, imom Nasafiy, Abu Lays Samarqandiy kabi yuzlab allomalar Vatanimiz shuhratini bugungacha yuksaltirib kelmoqda. Qur’on va muqaddas sunnatga bo‘lgan samimiy muhabbati, ilmga chanqoqligi, tafakkurining cheksizligi tufayli har biri ilm-ma’rifat saltanatida o‘z maktabini yaratdilar. Ularga ilhom baxsh etgan, yo‘lini oydin yoritib turgan, boshiga mushkulot tushganida, dushmanlari pand berganida Robbisiga duo qilsa, uning ijobatiga ruhiy madad bo‘lgan zot Rasululloh sallolohu alayhi vasallam bo‘ldilar. Bugungi mutolaamizda ana shu muborak siymoga Ramazon barakoti ila yuzlanamiz. Xo‘sh, sevimli payg‘ambarimiz hayotda qanday kishi bo‘lganlar? U kishining muborak siyratlari va suvratlaridagi mukammallik, insoniyat va ruhiyat olamiga xos komilligi nimada?
Savolimizga oydinlik kiritish maqsadida Allohning kalomiga murojaat qilamiz. Qur’oni Karimning “Qalam”surasidagi 4-oyatda bunday deyiladi: “Va albatta sen ulkan xulqdasan” (Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf, “Tafsiri Hilol”).
Ushbu muqaddas oyatdagi ta’kid tufayli Rasululloh sallollohu alayhi vasallam Qur’ondagi barcha odob-axloqni, ilm-ma’rifatni o‘zlariga singdirganlar. Bu xususda payg‘ambarimizning o‘zlari ham: “Men yaxshi xulqlarni batamom qilish uchun yuborilganman” deydilar. Ana shunday go‘zal xulq sohibining nurli siymolari Abu Iyso Muhammad at-Termiziyning “Shamoili Muhammadiyya” asarida bunday ta’riflanadi:
“Hazrat Ali raziyallohu anhuning nabiralari hazrati Ibrohim ibn Muhammad aytadilar: “Xazrati Ali raziyallohu anhu qachon janob Rasululloh sallollohu alayhi vasallamning vasflarini bayon qilsalar, der edilar:
Janob Rasululloh sallollohu alayhi vasallam na ko‘p uzun bo‘ylik na past bo‘ylik edilar, balki o‘rta qadlik odamlardan edilar. Muborak sochlari na ziyoda buralgan va na ziyoda yozilgan edi, balki ikkisining o‘rtasida bo‘lib, ozroq buralgan edi. Na muborak badanlari ziyoda semiz go‘shtlik va na muborak chehralari ziyoda yumaloq edi, balki ozroq mudavvar (yumaloq) edi. Chehralari qizilga moyil oq edi. Ikki ko‘zlari nihoyatda qora va kipriklari nihoyatda uzun edi. Ikki suyaklarining qo‘shiladigan boshlari yo‘g‘on edi va ikki kiftlari jam bo‘ladigan yerlari ham yo‘g‘on go‘shtlik edi. Badanlarida tuk yo‘q edi, Faqat siynalaridan kindiklariga qadar nozik mo‘ydan bir chiziq tortilgan edi. Ikki kaftlari va ikki qadamlari to‘la va go‘shtlik edi. Qachon yo‘l yursalar, qadamlarini yerdan quvvat bilan uzib olar, go‘yoki pastlikka ketib turgan kabi ko‘rinar elilar. Qachon bir tarafga burilsalar, butun badanlari bilan burilar edilar, faqat bo‘yinlarini burib qo‘ymas edilar. Ikki yelkalarining o‘rtasida muhri nubuvat, ya’ni payg‘ambarlik muhri bor edi. Va o‘zlari barcha payg‘ambarlarning oxirgisi edilar. Hammadan ziyoda saxiy dillik zot edilar. Hammadan ziyoda rost so‘zlaguvchi, muloyim tabiatli va xonadonlari sharafli bir zot edilar. Kimiki janobni birdan ko‘rib qolsa, haybatlari bosar edi, kimiki yaxshi tanib , suhbatlariga musharraf bo‘lsa, diydorlariga va suhbatlariga oshiq bo‘lib qolar edi. Maddohlari (u zotni madh qiluvchilar): “Men bu janobga o‘xshagan zotni na o‘zlaridan avval ko‘rganman va na o‘zlaridan keyin ko‘rganman”, der edi”.
Hazrati Abu Hurayra raziyallohu anhu aytadilar:
“Janob Rasululloh sallollohu alayhi vasallamning muborak jismlari shu qadar marg‘ub, jamil va go‘zal ediki, inson ko‘rib, vujudlarini Alloh ta’olo kumushdan quyganmikin, deb qolar edi. Muborak sochlarida bir oz buralganlik bor edi”.
Umrimiz davomida ruhiyatimiz va tafakkurimizni ma’naviy boyitishga ibrat bo‘ladigan muqaddas dinimiz asoschisining mukammal vujudlari mana shunday edi. Barcha muhaddislar, muarrixlar, allomalar fozilu fuzalolar ushbu mukammal axloq va vujudga sodiq bo‘lishga intilib yashadilar. Mana shu samimiy muhabbat va ixlos ularni dunyoda ilm-ma’rifatni yuksaltirishga musharraf qildi.
Ular umrlari davomida qiyinchilikka, tangchilikka uchrasalar, kishilarga kambag‘allik, ofat, vabo yetganini ko‘rishsa, Vatanni yov bossa sevimli payg‘ambarimizning muborak ruhlariga salovot yo‘llashardi. Rasululloh sallollohu alayhi vasallamdan ma’naviy ko‘mak kutardilar. Aziz avliyolarning duo uchun ko‘kka ko‘tarilgan qo‘llarini Alloh O‘z sevimli payg‘ambarining ruhi poklari hurmatidan quruq qaytarmasdi. Duolar barakotidan barcha mushkulotlar hal bo‘lardi. Bugun biz ana shunday komillikka muhtojmiz.
Bugungi sinovli, yer yuzida tabiiy ofatlar po‘rtana qilayotgan sharoitda buyuk allomalar odatidek salavot aytishlik, muborak Ramazon fayzini tilashlik, qalbimizni, tafakkurimizni ilm chirog‘i bilan yoritishni Yaratgandan so‘rashlik qanday go‘zal va maroqlidir.
Shodiyor MUTAHAROV,
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasining
mustaqil tadqiqotchisi
Tasavvuf masalasi ham salafiylar tomonidan qattiq tanqidga olingan va ko‘r-ko‘rona rad etiladigan mavzulardan biridir. Tasavvuf, tariqat, suluk, shayx, murid va shu kabi atamalarni eshitishlari bilan mavzuni inkor qilishga tushib ketadilar. Lekin aslida ham shundaymi?
Ming yillardan beri Islomning ruhi bo‘lib kelgan va Islom ummati og‘ishmay amal qilib kelayotgan bu mavzu rad etilishi kerakmi?!
Tasavvuf – bu Allohni tanish va nafsni poklashni o‘rgatadigan va shu yo‘ldagi harakatlarni ifodalaydigan, ularni anglatadigan va bu holatlarga erishish uchun nima qilish kerakligini tushuntiradigan bir ilmdir. Tasavvuf islomiy ilmlarning eng sharaflisidir. Bu ilmning sharafi, mavzusining sharafi bilandir.
Modomiki, tasavvufning maqsadi, mavzusi ma’rifatulloh – Allohni bilish-tanish ekan, u o‘z-o‘zidan islomiy ilmlarning eng sharaflisi bo‘ladi. Tasavvuf bizga nima qilsak, Alloh bizni sevadi? Nima qilsak, qalbimizda bo‘lishini istaganimiz “Alloh sevgisi” hosil bo‘ladi, kabi savollarga javob beradi va bu maqomga erishish yo‘llarini o‘rgatadi.
Tasavvufga ulamolar tomonidan ko‘plab ta’riflar berilgan. Shayx Ibrohim ibn Muvallid Roqqiy rahmatullohi alayh o‘zining kitoblarida bu ta’riflarni yuzdan oshig‘ini jamlagan.
Shayx Muhammad ibn Ali Qassob rahimahulloh: “Tasavvuf bu – saodat asrida sharafli qavmning eng oliyjanob kishisidan sodir bo‘lgan eng go‘zal xulqlardir”, degan.
Shayx Abu Muhammad Jaririy rahimahulloh: “Tasavvuf – har bir go‘zal xulqni olish va har bir yomon xulqni tark qilishdir”, dedi.
