Sayt test holatida ishlamoqda!
26 Iyun, 2026   |   11 Muharram, 1448

Toshkent shahri
Tong
03:05
Quyosh
04:51
Peshin
12:29
Asr
17:41
Shom
20:04
Xufton
21:46
Bismillah
26 Iyun, 2026, 11 Muharram, 1448

Ramazon – tarbiya mavsumi

04.05.2020   6482   11 min.
Ramazon – tarbiya mavsumi

Bismillahir rohmanir rohim. Muqaddas Islom dinimizning besh arkonidan biri bo‘lmish Ramazon ro‘zasi insoniyatni barkamollikka yetaklashda o‘ziga xos xususiyatlari bilan ajralib turadi. Inson ro‘zadorligi tufayli ham ruhiy, ham jismoniy poklikka erishadi, sabr qanoati yana ham ortadi va to‘rt buyuk ne’mat - moddiy, sihhiy, ma’naviy va axloqiy ne’matlar sohibiga aylanadi.

Bu qutlug‘ va barakotli oyda, inshoalloh gunohlar yuvilib, tavbalar, ixlos bilan qilingan duolar mustajob bo‘lg‘ay. Har bir ro‘zador bu oyda ruhan poklanib ezgu niyatlar qilmog‘i, axloq odobi ila boshqalarga ibrat ko‘rsatmog‘i, mehr-muruvvatli bo‘lmog‘i darkor. Toat ibodatlar, xayrli amallar, tutilayotgan ro‘zalar xolis Allohning roziligi uchun bo‘lmog‘i lozim. Shunda Parvardigor ularning evaziga ulkan ajpy savoblar ato aylashi muqarrar, inshoalloh.

Ma’lumki, har bir ibodat va amallarda bo‘lgani kabi ro‘zaning ham shartlari, farzlari va qonun-qoidalari mavjud. Tong sahardan shomgacha ro‘za tutish niyati bilan yeyish, ichishdan saqlanish ro‘zaning ado etilishi uchun zarur bo‘lgan farzlaridir. Lekin salafi solihinlar bulardan tashqari yana olti shartni ham tayin qilganlarki, bular ro‘zadorning ro‘zasini mukammal, benuqson va maqbul bo‘lishi shartlaridir.

Birinchisi - ko‘zni shariat man qilgan narsalarga qaratishdan saqlamoq. Xususan, nomahramlarga shahvat bilan qarash ham shular jumlasidandir. Alloh taolo Qur’oni karimda erkak va ayollarni o‘zlariga nomahram bo‘lgan kimsalarga qarashdan qaytargan: “(Ey, Muhammad!) Mo‘minlarga ayting, ko‘zlarini (nomahram ayollardan) quyi tutsinlar...”, “Mo‘minalarga ham ayting, ko‘zlarini (nomahram erkaklardan) quyi tutsinlar...” (Nur surasi, 30-31oyatlar). Ayniqsa, ro‘zador kishi bu narsaga katta ahamiyat berishi zarur. Aks holda ro‘zaning savobini ketkazib, mukammal bo‘lishiga putur yetkazadi. Shuningdek, noshar’iy o‘yin-kulgilar, behuda tomoshalar, ayniqsa, odob-axloqqa zid bo‘lgan ko‘rsatuv va filmlarni ko‘rishdan tiyilish lozim bo‘ladi. Payg‘ambarimiz sallollohu alayhi vasallam hadislarining birida: “Kiyomat kuni barcha ko‘zlar yig‘lab turadi. Ammo, Alloh harom qilgan narsalardan yumilgan ko‘z, Alloh yo‘lida bedor bo‘lgan ko‘z va Alloh taolodan qo‘rqib, pashshaning boshichalik yosh chiqargan ko‘z bundan mustasnodir”, - deb marhamat qilganlar.

