Sayt test holatida ishlamoqda!
29 Noyabr, 2026   |   19 Jumadul soni, 1448

Toshkent shahri
Tong
06:03
Quyosh
07:22
Peshin
12:16
Asr
15:14
Shom
16:58
Xufton
18:15
Bismillah
29 Noyabr, 2026, 19 Jumadul soni, 1448

Kimning kitobi o'ng tarafidan berilsa

19.09.2023   1212   6 min.
Kimning kitobi o'ng tarafidan berilsa

«Osmon yorilsa. U (osmon) Rabbisiga bo'ysundi va itoat etdi. U bo'ysunishi, itoat etishni shart. Yer tekislansa. Va o'z ichidagi narsalarni otib chiqarib, xoli qolsa. U (er) o'z Rabbisiga bo'ysundi va itoat etdi. Shundoq bo'lishi shart. Ey inson! Albatta, sen Rabbingga yo'liqquningcha, harakatu urinishda bo'lasan va oxiri unga yo'liqasan.  Kimning kitobi o'ng tarafdan berilsa. Tezda osongina hisob qilinur. Va ahli huzuriga xursand holda qaytib borur. Kimning kitobi orqa tarafdan berilsa... U tezda o'ziga halokatni chaqirur. Va qizib turgan do'zaxga kirur. Chunki u (bu dunyoda) o'z ahli bilan xursand bo'lib o'tgan edi. Chunki u hech qachon orqaga qaytmaslikni o'ylagan edi» (Inshiqoq surasi, 1–14-oyatlar).

“Osmon yorilsa”. Oyati karima qiyomat va uning alomatlariga ishoradir.

“U (osmon) Rabbisiga bo'ysundi va itoat etdi. U bo'ysunishi, itoat etishi shart”.

Osmonning bo'ysunishi Alloh taoloning hukmiga itoat etishidir.

Rasululloh sollalohu alayhi va sallam: “Yer xamir kabi yoyiladi”, deganlar. Yer yoyilganda, undagi barcha notekisliklar tekislanadi.

“Va o'z ichidagi narsalarni otib chiqarib, xoli qolsa”. Ya'ni jasadlarni chiqarib, ulardan xoli bo'ladi. Ibn Jubayr aytadi: “O'z qa'ridagi jasadlarni chiqarib tashlaydi va ustidagi tiriklardan xalos bo'ladi”. Bir o'rinda bunday keladi: “U o'z qa'ridagi boyliklarni chiqarib tashlaydi. Uning tubida biror narsa qolmaydi”. Yana bir o'rinda: “Yer o'zidagi tog' va dengizlardan xalos bo'ladi”.     

“U (er) o'z Rabbisiga bo'ysunti va itoat etdi”, ya'ni, jasadlarini chiqarishda, ya'ni, Alloh taoloning amriga bo'ysundi.   

“Ey inson! Albatta, sen Rabbingga yo'liqquningcha, harakatu urinishda bo'lasan va oxiri unga yo'liqasan ham”.  Said Qatodadan rivoyat qiladi: “Ey odam bolasi, sening harakating sust. Kim sa'y-harakatini  Alloh taolo toatiga yo'llay olsa, shunday qilsin. Zero, kuch-quvvat faqat Alloh taolodandir”.

 “Kimning kitobi o'ng tarafdan berilsa”. Ya'ni, Mo'minga. “Tezda osongina hisob qilinur”, uning uchun hisob-kitobda mashaqqat bo'lmaydi. Oysha onamiz roziyallohu anho rivoyat qiladi: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Kim qiyomat kuni hisob qilinsa, azoblanadi”, dedilar. Oysha onamiz aytadi: “Men: “Yo Rasululloh, Alloh taolo: “Ammo kimning kitobi o'ng tarafdan berilsa, tezda osongina hisob qilinur” deb marhmat qilmaganmi? deb so'radim. Nabiy alayhissalom: “U hisob-kitob emas. U ko'rsatishdir. Kim bilan hisob-kitobda tortishilsa, u azoblanadi”, dedilar» (Imom Buxoriy, Imom Muslim, Imom Termiziy rivoyati),   

“Va ahli huzuriga qaytib borur”. Jannatda juftlari huri iynlar bo'ladi. “Hursand holda” ya'ni, ko'zi quvnagan mamnun holda. Rivoyat qilinishicha, ushbu oyati karima Abu Salama ibn Abdul Asad haqida nozil bo'lgan. Sababi u Makkadan Madinaga hijrat qilgan birinchi kishidir.

“Va ammo kimning kitobi orqa tarafdan berilsa...” Ushbu oyati karima Abu Salamaning ukasi Asvad ibn Abdul Asad haqida nozil bo'lgan. Qatoda va Muqotil: “Ko'ksi va suyagi ochiladi, so'ngra qo'li kirib orqasidan chiqadi. Kitobini shu tariqa oladi”, deganlar.  

“U tezda o'ziga halokatni chaqirur”. Halokatdan: “Voy sho'rim”, deb shovqin-suron soladi. “Va qizib turgan do'zaxga kirur”, harorati qizib turgan do'zaxga kiradi.                                   

“Chunki u (bu dunyoda) o'z ahli bilan xursand bo'lib o'tgan edi”. Ibn Zayd aytadi: “Alloh taolo jannat ahlini dunyoda mahzun yig'lovchi va qo'rquvchi qildi. Oxiratda esa xursnadchilik va jannat bilan mukofotladi”, dedi va ushbu oyati karimani o'qidi: “Albatta biz ilgari o'z ahlimiz davrasida U zotdan qo'rquvchilardan edik. Bas Alloh bizga marhmat qildi va bizni do'zax azobidan saqladi”(Tur surasi, 26–27-oyatlar). Do'zax ahlini esa dunyoda xursandlik, kulgu va vaqtichog'lik bilan vasflab: “Chunki u (bu dunyoda) o'z ahli bilan hursand bo'lib o'tgan edi”, dedi. 

“Chunki u hech qachon orqaga qaytmaslikni o'ylagan edi”. Ya'ni, odam qayta tirilib, hisob-kitob qilinishini, keyin yo mukofot yo jazoga tortilishini o'ylamagan edi.

 

“Tafsiri Qurtubiy” asosida

Qibray tumani bosh imom-xatibi

Mirodil MIRJAMILOV tayyorladi.

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Jumadan jumagacha 27-11-2026 yil

28.11.2026   7710   1 min.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

Videolavhalar