Shayx Muhammad ibn Ali ibn Husayn ibn Ali ibn Abu Tolib rahimahulloh: “Tasavvuf – go‘zal xulq bilan bir ma’noda bo‘lib, kimning xulqi senikidan go‘zal bo‘lsa, tasavvufi ham go‘zaldir”, degan.
Shayx Abu Hafs Naysoburiy rahimahulloh: “Tasavvuf – uning barchasi odobdir. U har bir vaqt, har bir hol va har bir maqomning odobidir”, degan.
Tasavvuf ba’zi kishilar: “Bu narsa hijriy uchinchi asrdan keyin paydo bo‘lgan bid’at, avvalgi davrda bo‘lmagan. Qur’oni karim va hadisi sharifda “Tasavvuf” so‘zi biror marta zikr qilinmagan”, deb da’vo qilayotganidek keyin paydo bo‘lib qolgan bid’at ilm emas, balki u barcha shar’iy ilmlar qatori Islomning avvalidan mavjuddir.
Qur’oni karimda va hadisi shariflarda “Tasavvuf” so‘zini biror marta kelmagani uni islomiy ilm emasligiga dalil bo‘lmaydi. Chunki boshqa islomiy ilmlarning ham nomlari Qur’on va hadisda zikr qilinmagan. Agar Qur’on va hadisda zikr qilinmagan narsalarni inkor qilsak, juda ko‘plab narsalardan voz kechishimizga to‘g‘ri keladi.
Tasavvuf Islomning avvalgi asrlaridan beri mavjud bo‘lib, u ham boshqa islomiy ilmlar qatori Qur’on va sunnatdan olingan. Bunga Qur’on, hadis va tobeinlarning so‘zlarida dalillar bor. Avval aytganimizdek tasavvufning asosiy vazifasi insonning nafsini tarbiyalash, gunohlardan poklash va botiniy amallarini tartibga solishdir.
Alloh taolo An’om surasining 120-oyatida bunday marhamat qilgan:
﴿وَذَرُوا ظَاهِرَ الْإِثْمِ وَبَاطِنَهُ﴾
“Va oshkora hamda maxfiy gunohlarni tark qilinglar!”.
Alloma Alouddin Ali ibn Muhammad Bag‘dodiy rahimahulloh bu oyati karimani tafsir qilib: “Oshkora gunohdan tashqi a’zolar bilan qilinadigan gunohlar nazarda tutilgan. Maxfiy gunohdan qalb bilan qilinadigan gunohlar nazarda tutilgan” degan.
Zohiriy a’zolar bilan qilinadigan gunohlarni tark qilishni va unga beriladigan jazolarni fiqh fani o‘rgatsa, qalb kasalliklarini davolashni aynan tasavvuf o‘rgatadi. Boshqa oyati karimada shunday deyiladi:
﴿قَدْ أَفْلَحَ مَنْ زَكَّاهَا﴾
“Batahqiq, kim u(nafs)ni poklasa, yutuqqa erishdi” (Shams surasi, 9-oyat).
Darhaqiqat, inson oxiratda yutuqqa erishishi uchun, jahannam olovidan omonda bo‘lishi uchun bu dunyoda kufrdan, shirkdan, nifoqdan va turli gunoh va qalb kasalliklaridan o‘zini poklashi kerak.
Alloh taolo bu oyati karimalarda bandalarini kufr, shirk va gunohlardan o‘zlarini poklashga buyurmoqda. Mana shu poklashni o‘rgatadigan fanni “Tasavvuf” deb nomlash insonlar orasida urf bo‘lgan.
Shuningdek, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning hadisi shariflarida tasavvuf ehson deb nomlangan. “Jabroil hadisi” deb nomlangan mashhur hadisi sharifda “ehson” ayni tasavvuf ekani namoyon bo‘ldi.
Umar ibn Xattob roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Bir kuni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlarida edik. Birdan ustimizda oppoq kiyimli, sochlari qop-qora odam paydo bo‘ldi. Unda safarning asari ko‘rinmas edi. Uni birortamiz tanimas ham edik. U kelib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning to‘g‘rilariga o‘tirdi. Ikki tizzasini u zotning ikki tizzalariga tiradi. Ikki kaftini sonlari ustiga qo‘ydi va: “Ey Muhammad, menga Islom haqida xabar ber”, dedi.
Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Islom “Laa ilaaha illallohu Muhammadur Rasululloh”, deb shahodat keltirmog‘ing, namozni to‘kis ado qilmog‘ing, zakot bermog‘ing, Ramazon ro‘zasini tutmog‘ing, agar yo‘liga qodir bo‘lsang, Baytni haj qilmog‘ing”, dedilar.
“To‘g‘ri aytding”, dedi u. Biz undan ajablandik. O‘zi so‘raydi, o‘zi tasdiqlaydi.
“Menga iymon haqida xabar ber”, dedi.
“Allohga, Uning farishtalariga, kitoblariga, payg‘ambarlariga va oxirat kuniga iymon keltirmog‘ing, yaxshiyu yomon qadarga iymon keltirmog‘ing”, dedilar.
“To‘g‘ri aytding”, dedi.
“Menga ehson haqida xabar ber”, dedi u.
“Allohga xuddi Uni ko‘rib turganingdek ibodat qilmog‘ing. Agar sen Uni ko‘rmasang, U seni ko‘rib turur”, dedilar.
“Menga Soat (qiyomat)dan xabar ber”, dedi.
“So‘raluvchi bu haqda so‘rovchidan bilimliroq emas”, dedilar.
“Uning alomatlaridan xabar ber”, dedi.
“Cho‘ri o‘z xojasini tug‘ishi, yalangoyoq, yalang‘och, kambag‘al cho‘ponlarning bino qurishda bir-birlaridan o‘zishga urinishlarini ko‘rmog‘ing», dedilar. So‘ngra u (qaytib) ketdi. Bas, birmuncha vaqt o‘tkazdim. So‘ngra u zot menga:
“Ey Umar, so‘rovchi kimligini bildingmi?” dedilar.
“Alloh va Uning Rasuli biluvchidir”, dedim.
“Albatta, u Jabroildir. Sizlarga diningizni o‘rgatgani kelibdi”, dedilar».
Ushbu hadisi sharifda dinning asllari iymon, Islom, ehson, zohiriy va botiniy amallarni isloh qilish va oxirat kuni haqida va bularning barchasi din ekanligini xabari berilmoqda.
Hadisi sharifda zikr qilingan “Islom”ni fiqh ilmi o‘rgatadi. “Iymon” qismini aqoid ilmi o‘rgatadi. Bizning mavzumizga bevosita bog‘liq bo‘lgan “ehson” qismini esa tasavvuf ilmi o‘rgatadi va bu hadisi sharifda bunga amaliy namuna ham bor.
Jabroil alayhissalom: “Menga ehson haqida xabar ber”, deganlarida Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Allohga xuddi Uni ko‘rib turganingdek ibodat qilmog‘ing. Agar sen Uni ko‘rmasang, U seni ko‘rib turur”, dedilar.
Tasavvufning asosiy maqsadlaridan biri ham banda qilayotgan har bir ibodatida, amalida Alloh uni ko‘rib turganini va bu amaliga qiyomat kuni albatta savol-javob bo‘lishini qalban his qildirishdir.
“Tasavvuf” so‘zi Islomning dastlabki asrida ishlatilmagan bo‘lsa-da, keyingi davrlarda “so‘fiy” so‘zi ishlatilganini kuzatishimiz mumkin.
Ulamolar mutavotir hadisning qanday bo‘lishi va shartlarini bayon qilib aytadilarki “Mutavotir hadis – uning sanadidagi har bir tabaqada juda ko‘p roviy rivoyat qilgan. Ana shu roviylarning barchasi rivoyat qilingan hadisni o‘zgartirishga kelishib olishlari mumkinligini aql inkor etadi”.
Shunday ekan, tasavvuf ilmi ham ikkinchi asrdan (tobeinlar asridan) to shu kungacha minglab shariatimiz peshvolari orqali ham naqlan, ham amalan mutavotir holatda bizgacha yetib kelgan. Shuning o‘zi ham tasavvuf ilmining shar’iy ilm ekaniga yetarli dalil bo‘ladi.
Mashhur muhaddis olim, Shayx Shoh Valiyyulloh Dehlaviy rahimahulloh: “Suhbatlarimiz va ta’lim-tarbiyamiz Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga sahih va mashhur sanad bilan yetib borgan tariqat odobidir”, degan.
O‘tkirbek Sobirov
O‘zbekiston musulmonlari idorasi mas’ul xodimi
Toshkent islom instituti o‘qituvchisi