Sayt test holatida ishlamoqda!
26 Iyun, 2025   |   1 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:06
Quyosh
04:51
Peshin
12:31
Asr
17:41
Shom
20:03
Xufton
21:42
Bismillah
26 Iyun, 2025, 1 Muharram, 1447

Muborak vasiyatlar: IKKINCHI VASIYAT (5-qism)

30.04.2020   3620   21 min.
Muborak vasiyatlar: IKKINCHI VASIYAT (5-qism)

Allohga taqvo qilish, ibodatlarni to‘kis ado etish bilan bir necha ne’matlar qo‘lga kiritiladi. Jumladan:

﴿ وَأُخۡرَىٰ تُحِبُّونَهَاۖ نَصۡرٞ مِّنَ ٱللَّهِ وَفَتۡحٞ قَرِيبٞۗ وَبَشِّرِ ٱلۡمُؤۡمِنِينَ١٣

«(Alloh sizlarga) yana boshqa sizlar suyadigan (bir ne’matni ham berurki, u) Alloh tomonidan bo‘lajak g‘alaba va yaqin(da ro‘y beruvchi) fathdir . (Ey Muhammad!) Mo‘minlarga (mana shu) xushxabarni yetkazing!» (Saf, 13).

Alloh taolo Muhammad (sollallohu alayhi va sallam)ga oldindan bir necha xushxabarni Jabroil (alayhissalom) vositasida yetkazib turdi. Bu esa, Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ning Islom yo‘lida yana ham shijoatli va jasoratli bo‘lishlari uchun zamin yaratdi. Jumladan, Makka shahrining fath etilishi ham musulmonlar uchun juda quvonarli bo‘ldi. Kishi o‘zi tug‘ilib-o‘sgan, kindik qoni to‘kilgan yerdan haydalsa, qavm-qarindosh va urug‘-aymoqlaridan ayrilsa... Bundan ham ayanchli, bundan ham alamli holat bormi dunyoda?

Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) boshlariga ham shunday og‘ir kulfatlar tushdi. Eng achinarlisi, o‘zlarining amakilari, qarindoshlari u zotni quvib solishdi. Bu esa, o‘z-o‘zidan ranj-alamning ikki baravar og‘irlashishiga sabab bo‘lgan. Keling, yaxshisi, tarixga quloq osaylik. Zero, tarix oliy hakam ekanini hech kim inkor eta olmas. Nomi “urush” bo‘lsa ham, lekin unda (Imom Buxoriy rivoyatiga ko‘ra, bir kishidan boshqa) umuman qon to‘kilmagan “Makka fathi” haqidagi voqea-hodisalar tarixini eshitaylik!

Makka fathi bilan Makkaning musulmonlar tarafidan olinishi bilan yigirma yildan ko‘proq davom etib kelgan “Islom va shirk” da’volashuvi nihoyasiga yetdi.

Islom dinining asosi tavhid e’tiqodi (yakka xudolik ishonchi), tavhid e’tiqodining eng katta obidasi esa, Ka’ba edi. Ka’ba Ibrohim (alayhissalom) tomonidan yagona iloh e’tiqodining ilk obidasi sifatida qurilganiga qaramay, keyinchalik uning ichi va tashi inson qo‘li bilan yasalgan uch yuz oltmish dona but bilan to‘ldirilgan edi.

Ka’bani butlardan tozalash, shu yo‘l bilan butparastlikka barham berish Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) uchun ilk ilohiy vazifa edi. Insonlarni tavhid e’tiqodiga, Buyuk Islom inqilobining ruhiga bog‘lash kerak edi. Islomning vujudga kelishidan (610 y.) Makka fathiga qadar (630 y.) oradan yigirma yil o‘tgan bo‘lsa-da, bu muhim vazifa risoladagidek amalga oshirilmagan, qurayshliklarning davomli tarzda Madinaga qilib turgan hujumlari bunga yo‘l qo‘ymagan edi. Chunonchi, Hudaybiya sulhi bilan ikki tomon o‘rtasida tinchlik o‘rnatilib, hatto musulmonlar Ka’bani ziyorat qila olishdi, ammo tavhid obidasi o‘laroq qurilgan Ka’ba butparastlikning o‘chog‘i bo‘lishdan hanuz qutula olmagan edi.

Bundan tashqari, o‘zlarini Makkaning hokimi va Ka’baning qo‘riqlovchisi deb bilgan qurayshliklar Hudaybiya sulhi hukmlariga nisbatan hurmatsizlik ko‘rsatib, hatto sulh shartlariga qarshi harakatdan ham toyishmadi.

Makkaning musulmonlar tomonidan qurshab olinishiga o‘n yil muddatga imzolangan Hudaybiya sulhining kurayshliklar tomonidan qasddan buzilgani sabab bo‘ldi.

Hudaybiya sulhi Qurayshdan boshqa qabilalarga ikki tomondan birining himoyasiga kira olish huquqini bergan edi. Shunga binoan, Xuzoa qabilasi musulmonlarning, Bani Bakr qabilasi esa, qurayshliklarning himoyasiga kirgan edi. Holbuki, xuzoaliklar bilan Bani Bakr qabilasi avvaldan bir-birlari bilan kelishmas, o‘rtalarida dushmanlik bor edi. Shu sababdan oralarida qonli to‘qnashuvlar ham bo‘lib turardi.

Xuzoaliklar bilan hoshimiylar o‘rtasida esa musulmonlikdan oldin ham bir ittifoq bor edi. Islom vujudga kelganidan keyin ham xuzoaliklar bu do‘stlikni unutishmagan, har doim Rasuli akram (sollallohu alayhi va sallam) tarafdori bo‘lib kelishgan edi.

Hijratning sakkizinchi yili, Sha’bon oyi edi.

Quraysh himoyasiga ishongan Bani Bakr qabilasi boshliqlari Nafvalning ko‘rsatmasi bilan Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) himoyalaridagi xuzoaliklar ustiga to‘satdan hujum qilishdi. Qurayshliklar Bani Bakr qabilasiga qurolli yordam ko‘rsatdi. Qurayshning Ikrima, Safvon va Suhayl kabi peshvolari qiyofalarini o‘zgartirib, Bani Bakr qabilasiga qo‘shilib, bir kecha xuzoaliklarga qarshi jangda ishtirok etdi. Hatto, bu bosqin chog‘ida xuzoaliklardan yigirma uch kishi o‘ldirildi ham.

Kutilmagan bu tajovuzdan keyin xuzoaliklardan qirq kishilik bir hay’at tez Madinaga yo‘l oldi. Quraysh ustidan shikoyat qilib, Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) panohlariga kelishdi, dushmandan himoya qilishlarini so‘rashdi.

Qurayshning Bani Bakr bilan birlashib xuzoaliklarga qarshi jangga chiqishi Hudaybiya sulh shartnomasini ochiq-oydin buzish edi.

Bu paytda Payg‘ambarimiz Madina masjidida o‘tirgan edilar. Bosqinchilik hodisasini eshitib, qattiq xafa bo‘ldilar. Xuzoaliklarga yordam berishga va’da qilibgina qolmadilar, ayni paytda, makkaliklarga bir elchi orqali quyidagi uch taklifni ham bildirdilar:

  1. O‘ldirilgan xuzoaliklarning oilalariga diya (xun haqi) beriladi.
  2. Yoki Bani Bakr qabilasini himoya qilishdan voz kechiladi.
  3. Bu ikki taklifdan biri qabul qilinmagan taqdirda Hudaybiya tinchlik sulhi buzilgan hisoblanadi.

Makkalik qurayshliklar birinchi va ikkinchi taklifga bo‘yin egmadi. Uchinchi taklifni qabul qilishganini bir vakil orqali bildirishdi. Shu tariqa, Hudaybiya sulhi rasmiy ravishda kuchini yuqotgan hisoblandi.

Biroq oradan birmuncha muddat o‘tgach, Quraysh peshvolari xatolarini angladi. Qilmishlariga pushaymon bo‘ldi. Sulhning qaytadan tuzilishini – yangilanishini istab, boshliqlari Abu Sufyonni Madinaga yuborishdi.

