frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

Fazilatda tengsiz oy

01.05.2020   7432   6 min.
Fazilatda tengsiz oy

Insonlar, zamon va makonlarning ba’zilarining ba’zilaridan fazilatli bo‘lishi Alloh taoloninig hikmatidir. Taqvodor betaqvodan, olim johildan, dono nodondan, sabrli besabrdan, quvvatli mo‘min zaif mo‘mindan afzaldir. Shuningdek, Ka’ba va Masjidi nabaviydagi namoz boshqa masjiddagi namozdan fazilatlidir. Jumaladan,  Ramazon barcha oylar ichida fazilatda tengsizdir.

Ramazon qamariy yilning to‘qqizinchi oyidir. Ramazon arabcha “ramzo” so‘zidan olingan bo‘lib, yomg‘ir ma’nosini anglatadi. Yomg‘ir yer yuzi g‘uborini yuvganidek, Ramazon bandalar gunohlarini yuvib, qalblarini poklaydi. Bu oyda solih amallar gunohlarga kafforat bo‘lgani uchun ham shunday nomlangan.

Imom Mujohid (rahmatullohi alayhi) aytadi: “Ramazon Alloh taoloning ismidir. Ramazon oyi Alloh oyi degan ma’noni anglatadi”. Bu borada Nabiy (sollallohu alayhi vasallam): “Ramazon demanglar. Chunki Ramazon Alloh taoloning ismlaridan biridir. Ramazon oyi denglar”, dedilar (Bayhaqiy rivoyati).

Ro‘za bizdan oldingi ummatlarga ham farz bo‘lgan qadimiy ibodatdir.  Alloh taolo ro‘zani farz qilish bilan Ramazon oyini sharafladi. Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam): “Alloh taolo Ramazon ro‘zasini farz qildi. Men uning kechalarida ibodat qilishni sunnat qildim. Ramazon ro‘zasini tutib, tunida qoim bo‘lgan odam onadan tug‘ilgan kundagi kabi gunohdan forig‘ bo‘ladi”, dedilar.

Shuningdek, bu oyda payg‘ambar (alayhimussalom)larga ilohiy kitoblar tushirilgan. Vosila (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilindi. Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam): “Ibrohim (alayhis salom)ning sahifalari Ramazonnnig birinchi, Tavrot oltinchi, Injil o‘n uchinchi tunida nozil qilindi. Alloh taolo Qur’oni karimni Ramazonning yigirma to‘rtinchi tunida nozil qildi”, dedilar. Sahifalar, Tavrot, Injil va Zabur kabi ilohiy kitoblar payg‘ambar (alayhimussalom)larga to‘liq bir to‘plam holida tushirildi. Qur’oni karim Ramazon oyi Qadr kechasida dunyo osmonidagi Baytul izzaga to‘liq-mukammal qilib tushirildi. So‘ngra Muhammad (sollalohu alayhi vasallam)ga bo‘lak-bo‘lak qilib nozil qilindi. Alloh taolo shunday marhamat qiladi:

“Albatta, Biz uni (Qur’onni «Lavhul-mahfuz»dan birinchi osmonga) Qadr kechasida nozil qildik” (Qadr, 1).    

 “…albatta, Biz uni muborak kechada nozil qildik” (Duxon, 3).

Ramazon oylarning yaxshisidir. Uning birinchi tuni Ramazon tunlarining eng afzali bo‘lib, unda barcha musulmonlarga ro‘za farz bo‘ladi, jannat eshiklari ochiladi, do‘zax eshiklari yopiladi, shaytonlar va isyonkor jinlar kishanlanadi, Alloh taolo bandalariga toat-ibodatni oson qilib, rahmatini yog‘diradi. Bu haqida Abu Hurayra (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: “Payg‘ambarimiz (sollalohu alayhi va sallam): “Ramazonning birinchi tuni bo‘lsa, shayton va jinlar kishanlanadi, do‘zax eshiklari yopilib, qayta ochilmas, jannat eshiklari ochiladi va qayta yopilmas. Har tunda bir jarchi “Ey yaxshilikni istovchi unga intilgin, ey yomonlik xohlovchi undan to‘xtagin,  har kimsa Alloh izni bilan do‘zaxdan ozod bo‘lur”, deb nido qiladi”, dedilar” (Imom Ahmad, Bayhaqiy).

Ramazon oyi va uning ro‘zasi keyingi yilgacha bo‘lgan kichik gunohlarga kafforat bo‘ladi. Kichik gunohlar mag‘firat qilinadi, faqat gunohi kabiralar kechirilmaydi. Bu borada Abu Hurayra (roziyalohu anhu)dan rivoyat qilingan hadisi sharifda shunday deyilgan: “Nabiy (sollalohu alayhi va sallam): “Banda katta gunohlardan saqlansa, besh vaqt va juma namozi keyingi juma namozigacha, Ramazon keyingi Ramazongacha bo‘lgan kichik gunohlarga kafforatdir”, dedilar (Imom Muslim).   

Ramazon oyida umra qilinsa, oyning sharafi va barakasi bilan uning savobi hajning savobiga tenglashtiriladi. Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam): “Ramazondagi umra hajga tengdir”, dedilar (Imom Muslim). Bu hadis sharhida Imom Munaviy “Umra hajga savobda tenglashadi, farzni soqit qilish ma’nosida emas”, dedilar.

Ramazon oyining yana bir fazilati ming oydan afzal qadr kechasining borligidir. Qadr kechasi fazlininig ulug‘vorligi undagi fazilatlarnig ko‘pligiga bog‘liqdir. Bu kechada ming oyda misli bo‘lmagan ko‘p yaxshiliklar taqsimlanadi. Bu tundagi bir solih amal qadr kechasi bo‘lmagan ming oydagi amaldan yaxshidir. Kim bu kecha yaxshiligidan mahrum bo‘lsa, komil savoblar va gunohlarning mag‘fur bo‘lishidan bebahra qoladi.

Taroveh namozi Ramazon oyining gultojidir. Ulamolar Ramazon tunlarida qiyom turish sunnat deb ijmo qilganlar. Imom Navaviy “Ramazonda qiyom turishdan taroveh namozi iroda qilingan, ya’ni, qiyomdan qasd qilingan narsa taroveh namozi bilan hosil bo‘ladi”, deydi. Abu Hurayra (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: “Kim Ramazon oyida imon va savob umidida tunlarda qoim bo‘lsa, uning avvalgi gunohlari kechiriladi”, dedilar” (Imom Buxoriy, Muslim).

E’tikof Nabiy (alayhissalom) doim amal qilgan sunnat amaldir. E’tikof Ramazondan boshqa biror oyda yo‘q. Shuning uchun ham u Ramazonning fazilatidir. Olimlar bir ovozdan e’tikofning sunnat ekaniga ijmo qilganlar. Oysha (roziyalllohu anho)dan rivoyat qilindi: “Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) vafot etgunlaricha Ramazonning oxirgi o‘n kunida e’tikof o‘tirar edilar. U zot vafot etgach, ayollari e’tikof o‘tirishdi” (Imom Buxoriy).

Ramazon rahmat oyi, Ramazon mag‘firat oyi, Ramazon inson do‘zaxdan ozod bo‘ladigan oy, Ramazon taqvo oyi, Ramazon saxovat oyi, Ramazon ruhan poklanish oyi, Ramazon sabr-bardosh oyi, Ramazon salomatlik oyidir. Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) zamonlaridan hozirgi kungacha bu oyning barakasi, fazilati haqida kitoblar yozildi, ilmiy majlislarda suhbatlar qilindi, gazeta-jurnallarda maqolalar chop etildi, bu qiyomat kunigacha davom etadi. Bilganimizga amal qilib, ushbu oydan ruhan pok, jismonan baquvvat, gunohlar mag‘firat qilingan holda chiqib, Alloh taoloning rahmatiga erishish barchamizga nasib qilsin!

Bahriddin Parpiyev

Ramazon-2020
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

BBC Studios vakili: Prezident tashabbusi O‘zbekistonni xalqaro madaniy muloqot chorrahasiga aylantirmoqda

04.09.2026   1855   2 min.
BBC Studios vakili: Prezident tashabbusi O‘zbekistonni xalqaro madaniy muloqot chorrahasiga aylantirmoqda

BBC Studios’ning Yevroosiyodagi tijoriy vakili Sergey Stanovkinning ta’kidlashicha, Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Toshkentda o‘tgan «Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh — yangi kashfiyotlar» Xalqaro mediaforumi O‘zbekistonning o‘z tarixi va sivilizatsion merosini global auditoriyaga mustaqil ovoz bilan yetkazishga qaratilgan yangi media maydoniga aylandi, xabar bermoqda iccu.uz.

Sergey Stanovkin, BBC Studios’ning Yevroosiyodagi tijoriy vakili

– Ushbu mediaforumning ahamiyati juda katta. Professional ommaviy axborot vositalari vakillarini bir maydonga jamlash axborot muhitida mutlaqo boshqa natija beradi. Bugun blogerlik jadal rivojlanayotgan muhim yo‘nalishlardan biri bo‘lsa-da, an’anaviy OAVning o‘z auditoriyasi, ta’sir doirasi, ishonch darajasi va tahririy siyosati bor. Shu bois bu tadbirning aynan mediaforum shaklida o‘tkazilayotgani va unda ko‘plab xalqaro OAV vakillari ishtirok etayotgani alohida ahamiyatga ega.

Endilikda muhim vazifa — xalqaro media kun tartibida Markaziy Osiyo va O‘zbekistonga yanada keng o‘rin berish. Buning uchun O‘zbekiston va Islom sivilizatsiyasi markazi o‘z ovozi, o‘z kontenti va samarali kommunikatsiyalariga ega bo‘lishi kerak. Chunki Islom sivilizatsiyasi markazining dunyoga aytadigan gapi, taqdim etadigan mazmuni bor.

Islom sivilizatsiyasi markazining tashkil etilishi ham shu nuqtayi nazardan juda muhim. U nafaqat mamlakatlar o‘rtasida, balki o‘tmish va kelajak o‘rtasida ham ko‘prik yaratadi. Tarixni anglash kelajakni to‘g‘ri qurishga yordam beradi. BBC’da “O‘zbekiston — sivilizatsiyalar chorrahasi” reklamaviy kampaniyasi bo‘lganida, men bu haqda ko‘p o‘ylagan edim. Menimcha, Islom sivilizatsiyasi markazi ham gumanitar sohadagi ana shunday muhim chorrahalardan biri — u odamlarni Toshkentga, O‘zbekistonga chorlaydi va turli mamlakatlarni yaqinlashtiradi.

O‘zbekistonni xalqaro madaniy muloqot uchun muhim maydonga aylantirayotgan asosiy jihat — uning faolligi va tashabbuskorligi. Bu iqtisodiyotda ham, madaniyatda ham yaqqol ko‘rinmoqda. Ayniqsa, kelajakka qaratilgan qarash O‘zbekistonni ajratib turadi. O‘tmishni o‘rganish juda muhim, ammo kelajak haqida gapirish va rivojlanish yo‘nalishini belgilash ham shunchalik ahamiyatli. Ana shunda yangi hamkorlar va yangi tarafdorlar paydo bo‘ladi. O‘zbekiston buni juda yaxshi amalga oshirmoqda. Shu bois uning do‘stlari va hamkorlari ko‘p. Ishonchim komilki, O‘zbekistonni katta va porloq kelajak kutmoqda.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari