frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

Ro‘za nega bu darajada fazilatli va ahamiyatli?

30.04.2020   7316   4 min.
Ro‘za nega bu darajada fazilatli va ahamiyatli?

 

Hakimul ummat, Mavlono Ashraf Ali Tahanoviy rahmatullohi alayh shunday deydilar:

Ulamolar aytadilarki, ro‘zaning bu darajada o‘ta fazilatli bo‘lishining sababi, unda ziyoda ixlos bo‘lishi va riyo yo‘qligidir. Hattoki, agar biror kimsa riyo (xo‘jako‘rsinlik) qilsa ham, o‘shandayam riyo bo‘la olmaydi. Boshqa ibodatlarning xilofidaki, ularda riyo qilishlik ila riyo bo‘la oladi. Shu sababdan ro‘zada izhori qovliyga (ya’ni, men ro‘zaman deb til ila oshkor qilishlikka) ham ijozat bor.

Bu yerda ikki da’vo bor. Biri, oshkor qilishlikka ijozat, ikkinchisi, bu o‘rinda oshkor qilishlik ila ham riyo bo‘lmaydi, deyishlik.

Ijozatning dalili shuki, hadisi sharifda "Qachonki, sizlardan biringiz ro‘zador bo‘lsa  va u bilan birov janjallashsa, u holda men ro‘zadorman desin" deyilgan.  Nabiy sollallohu alayhi vasallam izhori qovliyga ijozat berganlar.

Endi, oshkor qilishlik ila ham riyo bo‘lmasligi qoldi. Buning sababi shuki, unda ixlos shu darajada kuchliki oshkor qilishlik ila ham riyo bo‘lmaydi. Holbuki, tashdan qaraganda til ila "men ro‘zadorman" deyishlik ila riyo bo‘lib qolishi shubha qilinadi. Biroq men aytamanki, o‘shanda ham riyo bo‘lmaydi. Buning sababi shuki, avvalo jaliy ibodat (ya’ni, shakl va hay’ati ko‘rinib turgan ibodat) masalan, aynan namozda ham uning suratini o‘zi fe’lga dalolat qiladi. U surat bu ibodatdir, bu namozdir deydi. Bu yerda (ro‘zada) esa surat o‘zi til ila aytishligidan ham u haqiqatda ro‘zadormi yoki ro‘zador emasligi ma’lum bo‘ladimi?. Chunki, agar biror ro‘zador bo‘lmagan kimsa ham men ro‘zadorman desa, u holda uning da’vosi eshituvchilar nazdida rost bo‘ladi.

Agar biror kimsa, "men ro‘zadorman" deyishlik ila nega riyo bo‘lmaydi? desa, uning javobi shuki, haqiqatda bundan riyo bo‘lmaydi. Yo‘qsa, Nabiy sollallohu alayhi vasallam unga ijozat bermas edilar. Magar, hadisda mavjudki, "Ro‘zada janjallashish yo‘q. Agar biror kimsa uni haqorat qilsa, u holda men bugun ro‘zaman, shuning uchun hech narsa demayman desin" deyilgan.

Qachonki, hadisda izhori sovmga (ya’ni, ro‘zasini oshkor qilishga) ijozat bo‘lsa, u holda men ro‘zaman, men ro‘zaman, deyishlik ila ham riyo bo‘lmaydi. Yo‘qsa, riyoga ijozat lozim keladi va bu mumkin emas. Bu naqliy javobdir.

Aqliy javob shuki, men ro‘zaman deyishlik ila qanday qilib riyo bo‘lishi mumkin? Chunki, bu da’voning rost ekanligini bilishning biror surati yo‘q. Ehtimol, u g‘uslxonaga borib, suv ichgan bo‘lishi va tashqariga chiqib "men ro‘zadorman" degan bo‘lishi mumkin. Shuning uchun "men ro‘zaman" deyishlik ila ham riyo bo‘lmaydi.

Ha, agar biror shaxs riyo qasdi (niyati) ila  bu jumlani aytsa, xuddi bugungi kunda ro‘zadorlar bugun saharlikka tura olmadik, saharlik qilmasdan ro‘zamiz, deb aytib yurganlari kabi. Goho chanqoqlik va hokazolardan shikoyat qiladilar. Bunda qasdi riyo (ya’ni, ho‘jako‘rsinlikni niyat qilishlik) gunohi bo‘ladi. Chunki, riyo gunoh bo‘lgani kabi, uni qasd qilishlik ham gunohdir. Magar bu yerda riyoning haqiqati mavjud emas.

Qachonki, unda riyo bo‘lmasa, u holda ixlos bo‘ladi. Qaysi ibodatda  ixlos bo‘lsa, u holda u  fazilatga sabab bo‘ladi. Endi, ro‘zada ixlos ziyoda bo‘lgach, uning fazilati yanada ziyoda bo‘ladi.

Chunonchi, ulamolar  ro‘zaning xos fazilati aynan ixlos sababidandir deb ochiq-oydin ham yozganlar.

 

"Muborak Ramazon ahkomlari" kitobidan. Urdu tilidan

Toshkent shahar, Uch-tepa tumani, "Hazrati Ali" masjidi noibi-imomi Abdulqayyum Komil tarjimasi.

Ramazon-2020
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Marg‘ilonning uch muqaddas qadamjosi

14.08.2026   45451   3 min.
Marg‘ilonning uch muqaddas qadamjosi

Marg‘ilon – Farg‘ona vodiysining eng qadimiy va o‘ziga xos shaharlaridan biri. Uning tarixini faqat me’moriy obidalar, qadimiy ko‘chalar yoki mashhur hunarmandchilik an’analari bilangina emas, balki asrlar davomida xalq e’zozida bo‘lib kelayotgan ziyoratgohlarsiz ham tasavvur etib bo‘lmaydi, xabar bermoqda O‘zA.

Shahardagi Pir Siddiq ziyoratgohi, Burhoniddin Marg‘inoniy Chillaxonasi va Kaptarli mozor ana shunday tarixiy-ma’naviy maskanlar sirasiga kiradi. Ularning har biri o‘z tarixi, rivoyatlari va xalq xotirasidagi o‘ziga xos o‘rniga ega.

Marg‘ilonning qadimiy ziyoratgohlaridan biri Pir Siddiq majmuasidir. Xalq orasida bu qadamjo bilan bog‘liq turli rivoyatlar avloddan-avlodga o‘tib kelgan. Ziyoratgoh Pir Siddiq nomi bilan bog‘liq bo‘lib, “siddiq” so‘zi arab tilida haqgo‘y, rostgo‘y, haqiqatga sodiq inson ma’nolarini anglatadi. Shu jihatdan ziyoratgoh nomi ham xalq tasavvurida ezgulik, iymon va rostgo‘ylik kabi fazilatlar bilan uyg‘unlashib ketgan. Majmuadagi me’moriy yechimlar, ayniqsa, gumbazli inshootlar va qadimiy qabrlar Marg‘ilonning o‘tmishdagi shaharsozlik va me’morchilik an’analaridan darak beradi.

Pir Siddiq ziyoratgohi nafaqat ziyorat maskani, balki Marg‘ilonning tarixiy xotirasini o‘zida mujassam etgan qadamjolardan biri sifatida ahamiyatlidir. Marg‘ilon tarixi buyuk alloma Burhoniddin Marg‘inoniy nomi bilan chambarchas bog‘liq. XII asrda yashab ijod qilgan alloma islom huquqshunosligi, xususan, hanafiy fiqhi taraqqiyotiga beqiyos hissa qo‘shgan. Uning butun islom olamida mashhur bo‘lgan “Hidoya” asari asrlar davomida muhim huquqiy manba sifatida qadrlanib kelgan.

Marg‘ilonda alloma nomi bilan bog‘liq Chillaxona ham xalqning ma’naviy xotirasida alohida o‘rin tutadi. “Chillaxona” atamasi odatda insonning ma’lum muddat xilvatda qolib, tafakkur, ibodat va ruhiy tarbiya bilan mashg‘ul bo‘ladigan joyini anglatadi. Burhoniddin Marg‘inoniy Chillaxonasi bilan bog‘liq rivoyatlar ham allomaning ilm yo‘lidagi mashaqqatli izlanishlari va ma’naviy kamolotini tasavvur qilishga yordam beradi. Bu maskanni faqat ziyoratgoh sifatida emas, balki buyuk allomaning ilmiy-ma’naviy merosini anglashga xizmat qiluvchi tarixiy xotira joyi sifatida ham baholash mumkin.

Marg‘ilondagi yana bir o‘ziga xos maskan – Kaptarli mozor. Uning nomi bilan bog‘liq xalq rivoyatlari turlicha. Ayrim hikoyalarda bu joyda kaptarlar ko‘p bo‘lgani, shu sababli mozor “Kaptarli” deb atalgani aytiladi. Kaptar esa xalq tasavvurida tinchlik, poklik va ezgulik ramzi sifatida qabul qilinadi. Kaptarli mozor haqidagi ma’lumotlarni ilmiy jihatdan chuqur o‘rganish Marg‘ilonning mahalliy tarixini yanada boyitishga xizmat qiladi. Buning uchun arxiv hujjatlari, qadimiy xaritalar, qabrtoshlaridagi yozuvlar, vaqf hujjatlari va xalq orasida saqlanib kelayotgan og‘zaki tarix namunalarini tadqiq etish muhim. Zero, xalq xotirasida asrlar davomida saqlanib kelayotgan rivoyatlar ham tarixiy-etnografik tadqiqotlar uchun qimmatli manba bo‘lishi mumkin.

Uch qadamjo – bir tarix. Pir Siddiq ziyoratgohi, Burhoniddin Marg‘inoniy Chillaxonasi va Kaptarli mozorni birlashtirib turgan asosiy jihat ularning Marg‘ilonning ma’naviy qiyofasini shakllantirishdagi o‘rnidir. Bu qadamjolar xalqning ajdodlarga hurmat, muqaddas joylarni asrash, ezgulik va ma’rifatni qadrlash kabi an’analarini o‘zida mujassam etadi.

Ularning har biri Marg‘ilon tarixining turli qirralarini namoyon etadi: Pir Siddiq – diniy-ma’naviy merosni, Burhoniddin Marg‘inoniy Chillaxonasi – ilm va tafakkur an’analarini, Kaptarli mozor esa xalq xotirasi va mahalliy rivoyatlarning uzviyligini ifodalaydi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari