Sayt test holatida ishlamoqda!
13 Sentabr, 2026   |   2 Rabi`us soni, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:41
Quyosh
06:01
Peshin
12:19
Asr
16:45
Shom
18:40
Xufton
19:56
Bismillah
13 Sentabr, 2026, 2 Rabi`us soni, 1448

Ramazon ibratlari: Kechirishni o‘rgandik...

02.05.2020   9229   2 min.
Ramazon ibratlari: Kechirishni o‘rgandik...

Har yili ramazon oyi kelishi bilan kayfiyatimiz va ruhiyatimizda o‘zgarish sodir bo‘ladi. Albatta yaxshi tomonga! Masalan, ko‘pchiligimiz kechirimli bo‘lib qolamiz...

Ulamolardan biri aytadi: “Ro‘zador hotirjamlik va ramazon sururini his qilmaydi, toki qalbida o‘zgalarga nisbatan xusumat yo‘qolmaguncha, uni ranjitgan odamlarni kechirmaguncha”.

Aslida insonni ich-ichidan yemiradigan, turli dardlarga mubtalo etadigan va Allohning rahmatidan mosuvo qiladigan narsa bu – qalbdagi xusumat va o‘zgalarga bo‘lgan nafratdir.

Zero, Alloh taolo O‘z Kalomida, Payg‘ambar alayhissalom hadislarida bizni kechirimli bo‘lishga targ‘ib etgan.

Jumladan, Qur’oni karimning A’rof surasi, 199 oyatida Alloh taolo shunday marhamat qiladi:

“Afvni (qabul qilib) oling, yaxshilikka buyuring, johillardan esa yuz o‘giring!”

Boshqa bir oyatda esa:

“Agar dag‘al va toshbag‘ir bo‘lganingizda, albatta, (ular) atrofingizdan tarqalib ketgan bo‘lur edilar. Bas, ularni afv eting...” (Oli Imron surasi, 159 oyat).

Abu Umoma Bohiliy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “O‘ch olishga haqli bo‘laturib, kechirib yuborgan kishi uchun, Men jannatning o‘rtasidan bir qasr berilishiga kafilman” – deganlar (Abu Dovud rivoyati).

Nahot jannatda qasrimiz bo‘lishini xohlamasak... Jannatda-ya. Payg‘ambar alayhissalom kafilman deganlar.

Yana bir hadisda: “Kimki qilmishiga pushaymon bo‘lib, uzr so‘ragan odamni kechirib yuborsa, uning xatolarini ham Alloh taolo qiyomat kuni kechirur” deya ta’kidlangan.

“Qalbiga Alloq ta’olo insoniyatga nisbatan rahm shavqat ato etmagan banda eng ziyonkor bandadir” (hadis)

“Qiynalib qolgan qarzdorga belgilangan muddatni uzaytirgan kishiga har kuni shu qarz miqdorida sadaqa qilganning savobi yozilib turadi. Bordi-yu belgilangan muddat yetgach, yana uzaytirsa, har kuni qarziga ikki barobar sadaqa qilganning savobi yozilib turadi” (hadis).

“Birodari bilan bir yil arazlashib yurish uning qonini to‘kish bilan barobardir” (hadis).

“Rahm qilmaganga rahm qilinmaydi, kechirmaganni kechirilmaydi va birovning uzrini qabul qilmaganning tavbasi ham qabul qilinmaydi” (hadis).

Aziz dindoshim! Agar ramazon kelib, ro‘zador holatda hamon qalbingizda huzur-halovat his qilmayotgan bo‘lsangiz, qalbingizni keraksiz xusumatlardan, nafratu-alamlardan, iztiroblardan bo‘shating. Sizni hafa qilgan barcha insonlarni kechiring. Kechirish bizga Alloh tomonidan berilgan cheksiz kuch va jasoratdir.

Alloh taolo barchalarimizni mag‘firat qilsin!

 

Saidabror Umarov tayyorladi

 

Ramazon-2020
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Turkiy davlatlar muftiylari Boku shahrida jamlanadi

13.09.2026   957   1 min.
Turkiy davlatlar muftiylari Boku shahrida jamlanadi

Joriy yilning 13–16 sentyabr kunlari Ozarboyjon poytaxti Boku shahrida Turkiy davlatlar muftiylari kengashining navbatdagi VII yig‘ilishi hamda uning doirasidagi bir qator tadbirlar bo‘lib o‘tadi.

Yig‘inlarda turkiy dunyoning yetakchi din peshvolari – O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar, Kavkaz musulmonlari idorasi raisi, Shayxulislom Allohshukur Poshshozoda, Turkiya Diyonat ishlari boshqarmasi raisi Safi Arpagush, Qozog‘iston musulmonlari diniy boshqarmasi raisi, bosh muftiy Navro‘zbay hoji Tag‘anuli, Qirg‘iziston musulmonlari diniy nazorati raisi, muftiy Abdulaziz qori Zakirov, Turkmaniston muftiyci Rahmon Qurbonmurodov kabilar boshchiligidagi turkiy davlatlar ulamolaridan iborat delegatsiyalar ishtirok etadi.  

Mamlakatimiz delegatsiyasi safidan O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar Kengashi, Fatvo markazi, hududiy vakilliklar hamda oliy diniy ta’lim muassasalaridan vakillar joy olgan.

Tadbirlar doirasida ulamolar musulmon ummati uchun muhim bo‘lgan shar’iy masalalar, zamonaviy fatvolar va mushtarak tashabbuslarni muhokama qilib, yakuniy hujjatlarni imzolaydilar. Shuningdek, ilmiy-amaliy anjuman, ikki tomonlama muzokaralar hamda tabarruk qadamjolar ziyorati ham rejalashtirilgan.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari