Sayt test holatida ishlamoqda!
23 Iyun, 2025   |   27 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:05
Quyosh
04:50
Peshin
12:30
Asr
17:41
Shom
20:03
Xufton
21:42
Bismillah
23 Iyun, 2025, 27 Zulhijja, 1446

Ramazon saboqlari: ilm-ma’rifat yuksakligi va iymon butligi

09.05.2020   4159   6 min.
Ramazon saboqlari: ilm-ma’rifat yuksakligi va iymon butligi

Bugun insoniyatni tabiiy ofatlar, yong‘inlar, suv toshqinlari, tojdor virus singari turli xil g‘am tashvishlar qamrab olmoqda. Ularga qarshi kurashda manman degan davlatlar ham ojizligini his qilmoqda. Bunday voqea hodisalar sababini har kim o‘zicha tahlil qilib xulosa chiqarishi tabiiy. Bu borada eng to‘g‘ri to‘xtamga kelishlik menimcha ota-bobolarimiz amal qilgan mezonlardir. Bu — kishilik jamiyati rivojining tilsim kaliti bo‘lgan ilm-ma’rifat, iymon va tafakkurdir.

Bir paytlar yolg‘on gaplar, soxta guvohliklar, lafzsizliklar, ota-onaga oq bo‘lish, qarindoshlarga siylai rahim qilmaslik, o‘z joniga qasd qilish, molning zakotini chiqarmaslik kabilar katta gunoh sanalgan. Bugun biz bunday qaytariqlardan yuz burish uchun nimalar qilyapmiz? Yoki sodir etilayotgan bu kabi xatoliklarga befarqmizmi?

Dono xalqimizning “Sababsiz oqibat bo‘lmaydi”, — degan naqli bejizga aytilmagan. Bugungi kunda kishilar ruhiyatidagi ma’naviy qashshoqlik, iymon sustligi, insoniyat ta’lim-tarbiyasi uchun zaruriy manbalardan yiroqlashish kabi holatlar ham uchramoqda. Xo‘sh, bunday chekinishlarning davosi bormi?

Bor albatta! Buning yagona yo‘li kishi o‘z ma’naviy dunyosini boyitishi uchun avvalo kitob mutalaasiga mehr qo‘yishidir. Bugungi avlod uchun qoldirilgan ma’naviy meroslarni qunt bilan o‘rganishimiz lozim. Bir so‘z bilan aytganda ilm, ilm va yana ilm. Chunki insoniyatni barcha falokatlardan qutqaruvchi omil bu — ilm-ma’rifat yuksakligi va iymon butligidir. Ana shunda shaxs komillik darajasiga yetishadi.

O‘z ruhiyatidagi qashshoqlikni ilm-ma’rifat bilan boyitib, ma’naviy barkamollik chashmasidan suv ichgan imom al-Buxoriy, imom at-Termiziy, imom Motrudiy, imom Nasafiy, Abu Lays Samarqandiy kabi yuzlab allomalar Vatanimiz shuhratini bugungacha yuksaltirib kelmoqda. Qur’on va muqaddas sunnatga bo‘lgan samimiy muhabbati, ilmga chanqoqligi, tafakkurining cheksizligi tufayli har biri ilm-ma’rifat saltanatida o‘z maktabini yaratdilar. Ularga ilhom baxsh etgan, yo‘lini oydin yoritib turgan, boshiga mushkulot tushganida, dushmanlari pand berganida Robbisiga duo qilsa, uning ijobatiga ruhiy madad bo‘lgan zot Rasululloh sallolohu alayhi vasallam bo‘ldilar. Bugungi mutolaamizda ana shu muborak siymoga Ramazon barakoti ila yuzlanamiz. Xo‘sh, sevimli payg‘ambarimiz hayotda qanday kishi bo‘lganlar? U kishining muborak siyratlari va suvratlaridagi mukammallik, insoniyat va ruhiyat olamiga xos komilligi nimada?

Savolimizga oydinlik kiritish maqsadida Allohning kalomiga murojaat qilamiz. Qur’oni Karimning “Qalam”surasidagi 4-oyatda bunday deyiladi: “Va albatta sen ulkan xulqdasan” (Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf, “Tafsiri Hilol”).

Ushbu muqaddas oyatdagi ta’kid tufayli Rasululloh sallollohu alayhi vasallam Qur’ondagi barcha odob-axloqni, ilm-ma’rifatni o‘zlariga singdirganlar. Bu xususda payg‘ambarimizning o‘zlari ham: “Men yaxshi xulqlarni batamom qilish uchun yuborilganman” deydilar. Ana shunday go‘zal xulq sohibining nurli siymolari Abu Iyso Muhammad at-Termiziyning “Shamoili Muhammadiyya” asarida bunday ta’riflanadi:

“Hazrat Ali raziyallohu anhuning nabiralari hazrati Ibrohim ibn Muhammad aytadilar: “Xazrati Ali raziyallohu anhu qachon janob Rasululloh sallollohu alayhi vasallamning vasflarini bayon qilsalar, der edilar:

Janob Rasululloh sallollohu alayhi vasallam na ko‘p uzun bo‘ylik na past bo‘ylik edilar, balki o‘rta qadlik odamlardan edilar. Muborak sochlari na ziyoda buralgan va na ziyoda yozilgan edi, balki ikkisining o‘rtasida bo‘lib, ozroq buralgan edi. Na muborak badanlari ziyoda semiz go‘shtlik va na muborak chehralari ziyoda yumaloq edi, balki ozroq mudavvar (yumaloq) edi. Chehralari qizilga moyil oq edi. Ikki ko‘zlari nihoyatda qora va kipriklari nihoyatda uzun edi. Ikki suyaklarining qo‘shiladigan boshlari yo‘g‘on edi va ikki kiftlari jam bo‘ladigan yerlari ham yo‘g‘on go‘shtlik edi. Badanlarida tuk yo‘q edi, Faqat siynalaridan kindiklariga qadar nozik mo‘ydan bir chiziq tortilgan edi. Ikki kaftlari va ikki qadamlari to‘la va go‘shtlik edi. Qachon yo‘l yursalar, qadamlarini yerdan quvvat bilan uzib olar, go‘yoki pastlikka ketib turgan kabi ko‘rinar elilar. Qachon bir tarafga burilsalar, butun badanlari bilan burilar edilar, faqat bo‘yinlarini burib qo‘ymas edilar. Ikki yelkalarining o‘rtasida muhri nubuvat, ya’ni payg‘ambarlik muhri bor edi. Va o‘zlari barcha payg‘ambarlarning oxirgisi edilar. Hammadan ziyoda saxiy dillik zot edilar. Hammadan ziyoda rost so‘zlaguvchi, muloyim tabiatli va xonadonlari sharafli bir zot edilar. Kimiki janobni birdan ko‘rib qolsa, haybatlari bosar edi, kimiki yaxshi tanib , suhbatlariga musharraf bo‘lsa, diydorlariga va suhbatlariga oshiq bo‘lib qolar edi. Maddohlari (u zotni madh qiluvchilar): “Men bu janobga o‘xshagan zotni na o‘zlaridan avval ko‘rganman va na o‘zlaridan keyin ko‘rganman”, der edi”.

Hazrati Abu Hurayra raziyallohu anhu aytadilar:

“Janob Rasululloh sallollohu alayhi vasallamning muborak jismlari shu qadar marg‘ub, jamil va go‘zal ediki, inson ko‘rib, vujudlarini Alloh ta’olo kumushdan quyganmikin, deb qolar edi. Muborak sochlarida bir oz buralganlik bor edi”.

Umrimiz davomida ruhiyatimiz va tafakkurimizni ma’naviy boyitishga ibrat bo‘ladigan muqaddas dinimiz asoschisining mukammal vujudlari mana shunday edi. Barcha muhaddislar, muarrixlar, allomalar fozilu fuzalolar ushbu mukammal axloq va vujudga sodiq bo‘lishga intilib yashadilar. Mana shu samimiy muhabbat va ixlos ularni dunyoda ilm-ma’rifatni yuksaltirishga musharraf qildi.

Ular umrlari davomida qiyinchilikka, tangchilikka uchrasalar, kishilarga kambag‘allik, ofat, vabo yetganini ko‘rishsa, Vatanni yov bossa sevimli payg‘ambarimizning muborak ruhlariga salovot yo‘llashardi. Rasululloh sallollohu alayhi vasallamdan ma’naviy ko‘mak kutardilar. Aziz avliyolarning duo uchun ko‘kka ko‘tarilgan qo‘llarini Alloh O‘z sevimli payg‘ambarining ruhi poklari hurmatidan quruq qaytarmasdi. Duolar barakotidan barcha mushkulotlar hal bo‘lardi. Bugun biz ana shunday komillikka muhtojmiz.

Bugungi sinovli, yer yuzida tabiiy ofatlar po‘rtana qilayotgan sharoitda buyuk allomalar odatidek salavot aytishlik, muborak Ramazon fayzini tilashlik, qalbimizni, tafakkurimizni ilm chirog‘i bilan yoritishni Yaratgandan so‘rashlik qanday go‘zal va maroqlidir.

Shodiyor MUTAHAROV,

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasining

mustaqil tadqiqotchisi

Ramazon-2020
Boshqa maqolalar

Ashuro kuni ushbu 2 amalni bajarishni unutmang!

23.06.2025   614   1 min.
Ashuro kuni ushbu 2 amalni bajarishni unutmang!

G‘aflatda qolmang! Ertaga Ashuro kuni: Ro‘za tutishni va oilangizga kengchilik qilishni unutmang!


Ashuro kuni ro‘za tutish o‘tgan bir yillik gunohlarga kafforat bo‘ladi.

Bu haqda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: Ashuro kunining ro‘zasi Allohdan umid qilamanki bir yil oldingi gunohlarga kafforat bo‘ladi”, deganlar (Imom Muslim rivoyati).

Esda tuting! Muharram oyining yolg‘iz o‘ninchi kunida emas, bu kunga qo‘shib, bir kun oldingi yoki bir kun keyingi kunda ham ro‘za tutish lozim.

 

Ashuro kuni yaqinlarga kengchilik qilish – bir yillik kengchilikka sabab bo‘ladi.

Abu Sa’d roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy alayhissalom: Kim Ashuro kuni ahli ayoliga hadya ulashsa, Alloh yilning barchasida unga ham hadya ulashadi”, dedilar (Imom Bayhaqiy rivoyati).

Sufyon ibn Uyayna rahmatullohi alayh: “Bu hadisni oltmish yil tajriba qildim va faqatgina yaxshilik ko‘rdim”.

 

Davron NURMUHAMMAD