Sayt test holatida ishlamoqda!
09 Avgust, 2026   |   26 Safar, 1448

Toshkent shahri
Tong
03:55
Quyosh
05:26
Peshin
12:34
Asr
17:26
Shom
19:35
Xufton
21:04
Bismillah
09 Avgust, 2026, 26 Safar, 1448

RAMAZON YOG‘DUSI: Tarovih namozi uyda qanday o‘qiladi?

27.04.2020   4142   5 min.
RAMAZON YOG‘DUSI: Tarovih namozi uyda qanday o‘qiladi?
Har yili mamlakatimizda muborak Ramazon oyini kutib olishga o‘zgacha tayyorgarlik ko‘rilib, masjidlarda tarovih namozlari ado etilar edi.
 
Bu yil muborak kunlar sinovli davrga to‘g‘ri keldi. Hozirgi karantin paytida tarovih namozini hamma o‘z uyida o‘qishi kerakligi aytilmoqda.
 
Bu amalning qanday ado etilishi haqidagi savolga O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo bo‘limi yetakchi mutaxassisi G‘ulomiddin Xolboyev javob berdi:
 
– Bismillahir Rohmanir Rohim. Tarovih – istirohat ma’nosidagi "tarviha" so‘zining ko‘pligidir. To‘rt rakat o‘qib, ortidan dam olingani uchun bu namoz shunday nomlangan.
 
Ramazon oyi fazilatlarga boydir. Uning fazilatlaridan biri oy davomida xufton namozidan keyin taroveh namozi o‘qishdir. Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam taroveh namozi haqida shunday deganlar:
 
"إِنَّ اللهَ فَرَضَ صِيَامَ رَمَضَانَ وَسَنَنْتُ لَكُمْ قِيَامَهُ فَمَنْ صَامَهُ وَقَامَهُ إِيْمَاناً وَاحْتِسَابًا خَرَجَ مِنْ ذُنُوبِهِ كَيَوْمٍ وَلَدَتْهُ أُمُّهُ" (رواه الإِمامُ النسائى عن عَبْدِ الرَّحْمَنِ ابن عوف، رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُ).
 
ya’ni: “Alloh taolo Ramazon ro‘zasini farz qildi va men uning qiyomini sizlar uchun sunnat qildim. Kimki imon va ishonch bilan, savob umidida ro‘za tutsa va kechalari qoim tursa, onadan tug‘ilgan kunidagidek gunohlardan pok bo‘ladi” (Imom Nasoiy rivoyatlari).
 
Ramazonning kechalarida qoim bo‘lish, deganda tarovih namozini ado etish tushuniladi. Demak, ixlos bilan savob umidida Ramazon ro‘zasini tutib, tarovih namozlarini o‘qisak, Ramazon oyi tugashi bilan onadan tug‘ilgan boladek gunohlardan forig‘ bo‘lamiz, inshaalloh.
 
Taroveh namozini o‘qish erkaklarga ham, ayollarga ham ta’kidlangan sunnatdir. Tarovihni yolg‘iz o‘qish mumkin, lekin jamoat bo‘lib o‘qilsa, jamoatga va’da qilingan ajru savobga erishiladi. Ikki kishi ham jamoat hisoblanadi. Qancha jamoat ko‘p bo‘lsa shuncha savobi ham ko‘p bo‘ladi.
 
Tarovih namoziga azon va takbir aytilmaydi.
 
Tarovihning rakatlari: Taroveh yigirma rakatdir. Har ikki rakatdan so‘ng salom beriladi. To‘rt rakatdan o‘qish ham joiz. Har to‘rt rakat o‘qilgandan so‘ng to‘rt rakat namoz o‘qiladigan muddatcha dam olish mustahab. Ushbu istirohat paytida tasbih, tahlil aytish afzal. Bizning yurtimizda quyidagicha tasbihni uch marta aytish odat bo‘lgan: Subhaana zil mulki val malakut. Subhaana zil ’izzati val ’azomati val qudroti val kibriyayayai val jabarut. Subhaanal malikil hayyillazi laa yanaamu valaa yamuut. Subbuhun quddusun robbunaa va robbul malaaikati varruh. Laa ilaaha illallohu nastag‘firulloh, nasalukal jannata va na’uzu bika minan-naar.
 
