Sayt test holatida ishlamoqda!
15 Iyun, 2025   |   19 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:04
Quyosh
04:49
Peshin
12:29
Asr
17:39
Shom
20:01
Xufton
21:39
Bismillah
15 Iyun, 2025, 19 Zulhijja, 1446

Yaxshi xulq, go‘zal odob egalari bejiz maqtalmaydi...

27.04.2020   3625   8 min.
Yaxshi xulq, go‘zal odob egalari bejiz maqtalmaydi...
Yaxshi xulqli, odobli inson el-yurtdan hamisha izzat-hurmat ko‘rgan, saodat topgan. Yusuf Xos Hojib, Xoja Ahmad Yassaviy, Sa’diy Sheroziy, Abdurahmon Jomiy, Alisher Navoiy kabi barcha ulug‘larimizning asarlarida yaxshi xulq, go‘zal odob egalari madh etilgani bejiz emas.
 
Yoshlarning ma’naviy barkamol, axloqan yetuk kishilar bo‘lib ulg‘ayishlarida odob muhim o‘rin tutadi. Go‘zal axloqlarni tamomiga yetkazish uchun yuborilgan Payg‘ambarimizni Alloh taolo “Albatta, Siz buyuk xulq uzradirsiz” (Qalam surasi, 4-oyat), deb madh etadi.
 
Muhammad Sodiq Koshg‘ariyning “Odob as-solihin” (Solihlar odobi) asari qo‘limga tushib qoldi. Mutolaa qildim, juda ajoyib kitob ekan.
 
Muqaddas dinimiz ta’limotlari asosida har bir mo‘min-musulmon bilishi zarur bo‘lgan eng muhim odoblar jamlangan kitobni tabdil qildik. O‘quvchiga tushunarli bo‘lishi uchun ayrim o‘rinlarda izoh ham berdik. Axloq oyi Ramazonda bu kitobni o‘quvchilarga ham ilindik.
 
Ilmi irfon arboblariga ravshan va ochiq, zavqu ixlos sohiblariga ma’lum va ayonki, yaxshilarning suhbati chinakam saodatga eltuvchidir. Yomonlarning aralashuvi esa baxtsizlikka boshlovchidir. Bunga hech shak-shubha yo‘q.
 
Yaxshilarning suhbati ko‘p va xo‘b foyda beradi. Faqat chiroyli odob sharti ila. Bas, modomiki, saodat izlovchi kishining zohiru botini odob va yaxshi xulqlar bilan bezanmasa, ko‘ngli toza bo‘lmasa, istagan narsasi unga foyda bermaydi.
 
Masnaviy:
 
Beadab tanho na xudro dosht bad,
Balki otash dar hama ofoq zad.
 
Ya’ni:
 
Adabsiz nafaqat yuzini qoraga bo‘yar,
Balki butun olamga ham o‘t qo‘yar.
 
Bas, saodat istovchilar zohiriy va botiniy odoblarni bilib, ularga amal qilishlari zarur. Toki ular ham ushbu yo‘lda ma’naviy foydalar topib, ulug‘larning martabalariga erishsalar.
 
BIRINCHI BOB
 
Birinchi bob izn so‘rash, salomlashish va ko‘rishish, qo‘l berib so‘rashish odoblarini qamrab olgan.
 
Birinchi fasl
 
Bir kishining oldiga huzuriga, uyiga kirish uchun izn so‘rashning besh odobi bor.
 
Birinchi odob. Kimki biror kishining uyiga kirishni istasa, avval u kishiga eshik ortida turib kelganini bildiradi. Ya’ni, eshikni ohista qoqadi yoki tomog‘ini qiradi (yo‘taladi).
 
Ikkinchi odob. Agar ichkaridan ovoz chiqsa, eshikning orqasidan salom berib: “Ichkariga kirsam bo‘ladimi?” deb so‘raydi. Uch marta shunday izn so‘raydi. Har izn so‘ragandan so‘ng to‘rt rakat namoz o‘qish miqdoricha kutib turadi.
 
Uchinchi odob. Agar uy egasi uch marotabadan so‘ng ham kirishga izn bermasa va ovoz chiqarmasa, ortiga qaytib ketadi.
 
To‘rtinchi odob. Uy egasi: “Kimsiz?” deb so‘rasa, otini, kimligini aytish kerak. Ammo: “Men do‘stingizman yoki tanishingizman” demaslik kerak. Aks holda, uy egasida shubha uyg‘onishi mumkin.
 
Beshinchi odob. Agar uy egasi unga hamroh bo‘lsa va uni uyiga boshlab kelsa, eshik oldiga kelganida kirish uchun izn talab qilinmaydi.
 
Ikkinchi fasl
 
Salomlashishning to‘qqiz odob bor.
 
Birinchi odob. Ikki mo‘min bir-biriga ro‘baro‘ kelsa, xoh oshno va xoh nooshno bo‘lsin, bir-biriga salom beradi. Salom berish sunnatdir. Javobi, agar salom berilgan bir kishi bo‘lsa, farzi ayndir. Agar ko‘p kishi bo‘lsa, farzi kifoyadir.
 
Ikkinchi odob. “Assalomu alaykum” deb salom berish kerak. “Assalomu alayka” yoki “Salom alaykum” demaslik lozim.
 
Uchinchi odob. Salomga alik olish farz. Alik olishda: “Va alaykum assalom” deydi. Salomga kuttirmasdan alik olish kerak. Agar kechiktirib alik olinsa yoki alik olayotganini salom beruvchi eshitmasa, farz soqit bo‘lmaydi.
 
Agar ikki kishi bir-biriga birinchi bo‘lish maqsadida salom bersa, agar biri avval, biri keyin voqe bo‘lsa, alik olingan bo‘ladi. Agar ikkala salom ham bir paytda voqe bo‘lsa, alik o‘rniga o‘tmaydi, har qaysi alohida alik olishi kerak.
 
To‘rtinchi odob. Agar kishi bir jamoa mo‘minlarning oldiga kirsa, bir kishini xoslab (alohida ajratib) salom bermaydi. Balki barchaga birday salom beradi. Ammo ko‘chada va bozorda bir kishini xoslab salom bersa bo‘ladi.
 
Agar jamoa bir kishiga salom bersa, o‘sha kishi alik olishda jamoaning hamma a’zolarini nazarda tutishi kerak. Agar ulardan birini xoslab alik olsa, qolganlarning salomiga alik olinmagan hamda farz soqit bo‘lmagan bo‘ladi. Agar bir kishi tanishiga boshqa kishidan salom aytib yuborsa, xabarchi u kishining salomini yetkazgan zahoti alik olishi vojibdir. Xabarchining javobini salomga qo‘shmaslik mustahabdir. “Va alayka va alayhi, va alaykumus salom” deyish kerak. Agar maktubda salom bitilgan bo‘lsa, xuddi shu shaklda javob qaytarish lozim.
 
Beshinchi odob. Salom berayotib boshni quyi qilmaslik kerak. Qo‘l, kift (yelka) yoki bosh bilan ham ishora qilmaydi. Agar shunday qilsa, bu juda xunuk holatdir.
 
Oltinchi odob. Ro‘paradagi kishi eshitishi uchun salomni baland ovozda berish kerak. Salom beruvchiga eshittirib alik olish kerak. Agar kar kishiga salom berilsa, ham ovoz chiqarish, ham qo‘l bilan ishora qilish zarur. Agar qo‘l bilan ishora qilinmasa va kar kishi buni eshitmasa, unga javob lozim emas. Agar kar kishi salom bersa, javobda ham talaffuz, ham ishora qilinadi. Agar gung kishiga salom berilsa, u kishi qo‘l bilan ishora qilib alik olsa, farz soqit bo‘ladi. Agar gung kishi salom bersa, til bilan alik olinib, ishora ham qilinsa, farz soqit bo‘ladi.
 
Yettinchi odob. Yoshi ulug‘ kishi kichikka, otliq piyodaga, yurib ketayotgan kishi o‘tirgan kishiga, ozchilik ko‘pchilikka salom beradi.
 
Sakkizinchi odob. Nomahram kishi yosh, sohibjamol ayolga salom bermaydi, agar u ayol salom bersa, alik olinmaydi. Agar ayol sohibjamol emas, ya’ni kampir bo‘lsa, salom bersa bo‘ladi. Agar u salom bersa, alik olish lozim.
 
Xotiniga va mahramlari (ona, opa-singil, amma-xola va hokazo)ga, ular harchand chiroyli bo‘lsa-da, salom berish joizdir. Ular ham alik olishlari shart.
 
Agar bir kishi notanish sohibjamol ayollar jamoasiga salom bersa, zarari yo‘q. Ular ham salomga alik olishadi. Ayollar jamoasi begona erkakka salom bersa, u alik oladi.
 
To‘qqizinchi odob. O‘n bir holatdagi kishiga salom berish makruhdir. 1) Hojatxonadagi kishiga. 2) Junub kishiga. 3) Uxlayotgan kishiga. 4) Hammomda yuvinayotgan (junub) kishiga. 5) Ovqatlanayotgan kishiga (agar og‘zida taom bo‘lmasa, salom beriladi. U ham alik oladi). 6) Xutba o‘qiyotgan imomga. 7) Azon va iqomat aytayotgan muazzinga. 8) Namoz o‘qiyotgan kishiga. 9) Qur’oni karim o‘qiyotgan kishiga. 10) Duo qilayotgan kishiga. 11) Ehromga kirgan, talbiya aytayotgan kishiga.
 
Uchinchi fasl
 
Mo‘minlar uchrashuvlarida qo‘l berib, ikki kaft bilan ko‘rishishlari kerak. Qo‘l uchida ko‘rishilmaydi. Chunonchi, “musofaha” so‘zi lug‘atda kaftlarni bir-biriga tekkizishni anglatadi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam shunga buyurganlar. Ko‘rishishga birinchi kirishgan kishi to hamrohi qo‘lini tortmaguncha o‘zi ham qo‘lini tortmasligi kerak. Ko‘rishish vaqtida ochiqyuzli, tabassumli bo‘lish zarur.
 
To‘rtinchi fasl
 
Quchoqlashib ko‘rishishning to‘rt odobi bor. Birinchisi, safardan qaytgan kishi yaqinlari, qavm-qarindoshlari bilan quchoqlashib ko‘rishadi. Yosh bolalarning peshonasidan o‘pib, boshini silab qo‘yadi. Ikkinchisi, muqim kishilar har kuni uchrashadigan kishilari bilan quchoqlashib ko‘rishmaydi. Uchinchisi, olim, solih va fazilatli kishilar bilan quchoqlashib ko‘rishganda, ularning qo‘lini o‘pish joiz. To‘rtinchisi, ulug‘ shayxlarga ham shunday ehtirom ko‘rsatiladi.
 
Ibrohimjon INOMOV, 
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari
Maqolalar
Boshqa maqolalar

Rasululloh ﷺning oxirgi haj va xutbalari

04.06.2025   6621   4 min.
Rasululloh ﷺning oxirgi haj va xutbalari

Ummatga qilingan so‘nggi vasiyat


“Hajjatul vado’” ya’ni “Vado xutbasi” lug‘atda “Vidolashuv xutbasi”, “xayrlashuv, ayriliq xutbasi-xitobi” degan ma’nolarni bildiradi.

Hijriy o‘ninchi yilning 9 zulhijja oyida (milodiy 632 yil 8 mart) Payg‘ambarimiz alayhissalom so‘nggi haj ibodatini ado etganlarida xutba qilganlar. Unda Makkada jami 124 ming musulmon to‘plangan edi.

U zot alayhissalom Qasvo degan tuyalariga minib, Arafot vodiysida ummatga so‘nggi vasiyatlarini bayon etganlar. Bu xitob faqat o‘sha joyda to‘plangan hojilargagina emas, balki qiyomatga qadar keladigan butun insoniyatga qaratilgan.

 

Payg‘ambarimiz alayhissalom ummatga bunday vasiyat qildilar:

“Ey insonlar! So‘zimni yaxshilab tinglang... Bu yildan so‘ng sizlar bilan bu yerda yana ko‘rishish-ko‘rishmasligimni bilmayman.

