Alloh taologa hamd-sanolar bo‘lsin. Payg‘ambarimiz Muhammad mustafo (sollallohu alayhi va sallam)ga salavot-salomlar bo‘lsin. Alloh taolo Qur’oni karimda marhamat qiladi:
“...Kimki Allohga imon keltirsa, (U) uning qalbini to‘g‘ri yo‘lga hidoyat qilur..” (Tag‘obun, 11).
Qalb hidoyati barcha hidoyat asosi, tavfiq negizi, umr mohiyatidir. Nabiy (sollallohu alayhi va sallam): “Ogoh bo‘ling, jasadda bir go‘sht parchasi bor. U solih bo‘lsa, jasad solih bo‘ladi. U buzilsa, butun jasad buziladi. U qalbdir”, dedilar ( Imom Buxoriy, Muslim).
Qalbning solih bo‘lishi ikki dunyoda saodatga erishish garovidir. Uning buzilishi esa chegarasini Alloh taolo biladigan halokatdir.
“Albatta, bunda (uyg‘oq) qalb egasi bo‘lgan yoki o‘zi hozir bo‘lib, quloq tutgan kishi uchun eslatma bordir” (Qof, 37).
Har bir maxluqning qalbi bor. Qalb tirik yoki o‘lik bo‘lishi mumkin. Tirik qalb nur bilan uradi, imon bilan yorishadi, ishonch bilan limmo-lim to‘ladi, taqvo bilan to‘lib toshadi. O‘lik qalb esa kasallik, illatdan iborat bo‘ladi. Alloh taolo bu haqda shunday marhamat qiladi:
“Ularning dillarida illat (shubha va takabburlik) bor. Alloh ularga (shu) illatni ziyoda qildi...” (Baqara,10).
”Axir, ular Qur’on (oyatlari) haqida fikr yuritmaydilarmi?! Balki dillarda «qulflari»bordir?!” (Muhammad, 24).
“Ular dedilar: «Dillarimiz sen bizlarni da’vat qilayotgan narsadan to‘silgan, quloqlarimizda esa og‘irlik (karlik) bordir” (Fussilat, 5).
Bu oyatlar qalb kasal bo‘lishi hamda o‘lishiga dalil bo‘ladi. Alloh taolo dushmanlarining qalblari ko‘kslarida tursa-da, haqiqatni ko‘rmaydi va hidoyat topolmaydi. Shuning uchun Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam): “Ey qalblarni o‘zgartiruvchi zot, qalbimni diningda qaror toptirgin”, deb duo qilar edilar
Mo‘minning qalbi Ramazonda ham boshqa oylarda ham ro‘za tutadi. Qalb halok qiluvchi narsalardan, fosid e’tiqodlardan, isyonkor vasvasalardan, yomon niyatlardan, dahshatli xatarlardan tiyilish bilan ro‘za tutadi.
Mo‘minning qalbi Alloh taolo muhabbati bilan to‘lib toshadi. Rabbisini ism va sifatlari ila tiniydi. Uning qalbida nur bo‘ladi va zarracha zulmat qolmaydi. Abadiy risolat, samoviy ta’lim va rabboniy nurlari bilan Alloh taolo bandani yaratgan vaqtdagi fitrat nuri qo‘shilib, ikki buyuk nur hosil bo‘ladi. Bu haqida Qur’oni karimda shunday zikr qilinadi:
“...(Mazkurlar qo‘shilganda esa) nur ustiga nur (bo‘lur). Alloh o‘zining (bu) nuriga o‘zi xohlagan kishilarni hidoyat qilur. Alloh odamlar (ibrat olishlari) uchun (mana shunday) misollarni keltirur. Alloh barcha narsani biluvchidir” (Nur, 35).
Mo‘minning qalbi quyosh kabi nur sochadi, tong kabi yorishadi Qur’on eshitsa, imon nuri ziyoda bo‘ladi, tafakkur qilsa, ishonchi ortadi.
Mo‘minnning qalbi kibrdan ro‘za tutadi, chunki u ro‘zani buzadi. Kibr harom bo‘lgani uchun mo‘minning qalbini obod qilmaydi. Kibr qalbni egallasa, bu qalb sohibi kasal bo‘ladi. Alloh taolo bandalarini kibrdan qaytarib shunday deydi:
“Odamlarga (kibrlanib) yuzingni burishtirmagin va yerda kerilib yurmagin! Chunki, Alloh barcha kibrli, maqtanchoq kimsalarni suymas” (Luqmon, 18).
Mo‘minning qalbi o‘ziga bino qo‘yish kabi illatdan ro‘za tutadi. O‘ziga bino qo‘yish insonga o‘zini mukammal, afzal qilib, boshqalarda yo‘q yaxshiliklarni o‘zida bordek qilib ko‘rsatadi. Bu ayni halokatdir. Bu haqida Nabiy (sollallohu alayhi va sallam): “Halok qiluvchi narsalar uchtadir. Kimsa o‘z-o‘ziga bino qo‘yishi, baxillik qilishi va ergashilgan havoi nafs”, dedilar (Bazzoz rivoyati).
Mo‘minning qalbi hasaddan ro‘za tutadi, chunki hasad solih amallarni yo‘qqa chiqaradi, qalb nurini o‘chiradi, qalbni Alloh taologa bog‘lanishiga to‘sqinlik qiladi. Bu haqda Qur’oni karimda shunday marhamat qilinadi:
“Yoki (ular) Alloh O‘z fazlidan bergan ne’matlari uchun odamlarga hasad qilishadimi?” (Niso, 54).
Abu Hurayra (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: “Payg‘ambar (sollallohu alayhi vasallam): “Mo‘min bandaning ichida Allohning yo‘lidagi (amalda yutilgan) chang va jahannamning olovi jam bo‘lmaydi. Bir bandaning ichida imon bilan hasad jam bo‘lmaydi”, dedilar” (Ibn Hibbon).
Ey Rabbimiz, qalbimizni to‘g‘ri yo‘lingga hidoyat etib, iymonda barqaror et. Ushbu Ramazon oyida ham jismonan, ham qalban, ham ruhan ro‘za tutishni nasib qil.
Bahriddin PARPIYEV
Savol: Bir birodarimning qalbi notinch bo‘lmoqda. Shu birodarim nomidan ushbu savolni yo‘llamoqdaman. Bomdod namozi vaqtida imomlikka u kishidan boshqa tajvidi yaxshi kishi bo‘lmagani sababli, jamoatga namoz o‘qib bergan. Namozdan so‘ng bavosir kasalligi esiga tushib, tahoratxonaga borib qarasa, kiyimida qonni ko‘rib qolibdi. U qon namozdan oldin chiqqanmi yoki keyin, buni aniq bilolmayapti. Endi o‘qilgan namozimiz to‘g‘rimi yoki yo‘qmi, jamoatga: “Namozingizni qayta qazo qilib o‘qib qo‘ying”, deb aytaymi-yo‘qmi, bilmay turibman, deb ko‘ngli notinch bo‘lmoqda. Buning hukmi qanday bo‘ladi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Kishi kiyimida najosat ko‘rib qolib, uning qachon tekkanini bila olmasa, ko‘rgan vaqtidan boshlab tekkan hisoblanadi. Ammo bu hukm tashqaridan tekkan yoki tashqaridan tegishi ehtimoli bor bo‘lgan najosatlarga tegishli. Agar qon yoki yiring o‘zining badanidan chiqqani aniq bo‘lsa, bunda kiyim najosat bo‘lish bilan birga tahorat ham ketgan bo‘ladi. Ko‘rgan paytda qon yoki yiring qotgan holatda bo‘lsa, u avvalroq chiqqan hisoblanadi. Agar ho‘l holatda bo‘lsa, hozir chiqqan hisoblanadi. Demak, birodaringiz qonni ko‘rgan vaqtda, u ho‘l holatda bo‘lsa, namozni qayta o‘qish shart emas. Agar qon qurib qolgan bo‘lsa, birodaringiz namozni qayta o‘qishi lozim. Jamoatga kelsak, qaraladi, agar ularga aytilsa, fitnaga sabab bo‘lsa, ularga bu haqida aytilmaydi. Balki imom o‘zi qaytib o‘qiydi va istig‘for aytadi. Jamoatning namozi durust bo‘lgan hisoblanadi. Lekin jamoatga bu haqida aytsa, fitna va ixtilof chiqmaydigan bo‘lsa, u holda ularga ham bu haqda aytib qo‘yish lozim bo‘ladi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi