Islomning besh ruknidan uchinchisi bo‘lmish zakot ibodati va uning jamiyatga foydalari juda ko‘pdir.
Zakot Madinai munavvarada ikkinchi hijriy sanada Ramazondan oldin farz qilingan. Bir rivoyatda: “Zakot fitr sadaqasi va ramazon ro‘zasi farz bo‘lgandan keyin hijratning ikkinchi yili, shavvol oyida Madinada farz qilingan”, deyilgan.
Qur’oni karimda «zakot» so‘zi 30 martadan ortiq kelgan bo‘lsa, shundan 27 tasida namoz bilan birga zikr qilingan. Bu esa, o‘z navbatida, namoz bilan zakot bir-biriga chambarchas bog‘liq narsalar ekanini ko‘rsatadi. Qolaversa, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallamning sunnatlarida zakotga alohida e’tibor berilgan.
Alloh taolo o‘zining muqaddas kalomida shunday marhamat qiladi:
فَالَّذِينَ آمَنُوا مِنْكُمْ وَأَنْفَقُوا لَهُمْ أَجْرٌ كَبِيرٌ
“Bas, sizlardan iymon keltirganlar va infoq qilganlarga katta ajr bordir”. (Hadid surasi, 7-oyat).
Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vassallamning hadisi shariflarida ham zakotga doir ko‘plab hadislar vorid bo‘lgan. Jumladan:
عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ عَنِ النَّبِيِّ صلى الله عليه وسلم قَالَ: مَا تَصَدَّقَ أَحَدٌ بِصَدَقَةٍ مِنْ طَيِّبٍ وَلاَ يَقْبَلُ اللهُ إِلاَّ الطَّيِّبَ إِلاَّ أَخَذَهَا الرَّحْمَنُ بِيَمِينِهِ وَإِنْ كَانَتْ تَمْرَةً فَتَرْبُو فِي كَفِّ الرَّحْمَنِ حَتَّى تَكُونَ أَعْظَمَ مِنَ الْجَبَلِ كَمَا يُرَبِّي أَحَدُكُمْ فَلُوَّهُ أَوْ فَصِيلَهُ. رَوَاهُ البُخَارِيُّ
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qay bir kishi halol-pokdan sadaqa qilsa, Alloh halol-pokdan boshqani qabul ham qilmaydi, albatta, Alloh u (sadaqa)ni o‘ng qo‘li bilan qabul qilib oladi. Agar u bir dona xurmo bo‘lsa ham Rahmonning kaftida o‘sadi. Hattoki, tog‘dan ham katta bo‘lib ketadi. Xuddi biringiz toychog‘i yoki bo‘talog‘ini tarbiya qilganidek”, dedilar (Imom Buxoriy rivoyati).
Albatta, haqiqiy zakot tushunchasi bugungi kunda ko‘pchilik o‘ylaganidek boylar tomonidan kambag‘allarga beriladigan uch-to‘rt chaqa emas. Haqiqiy zakot juda ham keng va shomil ma’nodagi tushunchadir.
Hozirgi kunning iqtisodiy muammolaridan biri – jamiyatdagi mavjud pul mablag‘larining ma’lum bir joyga to‘planib, «aylanmay» turib qolishi ekanini iqtisodchilar ko‘p takrorlaydilar.
Odamlar qo‘lidagi pulni qaytarib ololmay hukumatlar, iqtisodiy muassasalar qiynaladilar. Naqd pulga ehtiyoj ko‘payib, yangi pul chiqarilaversa, pulning qiymati tushib ketishi ham sir emas. Zakot esa bu muammoni hal qilishga ham yo‘l ochadi. Har yili to‘planib qolgan pulning ma’lum miqdori boylarning qo‘lidan kambag‘allarning qo‘liga o‘tadi va natijada «aylanmay» turib qolgan naqd pulning ma’lum miqdori o‘z-o‘zidan aylanishni boshlaydi. Natijada ikki qatlam o‘rtasida iliq munosabatlar barobarida yurtga ham baraka keladi.
Ismoilxon MAHMUDOV,
“Sayyid Muhyiddin maxdum”
o‘rta maxsus bilim yurti
4-bosqich talabasi.
Luqmonning farzandiga aytgan nasihatlaridagi buyuk hikmatlar
Ba’zi so‘zlar borki, oradan qancha asrlar o‘tmasin, o‘z qimmatini yo‘qotmaydi. Chunki ular inson qalbiga yo‘l topadi, uni yaxshilikka chorlaydi va hayotda to‘g‘ri yo‘lni tanlashga undaydi.
«Ey o‘g‘ilginam...»
