Buyuklar, shubhasizki, buyuk shaxsiyat sohibi bo'lganlar. Ular avvalo, insoniylik, insof, diyonat, adolat, pokiza qalb, taqvo, parhezkorlik singari ulug' insoniy fazilatlarni o'zlarida jamlaganlar va buyukliklarini shuning ustiga qurganlar. Zero, shuningsiz buyuklikka yo'l yo'q. Ajdodlarimiz ham bejizga “Olim bo'lish oson, odam bo'lish qiyin” yoki “Olim bo'lma, odam bo'l!” deyishmagan.
Imom Moturidiy rahimahullohning hayotini o'rganar ekanmiz, uning erishgan darajalari ostida buyuk shaxsiyat yotganini ko'ramiz. Shaxsiyatining asosiy kaliti bu shubhasiz, zohidlikdir.
Zohidlik so'zi lug'at ilmida “imon-e'tiqodli”, “xudojo'y”, “taqvodor” singari ma'nolarni anglatadi. Imom Ahmad ibn Hanbal zohidlikni uchga bo'lib:
birinchisi, haromdan voz kechish, bu avomning zuhdi;
ikkinchisi, halolda ortiqchalikni (keragidan ortiqcha foydalanishni) tark qilish, bu xos kishilarning zuhdi;
uchinchisi, Allohdan to'suvchi barcha narsalarni tark qilish, bu oriflarning[1] zuhdi, deb aytgan. Shubhasiz, Imom Moturidiy oriflarning peshqadamidir.
ZOHIDLIK – IMOM MOTURIDIYNING ShAHSIYaTI KALITI
Imom Moturidiy rahimahulloh dunyo haqiqatini teran anglagan, uning yo'qlikka mahkumligini, oxirat esa haqiqiy hayot diyori ekanini bilgan olimdir. Alloma tafsirida ushbu tushunchani insonlar qalbiga qadashga e'tibor qaratadi. Shuning bilan birga, oxirat manfaatiga xizmat qiladigan dunyo ne'matlarini sevish islomda qaytarilmagani va dunyoga bu taxlit muhabbat qo'yish gunoh va ma'siyat keltirmasligiga ham urg'u berib o'tadi.
Allomaning dunyodagi zohidligi ikki qismga bo'lingan: sarflash va tark etish. Ya'ni u qo'lida mol-davlat ushlab turmagan, topganini boshqalarga ulashgan. Dunyoda kengchilik keltiradigan, boy-badavlat qiladigan ishlarni esa tark qilgan. Hamisha o'rganish va o'rgatish, xalqni to'g'ri yo'lga boshlash payida bo'lgan.
Imom Moturidiy inson tabiatidagi ajib bir murakkablik, ya'ni islomda dunyoga berilishdan qaytarish bilan birga, insonning dunyoni sevishga moyil qilib yaratilishi o'rtasida, bizning ko'zimiz bilan qaralgandagi nomutanosiblik haqida quyidagicha mushohada qiladi. U: “Musulmon kishi dunyoni sevgani uchun malomat qilinadimi?” degan haqli savol qo'yadi va bunga “Inson” surasi tafsirida quyidagicha javob beradi: “Inson zoti oldida turgan narsalarni yaxshi ko'radigan qilib yaratilgan. Har bir mavjudotning tabiatida nimadandir foydalanish, rohatlanish istagi (instinkti) bo'ladi. Tabiatan yaxshi ko'rishga moyil qilib yaratilgan narsalarni sevgani uchun inson malomat qilinmaydi. Uning muhabbati dunyoning yaratilishdagi maqsadiga xilof kelsagina malomatga loyiq bo'ladi. Dunyo abadiy rohat diyori bo'lgan oxirat ne'matlarini to'plash uchungina yaratilgan”.
Bundan shuni tushunamizki, dunyo ne'matlaridan shariat dorasida, isrofga yo'l qo'ymagan holda, gunoh-ma'siyatga olib bormaydigan qilib foydalanish, lazzatlanishga islomda hech qanday monelik yo'q. Shuningdek, dinimiz boy bo'lishdan ham qaytarmaydi. Faqatgina dunyoga qalb bilan bog'lanib qolishdan qaytaradi xolos. Agar qalb Allohning yo'lida sobit tursa, jismning oltin-kumushlar ichida turishi uni Robbisidan to'solmaydi. Hoja Ahrori Valiy ham “Boylikni ichiga kiring, kiravering. Ammo boylik sizni ichingizga kirmasin, kira ko'rmasin”, deganda aynan shuni nazarda tutgan.
