Islom dinida yilda bir oy, ya’ni Ramazon oyida ro‘za tutiladi. Ro‘za tutishlik Islomdan avvalgi ilohiy dinlarda ham mavjud edi. Uzoq yillar davomida, ro‘za inson salomatligiga zarar, degan shiorlar yangradi. Lekin fan, tabobat ilmi taraqqiy etgan hozirgi davrda dunyoning ko‘p joylarida “ochlik bilan davolash” muassasalari ishlab turibdi. Tib ilmi mutaxassislarining fikricha, bir yilda inson 28-32 kun ixtiyoriy ravishda o‘zini ovqatdan tiyishi, och qolishi kerak ekan. Bu bilan yil davomida oshqozon, ichaklarda to‘planib qolgan chiqindilar hazm bo‘lar ekan. Bu ixtiyoriy och qolish usuli, hozirda odamlar orasida keng tarqalgan o‘ttizga yaqin kasalliklarga davo bo‘lar ekan.
Ro‘za tutishning o‘ziga xos odoblari bor. Ro‘za tutuvchi kishi haddan tashqari to‘yib ovqatlanishi kerak emas. Albatta, keragidan ortiq ovqatlanish sog‘liqqa zarar. Kundalik ovqatlanishdan farqi – faqat tushlik qilinmaydi. Ro‘zani sog‘lom, tutishga qodir kishilarga buyuriladi. Homilador, emizikli ayollarga ro‘za tutishlikda yengillik beriladi. Bemorlar ro‘za tutmasalar ruxsat. Tuzalganlarida qazosini tutadilar.
Ro‘zaning foydalari juda ham ko‘p. U eng avval ro‘zadorda taqvodorlik hissini kuchaytiradi. Chunki yarim kechada faqat Allohning amrini bajo etish yo‘lida o‘rnidan turib, saharlik qilib, kun bo‘yi qaysi holatda bo‘lsa ham o‘zini ovqatdan, ichimliklardan va shahvatli narsalardan tiyib yurgan odam haqiqatda taqvodor bo‘ladi.
Ro‘za tutgan odam sabrli, bardoshli bo‘ladi. Shu bilan birga ixtiyoriy ravishda och qolib, ochlik nimaligini o‘z boshidan o‘tkazib, doimo och yurganlarning holini tushunib yetadi va ularning holidan xabar oladigan bo‘ladi.
Bir oy davomida o‘zini halol-pok narsalardan to‘xtatib turgan mo‘min-musulmon hech qachon yilning qolgan o‘n bir oyida ham harom narsalarga yaqin kelmasligi kerak.
Ilgari o‘tgan ulug‘larimiz ham “Batnul mar’i aduvvuhu” ya’ni, kishining qorni o‘zining dushmanidir deyishgan.
Arab tabiblaridan biri Xoris ibn Kolda: “Oshqozon - kasalliklarning uyidir, parhezkorlik esa, barcha davoning boshidir” degan.
Hukamolar to‘qlikning ellikka yaqin zararini sanaganlar: og‘irlik, charchoq, ko‘ngil ko‘rligi, g‘am, ruhiy zaiflik, gunohdan qo‘rqmaslik, hayosizlik, aqlning zaifligi, noshukrlik, axloqsizlik, notinchlik, shahvatparastlik, xotirasizlik, o‘limni esdan chiqarish, dunyoni ko‘p sevish, baxillik, xasislik, zulm, shaytonga ergashish, sabrsizlik, hikmatdan uzoq bo‘lish, qo‘rqoqlik kabi.
Shuning uchun mo‘min-musulmon haloldan bo‘lsa ham, yeyishni kamaytirish kerak. Kunda ikki marta ovqatlanish insonga kifoya. Ertalab va kechqurun. Xalqimizda bu odat yaqingacha bor edi. Hayotimizga Yevropa udumlari kirib keldi-yu, eng foydali odatlarimiz yo‘qoldi. Aslida doim to‘q bo‘lib yurishdan yiroq bo‘lish kerak. Buyuklarimiz shunday deyishadi: “Sog‘liq, xotiraning barkamol va go‘zalligi - o‘rtacha ochlikda yurishdir”. Ochlikdan maqsad haddan tashqari ochlik emas. Zakovatning rivojlanishi - mashaqqatning ozligi, qanoat, Alloh taoloning balo va azoblarini unutmaslik, o‘limga tayyor turish, doim tahoratli va ibodatli bo‘lish kabi amallarga bog‘liq. Zero, oz yegan kishining tashvishi ham kam bo‘ladi. Bunday kam yeb, kam xarjlaydigan kishi orttirganlarini faqir, yo‘qsil va miskinlarga berishi mumkin. Qiyomat kunidagi eng och insonlar bu dunyoda qorinlarini doimo to‘yg‘azib yurganlardir. To‘qlarning oxiratda och qolishlaridan biriga sabab, ularning bu dunyoda malakut olami va Haq kalomidan bexabar o‘tib ketganlaridir. Zero, har bir mo‘minning kelajakda sodir bo‘ladigan hodisalarni ko‘rib anglaydigan bir farosat nuri bo‘ladiki, nafslariga qul bo‘lganlarning bundan xabarlari bo‘lmaydi. Luqmoni Hakim aytganki: “Ey farzand qorningni bosib-tiqib to‘ydirsang, fikr xazinalaring quriydi, tafakkur qilolmaydigan ahvolga tushasan, sendan hikmat degan ne’mat ketadi, a’zolaring ibodat qilishdan qoladi.[1]”
Shu o‘rinda din bo‘yicha sun’iy bosim ko‘tarilib, odamlar o‘z ixtiyorlari bilan islomga qaytayotgan paytda bo‘lib o‘tgan bir hodisa yodga tushadi. Oliy o‘quv yurtlarida uzoq vaqt rahbar lavozimlarda ishlab kelgan bir kishi Ramazondan keyin ham ro‘za tutish lozimligini qayta-qayta takrorlar, ulamolardan qaysi kunlari qandoq ro‘za tutilishini tushuntirib berishni so‘rar edi. U kishidan nima uchun bu masalaga qiziqib qolganini so‘rashdi.
“Ochig‘ini aytsam, bu yil birinchi marta to‘liq ro‘za tutdim”, dedi u va o‘z gapida davom etib quyidagilarni aytdi:
“Ro‘zaning foydasi juda ham ko‘p ekan. Buni men o‘z tajribamda his qildim. Ibodat, taqvo, sog‘lik masalasida hech gap yo‘q. Hammasi ma’lum. Hatto odamlar bilan bo‘ladigan muomalada ham foydasi ko‘p ekan. Ilgarilari ish bitirish uchun deb yolg‘on-yashiqni gapiraverar edik. Ro‘za tutgan odam hech yolg‘on gapira olmay qolar ekan. Hatto, bir og‘iz ham yolg‘on gapirmay qo‘ydim. Ro‘za yolg‘on gapirib, ish bitirib ketish payti kelganda ham ro‘za og‘zim bilan yolg‘on gapiramanmi, deb o‘zimni to‘xtatib qolmoqdaman. Menimcha, ramazondan keyin ham vaqti-vaqti bilan ro‘za tutib turilsa bu holatni ushlab qolishga yordam bersa kerak”.
Ha, bu gaplarda jon bor. Yuqoridagi holatdan mutaxassis ulamolar rejali ilmiy izlanishlar olib borsalar, samarali natijalar chiqishi turgan gap.
Endi ro‘zaning ilmiy mo‘jizalariga o‘taylik. Ma’lumki, ro‘za farz bo‘lgan dastlabki davrda musulmonlar farz ibodatini ado etish mas’uliyati hissi ila ro‘za tutaverganlar. Keyinchalik boshqa xalq, millat va elatlar bilan aralashildi. Ularning savollariga, e’tirozlariga yoki Islomga nisbatan qilgan tanalariga javob berib borib islomiy ibodatlarning, jumladan, ro‘zaning hukmlari, axloqiy foydalari va o‘sha zamon ruhi va talabiga mos tomonlari shart qilindi, tushuntirildi.
Keyinchalik, xususan, bizning asrimizda Islom dushmanlari unga ilm nomidan hujum boshladilar va ta’na toshlarini otdilar. Ular tomonidan Islom dini ilm dushmani, islomiy ibodatlar ilmiy asosga ega emasligi, insonlar uchun zararli ekani keng bayon qilindi. Jumladan, ro‘za sog‘liqning kushandasi, inson shaxsiyatini tamomila buzib tashlaydigan omil sifatida vasf etildi.
Lekin oxir-oqibatda ro‘za koni foyda ekani, usiz sog‘liqni saqlash mumkin emasligi, ro‘za ko‘plab kasalliklarning davosi ekani isbot qilindi. Eng qizig‘i, bu ilmiy kashfiyotlarning hammasi musulmon bo‘lmagan kishilar tomonidan qilindi va qilinmoqda.
Mazkur ilmiy tajribalarning natijalari Islom dinida bundan o‘n besh asr ilgari ro‘za tutishni farz qilinishi ilmiy mo‘jiza bo‘lganiga dalolat sifatida qabul qilinmoqda. Yoki boshqacha qilib aytadigan bo‘lsak, Alloh taoloning: “Ro‘za tutmog‘ingiz siz uchun yaxshidir”, degan oyati va Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning: “Ro‘za tutinglar, salomat bo‘lasizlar”, degan hadislari mo‘jizasi isbot bo‘lmoqda.
Tibbiy ilmiy izlanishlar oqibatida ro‘zaning turli jismiy va ruhiy kasalliklardan himoya qilish, ularning oldini olishda foydasi borligi sobit bo‘ldi. Jumladan:
Gohida ruhiy iztirob ham g‘izoni noto‘g‘ri ta’sir qilishga olib borishi mumkin. Ro‘za tutgan odam ruhiy, aqliy istiqrorga ega bo‘ladi. Chunki ro‘zador odam imoniy muhitda ko‘p ibodat, zikr, Qur’on tilovati qilib vaqt o‘tkazadi. Turli achchiqlanish, asabiylashish, urush-janjallardan yiroq bo‘ladi.
Omonjonov Zikrillo Xikmatillo o‘g‘li
[1] Burhoniddin al-Marg‘inoniy. Hidoya. “Adolat”. T-2001.
[2] Ro‘za ruh shifosi. Toshkent-2001. B: 24.
Dunyo shiddat bilan o‘zgarib, axborot oqimi misli ko‘rilmagan darajada tezlashgan asrda inson ongi eng katta kurash maydoniga aylandi. Bu maydonda esa eng xavfli qurol mutaassiblik va radikallashuvdir. Ko‘pincha "haqiqatni izlash" niqobi ostida boshlangan yo‘l, afsuski, ko‘plab insonlarni jamiyatdan uzilishga, oilasidan kechishga va oxir-oqibat fojiaga olib kelmoqda.
Biroq eng muhim savol ochiq qolmoqda: Xato qilgan, adashgan va mutaassiblik ko‘chasiga kirib qolgan inson uchun ortga yo‘l bormi?
Hech kim bir kunda radikal bo‘lib qolmaydi. Bu jarayon odatda bilimsizlikdan boshlanadi. Diniy yoki dunyoviy bilimlarning yuzakiligi insonni manipulyatsiya quroliga aylantiradi. Vaholanki, islom dini birinchi navbatda insonni fikrlashga va ilm olishga chaqiradi. Qur’oni karimda shunday marhamat qilinadi:
«Ayting: «Biladiganlar bilan bilmaydiganlar teng bo‘lurmi?!» (Zumar surasi, 9-oyat)
Bu oyat insonni ko‘r-ko‘rona kimgadir ergashishdan emas, balki aql va ilm bilan fikr yuritishga undaydi. Mutaassib inson esa izlanishdan to‘xtagan va faqat muayyan bir guruhning fikrini mutlaq haqiqat deb biladigan kishidir.
Mutaassiblikning eng katta xavfi dunyoni faqat "qora" va "oq"qa ajratishdir. Unda bag‘rikenglik yoki boshqacha fikrlashga joy yo‘q. Inson bu girdobga tushganda, atrofidagi hammani, hatto ota-onasini ham "osiy" sifatida ko‘ra boshlaydi.
Ammo tarix va bugungi kun tajribasi shuni ko‘rsatadiki, ortga qaytish nafaqat imkon bor, balki zarur hamdir.
Adashgan insonning ortga qaytishiga ko‘pincha qo‘rquv va jamiyatning nafrati xalaqit beradi. Bu yerda eng katta mas’uliyat yaqinlari va jamiyat zimmasiga tushadi. Adashgan insonni jarlikka itarib yuborish emas, balki unga qo‘l uzatish lozim. Zero, Payg‘ambarimiz alayhissalom marhamat qilganlaridek:
«Alloh taolo muloyimdir va muloyimlikni yaxshi ko‘radi. U Zot muloyimlik uchun qattiqqo‘llikka bermagan ajr-mukofotni beradi». (Imom Muslim rivoyati)
Tavba va qaytish yo‘lidagi ilk qadamlar:
To‘g‘ri yo‘lga qaytish imkoni har doim bor. Inson xato qilishi mumkin, lekin xatoda oyoq tirab turish — haqiqiy mag‘lubiyatdir. Mutaassiblikdan qaytish — bu faqat fikrni o‘zgartirish emas, bu — hayotga, oilaga va kelajakka qaytishdir.
Shermuhammad Boltayev,
Xorazm viloyati Shayx Qosim bobo
masjidi imom-xatibi