Ezgulik va ehson, ibodat mavsumi Ramazonga yetganimiz ulug‘ bir ne’mat. Alloh taolo bu oyda gunohlardan poklanishimiz, nafslarimizni tarbiyalab, toatlarga o‘rgatishimiz uchun bizga ro‘zani farz qildi, Qur’on tilovatiga, kechalari qoim bo‘lishga, xayr-ehson qilishga undadi.
Shubhasiz, bu oyning eng ulug‘ ibodati ro‘zadir. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) aytdilar: “Odam bolasining har bir (yaxshi) amali savobi o‘n barobardan yetti yuz barobargacha ko‘paytirib beriladi. Alloh taolo aytdi: “Faqat ro‘za mustasno. Albatta, u Men uchun va unga O‘zim mukofot beraman. Banda shahvati va taomini Men uchun tark qiladi”” (Imom Muslim rivoyati).
Ro‘za insonni yolg‘izlikda ham, odamlar orasida ham Alloh taoloni unutmaslikka, toatlarga sabrli bo‘lishga, doim go‘zal xulqli bo‘lishga, Alloh qaytargan narsalardan uzoq bo‘lishga o‘rgatadi.
Ramazon – tarovih oyi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) mag‘firatga noil bo‘lish, ajru savoblarni ko‘paytirib olish uchun bu oy kechalarida ibodat bilan qoim bo‘lishga targ‘ib qilib: “Kim Ramazon kechalari imon bilan, savob umidida qoim bo‘lsa, o‘tgan gunohlari kechiriladi”, deganlar (Imom Buxoriy va Muslim rivoyati).
Tungi namoz mo‘minlar sharafi, solihlar odati, obidlar unsidir. U bandani Alloh taologa yaqinlashtiruvchi eng afzal amaldir. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) aytdilar: “Tungi namozni kanda qilmang. U sizlardan oldin o‘tgan solihlar odati, Rabbinggizga yaqinlik, gunohlarga kafforat, ma’siyatlardan qaytaruvchidir” (Imom Ahmad va Termiziy rivoyati).
Ramazon – Qur’on oyi. Alloh taolo marhamat qiladi: “Ramazon oyi – odamlar uchun hidoyat (manbai) va to‘g‘ri yo‘l hamda ajrim etuvchi hujjatlardan iborat Qur’on nozil qilingan oydir” (Baqara, 185). Ro‘zador bu oyni Qur’oni karim tilovati uchun g‘animat bilishi kerak. Qur’on ro‘zadorga shafoatchi va guvohdir. Nabiy (sollallohu alayhi va sallam) aytdilar: “Ro‘za va Qur’on qiyomat kunida bandaga shafoat qiladi. Ro‘za: “Ey Rabbim, men uni kunduzi taomdan va shahvatlardan tiydim, meni unga shafoatchi qil”, deydi. Qur’on: “Men uni tunda uyqudan qoldirdim, meni unga shafoatchi qil”, deydi va ikkalovi shafoatchi qilinadi” (Imom Ahmad va Tabaroniy rivoyati).
Ramazon – xayru saxovat oyi. Bu oyda boshqa oylarga qaraganda ko‘proq saaxovat ko‘rsatishga targ‘ib qilingan. Zero bu oyda qilingan sadaqa va ehsonlar savoblari ko‘paytirib beriladi. “Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) odamlarning eng saxiyi edilar. U zotning eng saxiy bo‘ladigan vaqtlari Ramazonda – Jabroil (alayhissalom) bilan uchrashganlarida bo‘lar edi. U zot Jabroil (alayhissalom) bilan Ramazonning har tunida uchrashib, Qur’onni dars qilishar edi. O‘shanda Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) saxovatda esayotgan shamoldan-da tez bo‘lib ketar edilar” (Imom Buxoriy va Muslim rivoyati).
Jamshid Shodiyev tayyorladi.
Masjidi Nabaviy Madina shahrida joylashgan bo‘lib, Islom tarixidagi eng muqaddas joylardan biridir. Masjid Muhammad sollallohu alayhi vasallam tomonidan hijratning birinchi yilida, 622 yili barpo etilgan va musulmonlar uchun Makkadagi Masjidul Harom va Quddusdagi Masjidul Aqsodan keyingi uchinchi muqaddas masjid hisoblanadi. Masjidi Nabaviydagi mehroblar masjidning tarixiy va ma’naviy ahamiyatini aks ettiradi.
Mehrob – masjidda namoz vaqtida imom turadigan va qiblani ko‘rsatuvchi joy. Masjidi Nabaviydagi kengaytirishlar va qayta qurish jarayonlarida mehroblar o‘zgarib borgan. Masjidning dastlabki ko‘rinishi sodda shaklda bo‘lib, mehrob ham biror bir narsa bilan belgilanmagan. Keyinchalik, Umaviylar, Abbosiylar, Usmoniylar va Saudiylar davrida mehroblar naqshinkor san’at namunalari bilan bezatildi.
1. Payg‘ambar mehrobi. Mehrobi Nabaviy Masjidi Nabaviydagi eng muhim va asosiy mehrobdir. Mehrob Ravzada, Payg‘ambar alayhissalomning qabrlari va minbarlari orasida joylashgan. Payg‘ambar alayhissalom davrlarida U zot namoz o‘qigan joyda biror belgi bo‘lmagan, 707-710 yilda ilk bor Umaviy xalifasi Valid ibn Abdulmalik tomonidan bu joyga birinchi mehrob o‘rnatilgan.
Masjidda hozirgi shakldagi mehrob 1482 yilda Mamluk sultoni Qaytbey tomonidan qurilgan bo‘lib, keyinchalik Usmonlilar va Saudiya podshohi Fahd davrlarida ta’mirlangan. Mehrob tilla bilan qoplangan xattotlik yozuvlari va go‘zal naqshlar bilan bezatilgan.
2. Usmoniy mehrobi. Mehrobi Usmoniy hozirda ko‘p foydalaniladigan asosiy mehrob bo‘lib, Usmon ibn Affon roziyallohu anhu davrida 651 yilda masjid kengaytirilganidan qurilgan. Qibla devorining markazida joylashgan Usmon ibn Affon mehrobi o‘rnida dastlab belgi bo‘lgan.
3. Mehrobi tahajjud. Mehrob Payg‘ambar alayhissalom tahajjud namozini o‘qigan joyni bildiradi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning tungi namozlarini Masjidi Nabaviyning ustunlaridan biri yonida o‘qir edilar. Keyinchalik bu ustun yonida mehrob qurildi, ammo so‘nggi yillardagi qayta ta’mirlash ishlarida olib tashlandi va uning o‘rniga Qur’oni karim mus'haflari uchun kitob javoni o‘rnatilgan.
4. Sulaymoniy mehrobi. Mehrobi Sulaymoniy Hanafiy mehrobi deb ham nomlanadi. Sulaymoniy mehrobi Ravzadan tashqarida, Payg‘ambar alayhissalom minbarlarining o‘ng tomonida joylashgan. Bu mehrob hanafiy mazhabidagilarning namozgohi bo‘lgan. 1532 yili Sulton Sulaymon I buyrug‘i bilan bunyod etildi.
5. Fotima mehrobi. Fotima rohiyallohu anho uylari yaqinida, tahajjud mehrobining janubida, Nabiy alayhissalom hujralari atrofida joylashgani, maqbara o‘ralgani bois mehrob ko‘rinmaydi.
Po‘latxon Kattayev,
TII Hadis va islom tarixi fanlari kafedrasi katta o‘qituvchisi.