Imom Moturidiy chorlaydigan zohidlik pokiza narsalarni harom qilib olishga qaratilmagan. Buni u “Ta'vilot al-Qur'on” asaridagi bir nechta o'rinlarda ta'kidlaydi. Jumladan, “Naziat” surasining ushbu “(Bularning barchasi) sizlarga va chorva hayvonlaringizga manfaat bo'lsin deb (qilindi)”[2] oyati tafsirida “Demak, biz zikr qilib o'tgan gaplarda pokiza narsalardan tanovul qilish muboh (qilish yoki qilmaslik ixtiyori teng berilgan narsa) ekaniga dalolat bordir. Chunki Alloh taolo bandalarining ozuqasini pokiza narsalardan qilish bilan ularni chorva hayvonlardan afzal qilib qo'ydi. Shunday ekan, kim ushbu narsalardan jirkanadigan bo'lsa, demak u banda (Alloh taolodan marhamat o'laroq) foydalanish uchun yaratib qo'yilgan narsalardan jirkangan bo'lib qoladi”, deb aytadi.
Imom Moturidiy bu masalaga bejizga to'xtalmagan. Chunki zohidlar orasida Allohning pokiza narsalaridan yuz o'girish, hayotini sun'iy ravishda qiyinlashtirish holatlari keng tarqalgan edi. Alloma ularni “mutaqoshshif” (“o'zini hamma narsadan tiyib yashovchi”) deb nomlab, tafsirida bir necha o'rinlarda, xususan “Moida” surasining “Ey, imon keltirganlar! Sizlar uchun Alloh halol qilib qo'ygan narsalarni haromga chiqarmangiz”[3], oyati izohida ularga raddiya berib, shunday degan: “Bu oyat “mutaqashshiflar”ga raddiyadir. Negaki, Alloh biz uchun halol qilib qo'ygan narsalarini iste'mol qilishdan qaytarmagan. Ular esa buni o'zlariga harom qilib oladilar”.
Bu singari ta'limotni boshqa allomalar o'gitlarida ham uchratamiz. Hikoya qilinishicha, orif zotlardan biri zaytundan tayyorlangan shirinlik eb turgan vaqtda, uning huzuriga “mutaqoshshiflardan” biri kiradi. Orif kishi unga shirinlikdan eyishni taklif etganda, u “Shukrini ado qilolmayman”, deb o'zini dasturxondan chetga tortadi. Shunda orif zot, “Ey nodon, sen hali eb yurgan narsalaringni, ichgan suvingni shukrini ado qilolyapman, deb o'ylaysanmi. Zohidlik bunday bo'lmaydi, balki u Allohning chegaralariga rioya qilish, ulardan oshib ketmaslik bilan bo'ladi”, deb tanbeh bergan ekan.
Imom Moturidiyning zohidlik belgilaridan yana biri ilmni tirikchilik manbai qilib olmaganidir. U ilm o'rgatish, Qur'on yodlatganlik uchun haq olishni to'g'ri sanamas edi. “Bas, agar yuz o'girsangiz, sizlardan (men xizmatim uchun) haq so'raganim yo'q. Mening (tegishli) haqqim (savobim) Allohning zimmasidadir”[4] oyatida Nuh alayhissalom qavmiga Allohning oyatlarini eslatganiga haq (savobni) faqat Alloh huzuridangina olmoqchiligini aytganidek, payg'ambarlarning merosxo'rlari bo'lgan ulamolardan biri sifatida Imom Moturidiy ham din ilmlarini o'rgatganlik uchun mukofot faqat Allohdan bo'lishi lozimligini ta'kidlaydi.
MOTURIDIY RABBONIY OLIMDIR
Tilshunoslikda Rabboniy so'zi “Allohga mansub” ma'nosini beradi. Ulamolar ichida hamma ishi Alloh uchun va Robbisi huzuridaligini bir soniya ham esdan chiqarmaydigan, muhabbatu nafrati faqat Uning uchun bo'ladigan, dunyoni bosh maqsad emas, Yaratganga etkazuvchi vosita sifatida ko'radigan bir toifa borki, ular rabboniy olimlardir. Qur'oni karimda bu toifa haqida: “Kitobdan ta'lim berib va o'zingiz ham o'rganib yurganingiz sababli rabboniy kishilar (Parvardigorga sig'inuvchilar)dan bo'lingiz!” (Oli Imron surasi, 79-oyat) deyilgan. Imom Moturidiy o'z zamonasi va undan keyin kelgan ulamolar peshvosi, nima demasin yoki nima qilmasin, faqat Alloh roziligini ko'zlagan rabboniy olimdir.
