Xalqimizning ilmu ma’rifatini oshirish yo‘lida Ramazon oyining fazilatlarini keng tarannum etish, rahmat va mag‘firat oyi ekanini yetkazish hamda karantin sharoitida muxlislarimizni uyda ijod qilishga rag‘batlantirish maqsadida, Muslim.uz saytida “Oylar sultoni – Ramazon!” nomli maqolalar tanlovi e’lon qilindi.
❗️Tanlov 2020 yil 29 apreldan 23 maygacha davom etadi.
Tanlovga yuboriladigan maqolalar ramazon_tanlov2020@mail.ru elektron pochtasi yoki telegram messenjerida ochilgan @Ramazon_2020_bot orqali jo‘natiladi.
❗️ Yuborilayotgan maqolalarga quyidagi shartlar qo‘yiladi:
? ro‘zaning foydalari, uning ruhiy tarbiyaga oid jihatlari, hayotiy hikmatlari va mehr-oqibat hamda saxovatli bo‘lishga rag‘bat uyg‘otish;
? muborak oyni hozirgi epidemiya sharoitida uyda o‘tkazish, ilm-ma’rifatni boyitish bilan shug‘ullanish hamda yordamga muhtoj insonlarga xayru ehson qilishning fazilatlarini keng targ‘ib etish;
? hadislar va rivoyatlar sahihligiga e’tibor qaratish, uydirma ma’lumotlardan saqlanash;
? internet nashrlarida ko‘p e’lon qilingan maqolalarga o‘xshash bo‘lmasligi, yangicha yondashuvga ega bo‘lishiga alohida e’tibor qaratish;
? uslubiy va imlo xatolarsiz hamda yuqori saviyada tahrir qilingan bo‘lishi;
? internet yoki boshqa nashrlarda e’lon qilingan maqolalardan ko‘chirilgan materiallar tanlovda ishtirok etmaydi;
? Yuqoridagi shartlarga javob bergan maqolalar Muslim.uz portalida "Tanlovga!" degan yozuv ostida e’lon qilinadi.
Tanlov g‘oliblariga quyidagi mukofotlar topshiriladi:
3-o‘ringa – Smartfon.
2-o‘ringa – Planshet.
1-o‘ringa – Noutbuk.
Shuningdek, 7 nafar yuqori ball olgan ishtirokchilarga rag‘batlantiruvchi mukofot – kitoblar jamlanmasi taqdim etiladi.
? Barcha qalami o‘tkir ijodkorlarni karantin davrida tanlovda faol ishtirok etib, uydagi vaqtlarini mazmunli o‘tkazish va mukofotlarga sazovor bo‘lishga chorlaymiz.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Sobit ibn Ibrohim tahorat ola turib ariqda oqib kelayotgan bir olmaga ko‘zi tushadi va olmani olib yeydi. Olmaning yarmini yeb bo‘lganida, uning haqqi haqida o‘ylab qoladi. Shu xayolda Sobit ibn Ibrohim ariq chetidan yurib olma oqib chiqqan bog‘ga kiradi va bog‘ egasiga:
– Yeb qo‘ygan yarimta olmam uchun haqqingizni halol eting. Qolgan yarmi mana, oling, – deydi.
– Mayli, haqqimni halol etaman, faqat bir shartim bor, – deydi bog‘ egasi yigitning halol, taqvoli ekanini anglab.
– Shartingizni ayting, – deydi Sobit ibn Ibrohim.
Shunda bog‘ egasi:
– Bir qizim bor, uni nikohingga olasan. Lekin rozi bo‘lishingdan avval uning holatidan seni ogoh etishim lozim. Qizimning ko‘zi ojiz, hech narsani ko‘rmaydi, soqov – gapirmaydi va yana qulog‘i eshitmaydi – kar, qimirlamaydi – shol, – deydi.
Bog‘ egasining gaplarini eshitgan Sobit ibn Ibrohim lol bo‘lib qoladi. Yeb qo‘ygan yarimta olmaning haqqidan qo‘rqib, qizga uylanishga rozi bo‘ladi va:
– Mayli, taklifingizni qabul qildim, zora shu bilan Allohning roziligiga erishsam, – deydi.
Ota qiziga oq fotiha beradi. To‘y-tomoshalar o‘tgach, Sobit ibn Ibrohim salom berganicha qizning yoniga kiradi. Qiz salomga alik qaytargancha qo‘li ko‘ksida qulluq qiladi.
Yigit bo‘layotgan ishlardan hayratlanadi: “Bu juda g‘alati-ku, soqov emas ekan-da, salomimga javob berdi. Tik turibdi, demak shol ham emas. Qo‘li ko‘ksida, bundan chiqdi ko‘zlari ham ko‘radi”.
Yigit shoshgancha tashqariga chiqadi va qizning otasiga: “Bu menga va’da qilingan qiz emas-ku, ko‘r, soqov, kar va shol deganingizning boisi ne?!” – deydi.
“Nega endi?” – izoh beradi qizning otasi: “Bu o‘sha qiz. Ko‘zi ojiz deganim – uning ko‘zlari Alloh harom qilgan narsaga boqmagan, qulog‘ining karligi – Alloh harom qilgan narsalarga quloq tutmagan, soqovligi ham rost, chunki tili Allohning zikrigagina aylangan, sholligi – yomon ishga yurmagan”.
Sobit ibn Ibrohim birovning haqqidan qo‘rqqanligi evaziga oliy mukofotga erishadi. Vaqt o‘tishi bilan uning ayoli yer yuzini ilm va fiqhga to‘ldirajak bir zotga, buyuk Imom Abu Hanifaga homilador bo‘ladi.