Sayt test holatida ishlamoqda!
27 Iyun, 2025   |   2 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:06
Quyosh
04:51
Peshin
12:31
Asr
17:41
Shom
20:03
Xufton
21:42
Bismillah
27 Iyun, 2025, 2 Muharram, 1447

Ro‘za tutganingiz yaxshiroq

28.04.2020   2844   6 min.
Ro‘za tutganingiz yaxshiroq

«Ey imon keltirganlar, taqvoli bo‘lishlaring uchun sizlardan oldingi (ummat)larga farz qilingani kabi sizlarga ham sanoqli kunlarda ro‘za tutish farz qilindi.

Bas, sizlardan kim bemor yoki safarda bo‘lsa, sanog‘i boshqa kunlardandir. Madori yetmaydiganlar bir miskin kimsaning (bir kunlik) taomi miqdorida fidya (evaz) to‘lashlari lozim. Kim ixtiyoriy ravishda ko‘proq yaxshiliklar qilsa (lozim bo‘lganidan ortiq fidya bersa), o‘ziga yaxshi. Agar bilsalaring, ro‘za tutishlaring (fidya berib, tutmaganlaringdan) yaxshiroqdir» (Baqara, 183–184). 

Hayotning lazzatini, irodaning qiymatini anglab yetishga xizmat qiladigan Ramazon ro‘zasi ilohiy amrlar ichida nafsga eng og‘ir keladigan amaldir. Ramazon arabcha «ar-ramad» so‘zidan olingan, quyosh haroratining juda isib, ko‘tarilganini anglatadi. Oyning «Ramazon» deyilishiga sabab, bu oyda tavba, solih amal qilganlarning gunohlari kuydiriladi, yo‘q qilib yuboriladi. O‘zbek tilida ro‘za ma’nosini anglatadigan arabcha «savm», «siyam» so‘zi lug‘atda nafs istaklaridan o‘zini tiyishni bildiradi. Atama sifatida esa, niyat qilib, nafsning eng katta istaklari bo‘lgan yeyish-ichish va jinsiy aloqadan kun bo‘yi tiyilishdir.

Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi vasallam) Madinaga hijrat qilganlaridan so‘ng oyda uch kun va ashuro kunida nafl ro‘za tutardilar. Hijratdan bir yil o‘tib, qibla o‘zgarganidan keyin sha’bon oyida Ramazon ro‘zasi farz qilindi.

Alloh taolo Payg‘ambarimizdan (sollallohu alayhi va sallam) oldin o‘tgan payg‘ambarlarning ummatlariga ham ro‘zani farz qilgan. Masalan, Odamga (alayhissalom) biyz kunlari (oyning 13-14-15 kunlari), Musoning (alayhissalom) qavmlariga ashuro kunlari, nasorolarga ham ramazon oyida ro‘za tutish buyurilgan. Ro‘za shahvatni kesadi, nafsning hoyu havaslarini mag‘lub qiladi. Turli yomonliklardan, tug‘yonga ketishdan saqlaydi. Ro‘zaning badan salomatligiga foydalari bugun barchaga yaxshi ma’lum. Ammo bu foydalar ro‘zaning farz bo‘lishi sababi va hikmati hisoblanmaydi. Ro‘za farz bo‘lishining asl hikmati Alloh taoloning amriga bo‘yinsunib, bandalikning zavqini totish, ruhni riyo asoratlaridan poklab, quvvat va ixlosni oshirish, nafsni yengib, komillikka erishishdir.

«...sanoqli kunlarda». Ya’ni, sizga farz qilingan ro‘za yilning sanoqli kunlarida – o‘n ikki oydan faqatgina bir oyidadir. Hamda sizning salomatligingizga ziyon keltirmaydigan, toqatingizni toq qilmaydigan shaklda, uzrli bo‘lsangiz, ma’zur ko‘rilib, yengillik berishni ko‘zda tutilgan holatda buyurilgandir.

«Bas, sizlardan kim bemor yoki safarda bo‘lsa, sanog‘i boshqa kunlardandir». Agar ro‘za tutish sihatingizga jiddiy zarar yetkazadigan darajada bemor yoki safarda bo‘lsangiz, ro‘za tutmaslikka ruxsat beriladi. Sog‘aygach yoki safardan qaytganingizdan keyin, necha kun ro‘za tutolmagan bo‘lsangiz, shuncha kun tutib, zimmangizdagi farz qazosini ado etasiz.

«Madori yetmaydiganlar bir mis kin kimsaning (bir kunlik) taomi miqdorida fidya (evaz)to‘lashlari lozim». Bu borada Ibn Abu Laylodan quyidagilar rivoyat qilinadi: «Ramazon ro‘zasi farz qilingan dastlabki paytda odamlar hali unga ko‘nikmagan edilar. Ularga kun bo‘yi och yurish juda og‘ir kelardi. Shuning uchun ro‘za tutolmaganlar oyati karimaning:  «Madori yetmaydiganlar...» hukmiga asoslanib, bir kambag‘alni to‘ydirish bilan o‘zlarini farzni ado etgan hisoblaganlar. «Sizlardan har kim u oyga shohid bo‘lsa, ro‘za tutsin» mazmunli oyati karima tushgach, ro‘za tutmay, fidya berishga ruxsat faqat bemorlar va musofirlargagina tegishli bo‘lib qoldi. Qolgan barchamiz ro‘za tutishga buyurildik».«Madori yetmaydiganlar» qatoriga juda ham qartayib, ochlikka toqati yetmaydigan qariyalar ham kirishiga mufassirlar ittifoq qilishgan.

«Kim ixtiyoriy ravishda ko‘proq yaxshiliklar qilsa (lozim bo‘lganidan ortiq fidya bersa), o‘ziga yaxshi». Ya’ni, kim buyurilganidan ortiqroq fidya bersa, o‘zi uchun yanada yaxshidir. «Agar bilsalaring, ro‘za tutishlaring (fidya berib, tutmaganlaringdan) yaxshiroqdir». Fidya berganidan yoki qazoni tutganidan ko‘ra, qiyin bo‘lsa ham, vaqtida ro‘za tutganlaring o‘zlaring uchun afzaldir. Agar ro‘zaning fazilatini bilganlaringda, albatta, ro‘za tutmaslik joiz bo‘lgan holatlarda ham ro‘za tutgan bo‘lardilaring.

 

Qurtubiy va Hamdiy

tafsirlari asosida

No‘mon ABDULMAJID tayyorladi

 

 

Ramazon-2020
Boshqa maqolalar

O‘zbekiston musulmonlari idorasida navbatdagi “Fuqarolar qabuli” bo‘lib o‘tdi

25.06.2025   4344   1 min.
O‘zbekiston musulmonlari idorasida navbatdagi “Fuqarolar qabuli” bo‘lib o‘tdi

Har haftaning chorshanba kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasida an’anaviy tarzda tashkil etiladigan fuqarolar qabuli bu safar ham aholi vakillarining murojaatlarini o‘rganish, muammolarga yechim topishga qaratildi.

Joriy haftadagi qabulda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Muhammadolim domla Muhammadsiddiqov poytaxtimizdan hamda yurtimizning turli shahar va tumanlaridan tashrif buyurgan fuqarolarning shaxsiy va jamoaviy masalalari, taklif va mulohazalarini tingladi.

  • - Aholi vakillari tomonidan turli masalalar bo‘yicha shar’iy hukmlar, ularning amaliy tatbiqlari yuzasidan savollar berildi;
  • - Nikoh, oilaviy munosabatlar, farzand tarbiyasi kabi mavzulardagi murojaatlar ko‘rib chiqildi;
  • - Ayrim ehtiyojmand fuqarolar tomonidan tushgan moddiy ko‘mak so‘rovlari tegishli tartibda ko‘rib chiqilishi belgilandi;
  • - Sohani yanada rivojlantirish, masjidlarni obod qilish, yoshlar o‘rtasida ilmiy-ma’rifiy targ‘ibotlarni kuchaytirish kabi bir qator konstruktiv takliflar bildirildi.

Qabul yakunida mas’ullarga aniq topshiriqlar berilib, fuqarolar murojaatlarini tezkor va adolatli hal etish bo‘yicha choralar belgilandi. Shu bilan birga, fuqarolar bilan bevosita muloqot qilish, ularning fikrlarini eshitish va islohotlarga jamoatchilikni faol jalb etish borasidagi ishlar doimiy e’tiborda ekani ta’kidlandi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi

Matbuot xizmati