Luqmonning farzandiga aytgan bu murojaatida chuqur mehr, samimiyat va ulkan hayot hikmati mujassam. Uning nasihatlari nafaqat bir farzandga, balki har bir insonga tegishli bo‘lgan ibratli o‘gitlardir.
Luqmon farzandiga avvalo eng muhim haqiqatni eslatadi:
«Ey o‘g‘ilginam! Allohga hech narsani sherik qilma. Albatta, shirk katta zulmdir».
Inson hayotidagi eng muhim poydevor — to‘g‘ri e’tiqod. Dunyodagi boylik, mansab, obro‘ va barcha ne’matlar vaqtinchalik. Ammo insonning Alloh bilan bo‘lgan munosabati uning butun hayotiga ta’sir qiladi. Shuning uchun farzand tarbiyasi, avvalo, uning qalbiga iymon va Allohga bo‘lgan muhabbatni singdirishdan boshlanadi.
Shundan so‘ng Luqmon:
«Ey o‘g‘ilginam! Namozni to‘kis ado et...»
deb nasihat qiladi.
Namoz — insonning Robbisi bilan bog‘lanishidir. U qalbni poklaydi, insonni yaxshilikka undaydi va hayotiga tartib bag‘ishlaydi. Farzandga namozni o‘rgatish — unga faqat bir ibodatni emas, balki mas’uliyat, poklik va ma’naviy tartibni ham o‘rgatishdir.
Luqmon farzandini yaxshilikka buyurish va yomonlikdan qaytarishga ham chaqiradi. Chunki haqiqiy ezgulik faqat o‘zimiz uchun emas, atrofimizdagilar uchun ham manfaatli bo‘lishi kerak. Ba’zan bir og‘iz yaxshi so‘z insonning ko‘nglini ko‘tarsa, bir samimiy nasihat uning hayotini o‘zgartirishi mumkin.
Ammo yaxshilik yo‘li doimo oson emas. Shuning uchun Luqmon:
«Boshingga tushgan musibatlarga sabr qil», deydi.
Inson hayotida turli sinovlar uchraydi. Ba’zida rejalarimiz amalga oshmaydi, ba’zida kutilmagan qiyinchiliklarga duch kelamiz. Ana shunday paytlarda sabr insonga kuch beradi. Sabr — taslim bo‘lish emas, balki qiyinchilikka qaramay to‘g‘ri yo‘lda davom etishdir.
Luqmonning yana bir muhim nasihati — kibrdan saqlanish:
«Kishilardan kibr bilan yuz o‘girma va yer yuzida manmanlik bilan yurma».
Insonga berilgan boylik, ilm yoki martaba uni boshqalardan ustun qilib qo‘ymaydi. Aksincha, inson qanchalik ko‘p ne’matga ega bo‘lsa, shunchalik kamtar bo‘lishi lozim. Chunki haqiqiy ulug‘lik — o‘zini boshqalardan baland qo‘yishda emas, balki insonlarga hurmat va mehr bilan munosabatda bo‘lishdadir.
Nasihatlarda hatto insonning yurishi va ovozigacha e’tibor qaratilgan:
«Yurishingda o‘rtacha bo‘l va ovozingni pasaytir. Albatta, ovozlarning eng yoqimsizi eshaklarning ovozidir». Bu bizga odobning katta ishlardagina emas, balki kundalik odatlarimizda ham namoyon bo‘lishini ko‘rsatadi. Vazminlik, muloyimlik, me’yor va chiroyli muomala insonni bezaydi.
Bugun bizga ham kerak bo‘lgan nasihatlar
Luqmonning farzandiga aytgan o‘gitlari asrlar oldin aytilgan bo‘lsa-da, bugungi kun uchun ham nihoyatda dolzarb.
Bugun farzandlarimizga yaxshi kasb egasi bo‘lish bilan birga, yaxshi inson bo‘lishni ham o‘rgatishimiz kerak. Ularning qalbiga iymon, tiliga yaxshi so‘z, xulqiga kamtarlik, hayotiga sabr va mehrni singdirishimiz zarur.
Chunki farzandga qoldiriladigan eng qimmatli meros — mol-dunyo emas.
Eng buyuk meros — iymonli qalb, go‘zal axloq va to‘g‘ri tarbiyadir.
Shu bois Luqmonning:
«Ey o‘g‘ilginam...» deb boshlangan nasihatlari har birimiz uchun hamon o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan. Ularni o‘qishgina emas, hayotimizga tatbiq etish biz uchun eng katta ibratdir.
Humoyuddin Husniddin o‘g‘li,
Masjidlar bilan ishlash bo‘limi
yetakchi mutaxassisi tarjimasi