Bu yilgi ramazon oyi, yurtimizda ayni dehqonchilik ishlari avji pallasiga to‘g‘ri keldi. Ammo, zahmatkash dehqonlarimiz karantin davriga qaramay, ro‘zador holda, zamin ne’matlari bilan ta’minlash maqsadida tinmay mehnat qilmoqda.
Navbatdagi maktub muallifi ham Surxondaryo viloyati, Denov tumanidan mehnatkash dehqon, bog‘bon, chorvador Abdurahmon bobo Abdualimov.
Allohga behisob shukrlar bo‘lsin, bizlarni yana ramazonga yetkazdi. Garchi bu yilgi ro‘za oyi bahor fasliga, ayni dehqonlar va yer bilan ishlaydigan kasb egalarining ishi qizg‘in pallaga to‘g‘ri kelgan bo‘lsada, ro‘za tutishimizga zarracha salbiy ta’sir ko‘rsatayotgani yo‘q.
Otam rahmatli ham dehqon bo‘lganlar. Ular bizga doimo rizqni Alloh beradi, sen sababini qilib urug‘ni yerga qadaysan xolos. Uni undirib, o‘stirib bizga mo‘l-ko‘l hosil qilib berguvchi Yaratganning O‘zi. Shuning uchun doimo Allohga itoat va ibodat qilib, undan dehqonchilikka baraka so‘rab duo qilish lozim der edilar. Men ana shu nasihatlar ila ulg‘ayganman.
Bu yil ham ro‘zani oilaviy ilhaqlik va mehr bilan kutib oldik. Barchamiz ro‘zadormiz. Saharlikdan so‘ng biroz Imom G‘azzoliydan o‘qiyman. Namozi bomdoddan so‘ng dala tomon yo‘l olaman. Piyoz va kartoshka yetilib turibdi. Shularni qozyapmiz. Xalqimizga tortiq etamiz insha Alloh. Peshinda daladan qaytamiz. Biroz dam olib, hovlidagi bog‘ga kirman. U yerda 70 tupdan ortiq mevali darahtlar bor. Shira tushganini dorilayman. Tagiga qulupnay ekkanmiz uni parvarishlaymiz. Shu bilan namozi asr bo‘lib qoladi.
Asrdan so‘ng farzandlarim bilan chorvaga qaraymiz. Bir necha bosh qora mol va qo‘ylarimiz bor. Sut qatiq deganday ne’matlar bizlarda serob. Shu bilan shom vaqti bo‘lib qoladi. Iftorlik vaqtida oila jamul-jam bo‘lamiz. O‘rtancha o‘g‘lim qori. To tarobeh vaqtigacha bizga Qur’onda keltirilgan voqe’alardan, payg‘ambarlar tarixidan gapirib beradi. Menga yusuf alayhissalom qissasi juda ham yoqadi. Har safar o‘zgacha ibrat bilan eshitaman.
Xuftondan so‘ng, oilaviy tarobeh namozini o‘qiymiz. Hovlimiz katta, farzandlarim bilan yaxshigina bir jamoa bo‘lamiz. Allohga behisob bo‘lsinki bu yil tarobeh namozida o‘g‘lim xatmul Qur’on qilyaptii. Qori farzandning ortida iqtido qilib 30 pora Qur’onni ramazon oyida tinglash... Bundan ortiq baxt bo‘lmasa kerak bu dunyoda.
Alloh taolodan vatanimizdagi barcha dehqonlarga, xalqimizga fayzu baraka, xotirjamlik tilab qolaman. Ramazon muborak!
Saidabror Umarov suhbatlashdi
Shu yil, 12 may kuni Namangan viloyati bosh imom-xatibining birinchi o‘rinbosari Obidxon domla Ikromov boshchiliklarida viloyat vakilligi xodimlari, tumanlar bosh imom-xatiblari hamda "Haj – 2024" ziyoratchilaridan iborat tuzilgan ishchi guruhi a’zolari uchun Namangan viloyati Yangi Namangan tumanidagi “Imom Buxoriy“ jome masjidida yig‘ilish o‘tkazildi.
Yig‘ilishda ishchi guruh a’zolari hamda mahallalarda ma’naviyat targ‘ibotchisi bo‘lgan hojilar bilan Yangi Namangan tumanida amalga oshiriladigan ishlar muhokama qilinib, tavsiya va ko‘rsatmalar berildi.
Ishchi guruh faoliyatining asosiy yo‘nalishlari sifatida quyidagilar belgilandi:
birinchi yo‘nalish – imom-xatibning “Haj-2024” ziyoratchilarini ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarga faol jalb etish;
ikkinchi yo‘nalish – imom-xatibning masjidni boshqarish faoliyatini yaqindan o‘rganish, maslahat va ko‘mak berish;
uchinchi yo‘nalish – imom-xatib uchun namuna tarzida peshin namozi vaqtida masjidga kelganlarga dolzarb mavzuda ma’ruza qilib berish.
Ishchi guruh a’zolari yuqoridagi yo‘nalishlar bo‘yicha Yangi Namangan tumanida faoliyat olib bordi.
Shuningdek Ishchi guruh a’zolari Yangi Namangan tumani masjidlari hududidagi mahallaning bir necha xonadonlariga kirib, u yerda yashayotganlardan hol-ahvol so‘raldi. Xonadondagi yoshlarni ta’lim tarbiyasi bilan tanishildi, ularning muammolari o‘rganildi, taklif fikr, mulohazalari tinglandi va mahallalarda namunaviy bo‘lgan oilalarga kirib keksalardan yurtimiz haqqiga duoi hayrlar olindi.
Imom-xatiblar faoliyati samaradorligini oshirishga qaratilgan Ishchi guruh faoliyati viloyatning boshqa tumanlarida ham o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Namangan viloyati vakilligi
Matbuot xizmati