Madinada Abu Sufyon hech ishini bitirolmadi. Qizi – Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ning zavjalari Ummu Habibadan boshlab navbati bilan Payg‘ambar (sollallohu alayhi va sallam)ga va u zotning sahobalari Abu Bakr, Usmon, Ali, Sa’d ibn Uboda, Umarga murojaat qildi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ni sulhni yangilashga ko‘ndirish uchun jon-jahdi bilan urinib ko‘rdi. Hatto, maqsadiga erishish ilinjida Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam)ning qizlari hazrat Fotima (roziyallohu anho) va uning besh yoshli o‘g‘li Hasandan ham yordam so‘radi. Ammo butun xatti-harakatlari befoyda ketdi. Nihoyat, hazrat Alining tavsiyasi bilan Payg‘ambar (sollallohu alayhi va sallam) masjidiga kelib, xalqqa qarata: “Ey insonlar! Men ikki tomonni ham himoyamga olaman, Hudaybiya sulhini yangilayman. Mening bu ahdimni hech kim buzmaydi, deb o‘ylayman!” dedi.

Biroq hech kimdan tasdiq javobi ololmay, tuyasiga minib, ma’yus holda Makkaga qarab yo‘lga tushdi. Makkaga kelib, bo‘lib o‘tgan voqealarni tushuntirarkan: “Muhammaddan sulh tuzishni so‘radim, javob ololmadim. Abu Bakrga bosh urib bordim, umidim puchga chiqdi. Umar eng katta dushman ekan. Boshqalardan ham biror yordam ko‘rmadim. Hukmdorlariga bu darajada bog‘liq bo‘lgan qavmga shu damgacha duch kelmaganman. Sulh masalasini hal qila olmadim. Eng oxiri, Alining so‘ziga kirdim. O‘zimdan bir sulh e’lon qilib, qaytib kelaverdim!” dedi. Abu Sufyon keltirgan gapni eshitganlar: “Sen hech ish qilmabsan-ku! O‘zingcha e’lon qilgan sulhning qanday qiymati va hukmi bo‘lishi mumkin! Ali sening ustingdan kulganday bo‘libdi! Xotirjam bo‘laylik desak, sen bizga sulh xabarini olib kelmading, urushga tayyorgarlik ko‘raylik, desak, sen urush xabarini olib kelmading. Hozir joyimizda xotirjam o‘tirishni ham, jang tadorigini ko‘rishni ham bilmaymiz!” dedi.

Abu Sufyon Makkaga qaytib kelgach, Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) bomdod namozidan keyin Abu Bakrni yonlariga chaqirdilar. Uning fikr-ra’yini so‘radilar. Uni o‘ng tomonga o‘tirg‘izdilar. So‘ngra Umarni chaqirib maslahat qildilar. Uni esa chap yonlariga oldilar. Urush qilishga qaror qilindi. Tezda tayyorgarlik boshlandi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) barcha ittifoqdosh qabilalarga xabar jo‘natdilar. Jami askarlarning to‘planishini so‘radilar. Chunki Makkaga, Qurayshga qarshi katta bir yurish boshlanayotgan edi. Biroq bu tayyorgarliklar yashirin tutildi. Makkaning hamma yo‘llari to‘sib qo‘yildi – bu vazifa Xuzoa qabilasiga topshirildi. Nazorat shunchalik qattiq bo‘ldi, u tomondan bu tomonga biror tirik jonzot o‘tolmas edi.

Ammo Xotib (Abu Baltoa o‘g‘li) Makkaga bir xat yozib, bu yashirin tayyorgarlikdan Qurayshni ogoh etmoqchi bo‘ldi, lekin niyatiga yetolmadi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) uning xufyona dushmanligidan ilohiy vahiy orqali xabar topdilar.

