Sayt test holatida ishlamoqda!
15 May, 2025   |   17 Zulqa`da, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:29
Quyosh
05:04
Peshin
12:24
Asr
17:24
Shom
19:38
Xufton
21:07
Bismillah
15 May, 2025, 17 Zulqa`da, 1446

Ilm-fan ro‘za haqida: Nobel mukofoti sovrindori Yosinori Osumi tadqiqoti

30.04.2020   2973   4 min.
Ilm-fan ro‘za haqida: Nobel mukofoti sovrindori Yosinori Osumi tadqiqoti

Allohga behisob shukrlar bo‘lsinki ayni damda yurtimizda ramazon shukuhi kezmoqda. Har yili ushbu muborak oy kelishi bilan xalqimiz orasida, ko‘pchilik qanday toifadagi bemorlarga ro‘za tutish mumkin emas, ro‘za salomatlikka salbiy ta’sir ko‘rsatmaydimi, ro‘zaning sog‘likka foydalari xususida savollar paydo bo‘ladi.

Mazkur savollarga javob olish maqsadida oliy toifali shifokor, gastroenterolog, onkolog Bahodir Hamroqulovga bir nechta savollar bilan murojaat qildik.

Savol: Ro‘zaning inson salomatligiga foydali jihatlari haqida aytib o‘tsangiz.

Javob: 2016 yilgi tibbiyot va fiziologiya soxasi bo‘yicha Nobel mukofoti sovrindori Tokio texnologik universitetining xujayra biolologiyasi bo‘yicha mutaxassisi bo‘lgan Yosinori Osumi, vaqtinchalik ochlik ya’ni ro‘zaning kasalliklarga davo bo‘lishini va tanani yoshartirishini isbotladi. Olim ushbu mukofotga autofagiya mexanizmlarini kashf qilgani uchun ega bo‘ldi. Autofagiya – yunon tilidan “o‘zini o‘zi iste’mol qilish” degan ma’noni bildirib, hujayraning keraksiz qismlari, unda yig‘ilib qolgan chiqindi va axlatlarni qayta ishlash va foydalanish qobiliyatidir.    

Autofagiya barcha jonli mavjudotlarda mavjud. Bu xujayralarning chiqindilarni va toksinlarni tozalash shuningdek keraksiz xujayralarni yo‘q qilish orqali butun tanani tozalash qobiliyatidir. Bu bilan organizm nafaqat tozalanadi, balki tanani erta qarishdan ximoya qiladi va uni yoshartiradi. Autofagiya  organizm stress xolatida faollashadi, ayniqsa ochlik davrida xujayra tashqaridan yemish kelmagandan so‘ng ichki manbalar: ortiqcha yog‘, chiqindilar, shuningdek patogen bakteriyalar xisobidan energiya ishlab chiqarishni boshlaydi.

Ro‘za paytida organizmning kurashish qobiliyati – immunitet tizimi ham kuchayadi, bu yangi xujayralar paydo bo‘lishi bilan belgilanadi. Ro‘za buyrakda toshlar yig‘ilishidan saqlaydi, tanamizda to‘planib qolgan zaxarli moddalardan tozalanishga yordam beradi. Turli surunkali kasalliklar: qand kasalligi, qon bosimi, yurak, qon – tomir, o‘pka, bo‘g‘im va boshqa ko‘p kasalliklar davolanishi yengillashadi. Shunday qilib yapon olimi ro‘za tutish foydaliligini isbotladi.

Savol: Oshqozon, ichak va o‘t pufagida muammosi bor odamlar ro‘za tutsa bo‘ladimi? (tutsa bo‘ladigan va tutsa bo‘lmaydigan toifalari)

Javob: Oshqozon shilliq qavati yallig‘lanishi – gastrit, 12 barmoqli ichak shilliq qavati yallig‘lanishi va yara kasalligi, o‘t pufagi yallig‘lanish kasalligi – xoletsistit xuruji davrida ro‘za tutish shifokorlar tomonidan tavsiya etilmaydi. Bu kasalliklar to‘la to‘kis davolanilgandan keyin shifokor maslaxati bilan ro‘za tutish tavsiya qilinadi. Shu sababli ro‘zadan 1-2 oy oldin profilaktik davoni o‘tash ro‘zani qiyinchiliksiz tutishga omil bo‘ladi. O‘t pufagida tosh kasalligi bor bemorlarga ro‘za tutish tavsiya etilmaydi.

Savol: Qanday kasallikka chalinganlar ro‘za tutishi salomatligiga zarar yetkazishi mumkin?

Javob: Jarroxlik amaliyotiga tayyorgarlik ko‘rilayotgan va jarroxlikdan keyingi davrda, doimiy dori talab qilinadigan kasalliklar: qand kasalligi, yurak, buyrak, jigar kasalliklarining og‘ir ko‘rinishlari, og‘riq bilan kechadigan va og‘riq qoldiruvchi dorilarni qabul qilishni talab qilinadigan kasalliklar, sil kasalligi, o‘sma kasalligining ayrim turlarida ro‘za tutish maqsadga muvofiq emas. Bunda ro‘za tutishni niyat qilganlar shifokor bilan maslahatlashishi lozim.

Savol: Keksa va o‘smir yoshdagilarning ro‘za tutishida muammo bo‘lmaydimi?

