Sayt test holatida ishlamoqda!
25 Iyul, 2026   |   11 Safar, 1448

Toshkent shahri
Tong
03:34
Quyosh
05:06
Peshin
12:35
Asr
17:36
Shom
19:51
Xufton
21:21
Bismillah
25 Iyul, 2026, 11 Safar, 1448

Caharlikda baraka bor

01.05.2020   10478   4 min.
Caharlikda baraka bor

Payg‘ambar alayhissalom: “Saharlik qilinglar, albatta saharlikda baraka bordir”, dedilar (Muttafaqun alayh).

Ushbu hadisi sharif orqali Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ro‘zadorlarni saharlik qilishga buyurmoqdalar va buning hikmatini bayon qilib “albatta saharlikda baraka bordir”, deya ta’kidlamoqdalar.

Baraka biror bir narsada ilohiy yaxshilikning ziyoda va bardavom bo‘lmog‘idir.

Ayrim ro‘zadorlarda saharlikka e’tiborsizlik qilish holatlari uchrab turadi. Ayrimlar taroveh namozlaridan so‘ng yoki uxlashdan avval bir yo‘la taomlanib oladi. Bu holat Rasululloh ko‘rsatmalariga nomuvofiqdir. Ba’zilar uyquni afzal ko‘rib shunday qilishsa, ayrimlar saharlikning xayr va barakasidan bexabar ekanliklari bois beparvo bo‘lishadi.

Quyida saharlikning hikmatlari va barakotlaridan ayrimlarini zikr qilamiz:

  • Saharlikka turgan inson eng avvalo Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning so‘zlariga itoat qilgan, sunnatlariga ergashgan bo‘ladi. Rasulullohga itoat qilmoq esa barcha muvaffaqiyatlarning kalitidir. Alloh taolo marhamat qiladi:”Kim Allohga va Uning payg‘ambariga itoat etsa, bas u ulug‘ baxtga erishibdi”. (Ahzob surasi 71-oyat)
  • Saharlik qilmoq musulmonlarning shiorlaridan bo‘lib, bu bilan boshqa dinlarning ro‘zalaridan ajralib turadi.
  • Saharlik qilmoq kun bo‘yi namoz, Qur’on tilovati, Allohni zikr qilish, ilm olish, halol kasb qilish kabi boshqa shar’iy amallarni ishtiyoq va tetiklik bilan amalga oshirishda yordam beradi. Saharlik qilmagan inson quvvati kamayib, zaiflashib qolishi sababli yuqoridagi kabi amallarni erinib, malollanib amalga oshiradi. Natijada ibodatlari va boshqa amallari nuqsonli bo‘lib qoladi.
  • Saharlik qilgan insonga Alloh va uning farishtalari salavot aytadilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Albatta Alloh va uning farishtalari saharlik qiluvchilarga salavot aytadilar” (Imom Tabaroniy va ibn Hibbonlar rivoyati). Allohning mo‘minlarga salavoti ularga rahmatini nozil qilishi, farishtalarning mo‘minlarga salavoti esa gunohlarini kechishini so‘rab Allohga istig‘for aytishlaridir.
  • Saharlik qilgan inson saharlik qilmagan insonda o‘ta ochlik va holsizlik sababidan paydo bo‘ladigan toqatsizlik va badjahllik kabi yomon fe’llardan omonda bo‘ladi.
  • Saharlik qilishga turgan inson duolar ijobat bo‘ladigan, so‘ralgan narsalar ato etiladigan, gunohlar kechiriladigan fursatga noil bo‘ladi. Zero, Rasululloh alayhissolatu vassalom marhamat qiladilar: ”Robbimiz tabaroka va taolo har kechaning uchdan biri qolganida dunyo osmoniga nozil bo‘lib, “Kim Menga duo qiladiki, qabul qilsam, kim Mendan so‘raydiki, unga bersam, kim Menga istig‘for aytadiki, uni mag‘firat qilsam”, deydi”. (Muttafaqun alayh). Shubhasiz, saharlik vaqti ana shu fazilatli fursatning bir qismidir.
  • Sahar chog‘i gunohlarga istig‘for aytish uchun eng afzal vaqtlardan biri hisoblanadi. Alloh taolo bunday bandalarini O‘z Kalomida “Saharlarda istig‘for aytuvchilar”, deya maqtagan. Saharlikka turgan inson istig‘for aytib, Qur’onda maqtalgan bandalar sifatiga ega bo‘ladi.
  • Saharlik qilgan inson uyqusi qochib, tetik holatga kelgani uchun jamoat namoziga chiqishi ham oson bo‘ladi. Ramazon oyida bomdod namozida masjidlarda jamoatning ko‘payib qolishi ham bunga dalildir.
  • Shariat ko‘rsatmasi, Rasulullohning amrlari degan niyat bilan saharlik qilinsa, saharlikning o‘zi ham ibodat bo‘ladi. Ya’ni, kun bo‘yi yemoq-ichmoqdan tiyilmoq shariatning ko‘rsatmasi bo‘lganidek, saharlikda yemoq-ichmoq ham shariatning ko‘rsatmasidir.
  • Saharlik qilgan inson ro‘zadan malollanmaydi, balki ertangi kun ro‘zasini intiqlik bilan kutadi. Aksincha, saharlik qilmagan inson mashqqatga uchrab, qiynalib qolgani uchun keyingi kun ro‘zasidan malollanish paydo bo‘ladi. Har qanday ibodatni malollanmasdan, tetiklik va xushhollik ila ado etmoq matlubdir.
  • Kunni saharlik qilish bilan boshlagan insonning kun davomida qiladigan ishlariga barakotlar ato etiladi.

Demak, har bir musulmon Ramazon oyining ulug‘ tuhfalaridan bo‘lgan saharlikka jiddiy e’tibor qilib, undagi ilohiy rahmat va barakotlarga musharraf bo‘lmoqqa intilmog‘i lozim ekan.

 

Shavkatjon ALIBOYEV

Chirchiq shahar “O‘rta mahalla”

jome masjidi imom-xatibi

 

Ramazon-2020
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Qashqadaryoda diniy soha xodimlari o‘rtasida sport musobaqalari boshlandi

23.07.2026   7016   1 min.
Qashqadaryoda diniy soha xodimlari o‘rtasida sport musobaqalari boshlandi

O‘zbekiston Respublikasi Davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan diniy soha xodimlari o‘rtasida ommaviy sport musobaqalarining tuman va shahar bosqichlariga start berildi.


Musobaqalar Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan «Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va yangi kelajakni birga quramiz!» bosh g‘oyasi ostida tashkil etilmoqda. Ushbu tashabbus soha xodimlari o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, jismoniy faollikni oshirish hamda jamoaviy hamjihatlikni mustahkamlashga qaratilgan.


Sport tadbirlari dasturidan futbolvoleybolstol tennisishaxmat va shashka kabi sport turlari o‘rin olgan.


Ilk saralash bahslari 23 iyul kuni tuman (shahar) bosqichlari bilan boshlandi. Unda viloyatdagi masjidlar imom-xatiblari, noiblar va vakillik xodimlari faol ishtirok etmoqda.


Hududiy bosqichlarda zafar quchgan ishtirokchilar va jamoalar Mustaqillik bayrami arafasida o‘tkaziladigan viloyat final bosqichida g‘oliblik uchun kuch sinashadi. 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati

Qashqadaryoda diniy soha xodimlari o‘rtasida sport musobaqalari boshlandi Qashqadaryoda diniy soha xodimlari o‘rtasida sport musobaqalari boshlandi
O'zbekiston yangiliklari