So‘ngra Ali, Zubayr va Miqdoddan iborat uch kishilik bir hay’at tuzib, maktubning yo‘lini kesish uchun yubordilar. Bu hay’at yo‘lda Makkaga ketayotgan Sora ismli bir ayolni ushlab oldi. Sochining orasiga yashirilgan maktub topib olindi va Payg‘ambar (sollallohu alayhi va sallam)ga olib kelindi. Xotib bu maktubida qurayshliklarga shunday xitob etgan edi: “Ey Quraysh jamoasi! Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) ustingizga katta bir kuch bilan bormoqda. Tun qorong‘isi kabi dahshatli bo‘lgan bu qo‘shin sel misol oqadi. Allohga qasam ichib aytaman, Allohning Payg‘ambari (sollallohu alayhi va sallam) yakka o‘zi bo‘lsa ham Alloh uni ustingizdan g‘olib qiladi, bergan va’dasini bajaradi. Hozirdan joningizni qutqarishga chora axtaring, vassalom!”

Bu xat Qurayshning qo‘liga tushib qolgudek bo‘lsa, dushman musulmonlarga qarshi tayyor vaziyatga kelardi. Holbuki, Alloh taolo bu muazzam fathning qon to‘kilmay amalga oshirilishini taqdir etgan edi.

Xotibning bu qilmishini ko‘rib, musulmonlar hayratdan yoqa ushladi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) darhol uni bir hay’at oldida so‘roqqa tutib: “Ey Xotib! Nega bunday qilding?” dedilar. Xotib: “Yo Rasululloh! Menga shafqat qiling. Qurayshga ahd ila bog‘langan bir insonman. Biroq hech qachon Qurayshning mahrami bo‘lmadim. Oldingizdagi muhojirlarning Makkada oilalarini, bolalarini himoya qiladigan qarindoshlari bor. Mening esa, u yerda hech kimim yo‘q. Shu yo‘l bilan makkaliklar minnatdorligini qozonib, qarindoshlarimni himoya qilishni o‘yladim. Allohga qasam, men Alloh va Uning Rasuliga imon keltirganman. Dinimni o‘zgartirganim yo‘q”, dedi. Shundan so‘ng Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) u yerda to‘planib turganlarga: “Xotib o‘zini to‘g‘ri himoya qildi!” dedilar. Lekin Umar chidab turolmay: “Rasululloh, ruxsat bering, bu munofiqning bo‘ynini uzib tashlay!” degan edi, buyuk Payg‘ambar (sollallohu alayhi va sallam): “Ey Umar! Xotib Badr urushida ishtirok etgan. Alloh taolo Badr qatnashchilariga: “Nima qilgan bo‘lsalaringiz ham, sizlarni afv etdim”, deya marhamat qilmaganmidi?!” deya Umarni tinchlantirdilar.

Haqiqatan, Xotibning oilasi Makkada edi. Yaqinlari ham yo‘q edi. Xotib oilasini himoya qilish uchun makkaliklarni mamnun qilmoqchi bo‘lgan, bu sababdan katta xatoga yo‘l qo‘ygan edi. Biroq pok ruhli Payg‘ambar (alayhissalom) Xotibni afv qildilar.

Islom quyoshi nur socha boshlagan ilk damlardan boshlab, Makka davrida bo‘lsin, Madina davrida bo‘lsin, Qurayshning musulmonlarga qarshi qilmagan yomonliklari qolmagan edi. Hatto, ular Islom dinini yo‘qotish, Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ni Qurayshga topshirishga madinaliklarni majburlash uchun Madinaga uch bora bosqinchilik harakati uyushtirishdi. Mana, nihoyat, yovuzni jazolash, ildizlarini qo‘porib tashlash vaqti kelgan edi.

Shu maqsadda Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) hijratning sakkizinchi yili, ramazonning o‘ninchi kuni o‘n ming kishilik qo‘shin bilan Madinadan yo‘lga chiqdilar.

Allohning yordamiga ishongan holda qo‘shinni Makka yo‘liga boshladilar. O‘sha kuni o‘zlari ham ro‘zador edilar. Holbuki, urushga borilayotgan edi. Shuning uchun yo‘lda Payg‘ambarimiz iftor qildilar, lashkarni ham ro‘zalarini ochishga buyurdilar.

