Inson zoti qiziq, kelajakda o‘zini qanday ko‘ngilsizliklar kutishi mumkin ekanini hayolan ko‘z oldiga keltiradi-da, o‘sha ko‘ngilsizlikka yo‘liqmaslik uchun jon-jahdi bilan harakat qila boshlaydi. Kambag‘al bo‘lib qolishdan qo‘rqib, ertayu-kech tinim bilmay mehnat qiladi. Halol mehnat qilsa-ku, mayli. Lekin qo‘rquvning kuchidan, ba’zan harom amallarni qilishdan ham toymaydi.
Hatto, farzandlarini ham kichikligidan mana shunday qo‘rquvlar qurshovida ulg‘aytiradi: "Yaxshi o‘qimasang, katta bo‘lganingda aravakash bo‘lasan"; "Namuncha lapashang bo‘lmasang? Bu ahvolda og‘zingdagi oshni ham oldirib qo‘yasan-ku"; "Kim nima narsangni so‘rasa berib yuboraverasanmi? Ertaga o‘zing nima qilasan?" kabi iddaolar qurshovida farzandlar ham kelajakda hech narsasiz qolish, kambag‘allik kabi qiyinchiliklarga yo‘liqishdan qo‘rqib, topganini yashirib yig‘ishga, pul topish uchun har qanday harom ishlarni qilishga ham tayyor bo‘lib katta bo‘lishadi. Eng qizig‘i, o‘sha qiyinchiliklar kelishi dargumon. Kim qanday hayot kechiradi, hayoti davomida kim qanday mashaqqatga yo‘liqadiyu, kim qanday holatga tushishi faqat Yaratgangagina ayon. Biz esa mavhum, kutilishi noaniq bo‘lgan zahmatlarga jon-jahdimiz bilan, tinim bilmay, har qandoq yo‘llar vositasi ila kurashar ekanmiz, ming afsuslar bo‘lsinkim, har bir insonning boshiga tushishi muqarrar bo‘lgan qiyinchilik haqida mutlaqo unutib qo‘yamiz...
Qanday qiyinchilik ekanini anglagandirsiz? Ha, adashmadingiz, bu - Qiyomat kunidagi hisob-kitob, so‘roq, amallarimiz hisobi bizga ko‘rsatiladigan kundagi muqarrar, hech kim qochib qutula olmaydigan qiyinchilikdir. O‘ylab ko‘raylik, azizlar, uch kunlik dunyoning, quyuq zulmati ortidan nurafshon tongi otishi aniq bo‘lgan, ko‘z ochib yumguncha o‘tib ketadigan qandaydir bir imtihoni uchun qanchalar tayyorgarlik ko‘ryapmizu, nahot nomai a’mollarimiz ko‘rsatiladigan kunga tayyorgarlik ko‘rishdan g‘ofil qolsak?
Ortga nazar tashlab, qo‘ygan qadamlarimizni, o‘tkazgan hayotimizni sarhisob qilib ko‘rsak, qanchadan qancha xatolarga yo‘l qo‘yganligimizni tushunib yetamiz... Shu chog‘da birdan qalblarimizni zulmat qoplagandek bo‘ladi! Qani edi... Qani edi ortga qaytsagu, o‘sha xatolarsiz bir yangi hayot boshlasak... Buning iloji yo‘qligini o‘ylab, ko‘nglimiz cho‘ka boshlaydi. Beixtiyor tushkunlikka tushamiz...
Mana shunday his-tuyg‘ular sizni ham asir etganmi? O‘tgan hayotingizdagi xatolaringiz, gunohlaringizni eslab ko‘p ezilasizmi? Endi ortga yo‘l yo‘q, chorasizman, degan o‘y borlig‘ingizni qamrab olganmi? O‘sha hayotingizda majburan davom etyapsiz, yo bo‘lmasa tushkunlik atalmish sahroda tentiragancha sarson-sargardonmisiz?
Unday bo‘lsa, o‘rningizdan turing! Hozir xatolaringizni to‘g‘rilashning ayni vaqti! Sizda imkon bor! Ha-ha, noto‘g‘ri eshitmadingiz, imkoningiz bor! Va bu imkonni sizga qandaydir psixolog, qandaydir bashoratchi yo bo‘lmasa, biror amaldor shaxs emas, Alloh ato qilyapti! Mehribon va rahmli, toki jon halqumga yetgunigacha tavbalarni qabul qiluvchi Zot sizga imkon bermoqda! Siz mana shu imkondan foydalanib qoling! Darrov tahorat oling-da, ikki rakaat namoz o‘qing, so‘ngra Alloh taolo sizni qanday muqaddas oy bilan yuzlashtirganini yodga oling.
Ramazon! Taqvo, ibodat, rahmat, mag‘firat, gunohlar o‘chiriluvchi oydir! Ushbu oyda Qur’oni Karim nozil bo‘lgan. Ushbu oyning fayzi, barokati, fazilatlarini sanab adog‘iga yeta olmaymiz! Ming shukrki, Alloh azza va jalla bizlarni ushbu oyga sog‘-salomatlikda yetkazdi, O‘zining to ro‘zi Qiyomatgacha har bir musulmon bandaga dasturulamal bo‘lmish Kitobida bizlarga: «Ey iymon keltirganlar! Sizlardan avvalgilarga farz qilganidek, sizlarga ham ro‘za farz qilindi. Shoyadki taqvodor bo‘lsangiz» deya xitob qilib, Ramazon oyi ro‘zasini tutishlikni farz qildi.
Ushbu oyning avvalgi o‘n kunligini rahmat, ikkinchi o‘n kunligini mag‘firat, uchinchi o‘n kunligini gunohlardan poklanish qilib, biz kabi bandalariga o‘zining cheksiz mehru marhamatini namoyon qildi. Ushbu oyning fazli shu qadar ulug‘ki, u Allohning huzurida ming oydan afzalroqdir. Shu bilan birga, mehribon va rahmli bo‘lgan Zot bizlarga qiyinchilik, zahmat yetmasligi uchun tonglari saharlik, kechalari iftorlik qilish imkoniyatini berdi.
Rasululloh sollallohu alayhi va sallam shunday dedilar: “Muborak nonushtaga kelinglar! Ya’ni, saharlikka”. Nasoiy rivoyati. Va dedilar: “Sizlarga saharlik nonushtasini qilishingiz vojib bo‘ladi. Chunki u baraka ato etilgan nonushtadir”. Nasoiy va imom Ahmad rivoyati.
Mohi Ramazon - ushbu muborak oyga yetib kelgan ekanmiz, Allohning bizga bergan imkoni aynan mana shudir! Har kechasi g‘animat bo‘lgan ushbu oyda yana bir kecha yashirilganki, bu - Laylatul Qadr kechasidir. Ushbu kecha to‘lig‘icha imkon bo‘lgan muborak oyning ichidagi yana bir imkoniyatdir! Oyning so‘nggi o‘n kunligidagi toq kechalardan biriga yashirilgan bu kecha ham tavbalarimiz qabul bo‘lib, yangi hayot boshlashimiz uchun Yaratganning bizlarga ko‘rsatgan ulkan marhamatidir!
Ushbu oyda Qadr kechasi uchun alohida, oyni risoladagidek so‘ngiga yetkazganimiz uchun alohida mukofot bor. Keling, hozir buning isboti o‘laroq keltirilgan hadis bilan tanishsak.
Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhudan, u kishi Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qiladilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
“Ramazon oyida mening ummatimga mendan avvalgi payg‘ambarlarga berilmagan besh narsa berildi:
Birinchisi: Ramazon oyining avvalgi kechasi Alloh ularga (rahmat) nazari bilan boqadi, kimga Alloh rahmat nazari bilan boqsa uni hecham azoblamaydi.
Ikkinchisi: Ularning og‘izlarining hidi Alloh huzurida miskning hididan ham xushbo‘yroq holda yuradilar.
Uchinchisi: Farishtalar ularning haqlariga tunu-kun istig‘for aytadilar.
To‘rtinchisi: Alloh azza va jalla jannatiga: "Bandalarim uchun tayyorlangin va bezangin. Ulardan tezda dunyo qiyinchiliklari, tashvishlari ketib, mening jannatim va ziyofatimga keladilar", deydi.
Beshinchisi: Agar ramazonning oxirgi kechasi bo‘lsa ularning barchasini Alloh mag‘firat qilib yuboradi, degandilar, (atrofdagilar tomonidan): "Ey Rasululloh, u laylatul-qadr kechasimi? deb aytildi. Shunda u zot: "Yo‘q! Agar ishchilar ishlarini tamomlasalar haqlari to‘liq qilib beriladimi?!" dedilar.
(Demak, bu mukofot, ular ro‘zani to‘liq tutganlari uchun berilgandir, qadr kechasining savobi alohida beriladi, dedilar).
(Nasaiy, Bayhaqiylar rivoyati).
Qarang, qanday imkoniyatlar bizga mushtoq turibdi. Axir, shunday fazilatli oyga yetishgan inson noumid bo‘lishi mumkinmi? Shunday imkoniyat eshigi keng ochilib kirishimizni kutib tursayu, tushkunlikka berilishimiz qay darajada to‘g‘ri, aziz dindoshim? Kechalarni qoim qilib, kunduzlari ro‘za tutib, ertayu kech duoyu iltijolar aylab, tavba qilishga shoshilaylik! Atrofimizdagilarga ham ushbu o‘zimiz xabar topgan xushxabarni yetkazaylik! Shunday xushxabarni Allohdan vahiy orqali qabul qilib olgan va bizlarga yetkazgan Rasululloh sallallohu alayhi vasallamga salavotlar aytib, ergashaylik! Yolg‘iz Alloh uchun ibodat qilib mukofotini ham quyidagi hadisi qudsiyda keltirilganidek, O‘zidan umid qilaylik:
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Odam bolasining hamma amali (savobi) ko‘paytirib berilur. Bir yaxshilikka uning o‘n mislidan to yetti yuz barobarigacha. Alloh azza va jalla: «Magar ro‘za Men uchundir. Uning mukofotini Men berurman. U (Odam bolasi) shahvati va taomini Men uchun tark qilur», dedi», dedilar». (Termiziy rivoyati).
Dindoshim, yo‘liqishimiz aniq bo‘lgan eng qiyin, eng og‘ir, hatto er o‘z xotinidan, ona o‘z bolasidan, aka ukasidan qochadigan Qiyomat kuniga tayyorlanishimiz uchun eng yaxshi fursatda turibmiz. Avvalgi gunohlarimizni olov o‘tinni yo‘q qilganidek, kuydirib ketkazuvchi ushbu muborak oyda iloji boricha ko‘proq istig‘forlar aytib, yolg‘iz Alloh uchun Ramazon ro‘zasini tutib, tavbalarimiz qabul bo‘lishidan umidvor bo‘laylik.
Ilohim, ushbu oydan barcha gunohlarimizdan poklangan holda chiqishlikni, so‘ngra keyingi hayotimizni shunga muvofiq ravishda Allohning buyurganlarini bajarib, qaytarganlaridan qaytib o‘tkazishlikni Alloh jumlamizga nasib aylasin.
Gavhar Nasrulloh
Musulmon kishi katta-yu kichik gunohlar qilishdan xoli emas. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Har bir odam bolasi xatokordir. Xatokorlarning yaxshisi tavba qiluvchilaridir”, deganlar. Odam hayoti davomida har turli gunoh qilib qo‘yishi mumkin. Shunda tezda tavba qilib, chin dildan Allohga yolvorsa, gunohi kechiriladi.
Hozirgi kunda eng dolzarb bo‘lgan muammolardan biri shuki, ayrim toifalar gunoh qilgan mo‘min-musulmon kishini kofirga chiqarib, uning qoni, joni va moli(ga tajovuz)ni halol sanamoqda. Hatto davlatlarni kufrda ayblamoqda. Achinarlisi shundaki, bundaylar orasida “jihod” shiori ostida o‘zga yurtlarga ketib, mamlakatimiz musulmonlarini kufrda ayblayotgan hamyurtlarimiz ham bor. Bunday toifalar bugun chiqib qolgani yo‘q. Tarixda musulmonlar orasiga tafriqa (bo‘linish) solib, ularni kofirlikda ayblagan toifalar ko‘p bo‘lgan. Masalan, xavorijlar shulardan biri hisoblanadi. Ular Ali roziyallohu anhuning qo‘shinidan ajrab chiqib, shunday nom olgan. Bu toifa gunohi kabira qilgan musulmonni kofirlikda, murtadlikda ayblaydi. Hozirgi buzg‘unchilar aynan o‘sha xavorijlarning davomchilaridir.
Quyida gunohi kabira qilgan kishining hukmi haqida ahli sunna val jamoaning e’tiqodi qanday ekani va adashgan toifalarga bergan raddiyalari borasida so‘z yuritiladi.
Gunohi kabirani halol sanamay, undan qaytargan Zotga bepisand bo‘lmay, uni qasddan qilgan kishi qalbida tasdiq borligi uchun imondan chiqmaydi. Imondan faqatgina unga kirgan tomondan chiqadi. Gunohkor kishi tavbasiz vafot etsa, uning hukmi Alloh taoloning xohish-irodasida bo‘ladi. Xohlasa, uni kechiradi va fazli, karami yoki undagi imon va toatlarning barakasi sababli yoki ba’zi axyorlarning (do‘st-birodar) shafoati sababli jannatga kiritadi. Xohlasa, kichik yo katta bo‘lsin, gunohi miqdoricha azoblaydi. So‘ngra baribir oxir-oqibati jannat bo‘ladi, do‘zaxda abadiy qolmaydi.
Abu Hanifa rahmatullohi alayhi: “Men kichik va katta gunoh egalari uchun umidda bo‘laman va ikkisidan ham xavfsirayman. Kichik gunoh egasiga umid borligini, katta gunoh egasiga esa xavf borligini aytaman”[1], der edi.
Gunohi kabira egasi la’natlanmaydi. Chunki imoni u bilan birga bo‘lib, u kamaymagandir. Kim gunohi kabira uchun tavba qilsa, boshqa katta gunohdan qat’iy tiyilishi bilan tavbasi to‘g‘ri bo‘ladi. U tavba sababli iqob qilinmaydi (azoblanmaydi). Shuningdek, gunohi kabira uchun tavba qilishi bilan gunohi sag‘iralarning (kichik gunohlar) tavbasidan behojat bo‘lmaydi. U gunohi sag‘ira uchun ham tavba qilishi kerak. Ahli sunna nazdida gunohi sag‘iralar sababli iqob qilinishi joiz sanaladi.
Shu o‘rinda xavorij, mo‘tazila, murji’a kabi adashgan firqalarning da’volari va ularga ahli sunnaning javoblari qanday ekaniga to‘xtalsak. Bu hozirgi buzg‘unchilarga ham tegishli bo‘ladi. Chunki ularning ildizlari aynan xavorij va mo‘tazila kabi firqalarga borib taqaladi.
Xavorijlar: “Kim kichik yoki katta gunoh bilan isyon qilsa, u kofirdir. U do‘zaxda abadiy qoladi. Chunki Alloh taolo: ﴿وَمَنْ يَعْصِ اللَّهَ وَرَسُولَهُ وَيَتَعَدَّ حُدُودَهُ يُدْخِلْهُ نَارًا خَالِدًا فِيهَا﴾ “Kim Allohga va Uning Rasuliga isyon qilsa va Uning chegaralaridan oshib o‘tsa, U Zot uni abadiy qolishi uchun do‘zaxga kiritadi”[2], degan. Gunohlarning barchasi isyonga borib taqaladi. Alloh taolo: ﴿وَاتَّقُوا النَّارَ الَّتِي أُعِدَّتْ لِلْكَافِرِينَ﴾ “Kofirlar uchun tayyorlab qo‘yilgan do‘zaxdan qo‘rqing”[3], degan. Do‘zax kofirlar uchun tayyorlab qo‘yilgan bo‘lgach, gunoh sababli vaid qilingan (azob va’dasi berilgan) har bir kishi kofirdir. Bu ikki oyatning jamlanishidan osiyning kofir ekani, uning hukmi esa do‘zaxda abadiy qolish ekani sobit bo‘ldi”, degan.
Bu da’vo noto‘g‘ri. Chunki oyatlar gunohkor kishining kofir emasligiga dalolat bo‘ladi. Alloh taolo: ﴿يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آَمَنُوا كُتِبَ عَلَيْكُمُ الْقِصَاصُ فِي الْقَتْلَى﴾ “Ey imon keltirganlar, sizga o‘ldirilganlar uchun qasos farz qilindi”[4] deydi. Ya’ni, U Zot qasddan odam o‘ldirganning gunohi kabira qilganini bila turib, uni “mo‘min” deb atadi. Oyatning davomida ﴿فَمَنْ عُفِيَ لَهُ مِنْ أَخِيهِ شَيْءٌ﴾ “Kimga o‘z birodaridan bir narsa afv qilinsa”[5] deb, o‘ldirgan va o‘ldirilgan kishilar o‘zaro birodar ekanini zikr qilyapti. Birodarlik esa, “Albatta, mo‘minlar birodardirlar”[6] kalomiga ko‘ra, imonga oid hodisadir. Demak, bir jonni qasddan o‘ldirgan kishi gunohkor bo‘ladi, lekin kofir bo‘lmaydi.
Boshqa bir oyatda Alloh taolo: ﴿وَإِنْ طَائِفَتَانِ مِنَ الْمُؤْمِنِينَ اقْتَتَلُوا﴾ “Agar mo‘minlardan ikki toifa urishsa”[7], degan. Oyatda ikki toifadan biri bog‘iy (isyonkor) bo‘la turib, ikkisi uchun ham “mo‘min” so‘zi qo‘llangan. Bog‘iylik esa islomda og‘ir gunoh sanaladi. Demak, u gunohkor bo‘ladi, lekin imondan chiqmaydi.
Xavorijlar dalil sifatida keltirgan ﴿وَمَنْ يَعْصِ اللَّهَ وَرَسُولَهُ وَيَتَعَدَّ حُدُودَهُ يُدْخِلْهُ نَارًا خَالِدًا فِيهَا﴾ “Kim Allohga va Uning Rasuliga isyon qilsa va Uning chegaralaridan oshib o‘tsa, U Zot uni abadiy qolishi uchun do‘zaxga kiritadi”[8] oyati kofirlar haqidadir. Chunki U Zot: “Uning chegaralaridan oshib o‘tsa”, deyapti. “Chegaralar” so‘zi ko‘plikda kelgan. Mo‘min Allohning barcha chegaralaridan oshib o‘tmaydi. Isyon esa inkor qilish yoki takzib (yolg‘onga chiqarish) jihatdan emas, fe’l jihatdan amrga qarama-qarshi bo‘lishdir. O‘z-o‘zidan ayonki, buni “takzib” yo “inkor” deb bo‘lmaydi. Chunki unda tasdiq bor. Modomiki shunday ekan, u zaruratan mo‘min hisoblanadi.
Mo‘tazila firqasi: “Gunohi kabira qilgan kishi fosiqdir, mo‘min ham, kofir ham emas. U o‘sha gunohi sababli imondan chiqadi, lekin kufrga kirmaydi. U ikki manzil orasida bo‘ladi. Hukmi shuki, tavbasiz vafot etsa, do‘zaxda abadiy qoladi. Toatlari foyda bermaydi. Uning afv va mag‘firat qilinishi joiz bo‘lmaydi. Chunki Alloh taolo: ﴿وَأَمَّا الَّذِينَ فَسَقُوا فَمَأْوَاهُمُ النَّارُ﴾ “Ammo fosiqlik qilganlar esa, bas, ularning joylari do‘zaxdir”[9] va ﴿وَمَنْ يَقْتُلْ مُؤْمِنًا مُتَعَمِّدًا فَجَزَاؤُهُ جَهَنَّمُ خَالِدًا فِيهَا﴾ “Kim bir mo‘minni qasddan o‘ldirsa, uning jazosi jahannamdir. Unda abadiy qolur”[10], deydi”, degan.
“Fisq” lug‘atda chiqmoqdir. Kim Allohning amrlaridan biriga bo‘ysunishdan chiqsa, u fosiq bo‘ladi.
Mo‘taziliylar keltirgan oyatda mutlaq fosiq nazarda tutilgan. U bunday davom etadi: ﴿وَقِيلَ لَهُمْ ذُوقُوا عَذَابَ النَّارِ الَّذِي كُنْتُمْ بِهِ تُكَذِّبُونَ﴾ “U (fosiq)larga: “O‘zingiz yolg‘onga chiqargan do‘zaxning azobini toting” deyilur”[11]. Kim do‘zaxni yolg‘onga chiqarsa, kofir hisoblanadi. Alloh taolo boshqa bir oyatda: ﴿أَفَمَنْ كَانَ مُؤْمِنًا كَمَنْ كَانَ فَاسِقًا لَا يَسْتَوُونَ﴾ “Axir, mo‘min bo‘lgan odam fosiq bo‘lgan odamdek bo‘lurmi?! Teng bo‘lmaslar”[12] deb, mutlaq fosiqni mo‘min bilan taqqoslagan. Mutlaq fosiq kofirdir. Mo‘min kishi mutlaq fosiq emas, balki ma’siyat (gunoh) qilgani sababli fosiq bo‘ladi, lekin imoni va toatlari sababli itoat qiluvchi hisoblanadi.
