Ro‘za qachon farz qilingan?
Rasululloh sollallohu alayhi va sallam Madinaga hijrat qilganlaridan bir yarim yil o‘tib, hijriy ikkinchi yilda Sha’bon oyida farz qilingan.
Ro‘zaning ta’rifi.
Ro‘za sog‘lom va qodir kishining niyat bilan subhi sodiqdan shomgacha yeb-ichish, jinsiy aloqa va ro‘zani ochuvchi boshqa narsalardan tiyilishidir.
Ramazon oyida ro‘za tutish Islomning besh asosiy ruknlaridan biri bo‘lib, u Qur’on, sunnat va ijmo’ bilan sobit bo‘lgan.
Ramazon ro‘zasi kimlarga farz?
Ramazon ro‘zasi farz bo‘lishi uchun banda musulmon, aqlli va balog‘atga yetgan bo‘lishi kerak. Ushbu toifadagilar Ramazon oyi kirishi bilan ro‘za tutishlari yoki mazkur oyda biron uzrlari bo‘lsa, keyin qazosini o‘tashlari kerak bo‘ladi.
Ramazon ro‘zasining shartlari.
Yangi oyni ko‘rib ro‘za tutish va ro‘za tutishni niyat qilish.
Ro‘zaning vojib bo‘lish shartlari.
Ro‘za tutishga to‘sqinlik qiladigan og‘ir kasalligi bo‘lmaslik, ayollarning hayz va nifosdan pok bo‘lishlari va muqim bo‘lish ro‘za tutishni vojib qiladi.
Ro‘za tutishning to‘g‘ri bo‘lish shartlari.
Ro‘za tutishni niyat qilish, ro‘zani buzadigan amallardan uzoq bo‘lish va ayollarning hayz va nifosdan pok bo‘lishlari ro‘zaning to‘g‘ri bajarilish shartlari sanaladi.
Ro‘zaning rukni.
Ro‘za tutgan odam qorin va jinsiy a’zolar maylini qaytarishi va ro‘zani ochuvchi boshqa ishlardan tiyilishi shart. Shundagina u ro‘za tutgan sanaladi. Aks holda uning ro‘zasi to‘g‘ri bo‘lmaydi.
Ro‘zaning odoblari.
Ramazon oyida noshar’iy ishlardan tiyilish, asosan tilni keraksiz so‘zlar, g‘iybat va tuhmatdan saqalash, ko‘zni nomahramlarga qarash va qo‘lni zulmdan tiyish, yaxshi xulqli, mehr-shafqatli va karamli-saxiy bo‘lish ro‘zaning odoblaridandir.
Ro‘zaning foydalari.
Ro‘zaning uxroviy – ruhiy foydalari.
– ro‘za bandada taqvodorlik hissini oshiradi;
– ro‘za tutgan banda o‘zi to‘q bo‘lsa-da, och-nahor yurgan beva-bechoralar holini o‘z tanasidan o‘tkazadi va ularga nisbatan rahmdil bo‘ladi;
– ro‘za shahvatlarni tiyishga, insonga tartibli bo‘lishga o‘rgatadi va hokazo;
Ro‘zaning dunyoviy – tibbiy foydalari.
– ro‘za bandaning sog‘lig‘iga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi, uning immunitetini oshiradi;
– ro‘za tutgan bandaning badanidan keraksiz moddalar, jumladan, yog‘lar, tuz va boshqa narsalar chiqib ketadi.
– olimlar ro‘zaning inson salomatligiga ta’sirini o‘rganib, ajoyib ilmiy yangiliklarni e’lon qildilar. Ular hatto saraton kasalligiga ham ro‘za orqali shifo topish mumkinligini isbotladilar.
Ro‘za tutish natijasi.
Ramazon ro‘zasini tutgan banda bo‘ynidagi farzi aynni bajargan bo‘ladi va oxiratda Alloh tomonidan ulug‘ mukofot va va’da qilingan ne’matlarga erishadi.
Ro‘za turlari
Ro‘za to‘rt xil bo‘ladi. Bular: farz ro‘za, vojib ro‘za, nafl ro‘za va makruh ro‘za.
1. Farz ro‘za.
Ramazon ro‘zasini o‘z vaqtida tutish yoki biron sabab bilan o‘sha oyda tuta olmasa, uning qazosini o‘tash, kafforat va nazr ro‘zalar farz ro‘za turiga kiradi.
Qazo ro‘za Ramazon oyida biron sabab – uzr bilan ro‘za tuta olmaganlar boshqa kunlarda ro‘za tutishlaridir. Alloh taolo Baqara surasida ro‘za oyatida bandalar ichida kim kasal yoki musofir bo‘lsa, ro‘zani boshqa kunlarda tutishi joizligini bayon qilgan.
Banda quyidagi holatlarda kafforat ro‘za tutadi:
1. Ramazon ro‘zasini bilib turib buzganda. (Masalan, banda ro‘zador, ro‘zani shomgacha davom ettirishga qodir. Ammo u o‘z xohishi bilan ro‘zadorligini bilib turib biron narsa yesa, ichsa yoki xotini bilan jinsiy aloqa qilsa, unga kafforat vojib bo‘ladi);
2. Odam o‘ldirganda;
3. Zihor qilganda, ya’ni kishi o‘z xotinini yoki uning bir a’zosini onasiga yoki onasining o‘sha a’zosiga o‘xshatganda.
Bu uch holat uchun ikki oy orasini uzmasdan ro‘za tutish lozim bo‘ladi.
Qasamni buzgani uchun uch kun, hajda ehromda bo‘lib, ov qilsa, hayvon turiga qarab turli miqdorda ro‘za tutadi.
Kafforat bilan qazo ro‘za orasidagi farq shundaki, qazo ro‘zada banda Ramazon oyida uzrli bo‘lib, keyin tuzalgach, bir kun o‘rniga bir kun ro‘za tutadi. Kafforat ro‘zada esa banda ro‘zani qasddan buzadi va Ramazondan keyin bir kun uchun oltmish kun paydar-pay ro‘za tutadi.
Allohga qurbat hosil qilish maqsadida banda o‘ziga-o‘zi vojib qiladigan ro‘za nazr ro‘zadir. Shuningdek, banda “falon ish sodir bo‘lsa” yoki “kasallikdan tuzalib ketsam, Alloh uchun ro‘za tutaman”, deb nazr qilsa va niyat qilgan ishi amalga oshsa yoki tuzalib ketsa, nazr qilgan ro‘zasini tutishi farz bo‘ladi.
Aslida har kuni ro‘za tutish joiz emas. Lekin kim umr bo‘yi ro‘za tutishni nazr qilib, keyin nazrini bajarolmasa, ro‘za tutish o‘rniga fidya beradi. Agar fidyaga qodir bo‘lmasa, istig‘for aytadi.
2. Vojib ro‘za.
Nafl ro‘za niyati bilan tutilgan va sohibining ixtiyori bilan buzilgan ro‘zaning qazosini tutish vojibdir. Nafl ro‘za tutgan odam o‘z nafsiga o‘zi egalik qiladi, uning ixtiyori o‘zida. Lozim bo‘lgan hollarda u ro‘zasini ochishi mumkin. Lekin bunda uning qazosini ham tutishni yoddan chiqarmaslik kerak.
