Sayt test holatida ishlamoqda!
29 Noyabr, 2026   |   19 Jumadul soni, 1448

Toshkent shahri
Tong
06:03
Quyosh
07:22
Peshin
12:16
Asr
15:14
Shom
16:58
Xufton
18:15
Bismillah
29 Noyabr, 2026, 19 Jumadul soni, 1448

Abu Mas'ud Badriy

19.09.2023   1104   5 min.
Abu Mas'ud Badriy

Sahoba Abu Mus'ud Badriy ikkinchi Aqaba bay'ati ishtirokchisi. Badrda ishtirok etmagan. Uhud va undan keyingi g'azotlar ishtirokchisi. Juda ko'p hadislar rivoyat qildi. Sahobalarning ulamolaridan. Kufada yashagan. Ali ibn Abu Tolibning izdoshlaridan. Ali roziyallohu anhu Siffinga ketaturib uni Kufaga o'zining o'rinbosari etib qoldirgan.

 

Ismi: Uqba ibn Amr ibn Sa'laba Ansoriy Hazrajiy Badriy. Kuniyasi: Abu Mas'ud. Ansorlar bilan iymonga kelgan. Onasi: Salama binti Ozib. Ayoli: Huzayli binti Sobit. Aqabaga etmishta ansor bilan chiqqan. Ikkinchi Aqabada ham ishtirok etgan etmishta kishining eng yoshi. Imom Buxoriy rahimahulloh uni Badr ishtirokchisi degan. Ammo Abu Ahmad Hokim unga zid gapni aytgan. Eng mashhur so'z uning Badrda ishtirok etmaganidir. Lekin Badrdagi suv yoqasida to'xtab, o'sha erda yashab qolgani uchun badriy deb nom olgan.

Nabiy alayhissalom g'ulomini kaltaklashdan qaytargan sahoba Abu Mas'ud Badriydir. O'zi bunday rivoyat qiladi: “Qamchim bilan g'ulomimni urayotganimda ortimda: “Bilgin ey Abu Mas'ud”, degan ovozni eshitdim. Jahlimning zo'ridan ovoz nima deyayotganini tushunmadim. Menga yaqin kelganlarida u kishi Nabiy alayhissalom ekanlarini bildim. U zot: “Bilgin ey Abu Mas'ud, bilgin ey Abu Mas'ud”, dedilar. Aytadi: “Qo'limdagi qamchini tashlab yubordim”. (Bir rivoyatda: “Haybatlaridan qo'limdagi qamchini tushirib yubordim”, deyilgan).  Nabiy alayhissalom: “Bilgin ey Abu Mas'ud,  sen bu qulni jazolashga qodirligingdan ko'ra Alloh seni jazolashga ko'proq qodirdir”, dedilar. Men: “Bundan so'ng hech qachon qo'l ostimdagini urmasman”, dedim. (Imom Abu Dovud rahimahulloh rivoyatida Abu Mas'ud: “Yo Rasullalloh, (ushbu) qulim Alloh taoloning roziligi uchun ozoddir”, deydi. Nabiy alayhissalom: “Agar shunday qilmaganingda do'zax seni kuydirardi”, deb aytadilar)» (Imom Muslim rivoyati).

Keyinchalik Kufada yashadi. Ali roziyallohu anhuning izdoshlaridan edi. Ali roziyallohu anhu Siffinga ketaturib uni Kufaga o'zining o'rinbosari etib qoldirdi. Keyinroq ayrim sabablarga ko'ra mo'minlarning amiri uni ishidan chetlashtiradi. Shundan so'ng Abu Mas'ud roziyallohu anhu Madinai Munavvaraga qaytib ketadi.

Ko'p hadis rivoyat qilgan. U kishidan tobeinlar: o'g'li Bashir, Abdulloh ibn Yazid Hotmiy, Avs ibn Zom'aj, Abu Voil Shaqiq ibn Salama, Alqama ibn Qays Naxa'iy, Masruq ibn Ajda', Amr ibn Maymun, Robia ibn Harosha, Qays ibn Abu Hozim, Abdurahmon ibn Yazid Naxa'iy va Omir Sha'biy hadis rivoyat qilishgan.  

Abu Mas'ud Ansoriy bunday deydi: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallam majlisga keldilar. Sad ibn Uqba roziyallohu anhu: “Yo Rasululloh, Alloh taolo bizni sizga salavot aytishga buyurdi. Biz sizga qanday salavot aytamiz?” deb so'radi. Payg'ambarimiz alayhissalom sukut saqladilar. Hatto biz qani edi u bu savolni so'ramaganida edi, deb orzu qildik. Bir muddatdan so'ng: “Bunday denglar: “Allohumma solli 'ala Muhammadin va 'ala ali Muhammad kama sollayta 'ala Ibrohima va barik 'ala Muhammadin va 'ala ali Muhammad kama barokta 'ala Ibrohima fiyl 'alamina. Innnaka hamidum majid”,deb ayting. Salom esa, siz bilganigizdek”, dedilar». 

Abu Mas'ud Ansoriydan yana bunday rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytadilar: “Avvalgi (o'tgan) payg'ambarlardan odamlar etib kelgan (eshitgan) gaplaridan biri (shudir): “Uyalmasang (hayo qilmasang), istaganingni qil!”(Imom Buxoriy rivoyati)                                                                     

Bir kuni sahoba roziyallohu anhu huzurida dinor va dirham haqida gapirishdi. U kishi bunday dedi: “Uni jigarlaringizga yopishtirib olinglar. Allohga qasam, oxiratingizga biror dinor va biror dirham ham olib ketolmaysiz. Sizlardan oldingilar qoldirgani kabi uni yo er ustida yo er ostida tashlab ketasiz. Ular ham uning ustida bir-birlari bilan sizlar kabi janjallashdilar, sizlar kabi bir-birlarini aldadilar. U (mol-dunyo) sizlarning diningiz va dunyoingizni halok qiladi”.

Sahoba Madinai Munavvarada Muoviya ibn Abu Sufyon xalifaligi davrida olamdan o'tdi. Alloh barchalaridan rozi bo'lsin.

"Islom nuri" gazetasi

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Jumadan jumagacha 27-11-2026 yil

28.11.2026   9331   1 min.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

Videolavhalar