Ushbu tasbihni bir kishi o‘qiydi, qolganlar quloq soladi. Tasbihni yod olgunga qadar kitobdan o‘qisa ham bo‘ladi. Yuqoridagi tasbehning o‘rniga kishi o‘zi bilgan duolarini o‘qishi yoki jim turishi ham mumkin.
 
Tarovihning vaqti – Xufton va uning sunnatidan keyin boshlanib tong otgungachadir. Tarovihni vitrdan oldin o‘qish afzal. Vitrdan keyin o‘qisa ham joiz. Yolg‘iz namoz o‘qiguvchi kishi Ramazonda ham vitrni yolg‘iz o‘qishi mumkin.
 
Tarovihning niyati – “Ikki rakat taroveh namozini o‘qishni niyat qildim, yuzimni qiblaga qaratdim, xolisan lillahi taolo Allohu akbar”. Agar imomga iqtido qiladigan bo‘lsa, niyatga “ushbu imomga iqtido qildim” degan jumlani qo‘shadi.
 
Tarovihda qiroat – Ramazon oyida Taroveh namozi o‘qish davomida Qur’oni karimni bir marta xatm qilish sunnatdir. Qur’oni karimni to‘la yod olmagan kishi har rakatda “Fotiha” surasidan so‘ng o‘zi yaxshi bilgan surani o‘qishi mumkin, hatto “Fotiha” surasidan boshqa faqat bitta surani bilgan kishi Tarovihning har rakatida shu surani zam sura qilishi mumkin.
 
Tarovih namozi jamoat bo‘lib o‘qilsa, imom ovoz chiqarib qiroat qiladi. Unga iqtido qilganlar qiroat qilmasdan tinglab turadi. Tarovihni yolg‘iz o‘quvchi erkak kishilar esa ixtiyorli, xohlasa ovoz chiqarib, xohlasa ovozsiz qiroat qiladi.
 
Vitr namozi faqat Ramazon oyida jamoat bo‘lib o‘qiladi. Bunda imom vitrning har uch rakatida jahriy qiroat qiladi. Qunut duosini imom ham, muqtadiylar ham ichida o‘qiydi (“Al-Fatovol hindiyya” va “Fathu bobil inoya” kitoblari). Vallohu a’lam.
 

G‘ulomiddin XOLBOYEV

O‘MI Fatvo bo‘limi xodimi

Toshkent islom instituti o‘qituvchisi

 

O‘zA
 
Ramazon-2020
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Makkada Qur’oni karim bo‘yicha xalqaro musobaqa boshlandi

07.08.2026   16727   1 min.
Makkada Qur’oni karim bo‘yicha xalqaro musobaqa boshlandi

Makkada Qur’oni karimni yod olish, o‘qish va sharhlash bo‘yicha 46-xalqaro tanlov boshlandi.

IQNA "Saudi Gazette" nashriga tayanib xabar berishicha, payshanba kuni Makkada Qur’oni karimni yod olish, o‘qish va sharhlash bo‘yicha qirol Abdulaziz nomidagi 46-xalqaro tanlov boshlandi.

Oltinchi rabiulavvalga (19 avgustga to‘g‘ri keladi) qadar davom etadigan musobaqada 133 mamlakatdan jami 334 nafar erkak va ayollar ishtirok etmoqda, bu ushbu musobaqa tarixidagi eng katta vakillikdir.

Musobaqaning maqsadi "musulmon yoshlarni Qur’oni Karimni yod olish, anglash va mushohada qilishga undash, shuningdek, halol raqobatni yaratishdan iborat."

Tanlov beshta toifani o‘z ichiga oladi va umumiy sovrinlar miqdori 10 260 000 Saudiya rialini tashkil etadi - bu tanlov ta’sis etilganidan beri eng yuqori sovrin jamg‘armasi.

Avvalroq ushbu musobaqada O‘zbekiston sharafini quyidagilar himoya qilishi xabar qilingandi:

Muhammadabror qori Yunusxonov («Mir Arab» o‘rta maxsus islom bilim yurti talabasi) — (To‘liq Qur’on hifzi);
Muhammadamin qori Olimjonov («Sayyid Muhyiddin maxdum» o‘rta maxsus islom bilim yurti talabasi) — (15 pora hifzi);
Zilolaxon Farhodova (Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti talabasi) — (To‘liq Qur’on hifzi);
Muxtasarxon Muhammadjonova («Xadichai Kubro» ayol-qizlar o‘rta maxsus islom bilim yurti talabasi) — (15 pora hifzi).

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

Dunyo yangiliklari