Sayt test holatida ishlamoqda!
14 Iyul, 2025   |   19 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:21
Quyosh
05:02
Peshin
12:34
Asr
17:40
Shom
19:59
Xufton
21:33
Bismillah
14 Iyul, 2025, 19 Muharram, 1447

Ro‘za tutish bilan yana qanday xayrli amallarni bajarish lozim...

28.04.2020   2767   8 min.
Ro‘za tutish bilan yana qanday xayrli amallarni bajarish lozim...
Ro‘za – muqaddas dinimizning asosiy ulug‘ ruknlaridan biri bo‘lgan ibodatdir. Bu oyda ochlik, tashnalik, nafsni tiyish bilan Alloh taologa qurbat, taqvo hosil qilinadi. Soddaroq qilib aytganda, bu muborak oyda Alloh taolo bandalari uchun har ikki dunyo saodatini ko‘zlab, bu ibodatni islomning ulug‘ farzlari qatoriga qo‘shgan. Chunki bu oy o‘zining yaxshiliklarga boyligi, qalblarda mehr-muruvvat tuyg‘ularining jo‘sh urishi bilan ham ahamiyatli va e’zozlidir.
 
Ramazon xayr-baraka oyidir. Chunki, bu oyda qilingan har bir nafl ibodat uchun farz amalining savobi, bitta farz amali uchun esa, boshqa oyda qilingan yetmishta farz amalining savobi beriladi. Shuning uchun Musulmonlar bu oyda Alloh taologa yoqadigan va uni rozi qiladigan amallarga shoshiladilar.
 
Bu oyda quyidagi xayrli amallar bajarilishi maqsadga muvofiq bo‘ladi:
 
- Ro‘za tutishlik. Ro‘za tutishlik faqatgina yeb-ichishdan tiyilish emas, balki har qanday ma’siyatlar va yolg‘on, tuhmat va g‘iybat kabi Allohning g‘azabini keltiradigan amallardan ham uzoq bo‘lish lozim.
 
- Qur’on tilovat qilish. Bu oyda Qur’on tilovat qilish Alloh taologa eng mahbub ishlardandir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aynan ramazon oyida Jabroil alayhis-salomga Qur’on o‘qib berar edilar. Bugungi kunlarda ham yuzlab qorilarimiz Qur’oni karim xatmini onlayn shaklda olib borishmoqdaki, bu holat elimizning xushnudligiga sabab bo‘lmoqda.
 
- Namozlarni ko‘paytirish. Farz bo‘lgan 5 mahal namozdan tashqari, sunnat va nafl ibodatlarini ham ko‘paytirish lozim. Xususan, xonadonlarda ahli oila bilan o‘qilishi belgilangan Taroveh namozlarini g‘animat bilish kerak.
 
- Zikrlarni ko‘paytirish. Bu oyda qilinadigan zikr, tasbeh va istig‘for uchun ko‘p savob beriladi. Bundan tashqari, bunday amallar yomonlik eshiklarini yopib, mag‘firat eshiklarini ochadi va qalbni xotirjam qiladi. Hamda nafsni harom ishlardan uzoq qiladi.
 
- Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam Ramazonda savob umidida kechalari ibodatu duo bilan qoim turgan mo‘minning gunohlari kechiriladi, deb marhamat qilganlar. Bu jihatga ham amal qilishimiz maqsadga muvofiq bo‘ladi.
 
- Silai-rahm qilish. Yaqinlar va qarindoshlarni ziyorat qilish. Chunki bunday amallar kishilar o‘rtasida o‘zaro muhabbat rishtalarini mustahkamlaydi.
 
Ramazon oyida muhtoj va kam ta’minlangan faqir miskinlarga sadaqa ulashmoq boshqa oylardagiga nisbatan savobi ko‘p hisoblanadi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam eng saxovatli Zot edilar. Ul zotning oldiga yordam so‘rab kelgan biror muhtoj noumid qaytmagan. Shunday bo‘lsada, rasulimiz alayhissalom aynan Ramazon oyida juda ham saxovatli bo‘lib ketar edilar.
 
‏Ibn Abbos bunday deb rivoyat qiladilar: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam barcha insonlar ichida eng saxovatlisi edilar. Ramazonda Hazrat Jabroil a.s. bilan uchrashganlarida sahovatlari yanada ortar edi. Hazrat Jabroil a.s. Janob Rasululloh s.a.v. bilan har kecha uchrashib, Qur’onni muzokara qilar edilar. Hazrat Rasululloh xayrli ishda kuchli shamoldan ham tez edilar” .
 
Saxiylik eng yaxshi insoniy xulqlardandir. Saxiylik najot topishning yo‘llaridandir. Alloh taolo saxiylikni insonlarning eng yaxshi fazilatlaridan sanab, saxiy kishilarga oxiratda ulkan ajr — savoblar bo‘lishi xabarini bergan.
 
Hozirgi pandemiya paytida butun dunyoda kuzatilayotgani kabi yurtimizda ham ishsizlar, yordam va ko‘makka muhtoj aholi soni ortishi qayd etilgan. Shu maqsadda, Muhtaram Prezidentimiz “Saxovat va ko‘mak” umumxalq harakatini yo‘lga qo‘yish tashabbusini ilgari surdilar. Bu haqda u kishi 20 aprel kuni sanoat, qurilish va infratuzilma tarmoqlari korxonalarining to‘liq ishlashini ta’minlash masalalari bo‘yicha o‘tkazgan videoselektor yig‘ilishida ma’lum qilgan.
 
“Yaqin kunlarda barchamiz uchun muqaddas bo‘lgan Ramazon oyi kirib keladi. Bu oyda ehtiyojmand va muhtoj oilalarga yordam ko‘rsatish ham qarz, ham farzdir. Shuning uchun ushbu muqaddas oyda har bir tadbirkor o‘zi faoliyat yuritayotgan hududda ijtimoiy himoyaga muhtoj aholini, avvalo mahalladoshlari, qo‘ni-qo‘shnilarini faol qo‘llab-quvvatlashi maqsadga muvofiq”, — degan davlatimiz rahbari.
 
Buning natijasida Ramazon oyida amalga oshiriladigan ehson va xayriyalar manzilli bo‘lishi, iftorliklarga sarflanadigan mablag‘lar va oziq-ovqat mahsulotlari aholining kam ta’minlangan qatlamlariga yo‘naltirilishi lozimligi ta’kidlandi.
 
Saxovat bu – avvalo, Allohga shukronalik qilishning bir belgisi. Axir, karam bilan saxoni ham Allohing o‘zi bandasiga ravo ko‘ribdimi, buning shukronasi bo‘lishi, ya’ni baxillik qilmaslik kerak-da.
 
Xabarlarda saxiylik va saxiylar haqida shunday deyilgan: “Saxiy kishining xatolarini kechiringlar, chunki Alloh taolo har bir qoqilganida uni qo‘lidan tutib turadi”.
 
Alloh taolo aytadi: “Sadaqalaringizni agar oshkora bersangiz, juda yaxshi. Bordiyu, kambag‘allarga pinhona bersangiz – o‘zingiz uchun yanada yaxshiroqdir va (U) gunohlaringizdan o‘tar. Alloh qilayotgan (barcha) ishlaringizdan xabardordir”. (Baqara surasi, 271-oyat).
 
Hazrati Ali aytganlariday, “Boylik ehson qilinsa – izzat, berkitilsa xorlik keltiradi”.
 
Albatta, Ramazon xayru eh­son oyi. Ezgulikka tashna xalqimiz bu oyda yanada saxovatli bo‘lishadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Sadaqalarning eng yaxshisi Ramazon oyida qilingan sadaqadir”, deganlar. Shun­ga ko‘ra zakot va nafl sada­qalarni ham Ramazon oyida ado etish yanada fazilatlidir.
 