Makka tomon yo‘l olinarkan, do‘st qabilalardan ba’zilarining ko‘shilishi hisobiga qo‘shinning soni o‘n mingdan oshib ketdi.

Ikki yil oldin, Hudaybiya yilida Makka yaqiniga borgan Islom lashkarlari bir ming to‘qqiz yuz adad bo‘lgan bo‘lsa, ikki yil keyin bu miqdorning o‘n (yoki o‘n ikki) mingtaga yuksalishi Hudaybiya sulhining musulmonlar uchun qanchalar buyuk foydalar olib kelganini ko‘rsatar edi.

Makka yo‘lida Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) amakilari Abbosni uchratdilar. Abbos (roziyallohu anhu) ancha oldin musulmon bo‘lgan edi. Lekin dinini qurayshliklardan yashirib, hozirgacha Makkada – mushriklar orasida qolgan, endi esa, payti kelgani uchun, Madinaga hijrat qilish maqsadida yo‘lga chiqqan edi. Yo‘lda Islom lashkariga qo‘shildi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) Abbosga: “Muhojirlarning oxirgisi siz bo‘ldingiz!” deya iltifot ko‘rsatdilar.

Yo‘llar batamom yopilgani sababli, Islom qo‘shinlarining bu harakatidan Quraysh bexabar qoldi. Bu orada qo‘shin Makkaga yaqin (o‘n olti chaqirim) masofadagi Marruz-Zahron deb atalgan vodiyga yetib keldi. Qarorgohini shu yerga qurdi.

Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) o‘n ikki ming kishilik qo‘shinga alohida-alohida gulxan yoqishni buyurdilar. Har bir guruh olovini o‘z chodiri oldida yoqdi va bu bilan Islom quvvatini, borliqlarini katta olovli halqalar bilan qurayshliklarga ko‘rsatdilar.

Islom qo‘shinining yaqinlashib qolganini bilgan makkaliklar oyog‘i kuygan tovuqka o‘xshab tipirchilab qoldi. Darhol Abu Sufyonning qoshida to‘planishdi. Vaziyatni to‘la o‘rganish maqsadida, Abu Sufyon yoniga Hakim bilan Budaylni olib, Makkadan chiqdi va Madina sari yo‘lga tushdi. Abu Sufyon arafa kechasida hojilar Ara­fotda yoqadigan gulxanlarga o‘xshash ulkan gulxanzorni ko‘rdi. Biroq yo‘lda Islom mirshablari tomonidan qo‘lga olinib, Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) huzurlariga keltirildi.

Umar Abu Sufyonni o‘ldiradigan payt nihoyat kelganini aytar, Abbos esa, uning afv etilishini xohlar edi. Abu Sufyonning qilgan butun yomonliklari musulmonlar ko‘z o‘ngiga keldi. Chunki Abu Sufyon musulmonlarning eng qo‘rqinchli dushmani edi. Madinaga qarshi bir necha bosqinchiliklarga sabab bo‘lgan, butun arablarni oyoqqa turg‘izib, Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) hayotlarini ham tahlikaga solgan edi. Bu yomonliklari uchun u o‘ldirilishi kerak edi. Biroq buyuk inson Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) Abu Sufyonni ham kechirdilar. Chunki u zot Allohning elchisi edilar. Abu Sufyonni Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam)dan boshqa hech kimsa kechira olmas edi.

Islom qo‘shini hanuz Marruz – Zahron vodiysida turib, hujumga o‘tganicha yo‘q edi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) amakilari Abbosga xitob qilib: “Abu Sufyonni qo‘shin o‘tadigan yerga olib boring, musulmon qo‘shinining hashamatini-haybatini ko‘rib qo‘ysin!” dedilar.

Abbos (roziyallohu anhu) Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) aytganlarini qildi. Abu Sufyonni Islom qo‘shinini butun salohiyati bilan ko‘rish mumkin bo‘lgan bir tepalikka olib chiqdi.

