Ramazon ro‘zasini tutishda, taroveh namozlarini o‘qishda, Qur’oni karimni xatm qilishda va boshqa xayrli ishlarni ado etishda Alloh taolo muvaffaqiyatlar ato etsin.
Bu ishlarni ixlos ila bajarib taqvo hosil qilgan kishilarga xushxabar yor bo‘lsin.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Ramazon oyi kirib kelishi bilan sahobalarini muborakbod qilar va bu oyning fazilatlarini bayon etar edilar, toki bu oyga tayyor bo‘lsinlar va bu fursatdan foydalansinlar.
Abu Hurayra roziyallohu anhu aytadi: “Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam sahobalariga xushxabar qilib, aytardilar: “Sizga muborak Ramazon oyi keldi. Alloh sizga uning ro‘zasini tutishni farz qildi. Bu oyda jannat darvozalari ochilur, jahannam qopqalari yopilur, itoatsiz jin-shaytonlar zanjirband qilinur. Bu oyda bir kecha bo‘lib, u ming oydan yaxshiroqdir. Kim o‘sha kechaning yaxshiligidan mahrum bo‘lsa, demak u mahrum bo‘libdi” .
Ulamolarimiz bu hadisni insonlar bir-birlarini Ramazon oyi bilan muborakbod etishlariga asos bo‘ladi, deyishadi. Nima uchun bir-birlarini tabriklashmasin, axir bu oyda jannat darvozalari ochilsa, jahannam qopqalari yopilsa, itoatsiz jin-shaytonlar zanjirband qilinsa, ming oydan yaxshiroq Qadr kechasi bo‘lsa...
Boshqa bir hadisda : “Bir nido qiluvchi: “Ey yaxshilik talabgori, savob ishlarga kirish! Ey yomonlik talabgori, gunoh ishlardan tiyil!”, deb nido qilib turadi. Allohning do‘zaxdan ozod qilinadigan bandalari bor bo‘lib, (Ramazonning) har kechasi shundoq bo‘lur”, deyilgan ya’ni, avvaldan do‘zaxga tushishga loyiq bo‘lib qolgan bandalardan ba’zilari Ramazoni sharif tufayli Alloh tomonidan kechirilib, do‘zaxdan ozod qilinurlar.
Bu va boshqa hadislar asosida Ramazon oyining ba’zi xususiyatlari va fazilatlari haqida to‘xtalamiz:
Bu oyda jannat darvozalari ochiladi va jahannam eshiklari yopiladi, chunki bu oyda jannatga kirish uchun sabab bo‘lgan xayrli ishlar va solih amallar ko‘proq bajariladi, do‘zaxga kirish uchun sabab bo‘lgan gunoh-ma’siyatlar kamroq sodir etiladi. Jannat darvozalari musulmonlarni xayrli ishlarga shoshilishga targ‘ib qilib ham ochiladi. Do‘zax eshiklari esa, gunohlardan qaytgan, istig‘for aytgan, afsus-nadomat chekkan, qayta qilmaslikka niyat qilgan holda tavba qilishga targ‘ib qilib yopiladi. Natijada, bu oyda vafot etgan va ruhi do‘zaxga mahkum qilingan kimsalar, bu oyning sharofati ila shu oyning oxirigacha do‘zaxga kiritilmay turadi. Jannatning barcha darvozalari ochilishi Ramazon oyida yer yuziga Allohning rahmati ko‘p nozil bo‘lishiga ham ishoradir.
Bu oyda itoatsiz jin-shaytonlar zanjirlar bilan bog‘lab qo‘yiladi, qo‘l-oyoqlariga kishanlar solinadi, natijada, insonlarni vasvasa qilisholmaydi, g‘arazli maqsadlariga yetisholmaydilar. Bu Allohning bandalariga nisbatan mehribonligi va lutfu inoyati bo‘lib, U Zot ularga o‘z nafslaridan g‘olib bo‘lishlariga yordam beradi va itoatsiz jin-shaytonlarning makr-hiylalaridan asraydi.
Ramazon oylarining sharofati ila mo‘min bandalarning kichkina gunohlari o‘z-o‘zidan kechirib yuboriladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Agar katta gunohlardan saqlanib yurilsa, besh vaqt namoz, juma namozi o‘zidan keyingi juma namozigacha, Ramazon kelgusi Ramazon oyigacha o‘rtada qilingan gunohlar uchun kafforot bo‘ladi” , deganlar.