Ali ibn Abu Tolib r.a. ta’kidlaganlaridek: “Eng ezgu ehson hojatmandga berilganidir”. Hayotda har xil vaziyatlarga duch kelamiz. Odam turli sabablarga ko‘ra nochor ahvolga tushib qolishi mumkin. Bugungi sinovli kunlar ba’zi bir yurtdoshlarimizning noqulay vaziyatga tushib qolishlariga sabab bo‘layotganligi hech birimizga sir emas. Ana shunday paytda birov nochor ahvolga tushib qolgan insonga saxiylik ko‘rsatib, hojatmandning joniga oro kirsa, nur ustiga nur bo‘ladi.
 
Robbimiz o‘z bandalarini doimo xayru saxovatli bo‘lishga buyuradi. Saxiylik insonga baxt-saodat keltiradigan va o‘zgalarning sevimli kishisiga aylantiradigan xislatdir. Mehr-muruvvat, hamjihatlik, saxiylik xalqimiz ardoqlagan, asrlar osha amal qilib kelayotgan go‘zal fazilat hamdir. Xayr-saxovat, saxiylik insonlar o‘rtasida mehr-oqibat rishtalarining mustahkamlanishiga, o‘zaro hurmat va totuvlikning ortishiga xizmat qiladi. Donolar aytganidek, “Aqlning qadri odob bilan, boylik qadri saxovat bilan oshadi”.
 
Alloh taolo barchalarimizni bu muborak, qutlug‘ oyda ojizlik bilan tutgan ro‘zalarimiz, amalga oshirayotgan barcha xayrli amallarimizni qabul aylasin. Bu oyni g‘animat bilib, komil inson fazilati bilan mohi Ramazoni sharifni oxiriga yetkazmoqlikni nasib etsin. Yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo, rizqimiz but bo‘lib, kelasi yilgi Ramazonga barchamizni sog‘ salomat yetib borishimizni nasib aylasin!
 
Rahmatulloxon USMONOV,
Qashqadaryo viloyat bosh imom xatibi
 
Ramazon-2020
Boshqa maqolalar

Majburlab erga berish durustmi?

11.07.2025   4742   1 min.
Majburlab erga berish durustmi?

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Savol: Ota-onam meni majburlab erga bermoqchi, bola bilan ko‘rishdim va ko‘nglim g‘ash bo‘lib qoldi. Keyin istixora o‘qishni boshladim va baribir ko‘nglim yumshamadi. Uydagilarga tushuntirdim, lekin meni eshitishmayapti. Men qanday yo‘l tutsam bo‘ladi?

Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Dinimizda xotin-qizlarni majburlab erga berishdan man qilingan. Zero, nikoh ikki tomonning roziligi bilan tuziladi. Juvon bo‘lsa, u bilan ochiqcha gaplashiladi, bokira bo‘lsa, undan izn so‘raladi. Bokira (rozilik alomatlari bilan) sukut qilsa, bu uning nikohga izn bergani bo‘ladi.

Barcha fiqhiy manbalarimizda kelin va kuyov o‘z roziligini bildirishi (iyjob va qabul) nikohning asosiy rukni ekani bayon qilingan. Kelin-kuyovdan biri nikohga rozi bo‘lmasa, nikoh durust bo‘lmaydi.

Ota-onaning vazifasi esa farzandini boylik, mansab yoki boshqa g‘arazlar sababli ko‘r-ko‘rona uylanish yoki erga tegishga majburlash emas. Balki farzandiga juft bo‘layotgan yigit yo qizning diyonati, xulq-odobiga va kasb-hunariga e’tibor qilishdir.

O‘z o‘rnida turmush qurayotgan farzand ham ota-onasining tavsiyalari o‘rinli bo‘lsa, qabul qilishi, qaysarlik qilmay ularning hayotiy tajribalaridan foydalanishi kerak.

Xotin-qizlarni majburlab erga berish holatlarida Payg‘ambarimiz alayhissalomning ayolga nikoh yo ajralishni tanlash ixtiyorini berganlari ma’lum. Hatto bir holatda qiz kambag‘al yigitni, ota-ona esa boy yigitni tanlaganida, u zot qizning ixtiyorini ustun qo‘yib: 


لم ير للمتحابين مثل النكاح
«Bir-birini yaxshi ko‘rganlar uchun nikohdan yaxshisi yo‘qdir", dedilar (Imom Ibn Moja rivoyati). Vallohu a’lam"

O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.