Sayt test holatida ishlamoqda!
11 Noyabr, 2025   |   20 Jumadul avval, 1447

Toshkent shahri
Tong
05:45
Quyosh
07:06
Peshin
12:12
Asr
15:26
Shom
17:11
Xufton
18:26
Bismillah
11 Noyabr, 2025, 20 Jumadul avval, 1447

“Saharlik qilinglar! Saharlikda baraka bordir”

07.05.2020   6285   2 min.
“Saharlik qilinglar! Saharlikda baraka bordir”

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Saharlik qilinglar! Albatta, saharlik qilishda baraka bordir”, dedilar (Imom Nasoiy rivoyati).

Ushbu hadisda ro‘zador saharlik qilishga targ‘ib qilinadi. Chunki saharlik qilishda ko‘plab yaxshiliklar hamda diniy va dunyoviy buyuk barakalar bor. Demak, saharlik qilish fazilat, vojib emas. Agar vojib bo‘lganida edi Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam va ba’zi sahobalar o‘tar ro‘za tutmagan bo‘lar edilar.

Endi quyida yuqoridagi hadisdan kelib chiqib, saharlikdagi foydalarning bir nechtasini keltirib o‘tamiz:

  1. Saharlik qilish bilan ibodatni taqvo ila ado qilish bor. Chunik go‘yo saharlik qilish ila kunduzgi Qur’on qiroati, namozlar va zikrlarni ado qilish uchun Alloh taolodan yordam so‘rashlik bor. Zero, qorni och inson ibodatlarni qilish uchun kuchi yetmay, dangasalikka yo‘l qo‘yishi mumkin.
  2. Saharlik qilish bilan ochlik sababli sodir bo‘ladigan gunoh ishlardan o‘zini saqlab qoladi.
  3. Saharlik qilish bilan ro‘za tutishni yengil sanab hatto, yana ko‘proq ro‘za tutish rag‘bati paydo bo‘ladi. Natijada ro‘za tutish kishi uchun oson ishga aylanadi.
  4. Saharlik qilish bilan Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning sunnatlariga ergashish bor. Agar sunnat deya niyat qilib, saharlik qilsa, ajrga ham ega bo‘ladi. Biroq, qornini to‘ydirish va quvvatga ega bo‘lish maqsadida bo‘lsa, o‘sha maqsadiga erishadi.
  5. Saharlik sababli tahajjud namozini hamda duo va zikr qilish uchun eng xayrli vaqt bo‘lmish kechaning oxirida uyqudan uyg‘onadi.
  6. Saharlik qilish bilan ahli kitoblarga xilof qilish bor. Zotan, dinimizda ularga o‘xshashdan qaytarilganmiz. Hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Biz bilan ahli kitoblarning ro‘zasidagi farq, saharlik yeyishdadir”, dedilar.
  7. Saharlikka turish bilan bomdod namozini jamoat bo‘lib o‘qishga muyassar bo‘ladi. Shuning uchun ham ramazon oyida boshqa oylarga nisbatan bomdod namozida odamlar ko‘payadilar.

Shuningdek, saharlik qilishda bir qancha manfaatlar bor. Ba’zilari oshkor bo‘lgan va ba’zilari hali oshkor bo‘lmagan. Nima bo‘lganda ham haqiqiy mo‘min Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga nisbatan muhabbati bor ekan, u zotning aytganlaridan manfaat topadimi yoki yo‘qmi, ergashishda davom etaveradi. Alloh taolo barchamizni sevikli Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning sunnatlariga ergashishni oson qilsin.

Yahyo ABDURAHMANOV,

“Shayx Zayniddin” jome masjidi imom-xatibi.

Ramazon-2020
Boshqa maqolalar

Shifo doridami?

11.11.2025   311   4 min.
Shifo doridami?

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Kasallikni yengishda ikki kuchli ta’sir – davoga ishonch, tuzalish umidi...

Shifo doridami? Bu savolning javobini plasebodan topish mumkin. Plasebo lug‘atlarda «bemorni xotirjam qilish uchun beriladigan ta’sirsiz modda» yoki «bemorga foydasi tegishidan ko‘ra, uni mamnun qilish uchun ishlatiladigan modda», deya ta’riflanadi. Yangi kashf etilgan dorining qanchalik muvaffaqiyatli ekanini sinash uchun plasebolardan foydalaniladi. Misol uchun, kasallarning bir guruhiga ta’sir qilishi kutilayotgan modda, boshqa bir guruhiga esa ichida hech qanday dori bo‘lmagan maza kiritilgan buyoqli suv yoki tabletkalar beriladi. Ana shu soxta dorining nomi «plasebo» deyiladi. Plasebo boshqa haqiqiy dori bilan bir xil ko‘rinishda va bir xil o‘ralgan shaklda bo‘ladi. Natijada yangi dorining ta’siri o‘rganilib, qanchalik foydali ekani isbotlanadi.