Alloma doimo haqni so'zlar, Allohning yo'lida malomatchilarning malomatidan qo'rqmas edi. Sultonlarning oldiga bormas, ulardan tuhfa qabul qilmas edi.
U amirlarning oldiga faqatgina yaxshilikka buyurish va yomonlikdan qaytarish uchungina kirish mumkin deb bilgan. Jumladan, “Qasos” surasining 77-oyati ta'vilida: “Podshohlarning oldiga kirib, ular bilan hamsuhbat bo'lgan ilm ahllarining zimmasida Muso alayhissalomning Qorunga qilgan nasihati singari, podshohlarni xalqqa yaxshilik qilishga buyurish, yomonlikdan qaytarish vazifasi bordir”, deb ta'kidlagan.
Darhaqiqat Imom Moturidiy dunyo haqiqatini anglagan, juda chuqur ilm sohibi, go'zal xulqli, zohid inson bo'lgan. Muruvvat borasida ham u hammaga namuna edi, qo'lida bor narsani boshqalarga ulashardi. Zamondoshlari uning qadri buyukligi, yuksak daraja sohibi ekanini bir ovozdan e'tirof etganlar.
Uning haqiqiy taqvo ustida qurilgan ilm saroyi necha asrlarki atrofga ma'rifat taratmoqda. Moturidiy dorulfununi toliblari zamonlar osha aqida mustahkamligi yo'lida xizmat qildilar va bu an'ana hozirga qadar davom etmoqda.
Usmonxon Muhammadiyev
[1] Orif – qalbi ma'rifat nuri bilan qalbi limmo-lim, pok niyatli, pokiza axloqli ziyrak odamdir.
[2] Naziot surasi, 33-oyat.
[3] Moida surasi, 87-oyat.
[4] Yunus surasi, 72-oyat
Xoja Buxoriy o‘rta-maxsus diniy ta’lim muassasasi direktori, pedagogika fanlari bo‘yicha falsafa doktori O‘tkir domla G‘UZAROV bilan suhbat
– Assalomu alaykum, muhtaram ustoz. Avvalambor, Sizni pedagogika fanlari bo‘yicha falsafa doktori ilmiy darajasiga ega bo‘lganingiz bilan muborakbod etamiz. Ilmiy darajangiz bundan ham yuksalaversin. Suhbatimizni bugungi kunda Siz rahbarlik qilayotgan ta’lim muassasasi haqidagi ma’lumotlardan boshlasak...
– Va alaykum assalom va rohmatulloh. Qutlov va tilagingiz uchun tashakkur. Ta’lim muassasasiga 1992 yilda asos solingan. Madrasaga XIV asrda yashab ijod etgan mashhur tasavvuf allomasi Said Ahmad Vali Kulohdo‘z Xoja Buxoriy nomi berilgan. U zot Bahouddin Naqshbandning zamondoshi sifatida e’tirof etiladi. Naqshbandiya tariqatining ma’naviy-axloqiy g‘oyalarini Qashqadaryo vohasi, xususan Kitob shahri va uning atrofida keng targ‘ib qilgan ulug‘ mutafakkirlardan sanaladi.
Muassasada bugungi kunda jami 34 nafar oliy ma’lumotli, malakali pedagog-o‘qituvchi 105 nafar talabaga diniy va dunyoviy fanlardan puxta bilim berib kelmoqda. Ta’lim jarayonida zamonaviy pedagogik yondashuvlar, samarali o‘qitish usullari hamda amaliy mashg‘ulotlardan keng foydalanilib, talabalarning nazariy bilimlarini mustahkamlash va ularni amaliyotda qo‘llash ko‘nikmalarini shakllantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Shuningdek, pedagog-o‘qituvchilar tomonidan talabalarning ma’naviy-axloqiy tarbiyasi, mustaqil fikrlashi, ilmiy salohiyati va dunyoqarashini rivojlantirishga qaratilgan qo‘shimcha mashg‘ulotlar hamda ma’rifiy tadbirlar muntazam tashkil etib kelinmoqda. Bu esa ta’lim muassasasida sifatli ta’lim berish bilan bir qatorda, har tomonlama yetuk, bilimli va zamonaviy talablarga javob beradigan mutaxassislarni tayyorlash uchun munosib ta’lim muhitini shakllantirishga xizmat qilmoqda.
– Ushbu ilm maskani qanday mutaxassislarni tayyorlab bermoqda?
– Ta’lim muassasasi dinimiz ravnaqi, mustaqil O‘zbekistonning taraqqiyoti va yuksalishi yo‘lida munosib xizmat qiladigan, yuksak ma’naviyat va axloqiy fazilatlarga ega, milliy va umuminsoniy qadriyatlarni chuqur anglagan, sof islom dini ta’limotini mukammal o‘zlashtirgan, diniy-ma’rifiy bilimlarni hayotga to‘g‘ri tatbiq eta oladigan yuqori malakali o‘rta maxsus ma’lumotli islomshunos, imom-xatiblarni tayyorlaydi.
Bitiruvchilar masjidlarda imom-xatib, diniy ta’lim muassasalarida o‘qituvchi, ma’naviy-ma’rifiy sohada faoliyat yurituvchi mutaxassis sifatida xizmat qilish uchun zarur nazariy bilim va kasbiy malakaga ega bo‘lib chiqadi.
– Diniy va dunyoviy fanlar uyg‘unligini ta’minlash uchun o‘quv jarayoni qanday tashkil etilgan?
– Ta’lim dasturlarida Qur’on, hadis, fiqh, aqida kabi diniy fanlar bilan bir qatorda tarix, ingliz tili, falsafa asoslari, psixologiya, jismoniy madaniyat va sport hamda boshqa dunyoviy fanlarga ham o‘rin ajratilgan. Darslar zamonaviy pedagogik usullar, axborot texnologiyalari va interfaol usullardan foydalangan holda olib borilmoqda.
– Talabalarning xorijiy tillarni mukammal o‘rganishlari hamda mutolaa madaniyatini yuksaltirishlari uchun qanday sharoit va imkoniyatlar yaratilgan?
– Xorijiy tillarni o‘rganishga bo‘lgan qiziqishni oshirish maqsadida haftaning muayyan kunlarida til kunlari tashkil etilgan. Xususan, seshanba kuni ingliz tili kuni, chorshanba kuni esa arab tili kuni o‘tkazilib, talabalarning til o‘rganishga doir bilimlarini mustahkamlash, muloqot ko‘nikmalarini rivojlantirish va amaliy mashg‘ulotlar orqali bilimlarini oshirishga alohida e’tibor qaratilgan.
Shuningdek, talabalarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish va til o‘rganish samaradorligini oshirish maqsadida qo‘shimcha to‘garaklar faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Darslarga sohasining yetuk va malakali mutaxassislari jalb etilgan. Bu esa talabalarning nafaqat tillarni mukammal o‘zlashtirishi, balki dunyoqarashining kengayishiga xizmat qilmoqda.
– Mudarrislarning kasbiy mahoratini oshirish, saboqlarning talabalarga yanada samarali yetib borishi uchun aynan qanday metodik usullar joriy etilgan?
– Muassasada zamonaviy pedagogik texnologiyalardan foydalanish yo‘lga qo‘yilgan. Xususan, axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda onlayn platformalardan Google Forms xizmatlari va interfaol ilovalar (Kahoot, QuizBot, topqir.uz) dars jarayoniga tatbiq etilgan. Dars jarayonida smart doska, markerli doska, magnitli doska imkoniyatlaridan foydalaniladi. Zamonaviy pedagogik texnologiyalarning “bahs-munozara”, “aqliy hujum”, “guruhli ish”, “taqdimot”, “keys-tahlil”, “savol-javob” kabi usullari qo‘llaniladi.
– Talabalarning darsdan tashqari vaqtlarini mazmunli tashkil etish, ularning ilmiy va ijodiy qobiliyatlarini yuzaga chiqarish borasidagi ishlarni ham aytib o‘tsangiz...
– Ta’lim muassasasida “yosh ilmiy tadqiqotchi” guruhi shakllantirilgan bo‘lib, ular ilmiy maqolalar yozish, internet saytlarida audio, video chiqishlar qilib, yosh kitobxon tanlovlarida faol qatnashadi.
Xatmul kutub an’anasi bo‘lib, hozirga qadar talabalar “Munabbihot”, “Ta’lim mutaallim”, “Fiqhul muyassar” (1- 2 kitobi), “Fiqhul akbar sharhi” va “Taysiru mustalahul hadis” asarlarini xatm qilishdi...
– Ta’lim muassasasi binolari, talabalar turar joyi va moddiy-texnik imkoniyatlar qay darajada?
– Bino va inshootlarimizning tashqi va ichki qismlari muntazam texnik ko‘rikdan o‘tkazilib, joriy ta’mirlash ishlari amalga oshirib boriladi.
Muassasa zamonaviy texnik vositalar bilan bosqichma-bosqich jihozlanib kelinmoqda. Xususan, ish jarayoni va dars mashg‘ulotlari uchun 42 ta kompyuter jamlanmasi 20 ta interaktiv smart doska va boshqa zarur jihoz va qurilmalar bilan to‘liq ta’minlangan. Ta’lim muassasasi internet tarmog‘iga optik tola orqali bog‘langan.
Asosiy o‘quv binosida 25 ta o‘quv xonasi mavjud bo‘lib, Qur’oni karim va tajvid o‘quv kurslari alohida o‘quv binosi bilan ta’minlangan. Yaqinda talabalar uchun 240 o‘rinli yangi o‘quv binosi foydalanishga topshirildi.
– Talabalaringizning respublika miqyosidagi turli ilmiy, diniy va sport musobaqalaridagi ishtiroki hamda erishayotgan natijalari haqida ham to‘xtalib o‘tsangiz?
– Ta’lim muassasamiz talabalari respublika miqyosida o‘tkaziladigan ilmiy, diniy-ma’rifiy va sport musobaqalarida muntazam ishtirok etib, yuqori natijalarga erishib kelmoqda. Jumladan, 2023 yilda O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi diniy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida o‘tkazilgan “Jaholatga qarshi ma’rifat” intellektual bellashuvida jamoamiz “Eng faol targ‘ibotchi jamoa” nominatsiyasi bo‘yicha 1-o‘rinni qo‘lga kiritgan.
Sport yo‘nalishida ham talabalarimiz shaxmat, kurash, stol tennisi va tosh ko‘tarish kabi sport turlari bo‘yicha “Barkamol avlod” Respublika bosqichlarida bir necha bor sovrindor bo‘lishdi. Xususan, 2022 yilda o‘tkazilgan “Barkamol avlod” sport o‘yinlari final musobaqasida jamoamiz umumjamoa hisobida 1-o‘rinni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, 2026-yil milliy kurash bo‘yicha 3-o‘rinni egalladi.
Ilmiy yo‘nalishda esa talabalarimiz Yagona olimpiada Respublika bosqichida muntazam ravishda muvaffaqiyatli ishtirok etib, turli yillarda bir nechta 1-, 2- va 3-o‘rinlarni qo‘lga kiritgan. Bundan tashqari, 2022-2023 o‘quv yilida “Esselar tanlovi” Respublika bosqichida 1-o‘rin hamda “Eng yosh kitobxon” tanlovida ham 1-o‘rin sohibi bo‘lishdi. Yagona olimpiada musobaqasida 2026 yil 3-o‘rinni qo‘lga kiritdi.
– Bitiruvchilarning keyingi faoliyati qanday kechmoqda. Ya’ni, bitiruvchilar hozirgi kunda jamiyat hayotida, diniy-ma’rifiy sohalarda qanday o‘rin tutmoqda?
– Ta’lim muassasasi bitiruvchilari bugungi kunda mamlakatimizdagi diniy-ma’rifiy sohaning turli yo‘nalishlarida samarali faoliyat yuritib, jamiyat hayotida munosib o‘rin tutib kelmoqda. Ular O‘zbekiston musulmonlari idorasi, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, mahalliy hokimiyat tizimlarida xizmat qilmoqda.
Jumladan, masjidlarda imom-xatib va imom noibi lavozimlarida, diniy ta’lim muassasalarida o‘qituvchi sifatida, ilmiy-tadqiqot markazlari va diniy-ma’rifiy muassasalarda ilmiy xodim sifatida, Fatvo markazida yetakchi mutaxassis sifatida xizmat qilib kelayotganlar, davlat va jamoat tashkilotlarida ham faoliyat yuritayotganlar bor.
Qisqa qilib aytganda, ta’lim muassasamizdan yetishib chiqqan kadrlar yurtimizning turli joylarida, turli jabhalarda dinimiz va davlatimiz ravnaqiga o‘z hissalarini qo‘shib kelmoqda.
O‘MI Matbuot va media bo‘limi mutaxassisi
Abdulatif ABDULLAYEV suhbatlashdi.