Sayt test holatida ishlamoqda!
16 Sentabr, 2026   |   5 Rabi`us soni, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:44
Quyosh
06:04
Peshin
12:18
Asr
16:41
Shom
18:35
Xufton
19:51
Bismillah
16 Sentabr, 2026, 5 Rabi`us soni, 1448

Ramazon vaqtlarini qanday o‘tkazaylik?

02.05.2020   8100   2 min.
Ramazon vaqtlarini qanday o‘tkazaylik?

 Qur’oni karimni ko‘p tilovat qiling. Nabiy sallollohu alayhi vasallam o‘zlari Jabroil alayhissalom bilan bir-birlariga galma-galdan Qur’oni karimni o‘qib berar edilar.

  • Nafllar va zikrlarni yanada ko‘paytiring.
  • Musulmonlarning hojatlari va ehtiyojlarini o‘ylang va ularning g‘amlariga sherik bo‘ling.
  • Biror kimsadan ozor yetsa , sabr qiling va o‘zingiz ham hech kimga ozor bermang.
  • Biror kimsa siz bilan janjallashishni va behuda tortishishni xohlasa, siz unga “men ro‘zadorman” deng.
  • Faxsh so‘zlar, balki behuda so‘zlardan ham o‘zingizni saqlang.
  • Muxaqqiq ulamolar nazdida qadr kechasi biror kunga xos emas. Shuning uchun har kechada biroz bo‘lsa ham ibodat qilishga harakat qiling. Toki, agar aynan o‘sha kecha qadr bo‘lsa, u holda bizga o‘sha kechaning barakalaridan ulush nasib etsin.
  • Hargiz yolg‘on gapirmang va hech kimni g‘iybat qilmang.
  • Nafl ishlarning savobi farzlarga teng bo‘lgani uchun imkon qadar muxtojlarga moliyaviy ko‘mak ham bering.
  • O‘z xodimlaringiz va qo‘l ostidagilaringizning ishlari va mas’uliyatlarida yengillik qiling.
  • La ilaha illalloh, Muhammadur Rosululloh va istig‘forni ko‘p ayting.
  • Jannatni ko‘p so‘rang va jahannamdan ko‘p panoh so‘rang.
  • O‘ta ojizlik va xokisorlik ila ko‘p duo qiling.
  • Gazetxonlik va hokazo kabi muboh ishlarga ham kamroq vaqt sarflang.
  • DVD, TV, Kino ko‘rmang. Shuningdek, radio, magnitafon va hokazolar orqali qo‘shiqlar va behuda narsalar eshitishdan juda qattiq saqlaning.
  • Tahajjud, ishroq, choshtgoh, avvobiyn namozlariga xos e’tibor qarating.
  • Imkon bo‘lsa butun oxirgi o‘n kunda e’tikofga himmat qiling. Bo‘lmasa qancha imkon bo‘lsa, shuncha e’tikof niyyati ila masjidda o‘tkazing. Ayollar ham o‘z uylarida biror joyni ta’yin qilib, e’tikof o‘tira oladilar. Balki, ular ham himmat qilishlari lozim.
  • Bandalarga dinni yetkazish va ularga haqni yetkazishga imkon qadar harakat qiling.
  • Nazarni saqlang va nomahramlar ila zaruratsiz gaplashishdan juda qattiq saqlaning.
  • Shovqin-suron, baqir-chaqir va ahli-ayolga, shuningdek, qo‘l ostidagilarga zulm va haddan oshishlikdan o‘zingizni saqlang.

 

“Ahkaame Ramazan”- kitobidan. Mavlono Muhammad Abdulqoviy. 11-bet. Abdulqayyum Komil tarjimasi

Ramazon-2020
Boshqa maqolalar
Maqolalar

“Holva” degan bilan...

15.09.2026   14040   2 min.
“Holva” degan bilan...

Bugungi jamiyatimizda odob-axloq jihatidan oqsoqliklar ko‘zga tashlanmoqda. Salom berish, yordamga muhtojlarni ko‘rganda ko‘maklashish, o‘zidan kattalarga hurmat ko‘rsatish kabi qadriyatlar kamayib borayotganini hech kim inkor qilmasa kerak. Holbuki, har bir ota-ona farzandining ilmli, solih va yetuk inson bo‘lib kamol topganini ko‘rishni orzu qiladi. Biroq “holva” degan bilan og‘iz shirin bo‘lmaydi. Ya’ni quruq orzu-havasning o‘zi kifoya qilmaydi. Balki doimiy va tartibli ta’lim-tarbiya ishiga kirishish lozim bo‘ladi. Bu borada jamiyatdagi insonlarni uch toifaga bo‘lish mumkin:

1. O‘zi ham amal qilib, farzandini ham ezgulikka yetaklaydiganlar. Bu tutum dunyo va oxirat saodatini ko‘zlagan mo‘minning yo‘li. Tarbiyada eng samarali omil ota-onaning shaxsiy namunasidir. Bolaga, avvalo, Allohni tanitish va solih amallar bilan o‘rnak bo‘lish lozim. Qur’oni karimda ta’kidlanganidek, iymon keltirib, ezgu amal qilganlarga dunyoda pokiza hayot, oxiratda esa abadiy jannat bashorati berilgan (Nahl surasi, 97-oyat).

2. O‘zi amal qilmay, farzandi tarbiyasiga mol-dunyo sarflaydiganlar. Unutmang, pul hamma narsani hal qilmaydi. Ota-onaning o‘zi diniy va axloqiy majburiyatlarni bajarmasa, pand-nasihatlari farzandga ta’sir qilmaydi. Oilaviy muhitda ota ta’minotga, ona tarbiyaga mas’ul bo‘lib, o‘zaro hurmat va hamjihatlik bo‘lishi shart.
Shuningdek, ota-onalarning behuda ishlar, masalan, telefonga ko‘p bog‘lanib qolishi tarbiyadagi eng katta bo‘shliqni yuzaga keltiradi. Farzand kamoloti uchun uning vaqtini to‘g‘ri taqsimlash, uyqu va dars tartibini doimiy nazoratda tutish, tartibni ushlash lozim. Eng muhimi, xulq ilmdan ustun turadi: xulqsiz berilgan ilm insonni zalolatga yetaklaydi, shu bois farzandga go‘zal axloqiy tarbiya berib, so‘ng ilm bilan ziynatlash kerak.

3. O‘zi ham amal qilmay, farzandini ham bunga chaqirmaydiganlar. Bu toifaning oqibati xatarlidir. Alloh taolo Toha surasida bunday marhamat qiladi: “Kim Mening zikrimdan yuz o‘girsa, albatta, uning uchun tang hayot bo‘lur...” (124-oyat). Mana shu oyatning o‘ziyoq kishini sergak torttirib, bu toifadan bo‘lib qolmaslikka undashi lozim.
Xulosa shuki, farzand qalbi va ruhiyati ildiz otishi kerak bo‘lgan daraxt ko‘chati kabidir. Uning ildizini iymon va taqvo mustahkamlaydi. Shunday ekan, kim farzandlari kamolini ko‘rishni istasa, amali va e’tiborini bilan shunga harakat qilsin. Alloh taolo barchamizni to‘g‘ri yo‘lda bardavom qilib, zurriyotlarimiz kamolini ko‘rsatsin.

Aziza RAHMATOVA,
Samarqand tumani bosh otinoyisi

Maqolalar