Bosh og‘rig‘i, uyqusizlik, bezovtalanish, ortiqcha vahima, turli og‘riqlar, qo‘rquv, siqilish (stress), ko‘ngil aynishi, bosh aylanishi kabi ko‘pgina kasalliklarda plasebo bilan ancha yaxshi natijalar olingani e’tiborga molikdir. Plasebo berilgan 10 ta bemordan 6 tasida bosh og‘rig‘i qolgan bo‘lsa, analgetik (og‘riq qoldiruvchi) dori ichgan 10 ta bemordan ham 6-7 tasida bu dardning yo‘qolgani insonni hayratda qoldiradi.

Shifokorlar uyqusizlik shikoyati bilan kelgan bemorlarga ko‘nikib qolish (adaptatsiya)ga sabab bo‘lgani uchun ham uyqu dorisi tavsiya etishni to‘g‘ri deb bilmaydilar. Uning o‘rniga berilgan plasebolar bilan ham, umuman olganda, dorilarchalik yaxshi natijalarga erishilishi kuzatilgan, ya’ni tibbiy jihatdan hech qanday uyqu keltiradigan ta’sirga ega bo‘lmagan moddadan tashkil topgan tabletkalar bemorni uxlatishga yaramoqda. Albatta, bemorda dorilar uni uxlatishiga qanoat hosil qildirilgan bo‘lsa...

Tez yordamga ba’zan qattiq siqilish, bosh og‘rig‘i, yurak sanchig‘i kabi xuruj bilan kelgan va qandaydir ukoldan keyin tuzalib ketgani haqida gapiruvchi bemorlar keladi. Ularga o‘sha aytgan dorilari nomi ostida «fiziologik zardob» deb ataluvchi plaseboni igna orqali kiritganimizda darhaqiqat, tuzalib ketgani ham ko‘p kuzatilgan hodisalardan. Demak, xurujni dori emas, bemorning ishonchi bartaraf etgan.

Ba’zi bemorlar bir shifokor bergan dori foyda bermagani, balki boshqa shifokor tavsiya etgan dori ancha yaxshi ta’sir qilganini aytishadi. Bu ikki dorini tekshirganimizda faqat nomlari turlicha bo‘lib, ularning tarkibi bir ekani ma’lum bo‘ladi.

Plaseboning ta’siri haqida qator tadqiqotlar o‘tkazilgan. Natijada esa kishining tuzalishga bo‘lgan ishonch hamda shifo topish umidi va irodasi uning kasallikdan xalos bo‘lishida katta ahamiyatga ega ekani aniqlangan.

Plaseboning ta’sir etishida shifokorga bo‘lgan ishonch va suyanch yoki bemorni parvarish qilayotgan hamshiradagi xatti-harakatlarning ham muhim o‘rni bor. Misol uchun, shifokorning yetuk mutaxassis yoki ilmiy darajaga ega bo‘lishi, bemorni erinmasdan tinglashi yoxud diqqat bilan tekshirib, unga umid berishi sog‘ayish ehtimolini anchagina orttiradi. Bemorga qarayotgan hamshiraning o‘zi ham plaseboning ta’siriga ishonmasa, bemordagi shifo topish ehtimolining pasayishiga olib keladi. Plasebo tabletkalarining tashqi ko‘rinishi ham bemorga ta’sir qilishda katta ahamiyatga ega. Katta yoki mittigina xapdorilarning o‘rtacha kattalikdagilardan ko‘ra yaxshiroq ta’sir ko‘rsatishi, kizil, sariq va jigarranglari esa yashil va ko‘k plasebolardan nisbatan ustunroq ekani ham tajribalarda o‘z tasdig‘ini topgan. Bundan tashqari, yana achchiq ta’mli va noan’anaviy shaklda iste’mol qilish ham (masalan, kuniga 10 tomchi emas, balki 9 tomchidan deya) plaseboning ta’sirini kuchaytirar ekan. Plaseboni iste’mol qilgach, og‘riq yoki siqilishlarning yo‘qolishi quruq gap emasligi ham isbotlangan. Plasebolar yoki boshqa ko‘makchi vositalar badanda yetarlicha ta’sirlarga sabab bo‘ladi. Plaseboga ishonch badanda og‘riqni yengillashtiruvchi ma’lum moddalarning (masalan, miyadagi endorfinlar kabi) ishlab chiqarilishiga olib kelar ekan.

Bugungi kunda badanimizdagi kasalliklarning 50-80 foizi ruhiyatimiz bilan aloqadorligi ta’kidlanayotganini hisobga olsak, plasebolarning bu keng ko‘lamdagi ta’sirlari bizni hech ham ajablantirmaydi. Plaseboning shunchalik ta’sirli bo‘lishi bizga shifoniig dorilarda emas, balki Allohdan kelishini ko‘rsatib beradi. Bu borada dori faqat sabab, xolos. Alloh shifo berishni iroda qilsa, bir qultum suv ham shifo keltiraveradi, Alloh istamasa, nima qilsangiz ham kasalga foyda bermaydi.

Muhammad Ayyub Usmon tomonlaridan nashrga tayyorlangan
"Hidoyat dalillari" kitobidan