Payg‘ambar alayhissalom: “Saharlik qilinglar, albatta saharlikda baraka bordir”, dedilar (Muttafaqun alayh).
Ushbu hadisi sharif orqali Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ro‘zadorlarni saharlik qilishga buyurmoqdalar va buning hikmatini bayon qilib “albatta saharlikda baraka bordir”, deya ta’kidlamoqdalar.
Baraka biror bir narsada ilohiy yaxshilikning ziyoda va bardavom bo‘lmog‘idir.
Ayrim ro‘zadorlarda saharlikka e’tiborsizlik qilish holatlari uchrab turadi. Ayrimlar taroveh namozlaridan so‘ng yoki uxlashdan avval bir yo‘la taomlanib oladi. Bu holat Rasululloh ko‘rsatmalariga nomuvofiqdir. Ba’zilar uyquni afzal ko‘rib shunday qilishsa, ayrimlar saharlikning xayr va barakasidan bexabar ekanliklari bois beparvo bo‘lishadi.
Quyida saharlikning hikmatlari va barakotlaridan ayrimlarini zikr qilamiz:
Demak, har bir musulmon Ramazon oyining ulug‘ tuhfalaridan bo‘lgan saharlikka jiddiy e’tibor qilib, undagi ilohiy rahmat va barakotlarga musharraf bo‘lmoqqa intilmog‘i lozim ekan.
Shavkatjon ALIBOYEV
Chirchiq shahar “O‘rta mahalla”
jome masjidi imom-xatibi
— Haj vaqtida ziyoratchilarimiz shaytonga tosh otishadi. Tosh nima uchun otiladi?
— Darhaqiqat, haj vaqtida qilinadigan amallardan biri bu – Minoda shaytonga tosh otishdir. Shayton hamma yerda ham bo‘lishi mumkin. Aynan hajda va ma’lum joylarda shaytonga tosh otish, shayton o‘sha vaqt va joylarda Ibrohim alayhissalomga qutqu solganda u zot uni tosh otib quvganlari uchundir. Bunda shaytonga qarshi kurashning ramzi bordir.
Shaytonga tosh otish, avvalo ichdagi shaytonni toshbo‘ron qilish ila boshlanadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday dedilar: “Shaytonga tosh otish va Safo bilan Marva orasida say’ qilmoq, faqat Allohning zikrini qoim qilmoq uchun amr qilingandir”.
Yana tosh otishdan maqsad, shaytonni yomon ko‘rishdir. Tosh otilar ekan, shayton qalbga vasvasa solganida “A’uzubillahi minashshaytonir rojim” (toshbo‘ron qilingan shaytonning yomonligidan Allohdan panoh so‘rayman) ifodasi bilan bartaraf etish lozim.
Mo‘minlar shaytonning har turli fasodlariga qarshi o‘yg‘oq bo‘lishga harakat qilishi zarur. Haj safari asnosida esa vasvasalarga yengilmaslik, sabr qilish va imtihon ekanini tushunib, haj ibodatini mukammal ado etishdir.
Ustoz Muhammad Ayyub Homidov