3. Nafl ro‘za.
Banda Allohga qurbat hosil qilish uchun tutadigan, biroq farz yoki vojib bo‘lmagan ro‘za nafl ro‘za sanaladi. Quyidagi holatlarda ro‘za tutish nafl sanaladi:
– Muharram oyining to‘qqizinchi va o‘ninchi yoki o‘ninchi va o‘n birinchi kunlari;
– Hijriy oyning 13, 14 va 15-kunlari;
– Haftaning dushanba va payshanba kunlari;
– Shavvol oyida olti kun ro‘za tutish;
– Hojilardan boshqalar uchun Arafa kuni ro‘za tutish;
– Sha’bon oyida ro‘za tutish;
– Yana hadisi shariflarda aytilgan, nomi va vaqti ma’lum bo‘lmagan, makruh sanalmagan ro‘zalar nafl hisoblanadi. Masalan, Dovud alayhis salom ro‘zasi eng afzal ro‘zalardandir. U kishi kunora ro‘za tutardilar.
Nafl ro‘za tutgan odam biron uzr bilan yoki uzrsiz bo‘lsa ham ro‘zasini ochib yuborishi mumkin. Faqat o‘sha ochib yuborilgan ro‘zaning qazosini tutib berish vojib bo‘ladi.
4. Makruh ro‘za.
Makruh ro‘za tanzihiy va tahrimiy makruh ro‘zalarga bo‘linadi. Muharram oyining to‘qqizinchi yoki o‘n birinchi kunlarini qo‘shmasdan, faqat o‘ninchi kuni ro‘za tutish tahrimiy makruhdir. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bu ishdan qaytarganlar. Yahudiylar Muharram oyining o‘ninchi kuni ro‘za tutishlaridan xabar topganlarida, kelasi yili to‘qqizinchi kuni ham tutamiz, deb niyat qilganlar. Ammo u zotga bu ishni qilish nasib etmagan. Biroq shunday bo‘lsa-da, u zot sollallohu alayhi va sallam so‘zlari va niyatlari shar’iy qonundir. Shuningdek, ikki kun ketma-ket ulab ro‘za tutish, yil bo‘yi ro‘za tutish ham tanzihiy makruhdir.
Quyidagi holatlarda ro‘za tutish tahrimiy makruh sanaladi:
1. Ramazon va Qurbon hayiti kunlari;
2. Tashriq kunlari;
3. Shak kunlari;
4. Eri yonida (muqim) bo‘lgan xotinning eridan ruxsatsiz ro‘za tutishi;
5. Hayz va nifosli ayolning ro‘za tutishi;
6. Faqat juma va shanba kunlarini xoslab ro‘za tutish.
7. Ro‘za tutsa, halok bo‘lishi yoki sog‘lig‘iga katta zarar yetishini bilib turib ro‘za tutish.
Ikki hayit va tashriq kunlari nafl niyati bilan ro‘za tutgan odam, ro‘zani buzsa, unga qazo tutish vojib bo‘lmaydi. Sababi bu kunlarda ro‘za tutish mumkin emas.
Odilxon qori Ismoilov
Bugunning gapi
“Uch xonali xonadonimni ta’mirlatish uchun ikki oy muddatga kelishib usta tushirgandim, olti oyda zo‘rg‘a chala-chulpa qilib ishini tugatdi...”
“Ustalar nega bunaqa-a? Uyini ta’mirlatib, ustalardan roziman, degan odamni uchratmadim...”
“Ko‘pchiligi odamga firib beradi: ishni vaqtida bajarmaydi, ta’mir ishlari tugagach, boshida kelishilgan narxdan ikki barobar ko‘p mablag‘ so‘raydi...”
Yuqoridagi gaplar – uyini, xonadonini ta’mirlatib, ustalardan kuygan kishilarning dod-faryodlari.
Bugungi kunda jamiyatda ayrim ustalarning o‘z ishini vijdonan bajarmasligi, sifatsiz materiallar ishlatishi, vaqtni cho‘zishi yoki turli nayranglar bilan buyurtmachini aldashi, afsuski, ko‘pchilikni tashvishga solish barobarida shu kasb egalariga nisbatan ishonchning susayishiga yoki butunlay yo‘qolishiga olib kelyapti.
Yaxshi niyatda uyini, xonadonini ta’mirlatmoqchi bo‘lgan kishi usta ishlatgan tanishlaridan so‘rab-surishtirishi tayin. Yaqinda men ham xonadonimni ta’mirlatmoqchi bo‘lib usta izladim. Tanish-bilishlardan, do‘stlarimdan so‘rasam, yarmidan ko‘pi ustalardan nolidi. Bu holat nafaqat moliyaviy zarar, ayni paytda insonlar o‘rtasidagi ishonchning yo‘qolishiga ham sabab bo‘lmyaptimi?!
Islom ta’limotida halol mehnat, omonatdorlik va rostgo‘ylik yuksak fazilat ekani ta’kidlanadi. Alloh taolo Qur’oni karimda: “Darhaqiqat, Alloh omonatni o‘z egalariga topshirishingiz va odamlar o‘rtasida hukm qilganingizda adolat bilan hukm qilishingizga buyurar. Albatta, Alloh sizlarga yaxshigina nasihat qilur. Albatta, Alloh eshituvchi va ko‘ruvchi Zotdir” (Niso surasi, 58-oyat).
Ustalik – yaxshi kasb. Usta omonatdor bo‘lsa, odamlarning hojatini ravo qiladi, ko‘pga foydasi tegadi. Buyurtmachi o‘z molini, mablag‘ini ustaga ishonib topshiradi. Usta shu ishonchni oqlashi, ishni puxta va vijdonan bajarishi shart.
Uy – insonning boshpanasi. Uning har bir g‘ishti ezgu niyat bilan qo‘yiladi, har bir devori umid bilan ko‘tariladi. Ammo, afsuski, ba’zan ayrim ustalar imorat qurish yoki ta’mirlashda nayrang qiladilar. Usta tashqi tomondan devorni silliq suvaydi, ammo ichidagi yoriqlarni berkitadi. Bo‘yoqning yaltirog‘i ko‘zni quvnatadi, lekin ortidagi nuqson vaqt o‘tishi bilan ko‘zga tashlanadi.
Yangi ta’mirlangan xonadondan hali bo‘yoq hidi ketmay turib shiftda yoriqlar paydo bo‘ladi, eshiklar qiyshayib qoladi, pol esa g‘ichirlab imorat egasining asabini buzadi. Buyurtmachi ustaga bergan mablag‘iga ichi achiydi.
Ba’zi ustalar sifatli qurilish materiali olish uchun berilgan pulga arzon mahsulot sotib oladi. Qolgan mablag‘ni esa “mehnat haqim” deb o‘maradi. Sementga qumni ortiqcha qo‘shadi, temir yoki armaturani ingichkarog‘iga almashtiradi, mis simlar o‘rniga alyuminini tortadi.
Yana shunday ustalar ham borki, bir haftada tugatishga kelishilgan ishni bir oygacha cho‘zadi. Bahona ham tayyor: “Material kelmadi”, “Yordamchim betob bo‘lib qoldi”, “Ertaga tugatib beramiz” va hokazo.
Eng yomoni, ustaning qo‘lidan chiqqan uy bir yil o‘tar-o‘tmas yana ta’mirga muhtoj bo‘lib qoladi. Bu hunar emas, hiyladir. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Kim bizni aldasa, bizdan emas”, deganlar (Imom Muslim rivoyati). Bu hadis har qanday sohadagi firibgarlikni qamrab oladi. Agar usta arzon yoki sifatsiz materialni qimmatbaho deb ko‘rsatsa, ishni ataylab chala bajarsa yoki keyin yana ta’mirga muhtoj bo‘ladigan qilib ishlasa, bu aldamchilikdan, firibgarlikdan boshqa narsa emas. Afsuski, bugun ko‘pchilik ustalar hiyla va nayrangni kasb qilib olganlar. Buning oqibatida na o‘zlari baraka topadilar, na buyurtmachi ularga bergan mablag‘iga rozi bo‘ladi.
