Sayt test holatida ishlamoqda!
14 May, 2025   |   16 Zulqa`da, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:31
Quyosh
05:05
Peshin
12:24
Asr
17:24
Shom
19:37
Xufton
21:05
Bismillah
14 May, 2025, 16 Zulqa`da, 1446

“Ramazon – Kur’on oyi” Baqara surasi fazilatlari

27.04.2020   3211   2 min.
“Ramazon – Kur’on oyi” Baqara surasi fazilatlari

 

Baqara “sigir” ma’nosini bildiradi. Qadimda bani isroillik bir kishi o‘ldirilganida, uning qotilini topa olishmaydi. Shunda Alloh taolo Muso alayhissalomga: “Qavmingga ayt, sigir so‘yib, uning bir bo‘lagi bilan o‘likni ursinlar”, deb buyuradi. Allohning buyrug‘i bajarilganidan so‘ng haligi o‘likka jon kirib, qotili kimligini aytib beradi. Sigir bilan bog‘liq voqea keltirilgani uchun bu sura Baqara deb nomlangan.

Baqara surasi Madinada nozil qilingan, 286 oyatdan iborat. Baqara Qur’oni karimdagi eng uzun suradir. Unda e’tiqod, ibodat, muomala, axloq, nikoh, taloq, idda masalalari bilan bir qatorda Muso alayhissalom qissasi, Fir’avn bilan Bani Isroil o‘rtasidagi mojarolar bayon etilgan. Nabiy sollallohu alayhi va sallam aytadilar: “Menga Tavrot o‘rniga yettilik, Zabur o‘rniga yuzlik, Injil o‘rniga masoniy berildi. Men Mufassal bilan afzal qilindim”.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Uylaringizni qabristonga aylantirib qo‘ymanglar! Baqara (surasi) o‘qiladigan uydan shayton qochadi”, deganlar.

Ali roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: Kim har farz namozdan keyin Oyatul Kursiyni o‘qisa, uning jannatga kirishini faqat o‘lim to‘sib turadi, xolos, dedilar.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Insonlarning sayyidi Odam, Arablarning sayyidi Muhammad. Lekin (menda) faxrlanish yo‘q, Forslarning sayyidi Salmon, Rumliklarning sayyidi Suhayb, Qoratanlilarning sayyidi Bilol, Tog‘larning sayyidi Tur tog‘i, kunlarning sayyidi Juma kuni, kalomlarning sayyidi Qur’on, Qur’onning sayyidi Baqara (surasidir), Baqaraning sayyidi Oyatul Kursiydir dedilar. Va yana «Bu oyat unda o‘qilgan xonadonga o‘ttiz kun shayton kirmaydi va sehrgar yerkak va ayol qirq kecha kirmaydi» dedilar.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Har bir narsaning o‘rkachi (ulug‘i, sayyidi, afzali) bo‘ladi. Albatta Qur’oonning o‘rkachi Baqara (surasi)dir. Va unda bir oyat bor bo‘lib, u Qur’onning sayyidasidir. Va u Oyatul Kursiydir», dedilar.

Ubay ibn Ka’b roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: Ey Abu Munzir, Allohning kitobidagi eng ulug‘ oyat qaysi ekanini bilasanmi? dedilar.

“Alloh va Uning Rasuli biluvchiroqdir”, dedim.

Ey Abu Munzir, Allohning kitobidagi eng ulug‘ oyat qaysi ekanini bilasanmi? dedilar.

Allohu laa ilaha illaa huu al-Hayyul Qoy-yum, dedim.

Shunda u zot: Allohga qasamki, senga ilm muborak bo‘lsin, ey Abu Munzir, dedilar (Imom Muslim, Imom Abu Dovud rivoyati).

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: Baqara surasining oxirgi ikki oyatini o‘qi, ular menga Arshning ostidagi xazinadan berilgan, deganlar (Imom Ahmad rivoyati).

 

 

Ramazon-2020
Boshqa maqolalar

Er ayolining topgan pulini olishga haqqi bormi?

