Abu Hurayra roziyallohu anhu muborak oy haqida rivoyat qiladilar
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Alloh taolo “Odam bolasining hamma amali o‘zi uchun, faqat ro‘za Men uchundir
va uning mukofotini Men – O‘zim berurman”, dedi. Ro‘za saqlovchidir. Qachon qaysi biringiz ro‘zador bo‘lsa, fahshdan gapirmasin va baqir-chaqir qilmasin. Agar birortasi u bilan so‘kishmoqchi bo‘lsa, “Men ro‘zador odamman”, desin. Muhammadning joni qo‘lida bo‘lgan Zot ila qasamki, albatta, ro‘zadorning og‘zining hidi Allohning nazdida mushkning hididan xushbo‘yroqdir. Ro‘zadorga ikki xursandlik bordir. Ular ila suyungay”, dedilar.
Buxoriy, Muslim, Abu Dovud, Termiziy va Nasaiy rivoyat qilganlar.
* * *
Rasuli akram sollallohu alayhi vasallam: Ba’zi ro‘zadorlar borki, ularga ro‘zasi uchun ochlikdan o‘zga narsa bo‘lmas. Ba’zi tunda bedor bo‘lgan borki, ularga bedorligi uchun uyqusizlikdan o‘zga narsa bo‘lmas”, dedilar.
Ibn Moja, Ahmad va Hokim rivoyat qilganlar.
* * *
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Kim Ramazondan bir kunni Alloh bergan ruxsatsiz og‘zi ochiq holda o‘tkazsa, umrbod ro‘za tutib o‘tkazsa ham, uning qazosini ado eta olmas”, dedilar.
Buxoriy, Abu Dovud, Termiziy va Nasaiy rivoyat qilganlar
* * *
Rasuli akram sollallohu alayhi vasallam: “Odam bolasining hamma amali (savobi) ko‘paytirib berilur. Bir yaxshilikka uning o‘n mislidan to yetti yuz barobarigacha. Alloh azza va jalla: “Magar ro‘za Men uchundir. Uning mukofotini Men berurman. U shahvati va taomini Men uchun tark qilur”, dedi”, dedilar.
Buxoriy, Muslim, Abu Dovud, Termiziy va Nasaiy rivoyat qilganlar
* * *
Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Kim ramazon ro‘zasini imon keltirgan va savob umid qilgan holda tutsa hamda kechalari qoim bo‘lsa, uning oldin o‘tgan gunohlari kechiriladi”
Buxoriy va Muslim rivoyati
* * *
Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Kim yolg‘on gapirishni va unga amal qilishni qo‘ymasa, uning taomi va sharobini tark qilishiga Allohning ehtiyoji yo‘q”, dedilar
Buxoriy, Abu Dovud, Termiziy va Nasaiy rivoyat qilganlar.
* * *
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Ummatimga ramazon oyidan boshqa ummatlarga berilmagan beshta xislat berildi. Ro‘zadorning og‘zidagi hid Alloh nazdida mushkning hididan yaxshiroq; iftor qilgunlaricha maloikalar ularning gunohlarini kechirishini so‘raydilar; bu oyda shaytonning sarkashlari bog‘lanadi; bu oyda odamlar boshqa oylarda bo‘lmagan ixloslarini topadilar; bu oyda har kuni Alloh taolo jannatni ziynatlaydi va jannatga aytadi: “Mening bandalarimdan qiyinchilik va aziyatlar ko‘tarilishiga oz qoldi. Ular senga qarab yuradilar va oxirgi kechada ularning gunohlari kechiriladi”. “Ey Allohning elchisi, Laylatul-qadr o‘sha kechami?” deb so‘rashdi. Aytdilarki: “Yo‘q. Lekin amal qiluvchi amalini bajarsa, uning ajri mo‘l-ko‘l beriladi”.
Imom Bayhaqiy rivoyati
* * *
Rasuli akram sollallohu alayhi vasallam marhamat qilganlar: “Kimki Qadr kechasida imon-e’tiqod, qanoat va ishonch bilan tursa oldingi gunohlari kechiriladi, kimki Ramazon ro‘zasini imon-e’tiqod va ishonch bilan tutsa, oldingi qilgan gunohlari kechiriladi”.
Imom Buxoriy rivoyati.
* * *
Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Uch kishining duosi rad etilmaydi. Ro‘zadorning, to og‘zini ochgunicha, odil podshohning, mazlumning. Alloh ularning duolarini bulutlar uzra ko‘tarib, ular uchun osmon eshiklarini ochib qo‘yadi va ulug‘ Parvardigor: “Izzatimga qasamki, garchi bir muddat keyin bo‘lsa ham, albatta, senga yordam beraman”, deydi”, dedilar.
Ahmad va Termiziy rivoyati.
* * *
Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Ikki marta ketma-ket og‘iz ochmay ro‘za tutishdan ehtiyot bo‘linglar”, dedilar, shunda ular: “O‘zingiz tutasizku?!” deyishdi. Janob Rasululloh: “Meni Alloh kechasi yedirib-ichiradi. Sizlar qurbingiz yetadigan ishni qilishingiz lozim”, dedilar.
Imom Buxoriy rivoyati.
Munira ABUBAKIROVA
Imom Sufyon ibn Sa’id Savriy rahmatullohi alayh o‘z zamonida hadis rivoyat qiluvchilarning ko‘payib ketganini zikr qilib, shunday degan: “Bir kemada bir nechta boshliq dengizchi bo‘lsa kema g‘arq bo‘ladi!”. Ayni shu gapni hozirgi kunda shariatning nomidan gapirib fatvo berib yurganlarga ham qarata aytsa bo‘ladi. Sahobalar – Alloh ulardan rozi bo‘lsin – Qur’oni karim nozil bo‘lish davriga hamasr bo‘lsalar ham, shariatni Rasuli akram sollallohu alayhi va sallamni shaxsan o‘zlaridan o‘rgangan bo‘lsalarda, shariat nomidan biron gap aytishga shoshilmaganlar. Ulardan biron masala so‘ralsa, xato gapirib qo‘yishdan qo‘rqib, o‘zlaridan ilmliroq bo‘lganlarga havola qilib yuborardilar. Sahih Muslimda rivoyat qilinadi: Bir kishi Zayd ibn Arqam roziyallohu anhudan masala so‘radi. U esa: “Buni Baro ibn Ozibdan so‘ragin”, dedi. Baro ibn Ozib esa: “Zayd ibn Arqamdan so‘ra”, degan ekan. Abu Muhammad Romahurmuziy “Al-Muhaddis al-fosil” kitobida Abdurrahmon ibn Abu Laylodan quyidagini rivoyat qiladi: “Men ushbu masjidda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning bir yuz yigirmadan ortiq ansor sahobalar bilan ko‘rishganman. Ular Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning hadislarini rivoyat qilish mas’uliyatini bilganlari sababli o‘rniga boshqa kishi hadis aytib berishini istar edilar. Shunindek, ulardan birontasidan biron masala so‘ralsa, o‘rniga bu masalada boshqa ilmliroq kishi javob berishini hoxlardilar. Imom Sha’biydan bir kishi: “Agar sizlardan biron savol so‘ralsa qanday javob berardingizlar?”, deb so‘ragan ekan. Sha’biy rohmatullohu alayh: “Agar kimdir bizdan bir savol so‘rasa, biz yonimizdagi shergimizga, sen javob ber, deb havola qilar edik. Shu tariqa savol yana birinchi so‘ralgan kishiga qaytib kelar edi”, deb javob bergan ekanlar.
Agar salafi solihlar ilmni yashirib qo‘yish gunohidan qo‘rqmaganlarida edi, umuman fatvo berishga jur’at ham qilmagan bo‘lar edilar. Bu borada salaf ulamolardan juda ko‘p rivoyatlar bor. Ushbu rivoyatlar fatvo berish mas’uliyatidan naqadar ehtiyotkor bo‘lganlarini yaqqol ko‘rsatib beradi. Ammo bugungi kunda ahvol butunlay boshqacha, odamlar fatvo berishga oshiqadigan, mas’uliyatni o‘ylamay, bir-biri bilan birinchi bo‘lib savolga javob berishga musobaqalashadigan bo‘lib qoldilar. Shuningdek, mazhabsizlikni da’vo qiluvchi guruhlarning har bir mav’iza va nasihat majlisida ham aqida va fiqh masalalarida asossiz fatvolar ko‘p aytiladi. Ming afsuslar bo‘lsinki, hozirgi kunda oddiy bir haydovchi ham eng murakkab va chuqur masalalarda odamlarga fatvo berishdan tortinmaydi. “Men katta bobomdan eshitganlarim bor”, yoki “Uyimdagi eski kitoblardan o‘qib olganman”, deb halolni harom, haromni halol qilib qo‘yish holatlari juda ko‘p. Bu kabi shaxsiyatlar o‘qigan kitobidagi ma’lumotlar yoki eshitgan gaplari haqiqatga qanchalik mos, adashish va og‘ishlardan xoli ekani tekshirib o‘tirmaydilar ham. Aslida, bunday masalalarda hatto katta ulamolar ham xato qilib qo‘yishi mumkin, qolaversa, oddiy ustoz ko‘rmagan shaxsiyatlar haqida gapirmasak ham bo‘ladi. Eng xatarli tomoni shundaki, agar kitoblar ustozlarning nazoratisiz o‘qilsa, turli manbalardan chiqqan fatvolar bir masalada “shariat nomidan” biri halol, biri harom, biri to‘g‘ri, biri noto‘g‘ri, deb chiqarveradi. Bu esa birdam, xotirjam jamiyatning parchalanishiga, odamlarning shariatga nisbatan bee’tibor bo‘lib qolishiga olib keladi. Oqibatda, ummat qalbidan fatvoning hurmati, shariatning ulug‘vorligi va ulamolarning obro‘-e’tibori so‘nib boradi. Har kim o‘zicha fatvo beravirishi sababli odamlar orasida, masjid imomlari va yurt ulamolari haqida “Bularni faqat oylik oladigan paytidagina eshitamiz”, “Bularning barchasi haqni gapira olmaydilar”, degan gaplar keng tarqab qoldi. Aslida bu gaplarni tarqatganlarning maqsadi musulmonlar orasida nizo va fitna urug‘ini sochish, o‘z yurtining ulamolarining gapiga ishonmaydigan holatga olib kelib qo‘yishdir. Natijada musulmonlar birodar bo‘lib yelkadosh turish o‘rniga, o‘zaro janjallashib, bir-birini yomonlab, dushmanlashib ketadilar.
21 asr ijtimoiy tarmoq asri deb aytamiz. Musulmonlar diniy masalalarda javob olish uchun ijtimoiy tarmoqqa murojat qilishlari tabiiy. Hechkim, buni inkor ham qilolmaydi, qolaversa bu ishni man qilib qo‘yish mantiqqa to‘g‘ri kelmaydigan ish. Lekin, aziz xalqimiz bilishi lozim bo‘lgan narsa shuki, ijtimoiy tarmoqlardan beriladigan aksar fatvo va savollarga javoblar O‘rta Osiyoda amalda bo‘lib turgan hanafiy mazhabiga tamoman zid bo‘ladi. Bu fatvolarda keltirilayotgan hadislar va shunga o‘xshash siz nomini birinchi marotaba eshitayotgan kitoblardan keltirilgan naqllar sizni aldab qo‘ymasin. Aslida esa bu fikr na biror sahobadan, na biror tobeindan, na salaf ulamolaridan hech biridan rivoyat qilinmagan bo‘ladi.
Ibn Umar raziyallohu anhuning fatvosi, hazrati Ali roziyallohu anhuning qozi sifatida chiqargan hukmi, Ibn Mas’ud roziyallohu anhudan rivoyat qilingan naqllar, Abu Zarr roziyallohu anhuning amali va Zubayr ibn Avvom roziyallohu anhuning tutgan yo‘li ishonchli rivoyatlar bilan bizgacha yetib kelgan. Qolaversa, bularning barchasi sahobalar orasida e’tirozsiz qabul qilingan. Demak, sahobalarning barchasi ham o‘zlaricha ijtihod qilmaganlar, balki ichlaridagi eng ilmli kishilarga ergashganlar. Shuningdek, tobeinlar va ulardan keyingi avlod fuqaholarining ijmosi ham bor. Bu ijmo’ ularning fatvolari asosida tuzilgan manbalarda ochiq ko‘rinadi. Bu kabi manbalar sifatidan Abdurrazzoq, Vaki’ning va Ibn Abu Shaybaning “Musannaf”lari, Said ibn Mansurning, Bayhaqiyning “Sunan”lari, Ibn Abdulbarrning “Tamhid”i va “Istizkor”i kabi asarlarni ko‘rsatish mumkin. Bularning barchasi ushbu masalada sohta salafiy va bemazhablar tomonidan aytilgan shoz, ya’ni barchaga xilof gaplarni mutlaqo inkor qiladi. Bunday masala haqida ilm ahli bo‘lgan inson, yuqorida zikr etilgan manbalarga o‘xshash kitoblarni ko‘rmasdan turib, gapirishga haqli emas. Sahobalar va tobeinlarga nisbat beriladigan fikrlarning manbai aynan shu kabi kitoblardir. Kimki bu asarlarni ko‘rmasdan turib, biror fikrni sahoba yoki tobeinlarga nisbat bersa, u ilm ahli oldida uyatli holatga tushadi va ularning nazarida qadri tushadi. Bu esa qanday og‘ir oqibatlarga olib kelishini tushunish qiyin emas.
Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, biron masalada fikr bildirishdan ehtiyot bo‘ling. Unutmang ilm ota-bobolardan meros bo‘lib qolmaydi. Ilm kitoblardan, ustozlardan o‘rganiladi. Demak, yetti ajdodingiz ulamolar katta eshon bobolar bo‘lsa ham sizda biron masalada shariat nomidan gapirishga haqqingiz yo‘q. Qolaversa, oxiratining g‘ami bo‘lgan musulmon odam fatvo berishdan juda ehtiyot bo‘lishi kerak. Zero, xato aytilgan bir fatvoning oqibati jahannam bo‘lishi hech gap emas. Gapimizini Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilingan naqlni keltirib tugatamiz. Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhu aytadilar: “Sizlar orasida fatvo berishga eng jur’atli bo‘lganingiz — do‘zaxga kirishga ham eng jur’atli bo‘lganingizdir”. (Dorimiy rivoyati).
Mahmudjon Muxtorov
Mir Arab oliy madrasasi o‘qituvchisi