 

Ey insonlar! Buguningiz qanday ham muqaddas kun, bu oylar qanday ham muqaddas oy, bu shahar (Makka) qanday ham muqaddas bir shahar bo‘lsa, Robbingiz bilan ko‘rishgunga qadar qonlaringiz, mollaringiz, obro‘larinigiz ham ayni shaklda muqaddasdir va bir-birlaringizga haromdir!

Ey sahobalarim! Ertaga Robbingizga ro‘para bo‘lib va bugungi holingiz haqida javob berursiz. Mendan so‘ngra eski zalolatlarga qaytib, bir-biringizning bo‘yningizga urmangiz!...

Ey insonlar! Ayollaringizga yaxshi muomala qilishingizni va Allohdan qo‘rqishingizni tavsiya qilaman. Chunki ular amringiz ostidadir. Siz ularni Allohning bir omonati o‘laroq oldingiz va ularning nomuslarini va iffatlarini Alloh oldida so‘z beraroq halol etingiz.

Yaxshi bilingki, sizning ayolingizda haqqingiz bo‘lganidek, ularning ham sizda haqlari bor.

Ey mo‘minlar! So‘zimni tinglang. Yaxshi tushinib oling. Batahqiq Robbingiz birdir. Otalaringiz ham bittadir. Alloh huzurida eng xayrligingiz, Allohdan eng ko‘p qo‘rqqaningizdir.

Arablarning ajamdan, ajamning esa arabdan, oq irqlining qora irqlidan, qora irqlining oq irqdan hech qanday ustunligi yo‘qdir. Ustunlik yolg‘iz taqvodadir.

Ey insonlar! Allohdan qo‘rqing, rahbar qilib ustingizga burni, qulog‘i kesik bir qulni saylab qo‘ysa, Allohning Kitobi ila hukm etgani qadar uni tinglang va unga itoat eting!

Ey insonlar! Sizga bir omonat qoldirayapman-ki, uni mahkam ushlasangiz yo‘lingizdan adashmaysiz! U omonat Allohning Kitobi va payg‘ambarining sunnatidir.

Ey mo‘minlar! Allohdan qo‘rqing! Besh vaqt namozingizni o‘qing! Ramozon oyidagi ro‘zalaringizni tuting!

Mollaringizning zakotini bering! O‘zlaringizdan bo‘lgan amr sohiblariga itoat eting-ki, Robbingizni jannatiga kirursiz.

Ey insonlar! Haddan oshishlikdan saqlaning. O‘tgan ummatlarning halokatining sababi, dinlarida haddan oshish edi.

Bu sanadan so‘ngra yana siz bilan bu yerda ko‘rishish-ko‘rishmasligimni bilmayman.

Ey insonlar! Ertaga men xaqimda sizdan so‘raganlarida nima deysiz? Risolatni yetkazdimmi? Ilohiy vazifani ado qildimmi?”, dedilar.

Bunga butun as’hobi kirom shunday javob berdilar: “Albatta, qasam ichamizki siz Allohning xabarini tablig‘ etdingiz, vazifani bajardingiz. Bizga tavsiya va nasihatda bo‘ldingiz. Hammasiga shohidlik beramiz!”

 

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam muborak ko‘rsatgich barmoqlarini samoga ishorat qildirib, jamoatga boqib bunday dedilar: “Shohid bo‘l Robbim! Shohid bo‘l Robbim! Shohid bo‘l Robbim!”.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam vidolashuv xutbasini yakunlagach, Alloh taolo quyidagi oyatni nozil qildi:

Bugungi kunda Men sizning diningizni mukammal qilib berdim. Sizga ne’matimni batamom qildim. Va sizga Islomni din deb rozi bo‘ldim (Moida surasi, 3-oyat).

Nabiy alayhissalom vado hajidan qaytishda yo‘lda xastalandilar. Xastaliklari 13 kun davom etdi. Hijriy 11 yili robi’ul avval oyining dushanba kuni Oisha onamizning xonalarida muborak ruhlarini Allohga topshirdilar va o‘sha joyda dafn qilindilar...

Sollallohu alayhi vasallam

Davron NURMUHAMMAD