Javob: Keksa yoshdagi kishilar agar quvvati yetsa ro‘z tutishida muammo yo‘q. Agar quvvatdan qolgan, o‘ta zaif bo‘lsa ehtiyot bo‘lganlari ma’qul. Xuruj qiladigan kasalligi bor o‘smirlarga ham ro‘za tutish tavsiya etilmaydi. Sog‘lom voyaga yetgan o‘smirlar ro‘za tutishlari o‘zlari uchun foyda.

Ro‘zadorlarga tavsiyalaringiz: Ro‘za insonlar uchun foydali va manfaatli amallar sirasiga kiradi. Fikrimcha dinimiz bizga qanday amallarni vazifa qilib yuklasa albatta unda ham ruhimiz ham tanamiz uchun ulkan ijobiy tasirlar bor.

Faqat ro‘za tutayotganda har bir inson o‘zini psixologik va ruhiy jihatdan sozlab olmoqligi lozim. Bunda saharlik va iftorlikda ortiqcha taomlanmaslik, dasturxonni haddan ziyod bezab, tana uchun murakkab bo‘lgan ozuqalarni muhayyo qilish ro‘zadorning salomatligiga ham, ruhiyatiga ham o‘ta zararlidir.

Ro‘za tutgan inson yaxshi kayfiyatda, samimiy va go‘zal axloqda yursa atrofdagilarga ijobiy energiya tarqatadi. Shunda o‘zi ham yaqinlari ham  ko‘plab foydalarga erishadi. 

 

Saidabror Umarov suhbatlashdi

Ramazon-2020
Boshqa maqolalar

“Qiroat qilib ko‘tarilaver”

14.05.2025   2330   3 min.
“Qiroat qilib ko‘tarilaver”

Tartil bilan Qur’oni karimni qiroat qilish muhim amallardan biri bo‘lib, harflarni maxrajlaridan chiqarib, Allohning kalomini tushunib, tajvid qoidalari bilan to‘g‘ri o‘qishni anglatadi. “Tartil”ning lug‘aviy ma’nosi “biror narsani dona-dona qilib terish”ni anglatadi.

Qur’oni karim Alloh taoloning kalomi bo‘lib, uni tartil bilan o‘qish U zotning buyrug‘idir. Muzzammil surasi 4-oyatda shunday deyiladi: “Va Qur’onni tartil bilan tilovat qil”.

Ali roziyallohu anhudan oyatning ma’nosini so‘rashganda, “tartil – harflarni yaxshilash, vaqf o‘rinlarni bilish”, deb javob qilganlar. Jabroil alayhissalomga Muhammad alayhissalom Qur’onni tartil bilan o‘qib berganlar.

Tartil bilan Qur’on qiroat qilish uchun bir qancha qoidalarga rioya qilish lozim. Ular quyidagilarni o‘z ichiga oladi:

  1. Tajvid qoidalariga rioya qilish: “Tajvid”ning lug‘aviy ma’nosi “sifatini oshirish, ziynatlash, chiroyli qilish”ni bildiradi, istilohda Qur’ondagi so‘zlarning har birini o‘z miqdori va sifatida talaffuz qilish, iste’lo va istifola harflarini bir-biridan farqlab, tafxim, tarqiq, idg‘om, izhor kabi qoidalarga amal qilib o‘qishni anglatadi.
  2. Dona-dona, bir maromda va aniq o‘qish: Tartil bilan o‘qishda shoshilmaslik, har bir kalimani aniq tarzda o‘qish muhimdir. Bu oyatlarning ma’nosini tushunishga yordam beradi. Imom Shofeiy tartilning eng ozi tilovatda shoshilishni tark etishdir deganlar.
  3. Ma’nolarini tadabbur qilish: Qur’on ma’nolarini anglash tartilning muhim qismidir. Oyatlarning ma’nosini bilish ularni qalbga singdirishga yordam beradi.
  4. Ixlos va taqvo: Qur’onni faqat Allohning roziligi uchun o‘qish kerak. Ixlos bilan o‘qilgan Qur’onning barakasi va savobi ulug‘ bo‘ladi.
  5. Poklik va ehtirom: Qur’onni tahorat bilan o‘qish, tinch joyda va e’tibor bilan o‘qish tartilning sifatini oshiradi.

Tartil bilan Qur’on o‘qishning foydalari juda ko‘p. Ulardan ba’zilari:

  • Ruhiy oziq: Qur’on qalb uchun nurdir. Uni tartil bilan o‘qish insonning ruhini yanada sayqallaydi va Allohga yaqinlashtiradi.
  • Savob: Har bir harf uchun ko‘plab savob beriladi. Tartil bilan o‘qish bu savobni yanada oshiradi.
  • Qalb xotirjamligi: Qur’on qiroatining ovozi va ma’nosi qalbga taskin beradi, stress va tashvishlarni kamaytiradi.
  • Ilm: Qur’on ma’nolarini anglash va tajvidni o‘rganish orqali insonning bilimi rivojlanadi.
  • Shafoat: Qur’on qiyomat kuni o‘quvchilariga shafoatchi bo‘ladi.

Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Qur’on sohibiga: qiroat qilib ko‘tarilaver. Dunyoda qandoq tartil qilgan bo‘lsang, xuddi shundoq tartil qil. Albatta, sening manziling oxiri qiroat qilgan oyating makonidan bo‘ladir, deyiladi”, dedilar”, (Imom Termiziy rivoyati).

Zafar qori Mahmudov,
Toshkent Islom instituti “Qur’on ilmlari” kafedrasi o‘qituvchisi.