Ikkinchisi - tilni behuda, yolg‘on, giybat va gunoh sanalmish turli xildagi gap so‘zlardan tiymoq. Demak, tilni shariat man qilgan so‘zlar uchun ishlatish ro‘zaning mukammal bo‘lishiga putur yetkazadi. Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: “Kimki yolg‘on gapirishni va unga amal qilishni tark etmasa, uning faqat yeb ichishini tark qilishiga Alloh muhtoj emas”, - deganlar (Imom Buxoriy rivoyati). Hadislarda ikki ayol kishi birovlarni g‘iybat qilib, oxir-oqibat holdan toyib, Rasululloh sallallohu alayhi vasallamga odam yuborib og‘iz ochishga izn so‘raganlari, Rasululloh sallallohu alayhi vasallam esa ularga bir kosa berib, unga qayt qilishni buyurganlari, shunda ikkala ayol ham kosani to‘ldirib qon qusganlari va bu birovlarni g‘iybat qilganliklari sababli shunday bo‘lganligi haqidagi rivoyat ham ma’lumdir.

Uchinchisi - quloqni befoyda va bema’ni gap so‘zlarni eshitishdan saqlamoq. Zero, gapirish harom qilingan so‘zlarni eshitish ham haromdir. Alloh taolo Qur’oni karimda gapiruvchi bilan unga quloq soluvchi barobar ekanligini bayon qilib: “Alloh sizlarga Kitobda: “Allohning oyatlari inkor etilayotgani va mazax qilinayotganini eshitsangiz, to boshqa gapga o‘tmagunlaricha, ular bilan birga o‘tirmangiz!” – deb, (oyat) nozil qilgan edi. Albatta, sizlar unda (birga o‘tirganda), ular bilan (gunohda) tengsiz”, degan (Niso surasi, 140-oyat). Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam: “G‘iybat qiluvchi bilan unga quloq solib o‘tiruvchi kishi gunohda sherikdirlar”, - deb marhamat qilganlar.

To‘rtinchisi - boshqa barcha a’zolarni ham gunohdan saqlamoq. Masalan, qo‘l bilan birovga ozor berish, oyoq bilan gunoh ishga borish va hokazo. Kunduzi ro‘za tutib, iftorda harom narsalar bilan og‘iz ochish, halol taomni ham haddan ortiq ko‘p yeyish kabilar ham shular jumlasidandir.

Beshinchisi - iftorda ko‘p ovqat yemaslik va kunduzi ko‘p uxlamaslik. Solihlar ushbularni ro‘zaga shart qilishlarida ko‘p hikmat bor. Zero, Alloh taolo ro‘zani insonga ochlikni his qilib turishi uchun mashru’ qilgandir. Kunduzi bir oz och yurib, iftordan keyin ko‘p ovqat yeyish birinchidan, ro‘zaning hikmatiga zid. Ikkinchidan, oshqozonga og‘irlik qilib, oqibatda inson salomatligiga salbiy ta’sir qilishi mumkin. Kunduzni uyqu bilan o‘tkazish ham ro‘zaning savobini ketkazadi. Chunki, ko‘p uxlash ham kishi umrini zoye o‘tkazishiga sabab bo‘ladi. Ramazon oyida savobli amallar bilan mashg‘ul bo‘lish o‘rniga, uni g‘aflatda o‘tkazish ham ayni nodonlikdir. Lekin, kechalarni bedor o‘tkazish niyatida kunduzi bir oz dam olsa zarari yo‘q.

Oltinchisi - iftordan keyin ro‘zasining qabul bo‘lgan, bo‘lmaganligini o‘ylab xavf (qo‘rqinch) va rajo (umid)da bo‘lmoq. Agar inson qilgan amalidan g‘ururlanib, tutgan ro‘zasidan maqtansa savobi bo‘lmaydi. Shuning uchun qilgan ibodati va tutgan ro‘zasida yo‘l qo‘ygan xato va kamchiliklari uchun istig‘for aytib, Alloh taologa yolvorib, uni O‘z dargohida qabul aylashini so‘rash lozim.

Yuqorida sanab o‘tilgan shartlarga rioya qilgan holda ado etilgan ro‘za mukammal ro‘zadir. Salafi solihlarning ro‘zalari ana shunday komil va go‘zal ro‘za edi.