Qasddan odam o‘ldirgan kishiga nassda (aniq, ochiq hujjatlar – oyat va hadislarda) kelgan do‘zaxda abadiy qolish jazosi – o‘sha ishini halol sanab qilgani uchundir. O‘sha ishni halol sanash kofirlik bo‘ladi. Ammo kim bu ishni halol sanamay qilsa, uning hukmi Alloh taoloning ﴿يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آَمَنُوا كُتِبَ عَلَيْكُمُ الْقِصَاصُ فِي الْقَتْلَى﴾ “Ey imon keltirganlar, sizga o‘ldirilganlar uchun qasos farz qilindi”[13] degan so‘zlariga muvofiq bo‘ladi. Ya’ni, o‘ldirgan kishi bu ishni halol sanamay qilgani uchun kofir sanalmaydi. U gunohi kabira qilgan bo‘ladi. Abadiy do‘zaxda qolmaydi. Undan qasos olinadi. Oyati karimaga binoan, odam o‘ldirgan shaxsni qasos uchun, albatta, o‘ldirish shart emas, balki o‘ldirilganning yaqinlari kechib yuborsa, o‘ldirmay qo‘yib yuborsa, o‘rniga xun olsa ham bo‘ladi. Bunda xunni yaxshilik bilan so‘rash lozim, aybdor tomon ham yaxshilik bilan ado etishi zarur.
Yuqorida mo‘tazilalarning “Gunohi kabira qilgan kishi tavbasiz vafot etsa, do‘zaxda abadiy qoladi. Toatlari foyda bermaydi. Uning afv va mag‘firat qilinishi joiz bo‘lmaydi” degan so‘zlari ham keltirildi. Bu da’vo ham mutlaqo noto‘g‘ri. Chunki Alloh taolo: ﴿وَإِنَّ رَبَّكَ لَذُو مَغْفِرَةٍ لِلنَّاسِ عَلَى ظُلْمِهِمْ﴾ “Albatta, Rabbingiz odamlarning zulmiga qaramay, ular uchun mag‘firatlidir”[14], degan. Bu tavbadan oldin ham mag‘firatning joizligiga dalil bo‘ladi. Boshqa bir oyatda Alloh taolo: ﴿إِنَّ اللَّهَ لَا يَغْفِرُ أَنْ يُشْرَكَ بِهِ وَيَغْفِرُ مَا دُونَ ذَلِكَ لِمَنْ يَشَاءُ﴾ “Albatta, Alloh O‘ziga shirk keltirilishini kechirmas. Undan boshqa gunohni (O‘zi) xohlagan kishilar uchun kechiradi”[15], degan. Oyatda zikr qilingan mag‘firat mashi’atga (Allohning xohish-irodasiga) bog‘langan, tavbaga emas. Shirkdan boshqa gunohni kechirish tavbaga bog‘langanda, shirk va undan boshqa gunoh orasida farq qolmasdi. U Zot xohlagan bandasining shirkdan boshqa gunohini O‘z fazli bilan kechirib yuborishi mumkin. Chunki ﴿وَيَغْفِرُ مَا دُونَ ذَلِكَ﴾ “Undan (ya’ni shirkdan) boshqa gunohni kechiradi” degan so‘zlari shirkdan boshqa gunohni tavbasiz ham kechirishini ifodalaydi.
Alloh taolo afvli va mag‘firatli Zotdir. Afv va mag‘firat azoblash joiz bo‘lgan narsaga tatbiq etiladi. Azoblash joiz bo‘lmagan narsada azoblashni tark qilish afv va mag‘firat emas.
Murji’alar: “Kufr bilan birga toat foyda bermagani kabi imon bilan birga gunoh ham zarar bermaydi. Musulmon kishi gunohi kabiralardan birortasi sababli iqob qilinmaydi. Alloh taolo: ﴿إِنَّا قَدْ أُوحِيَ إِلَيْنَا أَنَّ الْعَذَابَ عَلَى مَنْ كَذَّبَ وَتَوَلَّى﴾ “Albatta, bizga vahiy qilindiki, “Yolg‘onga chiqarganlarga va yuz o‘girib ketganlarga, shubhasiz, azob bo‘lur”[16], degan. Bu “kim Alloh taoloni yolg‘onga chiqarmasa, Uning dinidan yuz o‘girmasa, u azoblanmaydi”, degan gap”, deydi.
Ularning da’vosi noto‘g‘ri ekani ko‘rinib turibdi. Inson zarracha gunohi uchun ham javob berishi oyatlarda aniq bayon etilgan (masalan, Zalzala surasining oxirgi oyati). Alloh taolo: ﴿يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آَمَنُوا تُوبُوا إِلَى اللَّهِ تَوْبَةً نَصُوحًا عَسَى رَبُّكُمْ أَنْ يُكَفِّرَ عَنْكُمْ سَيِّئَاتِكُمْ﴾ “Ey imon keltirganlar, Allohga xolis tavba qilingiz! Shoyad Rabbingiz gunohlaringizni yuvsa”[17] va ﴿وَتُوبُوا إِلَى اللَّهِ جَمِيعًا﴾ “Allohga barchangiz tavba qilingiz”[18], deb buyurgan. Gunohi bo‘lmagan kishiga tavbani buyurib bo‘lmaydi. Gunoh inson uchun zarar bo‘lmaganda, tavbaga amr qilishda mantiq qolmasdi.
Umumiy qilib aytadigan bo‘lsak, gunohi kabira qilgan kishi imondan chiqmaydi. U gunohkor mo‘min bo‘ladi. Chin dildan tavba qilsa, Alloh taolo kechiradi. Tavba qilmasdan vafot etsa, keyingi taqdiri Alloh taoloning izmida bo‘ladi. Xohlasa, fazl-marhamati bilan kechiradi. Xohlasa, adolati bilan gunohiga yarasha azoblaydi. U oxir-oqibat jannatga kiradi. Chunki Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Kim “La ilaha illalloh” desa, jannatga kiradi”, deganlar.
Ko‘plab oyatlarda solih amallar qilgan kishi jannatga kirishi aytilgan. Xususan, Alloh taolo: ﴿إِنَّ الَّذِينَ آَمَنُوا وَعَمِلُوا الصَّالِحَاتِ كَانَتْ لَهُمْ جَنَّاتُ الْفِرْدَوْسِ نُزُلًا خَالِدِينَ فِيهَا﴾ “Albatta, imon keltirgan va solih amallar qilganlarga Firdavs jannati manzil bo‘lgandir. Unda abadiy qolurlar”[19] deb marhamat qilgan. Gunohi kabira egasi esa mo‘mindir. U solih amallar qilgan. U va’da qilingan jannatga kirishga haqli hisoblanadi.
Aql yuritadigan bo‘lsak, banda toatlarning eng afzali va yaxshiliklarning oliy darajasi bo‘lgan imonni keltirdi. U qilgan yomonlik inkorning oliy darajasi bo‘lmish kufrga yetib bormadi. U do‘zaxda abadiy qolganda va eng afzal yaxshiligi bo‘lgan imonning savobini va yomonlikning yuqori darajasidan past bo‘lgan gunohi kabirani qilishi bilan o‘zi keltirgan solih amallarining savobini botil qilganda, albatta, yomonliklarning iqobi ko‘paytirilgan va yaxshiliklarning savobi kamaytirilgan bo‘lardi. Bu esa yaxshilikka o‘n barobar (undan ham ortiq) mukofot va yomonlikka o‘z mislicha jazo berish haqidagi ilohiy va’daga xilof kelardi. Vaholanki, Alloh taolo va’daga xilof qilmaydi.
Ravshan ELMURODOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
ilmiy xodimi
[1] Abul Muin Nasafiy. Tabsiratul adilla fiy usulid din. – J.1. – Qohira: Al-maktabatul Azhariyya lit turos, 2011. – B.1037.
[2] Niso surasi, 14-oyat.
[3] Oli Imron surasi, 131-oyat.
[4] Baqara surasi, 178-oyat.
[5] Baqara surasi, 178-oyat.
[6] Hujurot surasi, 10-oyat.
[7] Hujurot surasi, 9-oyat.
[8] Niso surasi, 14-oyat.
[9] Sajda surasi, 20-oyat.
[10] Niso surasi, 93-oyat.
[11] Sajda surasi, 20-oyat.
[12] Sajda surasi, 18-oyat.
[13] Baqara surasi, 178-oyat.
[14] Ra’d surasi, 6-oyat.
[15] Niso surasi, 48, 116-oyatlar.
[16] Toha surasi, 48-oyat.
[17] Tahrim surasi, 8-oyat.
[18] Nur surasi, 31-oyat.
[19] Kahf surasi, 107-108-oyatlar.