Oli Imron Imronning oilasi degani. Imron – Maryamning otasi (Iso alayhissalomning bobosi). Bu surada Imron, uning oilasi haqidagi qissa zikr etilgan. Shuning uchun sura “Oli Imron” deb nomlangan.
Mazkur surada Badr, Uhud janglari, Iso alayhissalom qissasi, Allohga shirk keltirishning eng katta gunohligi, shariat ahkomlari bayon qilingan.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qur’on o‘qinglar. Chunki u qiyomat kuni o‘z ahliga shafoatchi bo‘ladi. Ikki yorituvchi nur – Baqara bilan Oli Imron surasini o‘qinglar. Ikkisi qiyomat kuni ikki bulut yoki ikki soyabon yoki bir guruh saf-saf qushlar shaklida kelib sohiblari hojatini chiqaradi. Baqara surasini o‘qinglar. Uni olish (o‘qish, yod olish, amal qilish) baraka, tark etish hasratdir. Unga sehrgarlar qodir bo‘la olmaydi”, deganlar (Imom Muslim, Imom Dorimiy, Imom Ahmad, Imom Hokim, Imom Ibn Hibbon rivoyati).
Ulamolar aytishicha, mana shu ikki suradan hosil bo‘lgan ajr-savob qiyomat kuni bulut shaklida kelib bandaga soyabon bo‘ladi.
Abdulloh ibn Burayda otasidan rivoyat qiladi: “Nabiy sollallohu alayhi va sallam huzurlarida o‘tirgandim. U zot: “Baqara va Oli Imron suralarini o‘rganinglar. Chunki ikkisi yorituvchi nurdir. Ular qiyomat kuni soyali bulut yoki saf-saf qush bo‘lib kelib egalarini soyasiga oladi”, dedilar”.
Yazid ibn Asvad aytadilar: “Kim kunduzi Baqara va Oli Imron surasini o‘qisa, kech kirguncha nifoqdan salomat bo‘ladi. Kim ularni kechasi o‘qisa, tong otguncha nifoqdan saqlanadi”.
Ka’b ibn Molikdan rivoyat qilinadi: “Kim Baqara va Oli Imron suralarini o‘qisa, ikkisi qiyomat kuni kelib: “Parvardigoro, bu (banda) uchun (azob-uqubatga) yo‘l yo‘q!” deydi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim juma kuni Oli Imron surasini o‘qisa, Alloh va farishtalari kun botgunicha unga salavot aytadilar”, deganlar (Imom Tabaroniy rivoyati).
Savol: Namozga “Allohu akbar”, deb quloq qoqishda “Allohu akbar” dagi “r” ga kelganda ikki qo‘lni bosh barmog‘i quloq yumshog‘iga tegiziladimi? Shunday deb, eshitdim.
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Namozga kirishda avval ikki qo‘lni yuqoriga ko‘tarib, bosh barmoqlarni quloqning yumshoq joyiga tegiziladi. So‘ng “Allohu akbar”, deb, namozga kirishiladi.
Bu haqida Faqih Abu Ja’far rahimahulloh bunday zikr qilganlar: “Ikki kaftini ichki taraflari bilan qiblaga yuzlanadi va panjalari yozadi hamda qo‘llarini yuqoriga ko‘taradi. Qachonki, ikki bosh barmog‘i ikki quloqlarining yumshoq joylariga tegsa, “Allohu akbar” deb namozga shuru’ qiladi.
Shamsulaimma Saraxsiy rahimahullohga ko‘ra, barcha mashoyixlar shunga ittifoq qilganlar (“Muhiyt” kitobi). Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.