Muborak Ramazon oyining avvali rahmat, o‘rtasi mag‘firat, oxiri – “itqun minanniyron”, ya’ni “do‘zaxdan ozod qilish kunlari” deb ataladi. Darhaqiqat, Allohning rahmatiga erishgan kishining gunohlari kechiriladi, gunohdan poklangan kishi esa, do‘zaxdan qutilib, jannatga doxil bo‘ladi. Qolaversa, Ramazon oyining yana bir fazilati shundan iboratki, Alloh taolo bu oyning ichiga “Qadr kechasi”ni yashirgan.

Bu muborak kechaning qadr deb nomlanishida ikki xil ma’no bor. Birinchisi, uning qadri baland, u muborak - ming oydan afzal kechadir. Ikkinchisi, bu kechada bandalarning kelasi yil qadr kechasigacha bo‘lgan taqdirlari lavhul mahfuzdan olinib, farishtalarga yozdiriladi. Bu haqda Qur’oni karimda shunday bayon qilingan: “Albatta, Biz uni (Qur’onni) muborak kechada nozil qildik. Darhaqiqat, Biz ogohlantiruvchidirmiz. U (muborak kechada) barcha hikmatli ishlar ajrim qilinur” (Duxon surasi, 3-4-oyat). Shuning uchun bu kechada, ibodat va duo bilan mashg‘ul bo‘lish alohida fazilatga ega. Rasululloh sallallohu alayhi vasallam bu haqda: “Har kim Qadr kechasida chin ixlos va imon bilan Alloh uchun bedor bo‘lib, ibodat qilsa, uning qilgan avvalgi barcha gunohlari kechiriladi”, - deb marhamat qilganlar (Muttafaqun alayh).

Ramazoni sharif Parvardigor bandalariga O‘z rahmat va barakotini nozil qiladigan oydir. Bu oyning ta’rifi va unda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar haqida Rasululloh sallallohu alayhi vasallam bayon qilib, jumladan: “Bu xayr-ehson ulashiladigan oydir. Ramazon oyida mo‘minlarning rizqi ziyoda bo‘ladi. Kimki bu oyda ro‘zadorga iftorlik qilib bersa, uning gunohlari kechiriladi va do‘zaxdan ozod bo‘ladi. Shuningdek, unga ham ro‘zadorning savobidan hech qancha kam bo‘lmagan holda savob beriladi”, - deganlar. Shunda sahobalar: Ey, Rasululloh! Biz hammamiz ham ro‘zadorga iftorlik qilib bera olmaymiz-ku, - deyishdi. Shunda Rasululloh sallallohu alayhi vasallam ularning o‘ksik ko‘ngillarini ko‘tarib: “Alloh taolo bu savobni ro‘zadorga bir qultum sut yoki bir dona xurmo yoki bo‘lmasa bir ho‘plam suv bilan iftorlik qilib bergan kishiga ato etadi. Ammo, kimki ro‘zadorning qornini to‘ydirsa, Alloh taolo unga havzu kavsaridan bir qultum suv ichiradiki, u to jannatga kirguncha chanqoq nimaligini bilmaydi...” - deb marhamat qildilar (Imom Bayhaqiy rivoyati).

Demak, Ramazon oyi musulmonlarni xayru saxovatli bo‘lishga, bir-birlariga mehr-muruvvat ko‘rsatishga undaydigan oydir. Ibn Abbos raziyallohu anhu shunday deganlar: “Rasululloh sallallohu alayhi vasallam odamlarning eng saxiyrog‘i edilar. Ayniqsa, Ramazon oyida yanada saxiy bo‘lib ketar edilar. Tonggi sabo barchaga xush kayfiyat baxsh etgani kabi, Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning saxovatlaridan ham barcha bahramand bo‘lar edi” (Muttafaqun alayh).

Mo‘min-musulmonlar Ramazon oyida ezgu amallarni ko‘proq qilishga oshiqishlari lozim bo‘ladi. Ezgu amallar deganda avvalo, chin ixlos e’tiqod, ibodatda bardavom bo‘lish, shuningdek, o‘zgalarga xayru saxovat ko‘rsatish va ularni sabr toqat ila ado etish tushuniladi. Ramazon oyida qilingan ezgu ishlarning savobi haqida Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: “Kimda-kim Ramazon oyida biror-bir nafl amalni bajarsa, u farz amalni ado qilgan bilan teng bo‘ladi. Kimda kim bu oyda bir farz amalni bajarsa, yetmishga farz amalni ado qilgan bilan teng bo‘ladi”, - deganlar. Shunga ko‘ra zakot va nafl sadaqalarni Ramazon oyida ado etish juda fazilatlidir. Umar ibn Abdulaziz raziyallohu anhu: “Namoz senga jannatning yo‘lini ko‘rsatsa, ro‘za uning eshigiga olib boradi. Sadaqa esa seni ichkariga olib kiradi”, deganlar.

Alloh taolo ro‘zador kishilar uchun jannatda maxsus bir darbozani yaratib qo‘ygan bo‘lib, bu haqda Sahl ibn Sa’d raziyallohu anhu Rasululloh sallallohu alayhi vasallamdan shunday rivoyat qiladilar: “Albatta, jannatda bir darboza borki, u Rayyon deb ataladi. Qiyomat kuni undan faqat ro‘za tutganlargina kiradi, boshqa hech kim kirmaydi. “Ro‘za tutganlar qayerda?” - deyiladi. Shunda ular o‘rinlaridan turib o‘sha darbozadan jannatga kiradilar. Kirib bo‘lganlaridan so‘ng darboza yopiladi va boshqa hech kim kirolmaydi” (Muttafaqun alayh).

Ramazon ro‘zasining ahamiyati yana shundan iboratki, u tufayli biz o‘z nafsimizni tarbiya qilamiz, uni sabrga o‘rgatamiz, toat-ibodatda chiniqtiramiz. Chunki ro‘zada uchta xususiyat mavjudki, ana shu xususiyatlar tufayli ro‘zador mustahkam sabru qanoatga ega bo‘ladi. Birinchidan, ro‘za ibodatdir. To‘liq bir oy ro‘za tutish uchun kishiga katta sabr toqat kerak bo‘ladi. Ikkinchidan, ro‘zador tutgan ro‘zasi mukammal bo‘lishini istab katta-yu kichik gunohlardan o‘zini tiyishga to‘g‘ri keladi. Albatta, gunohlardan tiyilish uchun ham katta sabru qanoat talab qilinadi. Uchinchidan, ro‘za ibodati ochlik va tashnalik kabi qiyinchiliklarga sabr qilishni talab etadi. Ushbu talablarni mukammal bajargan nafs yomonliklardan yiroq, yaxshiliklar sari intiluvchan bo‘ladi, muhtojlarga mehr-muruvvat ko‘rsatishga, Alloh taologa itoat qilishga ko‘nikma hosil qiladi. Sabr haqida Hazrati Abu Hurayra raziyallohu anhu: “Kimga sabr qilish ne’mati ato qilingan bo‘lsa, u hech qachon savobdan mahrum qolmaydi. Chunki Alloh taolo Quroni karimda: “Albatta, sabr qiluvchilarga (oxiratda) mukofotlari behisob berilar”, - deb marhamat qilgan”, - deganlar.

Alloh taolo ulug‘ fazilatlarga ega bo‘lgan, rahmat va mag‘firat oyi bo‘lmish Ramazon oyini barchalarimizga muborak qilib, bu oyda qiladigan ibodatlarimizni mukammal ado etishga muyassar aylasin.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi

raisining birinchi o‘rinbosari

Homidjon ISHMATBЕKOV

 

Boshqa maqolalar

Diniy mazmundagi yolg‘on xabarlar va ularning oqibatlari

25.06.2026   2471   3 min.
Diniy mazmundagi yolg‘on xabarlar va ularning oqibatlari

Bugungi axborotlashgan jamiyatda internet va ijtimoiy tarmoqlarning rivojlanishi natijasida ma’lumot almashish jarayoni sezilarli darajada tezlashdi. Shu bilan birga, turli mazmundagi yolg‘on xabarlarning tarqalishi ham kuchaydi. Ayniqsa, diniy mazmundagi yolg‘on xabarlar jamiyatning ma’naviy muhitiga, diniy bag‘rikenglikka va ijtimoiy barqarorlikka salbiy ta’sir ko‘rsatadigan omillardan biri sifatida namoyon bo‘lmoqda.

Diniy mazmundagi yolg‘on xabarlar deganda diniy manbalarga asossiz ravishda nisbat berilgan, buzib talqin qilingan yoki haqiqatga mos kelmaydigan ma’lumotlar tushuniladi. Bunday xabarlar ko‘pincha Qur’on oyatlari, hadislar, mashhur ulamolar fikrlari yoki diniy voqealar bilan bog‘liq holda tarqatiladi. Ularning asosiy maqsadi insonlarning diniy hissiyotlariga ta’sir qilish, ma’lum g‘oyalarni targ‘ib etish yoki jamiyatda turli qarama-qarshiliklarni yuzaga keltirishdan iborat bo‘lishi mumkin.

Yolg‘on diniy axborotlarning keng tarqalishiga bir qator omillar sabab bo‘ladi. Avvalo, ayrim fuqarolarning diniy bilimlari va mediasavodxonligi yetarli darajada shakllanmagani tufayli ular har qanday ma’lumotni tekshirmasdan qabul qiladilar va boshqalarga tarqatadilar. Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarda axborotning tezkor tarqalishi ham bunday xabarlarning ommalashishiga xizmat qiladi. Ko‘plab foydalanuvchilar ma’lumotning manbasi va ishonchliligini tekshirmasdan uni ulashishga moyil bo‘ladilar.

Diniy mazmundagi yolg‘on xabarlarning eng salbiy oqibatlaridan biri jamiyatda ishonchsizlik muhitining shakllanishidir. Asossiz ma’lumotlar turli ijtimoiy guruhlar o‘rtasida tushunmovchiliklarni keltirib chiqarishi, diniy masalalarda bahs va ziddiyatlarning kuchayishiga sabab bo‘lishi mumkin. Natijada jamiyatdagi hamjihatlik va o‘zaro hurmat tamoyillari zaiflashadi.

Bunday xabarlar ma’naviy hayotga ham jiddiy zarar yetkazadi. Diniy masalalar bo‘yicha noto‘g‘ri ma’lumotlarni muntazam qabul qilgan insonlarda dinning asl mohiyati haqida xato tasavvurlar shakllanadi. Bunday holat diniy qadriyatlarning noto‘g‘ri tushunilishiga, ayrim hollarda esa mutaassiblik yoki befarqlik kayfiyatlarining yuzaga kelishiga olib keladi.

Yolg‘on diniy axborotlar mafkuraviy xavfsizlik uchun ham muhim tahdid hisoblanadi. Ayrim radikal guruhlar va ekstremistik oqimlar internet orqali soxta diniy ma’lumotlarni tarqatish orqali o‘z tarafdorlarini ko‘paytirishga harakat qiladilar. Ular diniy manbalarni kontekstdan uzib talqin qilish yoki soxta ma’lumotlarni haqiqat sifatida taqdim etish orqali yoshlar ongiga ta’sir ko‘rsatishga urinadilar. Bunday holatlar jamiyat barqarorligiga va fuqarolar xavfsizligiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Mazkur muammoning oldini olish uchun, avvalo, aholining mediasavodxonligini oshirish zarur. Fuqarolar axborotni tanqidiy tahlil qilish, uning manbasini tekshirish va ishonchli ma’lumotlarni yolg‘on xabarlardan ajrata olish ko‘nikmalariga ega bo‘lishlari lozim. Shu bilan birga, diniy bilimlarni faqat ishonchli manbalar va malakali mutaxassislardan olish muhim ahamiyat kasb etadi. Ta’lim muassasalari, ommaviy axborot vositalari va diniy-ma’rifiy tashkilotlarning hamkorligi bu boradagi samaradorlikni yanada oshiradi.

Xulosa qilib aytganda, diniy mazmundagi yolg‘on xabarlar zamonaviy axborot makonining jiddiy muammolaridan biri hisoblanadi. Ular jamiyatning ma’naviy muhitiga, ijtimoiy barqarorligiga va mafkuraviy xavfsizligiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Shu sababli har bir fuqaro axborotlarni qabul qilish va tarqatishda mas’uliyatli bo‘lishi, diniy masalalarda esa faqat ishonchli manbalarga tayanishi zarur.


Abdulaziz Abduvahidov,
Imom Termiziy xalqaro ilmiy tadqiqot markazi ilmiy xodimi