Haqiqiy usta, o‘z ishini vijdonan qiladigan kishi boshqacha bo‘ladi. U har bir ishini bekamu ko‘st bajaradi. Chunki u odamlardan yashirgan nuqsonni, albatta, Alloh taolo ko‘rib, bilib turishini yaxshi anglaydi. Unday ustalar o‘zlariga Alloh taoloning: “Albatta, Alloh chiroyli (ish) qiluvchilarni yaxshi ko‘radi” (Baqara surasi, 195) oyatini hamda Nabiy alayhissalomning: “Alloh taolo o‘z ishini chiroyli, puxta qiladigan kishini yaxshi ko‘radi” (Imom Tabaroniy rivoyati), degan muborak hadislarini o‘zlariga shior qilib olgan bo‘ladilar. Lekin, afsuski, hozir bunday ustalarni topish amrimahol. Borlari ham “qo‘lma-qo‘l”.
Omonatdor ustalar qurgan uylar, yillar o‘tsa ham, yaxshilik bilan eslanadi. Ularning haqlariga xayrli duolar qilinadi. Birgina misol, bizning Sangijumon qishlog‘imizdagi ko‘p uylarni pachirlik usta Turdimurod bobo (Alloh makonini jannat qilsin!) qurgan. O‘sha paytlarda (1960–1990 yillar) vassajuft qilingan shiftlarga ustaning imoratni qurib bitirgan sanasini bitish an’ana bo‘lgan. Har safar qishloqqa borib uyga kirsam, usta boboning “imzosi”ga ko‘zib tushadi va Qur’oni karim oyatlaridan tilovat qilib, u kishining ruhlariga bag‘ishlayman.
Bugun ba’zi ustalarning ishni kelishilgan muddatda tugatmasligi; sifatsiz qurilish materiallaridan foydalanishi; narxni asossiz oshirishi; kamchiliklarni yashirishi; bir necha oy o‘tib yana ta’mir qilishga majbur bo‘ladigan darajada ish tutishi katta gunohdir. Bunday xatti-harakatlar oqibatida buyurtmachi moddiy zarar ko‘radi, asabiylashadi, vaqt yo‘qotadi va eng achinarlisi, odamlar o‘rtasidagi ishonch susayadi.
Halol rizqning barakasi uning ko‘pligida emas, balki pokligidadir. Aldamchilik bilan, hiyla-nayrang ishlatib topilgan mablag‘ foyda bo‘lib ko‘rinsa-da, unda baraka bo‘lmaydi. Shuning uchun har bir usta o‘z qo‘li bilan topayotgan rizqining halolligi haqida o‘ylashi, har bir mix, har bir g‘isht, har bir sim yoki har bir ta’mir uchun qiyomat kuni hisob berilishini unutmasligi kerak.
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rahimahulloh:
O‘ttiz foiz haqiqiy ustalar bor. Ular o‘z kasbi bilan faxrlanadi. Guruhlari bor, shogirdlari, ustozlari bor. Hammasini qoyillatib, asbob-anjomlarini chiroyli qilib qo‘yishgan. Shartnopmani tuzadi, vaqtida ishga keladi, belgilangan muddatda qurilishni yoki ta’mir ishlarini tugatadi, ish haqini olib ketadi. Buyurtmachi ham rozi, usta ham rozi. Bunday kishilarning ishida unum, baraka bo‘ladi. Topgan pullari barakali bo‘ladi.
Haqiqiy usta faqat qurilish yoki ta’mirlashni emas, balki odamlarning ishonchini ham qozonadi. Vijdon bilan qilingan har bir ish ibodatga aylanadi. Aldamchilik va nayrang bilan bajarilgan ish esa vaqtinchalik foyda keltirsa ham, dunyoda obro‘ni to‘kadi, rizq qiyilishiga sabab bo‘ladi, oxiratda esa javobgarlikni keltiradi.
Tolibjon NIZOM