Muborak Ramazon oyi faziylatlari haqida Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning Ramazonning ilk kechasida musulmonlarning gunohlari kechirilishi haqida qilgan xutbalari, va Abu Muhammad Abdulloh ibn Abdurrahmon Samarqandiy Dorimiy o‘zining Sunaniy Dorimiy (saylanma) hadislar kitobida, Muborak Ramazon oyi faziylatlari haqida bayon qilingan hadislar.
Anas (roziyallohu anhu) dan:
“Ramazon oyi yaqinlashgach, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shom namozidan keyin qisqa bir xutba qildilar:
Siz va Ramazon oyi bir-biringizni kutib olish arafasidasiz. Shuni ham biling, qiblaga qarab namoz o‘qiganlardan, ramazonning ilk kechasi gunohlari kechirilmay qolgan odam bo‘lmaydi, -dedilar” (“Al kanz”, 4-jild, 305-bet; Ibn Najjordan). (Payg‘ambarimiz va Sahobalar hayoti kitobidan).
Abu Muhammad Abdulloh ibn Abdurrahmon Samarqandiy Dorimiy o‘zining Sunaniy Dorimiy (saylanma) hadislar kitobida, Muborak Ramazon oyi faziylatlari bayon qilingan quyidagi hadisi shariflar keltiriladi;
Abu Hurayra (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Alloh taolo: “Odam bolasining har bir ishi (amali) o‘zi uchundir. Birgina yaxshilik o‘ntadan to yetti yuz barorbargacha tengdir. Faqatgina ro‘za men uchundir va uning ajrini O‘zim berurman, chunki u (odam bolasi) ovqat va unga bo‘lgan ishtahasini ham, ichimlik va unga bo‘lgan ishtahasini ham meni deb tark etadi. Shunday ekan u (ya’ni, ro‘za) faqat Men uchundir va uning ajrini O‘zim beraman”, dedi”.
Anas ibn Molik (raziyallohu anhu) rivoyat qiladi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam birovni uylarida iftorlik qilsalar: “Agar uylaringizda ro‘zadorlar iftorlik qilsa va sizlarning pok taomlaringizdan yesa, sizlarning ustilaringizga farishtalar tushiriladi”, derdilar”.
Abu Hurayra (raziyallohu anhu) rivoyat qiladi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qachonki Ramazon oyi kirsa, osmon eshiklari ochiladi, do‘zax eshiklari yopiladi, shaytonlar kishanlanadi”, dedilar”.
Abu Hurayra (raziyallohu anhu) rivoyat qiladi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Kimki Ramazon oyini iymon va savob umidida bedor o‘tkazsa, uning o‘tgan gunohlari kechiriladi, kimki qadr kechasini bedor o‘tkazsa, uning o‘tgan gunohlari kechiriladi”, dedilar.
Uboda ibn Somit (raziyallohu anhu) rivoyat qiladi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bizlarni Laylatul Qadr haqida xabardor qilish uchun oldimizga chiqqanlarida musulmonlardan ikki kishi o‘zaro tortishayotgan edi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Albatta, men sizlarni Laylatul Qadr haqida xabardor qilish uchun chiqqandim. Falonchi bilan bilan falonchi o‘rtasida tortishuv bo‘layotganidan (uni) unutdim. Ehtimol bu xayrlidir. Uni oxirgi o‘n kunlikning beshinchi, yettinchi va to‘qqizinchi kechalaridan izlanglar”, dedilar”.
Jumamuratov Yaqub,
Taxiatosh tumani “Muhammad Murod eshon” masjidi imom-xatibi.
Namozga kirishda qo‘llar quloq barobarigacha ko‘tarilib, qo‘lning bosh barmog‘i quloqning yumshog‘iga yetkaziladi va "takbiri tahrima" aytib, namozga kiriladi. Qo‘llar ko‘tarilganda kaftning ichki tomoni qiblaga qaratilib, barmoqlar biroz ochilgan holatda bo‘ladi.
Namozga kirishda qo‘llar quloq barobarigacha ko‘tarilishi haqida bir qancha hadislar kelgan:
Voil ibn Hujr roziyalloxu anhu: "Men Nabiy sollallohu alayhi va sallamni namozga kirishda takbir aytib, qo‘llarini ko‘tarib, quloqlari barobariga ko‘targanlarini ko‘rdim", dedilar (Imom Muslim rivoyati).
Anas ibn Molik roziyalloxu anhu rivoyat qilgan hadisda: "Rasululloh sollallohu alayhi va sallam namozga kirishda takbir aytib, so‘ngra ikki qo‘llarini ko‘tarib, bosh barmoqlarini quloqlariga barobar qilar edilar" (Imom Hokim va Imom Doraqutniy rivoyatlari).
Ulamolarimiz: “Hadislarda kelgan "qo‘lni quloq barobariga ko‘tarish”dan maqsad uni quloqqa tekkizishdir, chunki quloqning yumshog‘iga qo‘l tegishi qo‘lning quloq barobariga ko‘tarilganining aniq belgisidir”, deganlar. Bu haqda “Raddul Muhtor”, “Lubob fiy sharhil kitob”, “Fatavoi Qozixon”, “Sharhul Viqoya”, “Majma’ul anhur” shu kabi bir qancha mo‘tabar fiqhiy kitoblarimizda bayon qilingan.
Uychi tuman "Xizirobod" jome masjidi
imom-xatibi Sherzod Rahimov
Manba: t.me/softalimotlar