Ittifoqo, qo‘shin harakatga tushgan edi. Butun qabilalar alohida guruh-guruh holda Abu Sufyonning oldidan o‘tardi. Bular takbir aytib o‘tar, “Allohu akbar!” sadolari ko‘klarga yuksalar edi. Har bir guruh shunday dabdaba bilan o‘tib borarkan, yuragini hovuchlagan Abu Sufyon bularning qaysi qabilaga mansubligini so‘rar, Abbos javob berardi.

Ayniqsa, juda jasurona va katta jo‘shqinlik bilan o‘tayotgan “Ansorlar guruhi”ni ko‘rib, Abu Sufyon hayratga tushdi. Boshda Uboda o‘g‘li Sa’d edi. Eng oxirida Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) guruhlari edi. Har tarafga nur sochayotgan va boshdan-oyoq nurga burkangan bu guruhda Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) Qosva laqabli tuyalari ustida, takbir aytib hayqirayotgan sahoba kiromlar qurshovida borardilar. Bayroq Zubayr (roziyallohu anhu)ning qo‘lida edi.

Uhud va Handaq urushlarining bosh qo‘mondoni Abu Sufyon oldidan ansorlar qo‘shinlari qo‘mondoni Sa’d o‘tarkan: “Ey Abu Sufyon! Bugun eng katta jang kunidir. Bugun Ka’ba zabt etiladigan, Ka’bada qon to‘kish halol qilingan kundir!” deya Abu Sufyonga tahdid soldi.

Payg‘ambar (sollallohu alayhi va sallam) guruhlari o‘tib borayotganida, Abu Sufyon: “Yo Rasululloh! Sa’dning nima deganini eshitdingizmi?” deb Uboda o‘g‘li Sa’dning unga qilgan tahdidini oqizmay-tomizmay bildirdi. Shunda Xotamul Anbiyo (sollallohu alayhi va sallam): “Sa’d yanglish so‘zlabdi, Sa’d xato qilibdi. Yo‘q! Bugun lutf va marhamat kunidir. Alloh Ka’baning shon-shuhratini azon sadosi ila yuksaltiradigan bir kundir. Ka’ba tavhid libosi bilan burkanadigan bir kundir!” deya marhamat qildilar.

Sa’dning asabiylashib, qon to‘kib qo‘yishidan shubhalanganlari uchun darhol Alini yubordilar. Qo‘lidan qilichini oldirdilar va Sa’dning o‘g‘li Qaysga berishni buyurdilar.

Islom lashkarining bu yuksak intizom va qudratini ko‘rgan Abu Sufyon: “Ey Abbos! Haqiqatan, birodaringning o‘g‘li saltanatini rosa kengaytiribdi!” degan edi, Abbos (roziyallohu anhu) uning so‘zini darhol bo‘lib: “Jim! Bu saltanat emas, payg‘ambarlikdir!” dedi. Abu Sufyon ham “Ha, ha!” deb gapini to‘g‘riladi.

Darhaqiqat, shunday edi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) davlat boshlig‘i emas, Allohning elchisi hamda payg‘ambarlarning oxirgisi edilar.

Butun Islom lashkari shu yo‘sinda tor so‘qmoqdan o‘tdi. Abu Sufyon ham Abbosning yonidan ayrildi. Makkaga qaytdi, Harami sharifga bordi. Hamma hayajon va sabrsizlik bilan uni kutib turgan edi.

Abu Sufyon baland ovozda xalqqa shunday xitob qildi: “Ey Quraysh ahli! Muhammad shahrimiz ostonasidadir! Ustimizga shunday bir quvvat bilan kelmoqdaki, unga qarshi turib bo‘lmaydi. Kim Abu Sufyonning uyiga kirsa, joni omonda. Ka’bada panoh topganlar ham omonda. Qurolini tashlab, o‘z uyiga kirib, eshigini yopib olganlar ham omon qoladi!” deya e’lon qildi va makkaliklarga taskin bera boshladi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) afv qilishga va’da berganlarini bildirdi.

Abu Sufyondan bu gaplarni eshitgan Quraysh ahli juda qattiq talvasaga tushib qoldi. Bir qismi nima qilarini bilmay qoldi, bir qismi Abu Sufyonning uyiga yugurdi. Bir qismi Harami sharifga kirdi. Boshqa qismi uylariga kirib bekindi. Taloto‘p ichida qurolini yashiriboq ko‘chaga otilganlar ham, silohini tashlab duch kelgan tomonga tumtaraqay qochganlar ham bor edi.

Ibn Is'hoqdan keltirilgan rivoyatlarga ko‘ra, Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) Zi Tuvo degan joyda Islom qo‘shinining Makkaga kirish dasturini qo‘mondonlarga o‘rgatganlar, Makkaga qaysi tomonlardan kirilishini ko‘rsatib: “Sizlarga qarshi tajovuz sodir bo‘lmaguncha, hech kimga qilich ko‘tarmangiz! Jang boshlab yuborishdan saqlaningiz!” deya tanbeh bergan Payg‘ambar (sollallohu alayhi va sallam) Makkaga kirish chog‘ida barcha ehtiyot choralarini unutmagan edilar. Aslida, nusrat Allohdandir. Lekin tadbirda ham qusurga yo‘l ko‘ymaslik kerak.

Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) qo‘shinni to‘rtga bo‘ldilar. Bayroqni tutgan Zubayr Makkaning ust tarafidan kelishi; Valid o‘g‘li Xolid qanoti “Pastki mahalla” deyiluvchi joydan shaharga kirishi; boshqa guruhlar esa, Makkaning sharq va g‘arb tomonlarini ishg‘ol etishlari kerak edi.

Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) Islom qo‘shiniga harakat boshlash amrini berdilar. Sakkiz yil oldin (622 y.) Madinaga ko‘chayotganlarida ikki tuya, to‘rt kishilik bir guruh bo‘lib Makkadan chiqishgan! Mana, oradan sakkiz yil o‘tib (630 y.), muazzam va muhtasham bir qo‘shin bilan Makkaga kirayotgan edilar!

Sarvari Olam (sollallohu alayhi va sallam) Zi Tuvo mavqeidan Makkaga kirgunga qadar tuyalarining ustida ana shularni o‘ylar, muborak boshlarini tuyaning bo‘yniga sajda qilayotgandek qo‘yib, mag‘rur bir fotih kabi emas, nihoyatda mutavoze bir quldek, Allohning buyuk lutf va karamiga shukronalar aytib olg‘a borardilar.

Qo‘shin qon to‘kmay, tinch yo‘l bilan Makkaga kirishga muvaffaq bo‘ldi. Faqat Valid o‘g‘li Xolid boshqarayotgan qo‘shin mushriklarning qarshiligiga uchradi. Qurayshning eng zolimlaridan Safvon, Suhayl, Ikrima (Abu Jahlning o‘g‘li) kichik bir to‘da tayyorlab, mahallalarni ishg‘ol etishga monelik qilish uchun Xolidning suvoriy to‘dasini o‘qqa tutishdi, hatto musulmonlardan ikki mujohidni shahid etishdi.

Holbuki, umumiy afv e’lon qilingan edi. Xolid askarlarini tinchlik bilan olib o‘tib borayotgan edi. Bu tajovuzga qarshi Xolid darhol mudofaa qurolini qo‘lga oldi. Unga hujum qilganlardan o‘n uchtasini bir hamlada yer tishlatdi. Qolganlari qochib ketdi.

Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) Makkaning old tomonidan, Xolid esa past tarafidan shaharga kirishgan edi. Xolid kirgan joy Islomning eng yovuz dushmanlari yashaydigan mahalla edi. Hatto, Bani Bakr bilan birlashib xuzoaliklarga hujum qilganlar va bu bilan Hudaybiya sulhining buzilishiga sabab bo‘lganlar ham shu mahalla aholisidan edi.

 

Davomi bor...

Kutubxona
Boshqa maqolalar

Muharram oyi – yangi hijriy 1447 yil

25.06.2025   2662   1 min.