Hakimul ummat, Mavlono Ashraf Ali Tahanoviy rahmatullohi alayh shunday deydilar:
Ulamolar aytadilarki, ro‘zaning bu darajada o‘ta fazilatli bo‘lishining sababi, unda ziyoda ixlos bo‘lishi va riyo yo‘qligidir. Hattoki, agar biror kimsa riyo (xo‘jako‘rsinlik) qilsa ham, o‘shandayam riyo bo‘la olmaydi. Boshqa ibodatlarning xilofidaki, ularda riyo qilishlik ila riyo bo‘la oladi. Shu sababdan ro‘zada izhori qovliyga (ya’ni, men ro‘zaman deb til ila oshkor qilishlikka) ham ijozat bor.
Bu yerda ikki da’vo bor. Biri, oshkor qilishlikka ijozat, ikkinchisi, bu o‘rinda oshkor qilishlik ila ham riyo bo‘lmaydi, deyishlik.
Ijozatning dalili shuki, hadisi sharifda "Qachonki, sizlardan biringiz ro‘zador bo‘lsa va u bilan birov janjallashsa, u holda men ro‘zadorman desin" deyilgan. Nabiy sollallohu alayhi vasallam izhori qovliyga ijozat berganlar.
Endi, oshkor qilishlik ila ham riyo bo‘lmasligi qoldi. Buning sababi shuki, unda ixlos shu darajada kuchliki oshkor qilishlik ila ham riyo bo‘lmaydi. Holbuki, tashdan qaraganda til ila "men ro‘zadorman" deyishlik ila riyo bo‘lib qolishi shubha qilinadi. Biroq men aytamanki, o‘shanda ham riyo bo‘lmaydi. Buning sababi shuki, avvalo jaliy ibodat (ya’ni, shakl va hay’ati ko‘rinib turgan ibodat) masalan, aynan namozda ham uning suratini o‘zi fe’lga dalolat qiladi. U surat bu ibodatdir, bu namozdir deydi. Bu yerda (ro‘zada) esa surat o‘zi til ila aytishligidan ham u haqiqatda ro‘zadormi yoki ro‘zador emasligi ma’lum bo‘ladimi?. Chunki, agar biror ro‘zador bo‘lmagan kimsa ham men ro‘zadorman desa, u holda uning da’vosi eshituvchilar nazdida rost bo‘ladi.
Agar biror kimsa, "men ro‘zadorman" deyishlik ila nega riyo bo‘lmaydi? desa, uning javobi shuki, haqiqatda bundan riyo bo‘lmaydi. Yo‘qsa, Nabiy sollallohu alayhi vasallam unga ijozat bermas edilar. Magar, hadisda mavjudki, "Ro‘zada janjallashish yo‘q. Agar biror kimsa uni haqorat qilsa, u holda men bugun ro‘zaman, shuning uchun hech narsa demayman desin" deyilgan.
Qachonki, hadisda izhori sovmga (ya’ni, ro‘zasini oshkor qilishga) ijozat bo‘lsa, u holda men ro‘zaman, men ro‘zaman, deyishlik ila ham riyo bo‘lmaydi. Yo‘qsa, riyoga ijozat lozim keladi va bu mumkin emas. Bu naqliy javobdir.
Aqliy javob shuki, men ro‘zaman deyishlik ila qanday qilib riyo bo‘lishi mumkin? Chunki, bu da’voning rost ekanligini bilishning biror surati yo‘q. Ehtimol, u g‘uslxonaga borib, suv ichgan bo‘lishi va tashqariga chiqib "men ro‘zadorman" degan bo‘lishi mumkin. Shuning uchun "men ro‘zaman" deyishlik ila ham riyo bo‘lmaydi.
Ha, agar biror shaxs riyo qasdi (niyati) ila bu jumlani aytsa, xuddi bugungi kunda ro‘zadorlar bugun saharlikka tura olmadik, saharlik qilmasdan ro‘zamiz, deb aytib yurganlari kabi. Goho chanqoqlik va hokazolardan shikoyat qiladilar. Bunda qasdi riyo (ya’ni, ho‘jako‘rsinlikni niyat qilishlik) gunohi bo‘ladi. Chunki, riyo gunoh bo‘lgani kabi, uni qasd qilishlik ham gunohdir. Magar bu yerda riyoning haqiqati mavjud emas.
Qachonki, unda riyo bo‘lmasa, u holda ixlos bo‘ladi. Qaysi ibodatda ixlos bo‘lsa, u holda u fazilatga sabab bo‘ladi. Endi, ro‘zada ixlos ziyoda bo‘lgach, uning fazilati yanada ziyoda bo‘ladi.
Chunonchi, ulamolar ro‘zaning xos fazilati aynan ixlos sababidandir deb ochiq-oydin ham yozganlar.
"Muborak Ramazon ahkomlari" kitobidan. Urdu tilidan
Toshkent shahar, Uch-tepa tumani, "Hazrati Ali" masjidi noibi-imomi Abdulqayyum Komil tarjimasi.
Insonning fe’li qiziq: biz ko‘pincha o‘zimizda yo‘q narsalar haqida qayg‘urib, qo‘limizdagi bebaho ne’matlarni odatdagi holdek qabul qilamiz. Vaholanki, biz oddiy deb bilgan qulayliklar, sog‘liq va boshqa imkoniyatlar sayyoramizning millionlab aholisi uchun eng katta orzu hisoblanadi.
Jumladan, bugungi tongni dunyo bo‘yicha 174 mingga yaqin inson qarshi ololmadi. Ayni damda 50 milliondan ortiq odam saraton kasalligi bilan kurashmoqda. 300 million inson ranglar jilosini ko‘rish baxtidan mahrum. 400 millionga yaqin kishi esa eshitish moslamalarisiz dunyo tovushlarini eshita olmaydi. 770 milliondan ortiq katta yoshdagi inson hanuzgacha o‘qish va yozishni bilmaydi. 2,5 milliarddan ziyod aholi global axborot va internet imkoniyatlaridan uzilgan holda yashamoqda. 6,5 milliard inson esa samolyotda umuman uchib ko‘rmagan...
Bu raqamlar shunchaki quruq ko‘rsatkichlar emas. Ular ortida millionlab insonlarning ana shunday ayanchli taqdiri yotibdi.
Agar siz hozir ushbu matnni o‘qiy olayotgan, atrofdagi ranglar va tovushlarni his qilayotgan, eng muhimi, yangi kunni sog‘-omon yashayotgan bo‘lsangiz, demak, siz sayyoradagi eng baxtli insonlardan birisiz. Shunday ekan, turmush tashvishlaridan nolishni to‘xtating. Yon-atrofga boqing: siz yashayotgan bugungi kunga kimlardir yetmadi. Demak, har bir xotirjam olingan nafas, har tinch otgan tong uchun Yaratganga hamdlar aytib, shukronalik kayfiyati bilan yashang. Chunki siz eng boy odamsiz!
Akbarshoh RASULOV