Ramazon oyining oxirgi o‘n kunligining toq kechalaridan birida Qadr kechasi yashirilgan bo‘lib, u Qadr kechasi bo‘lmagan qamariy ming oydan yaxshiroqdir. Sahih hadislarda Qadr kechasi Ramazonning oxirgi o‘n kunlarining toq kechalaridan birida ekani bayon qilingan. “Arjah (haqiqatga eng yaqin) qavlga binoan, Qadr kechasi har yili mazkur toq kechalarda biridan-biriga ko‘chib yuradi” . “Ulamolarimiz Qadr kechasi bir yil u kechada, bir yil bu kechada bo‘lib, ko‘chib yuradi, degan fikrni aytganlar” .
Mana shu bir kechada bajarilgan ibodat sakson uch yildan ko‘proq muddat ichida qilingan ibodatga teng bo‘ladi. Bir kecha! Aniqrog‘i, tarovih namozidan qaytganingizdan keyin saharlikkacha bor-yo‘g‘i to‘rt soatlik kecha. Agar siz bu muborak kechani toat va ibodatda o‘tkazsangiz, go‘yo siz bu toat-ibodatni sakson uch yildan ko‘proq vaqt davomida tinmay bajarayotgandek bo‘lasiz.
Ramazon oyining har kunida qabul bo‘ladigan bir duo bor. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Albatta, Ramazonning har kunida barcha musulmonlar uchun qabul bo‘ladigan bir duo bor”, deganlar . Agar bu duo ro‘za paytida ayniqsa, iftordan salgina oldin qilinsa, maqsadga muvofiq bo‘ladi. Yana Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Uch kishining duosi qaytarilmaydi: adolatli imom, ro‘zador to iftor qilgunicha va mazlumning duosi” .
Ramazon Qur’on tilovati, zikr va istig‘for oyidir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bu oyda Qur’onni to‘liq Jabroil alayhissalom nazoratlaridan o‘tkazib olar edilar. Vafot topadigan yillarida esa, Qur’onni bu ulug‘ farishtadan ikki marta o‘tkazib olganlar. U zot Ramazon oyida Qur’on tilovatini kuchaytirib, tungi namozdagi qiroatlarni uzaytirardilar. O‘tgan solihlarimiz ham bu oyda Qur’onni bir necha bor xatm qilib chiqishardi.
Bu oy xayr-ehson oyidir. Zero, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bu oyda boshqa oylarga qaraganda yanada saxiyroq bo‘lib ketardilar. Abdulloh ibn Abbos aytadilar: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam insonlarning eng saxovatlisi edilar. Ramazon oyida yanada saxovatliroq bo‘lib ketardilar .
Bu oyning xususiyatlaridan biri Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ushbu hadislarida mujassamdir: “Kim iymon ila, savob umidida Ramazon ro‘zasini tutsa, uning o‘tgan gunohlari kechiriladi. Kim iymon ila, savob umidida Ramazon kechalarining ma’lum bir qismini tarovih namozini o‘qish bilan o‘tkazsa, uning o‘tgan gunohlari kechiriladi. Kim iymon ila, savob umidida Qadr kechasini toat-ibodatda o‘tkazsa, uning o‘tgan gunohlari kechiriladi” .
Bu oy tungi namozlar va nafl ibodatlar oyi hamdir. “Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam Ramazon kechalarini ibodat bilan o‘tkazib chiqardilar. Qachon oyning oxirgi o‘n kuni kelsa, oila a’zolarini va namozga kuchi yetadigan katta-yu kichikni uyg‘otardilar” . Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning uyda o‘qiydigan nafl ibodatlarini Ramazonda masjidga chiqib, jamoat ko‘z o‘ngida uch kun mobaynida o‘qiganlari U zotning bu oydagi tungi namozlarga kuchli e’tibor qaratganlaridan darak beradi. Sahobalar bu oyda U zotning nafl namozlarga bo‘lgan e’tiborlarini ko‘rib, uni o‘zlariga doimiy odat qilib olganlar. Bu yaxshi odat hozirgi kungacha davom etib kelmoqda. Ramazon oyidagi tungi namozlar fiqh istilohida “tarovih” deyiladi. Bu namozni o‘qish barcha muslim va muslimalar uchun sunnat hisoblanadi. Musulmonlar g‘ofil qolib, bu namozni o‘tkazib yubormasliklari kerak. Chunki Ramazondagi nafl namozlar uchun beriladigan ulug‘ savoblar boshqa oylarda berilmaydi.
Ramazon oyida qilingan umraning savobi haj savobiga teng, hatto Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan birga qilingan hajning savobiga tengdir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ramazondagi umra hajga teng” , “Ramazondagi umra men bilan birga qilingan hajning savobiga tengdir” , deya marhamat qilganlar.
Bular Ramazon oyining ayrim xususiyatlari va fazilatlaridir. Demak, Ramazoni sharif har bir musulmon banda uchun ulkan savoblar topib qolish, do‘zaxdan ozod bo‘lib olish uchun juda ham qulay fursat ekan. Shuning uchun ham bu oyning kelishidan xursand bo‘lishimiz, yaxshi kutib olishimiz va bu fursatdan har birimiz unumli foydalanib qolishimiz darkor. Buning uchun esa, bu muborak oyning ro‘zasini ixlos bilan tutib, har bir daqiqasini g‘animat bilib, ko‘proq ibodat va yaxshiliklar qilib qolishimiz kerak.
O‘tgan ba’zi azizlarimiz Ramazondan oldin olti oy davomida Allohdan Ramazon oyiga yetkazishini so‘rab duo qilardilar, so‘ng yana olti oy davomida husni qabul qilishini so‘rab, duo qilardilar. Zero ular Ramazon oyidagi xayr-baraka, ulkan savob, mo‘l-ko‘l ajr-mukofot, Allohga qurbat hosil qilish kabi imtiyozlardan xabardor edilar.
Alloh bizlarga ham ularning yo‘llarini bersin, omiyn.
Abdul Azim Ziyouddin
Toshkent islom instituti o‘qituvchisi
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Janoza namozi tik turgan holda, quyidagi tartibda o‘qiladi:
1. Niyat qilinadi (Niyat qildim 4 takbirli janoza namozini imomga iqtido qilib o‘qimoqlikka, qiblam bo‘lmish muqaddas Ka’ba tomon yuzlandim, xolis Alloh uchun);
2. Faqat birinchi takbirdagina quloq qoqiladi (Allohu akbar);
3. Sano o‘qiladi:
“Subhanakallohumma va bihamdika va tabarokasmuka va ta’ala jadduka va laa ilaha g‘oyruk” (Allohim! Senga hamd aytgan holda Seni poklab yod etaman. Isming muborakdir. Ulug‘liging yuksakdir. Sendan o‘zga iloh yo‘q).
4. Ikkinchi bor takbir aytiladi (Allohu akbar);
5. Nabiy alayhissalomga salavot aytiladi:
“Allohumma solli ’ala Muhammadin va ’ala aali Muhammad. Kama sollayta ’ala Ibrohiyma va ’ala aali Ibrohiym. Innaka hamidum majiyd.
Allohumma barik ’ala Muhammadin va ’ala aali Muhammad. Kama barokta ’ala Ibrohiyma va ’ala aali Ibrohiym. Innaka hamidum majiyd” (Allohim! Ibrohim va uning oilasiga salavot yo‘llaganingdek, Muhammad va uning oilasiga salavot yo‘llagin! Albatta, Sen Hamiyd (barcha maqtovlar ila maqtalgan), Majiyd (shon-sharafi va qadri balandligi cheksiz) Zotsan. Allohim! Ibrohim va uning oilasiga barakot berganingdek, Muhammad va uning oilasiga barakot bergin!).
6. Uchinchi bor takbir aytiladi (Allohu akbar)
7. Duo o‘qiladi:
“Allohummag‘fir lihayyina va mayyitina va shahidina va g‘oibina va sog‘iyrina va kabiyrina va zakarina va unsana. Allohumma man ahyaytahu minna faahyihi ’alal Islam va man tavaffaytahu minna fatavaffahu ’alal iyman” (Allohim tirigimizni va o‘ligimizni, hozirimizni va g‘oyibimizni, kichigimizni va kattamizni, erkagimizni va ayolimizni mag‘firat qilgin. Allohim! Bizdan kimni yashatsang, Islomda yashatgin. Bizdan kimni vafot ettirsang, iymonda vafot ettirgin).
8. To‘rtinchi marta takbir aytiladi (Allohu akbar);
9. Ikki tarafga salom beriladi (Assalamu alaykum va rohmatulloh);
Janoza namozida qiroat ham, tashahhud ham bo‘lmaydi. Imom salom bergunicha kutib turiladi va u bilan birga salom beriladi.
Ikki haramda juma namozi o‘qilish tartibi:
4 rakat sunnat;
2 rakat farz;
4 rakat sunnat.
Ikki haramda juma kuni 2 azon va 1 takbir aytiladi:
Birinchi azon – bugun juma kuni ekani va juma namozi haqida eslatma uchun chaqiriq.
Ikkinchi azon – juma namozi azoni. Azon aytilishi bilan imom xutba o‘qishni boshlaydi.
Takbir – juma namozi o‘qish uchun aytiladi. 2 rakat farz namozi o‘qiladi.
Ikki haramda juma kungi farzdan oldingi va farz namozidan keyingi 4 rakatdan o‘qiladigan sunnat namozlarini 2 rakatli farz namozidan keyin 4 rakatdan 8 rakat qilib o‘qib olinadi. Shu tartibda juma namozi ado etiladi.
Mohira BAHODIR