Sayt test holatida ishlamoqda!
24 Noyabr, 2026   |   14 Jumadul soni, 1448

Toshkent shahri
Tong
05:58
Quyosh
07:16
Peshin
12:15
Asr
15:16
Shom
17:00
Xufton
18:17
Bismillah
24 Noyabr, 2026, 14 Jumadul soni, 1448

Odamlar oldida nasihat qilmang!

31.01.2024   1451   3 min.
Odamlar oldida nasihat qilmang!

Boshqalar oldida ayblanishni, xatosi aytilishini yoqtirmaslik insonning tabiatidir, ya'ni tug'ma xarakterdir!

Rivoyat qilinishicha Hasan va Husayn roziyallohu anhumo noto'g'ri tahorat qilayotgan bir odamni ko'rib qolib, unga nasihat qilishga va qanday tahorat qilish kerakligini o'rgatishga kelishib olishibdi. Uning oldiga kelib: “Birodar, qaysi birimiz yaxshiroq tahorat qilayotganimizni ko'rib berolasizmi?” deyishibdi. Keyin birma-bir tahorat qilishibdi. Ularning chiroyli tarzda tahorat qilayotganini ko'rgan haligi kishi o'zi yaxshi tahorat qilmaganini tushunib etibdi va ularga ayblamasdan go'zal nasihat ila tushuntirganlari uchun rahmat aytibdi.

Nasihatni yashirincha qilish Nabiy sollallohu alayhi vasallamning ko'rsatmalaridandir. Chunki odamlar ko'z o'ngida nasihat qilish uyatli, xijolatli holat-da…

Shofe'iy rohimahulloh aytgan ekan: “Kimki birodariga hech kim yo'q joyda nasihat qilsa, unga nasihat qilgan va ziynatlagan bo'ladi. Kimdaki oshkora va'z qilsa, uni sharmanda qilgan va uyatga qo'ygan bo'ladi”.

Umar roziyallohu anhu: “Menga ayblarimni ko'rsatgan odamga Allohning rahmati bo'lsin”, der ekanlar va sahobalarning nasihatlariga quloq tutarkanlar.

Bir kishi Aliy roziyallohu anhuga odamlar orasida: “Ey mo'minlar amiri, siz falon-falon ishda xato qildingiz, sizga bunday-bunday deb nasihat qilaman”, debdi. Shunda Aliy roziyallohu anhu unga: “Agar menga nasihat qilmoqchi bo'lsang, ikkimiz oramizda nasihat qilgin. Chunki odamlar orasida ochiqchasiga nasihat qilsang, sizlarga ham, o'zimga ham javob berolmayman”.

Fuzayl ibn Iyoz rahimahulloh aytadi: “Mo'min birodarining aybini yashiradi va unga nasihat qiladi, fojir esa badnom qiladi va ayblab tashlaydi”.

Imom Ibn Hazm aytadi: “Nasihatingni qabul qilishni shart qo'yib nasihat qilma, zero, bunday qilsang, nasihatgo'y emas, zolim va podshohlikni talab qiluvchi bo'lasan. Omonat va birodarchilik haqqini ado etgan bo'lmaysan. Bu oqilona hukm ham, do'stona hukm ham emas. Aksincha amirning xalqiga buyruq berishiga yoki xoja o'z quliga buyruq berishiga o'xshaydi”.

Biz bu zamonda ikkiyuzlamachilik qilmaydigan, noxolislik qilmaydigan, uyoqqa-buyoqqa o'girilmaydigan rostgo'y do'stga juda ham muhtojmiz!

Ichi bilan tashi bir bir xil bo'lgan, ishonchli, Allohdan qo'rqadigan, qilayotgan hamma ishida Allohning roziligini qasd qiladigan, mukofot ham, tashakkur ham kutmaydigan taqvodor, nasihatg'oy do'stga o'ta muhtojmiz!

Maymun (bu so'z arab tilida chiroyli degan ma'noni bildiradi) ibn Mehron shogirdi Ja'farga aytgan ekan: “Yoqtirmaydigan narsangni yuzimga ayt, zotan odam birodaridagi yoqtirmaydigan xislatini yuziga aytmaguncha unga nasihat qilgan bo'lmaydi”.

Doktor Hasson Shamsi Poshoning "Metin qoyalar" kitobidan

G'iyosiddin Habibulloh, Ne'matulloh Isomov tarjimasi.

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

“The Nation” gazetasi: O‘zbekistonda vijdon erkinligi konstitutsiyaviy huquq sifatida mustahkam kafolatlangan

24.11.2026   11807   3 min.
“The Nation” gazetasi: O‘zbekistonda vijdon erkinligi konstitutsiyaviy huquq sifatida mustahkam kafolatlangan

Pokistonning “The Nation” gazetasida O‘zbekiston Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi raisi Sodiq Toshboyev qalamiga mansub “Yangi O‘zbekistonda inson qadri va diniy bag‘rikenglik” sarlavhali maqola chop etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.

 Muallif ta’kidlanganidek, bugun O‘zbekistonda davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarida amalga oshirilayotgan islohotlar inson qadrini ulug‘lash, uning huquq va manfaatlarini ta’minlash, xalqimizning ma’naviy dunyosini boyitish hamda milliy va diniy qadriyatlarini asrab-avaylashga xizmat qilmoqda.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan islohotlarning bosh maqsadi insonning huquq va manfaatlarini ta’minlash, munosib hayot kechirishi uchun zarur sharoitlar yaratishga qaratilgan.

“Inson qadri uchun!” degan ezgu g‘oya davlat siyosatining markaziga chiqarildi.

Bu jarayonlar diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlar bilan ham uzviy bog‘liq. Chunki inson qadrini ulug‘lash, uning e’tiqodiga hurmat bilan munosabatda bo‘lish, vijdon erkinligini ta’minlash va turli qarashlarga bag‘rikenglik bilan yondashish barqaror va adolatli jamiyatning muhim shartlaridir.

“Mustaqillikning dastlabki yillaridanoq “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi qonun qabul qilinib, vijdon erkinligini ta’minlashning huquqiy asoslari yaratildi. Keyinchalik mazkur qonun yangi tahrirda qabul qilinishi bilan bu kafolatlar zamon talablari asosida yanada takomillashtirildi. Bugun mamlakatimizda vijdon erkinligi konstitutsiyaviy huquq sifatida mustahkam kafolatlangan”, – deb yozgan qo‘mita raisi. 

O‘zbekistonning buyuk tarixida ilm-fan va ma’rifat doimo yuksak o‘rin tutgan. Birinchi va Ikkinchi Renessans davrida bashariyat tafakkuri xazinasini boyitgan buyuk allomalarimizning diniy-ma’rifiy merosi ana shu ulkan sivilizatsiyaning ajralmas qismidir.

“Prezidentimiz tashabbusi bilan Imom Buxoriy, Imom Termiziy va Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari tashkil etilgani, Bahovuddin Naqshband ilmiy-tadqiqot markazi faoliyati yo‘lga qo‘yilgani ana shu bebaho merosni chuqur o‘rganish va keng targ‘ib etishga xizmat qilmoqda. O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining ochilishi esa bu yo‘nalishdagi ishlar yangi bosqichga ko‘tarilganining yana bir yorqin ifodasi bo‘ldi. Samarqand zaminida Imom Buxoriy majmuasining qaytadan bunyod etilgani ham o‘zbek xalqining buyuk muhaddis merosiga yuksak ehtiromini ifodalaydi”, – deya qayd etgan Sodiq Toshboyev.

Shuningdek, u bugungi kunda yurtimizda 130 dan ortiq millat va elat, 16 ta diniy konfessiya vakillari bir oila farzandlaridek ahil va inoq yashab kelayotgani alohida urg‘ulagan.

Inson qadri ulug‘langan, qonun ustuvor bo‘lgan va jamiyatda o‘zaro hurmat qaror topgan yurtda iqtisodiy taraqqiyot ham, ijtimoiy ishonch ham yuksaladi. O‘zbekistonning ochiq, pragmatik va tinchlikparvar tashqi siyosati ana shu ezgu maqsadlarga xizmat qilmoqda.

 Muallif maqolasini “Tinchlik va osoyishtalikni asrash, inson qadrini ulug‘lash, vijdon erkinligini ta’minlash, ilm-ma’rifatni yuksaltirish, yoshlarni ezgu maqsadlar sari yo‘naltirish, milliy va diniy qadriyatlarimizni asrab-avaylash, turli millat va konfessiya vakillari o‘rtasida o‘zaro hurmat va bag‘rikenglik muhitini mustahkamlash Yangi O‘zbekistonning yorug‘ kelajagini bunyod etish yo‘lidagi eng muhim vazifalarimizdir”, – degan so‘zlar bilan yakunlagan.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari