Bizlarga ko‘z ne’matini bergan Alloh taologa beadad hamdu sanolar bo‘lsin. Ko‘zni haromdan saqlashni ta’lim bergan zot Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam)ga salavot va salomlar bo‘lsin.
Ba’zilar ko‘zning ham ro‘zasi bo‘ladimi, deb ajablanadilar. Ha azizlar, ko‘zning ham o‘ziga xos va mos ro‘zasi bor. Ko‘zni haromdan tiyish, fahshdan yumish, qaytarilgan narsalardan saqlash, uning ro‘zasidir. Alloh taolo shunday marhamat qiladi:
“(Ey, Muhammad!) Mo‘minlarga ayting, ko‘zlarini (nomahram ayollardan) quyi tutsinlar va avratlarini (zinodan) saqlasinlar! Mana shu ular uchun eng toza (yo‘l)dir. Albatta, Alloh ular qilayotgan (sir) sinoatlaridan xabardordir” (Nur, 30).
Mufassirlar ushbu oyatni: “Ey Muhammad mo‘minlarga aytingki, avratlarini zinodan saqlab, qarash halol bo‘lmagan joylardan ko‘z yumsinlar, unga nazar solishni yomon ko‘rsinlar. Mana shu komil imon dalilidir”, deb tafsir qilganlar.
Erkak mahramlarining boshi, bo‘yin va bo‘yin atrofi, boldiri va to‘piqlariga qarash bilan gunohkor bo‘lmaydi. Begona ayolning esa, yuzi, kafti va oyoqlariga ko‘zning nogoh tushishining zarari yo‘q.
Erkak kishining boshqa erkak kishiga nisbatan avrati kindik ostidan tizzasining tagigacha bo‘lgan qismidir. Bu avrat qismini erkakka ham ayolga ham ko‘rsatishi halol emas. Bu haqida Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam): “Erkak boshqa erkakning avratiga, ayol boshqa ayolning avratiga qaramaydi. Shuningdek, ikki erkak yalang‘och holda, ikki ayol yalang‘och holda bir to‘shakka o‘ranishi mumkin emas”, dedilar (Imom Muslim rivoyati).
Qur’oni karimda marhamat qilinadi:
“Mo‘minalarga ham ayting, ko‘zlarini (nomahram erkaklardan) quyi tutsinlar va avratlarini (zinodan) saqlasinlar!..” (Nur, 31).
Ushbu oyat tafsirida: “Erkak begona ayolga qarashi mumkin bo‘lmaganidek, ayollar ham nomahram odamga qarashi halol emas”, deyilgan. Ayol kishi mahramlarining ham, begona erkaklarning ham kindigi ostidan tizzasining tagigacha bo‘lgan a’zolariga qarashi haromdir. Ayol erkak kishini ko‘rib shahvatlansa, undan ko‘zini yumishi farzdir. Ayol kishi a’zolarining mahramiga ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan, ya’ni boshi, bo‘yin va bo‘yin atrofi hamda tizzasidan pastki qismiga boshqa ayolning ko‘zi tushishining zarari yo‘q. Shundan boshqa a’zolarini boshqa ayol kishiga ko‘rsatishi mumkin emas. Chunki bu ishdan Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) qaytarganlar.
Ko‘z qalb buyrug‘ini bajaruvchi ijrochi va ruhning eshigidir. Ko‘zdan qalbga xayriyatlar va yaxshiliklar kirishi mumkin. Shuningdek, uni azoblanishiga sabab bo‘luvchi narsalar ham kirishi mumkin. Inson ko‘zini haromdan tiymasa, ibodati ketadi, taot-halovati yo‘qoladi, imon va ishonch ta’mini bilmaydi, qattiq gunohkor bo‘ladi, ko‘zining nuri ketadi va zehni o‘ladi. Kim ko‘zini fahsh va yomon narsalardan yumsa, Alloh taolo unga imon halovatini beradi, inson uni ko‘ksida his etadi.
Ko‘zini haromdan yumgan mo‘min qudrati buyuk zot Alloh taologa toat, U zotning bandaga bergan bir ne’matiga erishish, dunyo va oxiratda azizlik, qalb salomatligi, rohati, xotirjamligi va farahi kabi foydalariga erishadi. Shu bilan bir qatorda banda fitna, balo va xatolardan omonda bo‘ladi. Alloh taolo ilm-ma’rifat va tavfiq berib, to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatishi insonga berilgan buyuk ne’matdir.
Ro‘zada inson och bo‘ladi. Ochlik ko‘zni bo‘ysundirishning asosiy omili bo‘lib, uni xatodan saqlaydi va nazar shahvatini zaiflashtiradi. Shu bilan bir qatorda ko‘z nurini ziyoda qiladi. Ba’zilar taom va ichimlikdan tiyilish bilan ro‘za tutadi-yu, ko‘zi bilan ro‘za tutmaydi, ya’ni harom joylardan ko‘zni yummaydilar. Bu ro‘zaning haqiqatini va asl mohiyatini bilmaydigan odamning ro‘zasidir.
Taom va ichimlikdan tiyilganimizdek, harom joylardan ko‘zlarimizni yumish bilan ham ro‘za tutaylik. Shoyat qalblarimiz salomat bo‘lib, ruhlarimiz rohatlanib “Alloh buyukdir” deb nido qilsa. Alloh taoloning rahmati, barakasi va roziligini umid qilib, ko‘z ro‘zasini tutishlik barchamizga nasib qilsin.
Bahriddin PARPIYEV
Cavol: Men har yili qurbonlik qilar edim, bu yil ham qurbonlik qilishni niyat qilgan edim. Ammo bu yil muborak haj ibodatini ado qilish nasib qilib haj qilish uchun ketayapman. Shu holatda qurbonligimni qanday ado qilaman?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taolo safaringizni O‘zi oson qilsin. Qurbonlik vojib bo‘lishi uchun kishi muqim bo‘lishi kerak, safarda yurgan musofirlarga qurbonlik qilish vojib bo‘lmaydi.
Musofir kishi qurbonlik qilinadigan kunlar o‘tib ketishidan avval muqim bo‘lib qolsa, bu holatda unga qurbonlik qilish vojib bo‘ladi.
Zimmasiga qurbonlik qilish vojib bo‘lgan boy kishi qurbonlik qilish maqsadida qo‘y sotib olib qurbonlik qilinadigan kunlar kelishidan avval safarga chiqib ketsa, uning zimmasidan qurbonlik soqit bo‘ladi. Ammo boyligi nisobga yetmagan va shu sababli unga qurbonlik qilish vojib bo‘lmagan kishi qurbonlik qilish maqsadida qo‘y sotib olsa, qurbonlik qilish uchun qo‘y sotib olish bilan qurbonlik qilishni nazr qilgan hisoblanadi va bunday kishi qurbonlik qilinadigan kunlari safarga chiqsa ham uning zimmasidan qurbonlik soqit bo‘lmaydi. Nomidan qurbonligini so‘yish uchun biror kishini vakil qilib tayinlaydi (Fatavoi Hindiya).
Demak, agar sizni nisob miqdorida molingiz bo‘lib sizga qurbonlik qilish vojib bo‘lgan bo‘lsa va hox qurbonlik qilish uchun qo‘y sotib olgan bo‘lsangiz ham yoki sotib olmagan bo‘lsangiz ham bu kunlarda safarda bo‘lganingiz sabab sizdan qurbonlik soqit bo‘ladi.
Agar sizni nisobga yetgan molingiz bo‘lmasa va sizga qurbonlik qilish vojib bo‘lmagan bo‘lsa, qurbonlik qilish uchun qo‘y ham sotib olmagan bo‘lsangiz sizga qurbonlik vojib emas. Lekin qurbonlik qilish uchun qo‘y sotib olgan bo‘lsangiz nomingizdan qurbonligingizni so‘yish uchun biror kishini vakil qilasiz.
Bu o‘rinda yana bir jihatga e’tibor qaratishingiz lozim. Agar haj safarida muqimlik holatini topsangiz ya’ni Makkada unga borganingizdan boshlab Minoga chiqadigan kuningizgacha yoki Minodan qaytganingizdan keyin 15 kun tursangiz qurbonlik vojib bo‘ladi. Uni o‘sha yerda yoki vakil orqali o‘z uyingizda so‘ydirishingiz vojib bo‘ladi.
Yana shuni ta’kidlaymizki, mazkur qurbonlik va hajdagi jonliq so‘yish masalalari boshqa-boshqa masalalardir. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.