12.05.2025   3851   3 min.
Er ayolining topgan pulini olishga haqqi bormi?

Savol: Oilaliman, 2 nafar farzandim bor. Turmush o‘rtog‘im ehtiyojlarim, kasal bo‘lsam dori-darmonim uchun pul bermaydilar. Bolalarimizni ehtiyojlari uchun berib turadilar, xolos. O‘zim ishlayman, “ishlab topgan pulingni hammasini menga berishing kerak, chunki Xadicha onamiz ham hamma pullarini Rasulimiz alayhissalomga berganlar” deydilar doim. E’tiroz bildirsam, “menga itoatsizlik qilyapsan” deydilar.

Yaqinda shu masalada janjallashib qolganimizdan keyin pulimni yarmini olib, o‘zimda qolgan yarmini ro‘zg‘orga ishlatishimga majburlayaptilar. Bizning vaziyatimizga shariatda qanday izoh beriladi?


Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Alloh taolo oilada erkakni rahbar etib tayinlab, uning zimmasiga qo‘l ostidagilarning: ayoli va farzandlarining nafaqasini yuklab qo‘ygan. Ayolning topayotgan pulida na erning va na qaynonaning haqi bor, uni zulm qilib olib qo‘yishga mutlaqo haqi yo‘q. Agar o‘zi rozi bo‘lib bersa, olishi mumkin. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Musulmon kishining moli boshqaga halol emas, faqatgina o‘zi rozi bo‘lib, ko‘nglidan chiqarib bersagina, halol bo‘ladi” (Imom Ahmad rivoyati).

“Hech kim o‘zganing molini uning ruxsatisiz, vakilligisiz yoki vasiyligisiz tasarruf qila olmaydi. Agar shunday qilsa, to‘lab beradi” (“Sharhul majalla” kitobi).


Xadiyja roziyallohu anho onamiz butun molu jonini Sarvari olam bo‘lgan turmush o‘rtoqlariga in’om etganlar, ya’ni o‘z ixtiyorlari bilan berganlar. Payg‘ambarimiz alayhissalom tortib yoki talab qilib olib qo‘ymaganlar. Nafaqat Xadiyja onamiz, balki u zotning atrofidagi barcha sahobalar u zotni jonlaridan ortiq yaxshi ko‘rganlar va borini berishga shay turganlar.

Shariatimiz har bir shaxsga moliyaviy mustaqillik bergan. Er topgan pulini o‘zi istaganday sarflashi va bunga na ayoli va na boshqa odamlar to‘sqinlik qilishga haqi yo‘q bo‘lgani kabi, ayolning ham shaxsiy mablag‘idagi tasarrufi o‘z qo‘lida bo‘ladi. Faqatgina foyda-zararni bilmaydigan aqli zaif toifalargina bundan mustasno. Ularning tasarrufini valiylari olib boradi.

Shunga ko‘ra, ayol kishining topgan mablag‘ini olib qo‘yishga, egalik qilishga hech kimning haqi yo‘q.


Ammo yuqoridagi gaplardan ayol topganini hech kimga bermasligi, faqat o‘zi ishlatishi kerak ekan, degan xulosa chiqmaydi. O‘z ixtiyori bilan eriga, farzandlariga yoki boshqalarga hadya qilishi mumkin va bu uchun albatta, ajr oladi.

Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhuning ayollari Rasululloh sollallohu alayhi vasallam huzurlariga kelib: “Erimga sadaqa qilsam bo‘ladimi?” – deb so‘ragan va u zot alayhissalom: “Ha”, deb javob berganlar. Ya’ni sahobiya ayollar erlariga sadaqa, hadya qilib turganlar. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bejizga: “O‘zaro hadyalashinglar, o‘rtada muhabbat paydo bo‘ladi”, deb aytmaganlar.

Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, oila er-xotin o‘zaro bir-birlarini tushunishlari, hurmat qilishlari va o‘z burchlarini muhabbat bilan ado etishlari lozim. Ana shunda oilaviy hayot saodatli davom etadi. Vallohu a’lam.

 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.