Alhamdulillahi Robbil alamiyn, vassolatu vassalamu ’ala Nabiyyil amiyn va ala olihi va as'habihi ajma’iyn. Ammo ba’d.
Ramazon oyi shunday oyki, uning istiqboliga chiqmoq uchun butun borliq: Samo o‘z ahli bilan, yer o‘z ahli bilan tayyorgarlik ko‘radi.
Samo va uning ahli Ramazon oyi istiqboliga quyidagicha tayyorgarlik ko‘radi:
Birinchisi, Samo eshiklari Ramazon oyi kirishi bilan ochiladi va yopilmaydi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Qachonki, Ramazonning ilk kechasi kirsa, Osmon eshiklari ochiladi va Ramazonning oxirgi tunigacha ulardan bitta ham eshik yopilmaydi”.
Ikkinchisi, Jannat eshiklari ochiladi, jahannam eshiklari yopiladi va shaytonlar kishanlanadi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Qachonki, Ramazon kelsa Jannat eshiklari ochib yuboriladi, Do‘zax eshiklari yopib tashlanadi va shaytonlar zanjirband qilinadi”.
Uchinchisi, Jannat iymon va ro‘za ahli uchun ziynatlanib tayyorlanadi
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar:
“Mening ummatimga Ramazonda mendan oldin biror ummatga berilmagan besh narsa berildi. Ulardan birida Jannatga: “Tayyorlan, mening bandalarim uchun bezangin, ular yaqindirlar, dunyo hayotidan toliqib kelib Mening huzurimda rohatlansinlar!” deb amr qilinadi;
To‘rtinchisi, Ramazoning har tunida Samodan nido qiluvchi yer ahliga nido qiladi.
Rasululloh sollallohu alayhi va sallam dedilar:
“Samodan bir nido qiluvchi yer ahliga Ramazonning har tunida to tong otguniga qadar: “Ey yaxshilik talabgori, savob ishlarga kirish! Ey yomonlik talabgori, gunoh ishlardan tiyil!”, deb nido qilib turadi”.
Bu oyda istig‘for aytuvchi mag‘firat qilinadi, tavba qilguvchining tavbasi qabul qilinadi, duo qilguvchining duosi ijobat qilinadi, so‘raguvchining so‘ragani beriladi.
Ya’ni Samo va ahli Samo Ramazon kelishiga barcha yaxshiliklar bilan tayyorgarlik ko‘radilar va uni kutib oladilar.
Yer va uning ahli uchun esa Ramazon oyi quyidagi imkoniyatlar oyidir.
Salmon roziyallohu anhudan quyidagicha rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Sha’bonning oxirgi kuni bizga xutba qilib bunday dedilar: «Ey odamlar! Darhaqiqat, sizlarga buyuk bir oy soya solmoqda. Muborak oy. Unda ming oydan yaxshi bir kecha bor. Alloh uning ro‘zasini farz qildi, kechasini ibodat bilan o‘tkazishni ixtiyoriy – nafl qildi. Kim unda ixtiyoriy ravishda bir yaxshi ish qilsa, xuddi bir farzni ado etgandek bo‘ladi. Kim unda bir farzni ado etsa, xuddi yetmishta farzni bajargandek bo‘ladi. U – sabr oyi, sabrning savobi esa jannatdir. U – ko‘ngil ovlash oyidir. U – mo‘minning rizqi ziyoda qilinadigan oydir. Kim bir ro‘zadorga iftorlik bersa, bu uning uchun bir qul ozod qilish va gunohlari uchun mag‘firat bo‘ladi», dedilar. Shunda: «Ey Allohning Rasuli! Hammamiz ham ro‘zadorga iftorlik qilib beradigan narsa topa olmaymiz-ku?», deyildi. U zot: «Bu savobni Alloh ro‘zadorga bir tatim sut yo xurmo yoki bir qultum suv bilan iftorlik qilib bergan kishiga ato etadi. Ammo kim ro‘zadorni to‘ydirsa, bu uning gunohlari uchun mag‘firat bo‘ladi va Alloh unga mening Havzimdan ichimlik ichiradi, u to jannatga kirgunicha chanqamaydi. Unga ro‘zadorning ajricha ajr bo‘ladi, u(ro‘zador)ning ajridan hech narsani kamaytirilmaydi.
Ey birodar. Ro‘zaning samarasi – taqvodir. Alloh taolo marhamat qiladi:
يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آمَنُوا كُتِبَ عَلَيْكُمْ الصِّيَامُ كَمَا كُتِبَ عَلَى الَّذِينَ مِنْ قَبْلِكُمْ لَعَلَّكُمْ تَتَّقُونَ
«Ey iymon keltirganlar! Sizlardan oldingi (ummat)larga farz qilingani kabi sizlarga ham ro‘za tutish farz qilindi. Shoyad (u sababli) taqvoli bo‘lsangiz» (Baqara,183).
Bilingki, albatta, Ramazon oyi yangi hayot boshlash uchun ulug‘ imkoniyatlar oyidir. Chunki kim bu oyni g‘animat bilib, mag‘firat so‘rasa mag‘ifirat qilinadi, Alloh va Uning Rasuliga qurbat qilaman degan odam maqsadiga erishadi.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan qilingan rivoyatda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday degan ekanlar: “Kimki Ramazon ro‘zasini iymonu ixlos bilan tutsa, o‘tgan jami gunohlari mag‘firat qilinadi”.
Rasululloh sollallohu alayhi vasalam bunday deydilar: “Mening ummatimga Ramazonda mendan oldin biror ummatga berilmagan besh narsa berildi:
Bir kishi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan: “Bu Laylatul-Qadr tunida bo‘ladimi?” deb so‘radi. U zot alayhissalom: “Yo‘q, bu xuddi ishchilar ishini tugatganidan keyin ish haqi olishiga o‘xshaydi”, dedilar (Imom Bayhaqiy rivoyati).
Bu hali hammasi emas. Hali oldimizda ming oydan afzal kecha bo‘lmish Laylatul Qadr kechasi ham bor.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: «Kimki Laylatul Qadr kechasini iymon bilan va savob umidida bedor o‘tkazsa, uning barcha gunohlari kechiriladi», deganlar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Ro‘za qalqondir», deganlar. Chunki ro‘za o‘z sohibini shahvatdan. gunohdan to‘sadi. Unga zararli bo‘lgan narsalardan to‘sadi. Ro‘za – qalqondir, u o‘z sohibini do‘zax olovidan to‘sadi.
Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam shunday dedilar: “Ro‘za va Qur’on Qiyomat kuni banda uchun shafoatchi bo‘ladi. Ro‘za: “Ey Robbim, buni kunduzi taom va shahvatdan to‘sdim. Meni unga shafoatchi qilgin”, deydi. Qur’on: “Ey Robbim, buni tunda uyqudan to‘sdim. Meni unga shafoatchi qilgin”, deydi. Shunda ular shafoatchi bo‘lishadi
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Uch kishining duosi qaytarilmaydi: adolatli imom, ro‘zador to iftor qilgunicha va mazlumning duosi” .
Abu Hurayra roziyallohu anhu rivoyat qilgan muttafaqun alayh hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday dedilar: «Alloh taolo aytadiki: Odam bolasining hamma amali o‘zi uchun faqatgina ro‘zasi Myen uchun va Myen uning mukofotini beraman. Ro‘za – qalqondir, agar birortangiz ro‘zador bo‘lsa, yomon gaplarni gapirmasin va so‘kinmasin. Agar birortasi so‘ksa yoki urushmoqchi bo‘lsa men ro‘zadorman desin. Jonim qo‘lida bo‘lgan zotga qasamki, ro‘zadorning ro‘zasi sababli og‘zidan keladigan noxush hid Allohning oldida miskdan ham xushbo‘yroqdir. Ro‘zadorning ikkita xursandchiligi bor: Iftor qilganda xursand bo‘ladi va Robbisiga yo‘liqqanda ro‘zasi borligidan xursand bo‘ladi», dedilar.
Aziz birodar! Albatta, bu oy – ibodat oyidir.
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam minbarga chiqayotib «Omiyn», «Omiyn», «Omiyn» dedilar. U zotga:
«Ey Allohning Rasuli! Nega bundoq dedingiz?» deyildi.
«Jabroil menga: «Ota-onasini yoki ikkisidan birini topib, jannatga kirmagan bandaning burni yerga ishqalansin», dedi. Men: «Omiyn», dedim.
Keyin u: Ramazonga yetisha turib, mag‘firat qilinmay qolgan bandaning burni yerga ishqalansin», dedi. Men: «Omiyn», dedim.
So‘ngra u: «Huzurida siz zikr qilinganingizda, sizga salovat aytmagan bandaning burni yerga ishqalansin», dedi. Men: «Omiyn», dedim» dedilar».
Shunday ekan bu oyni g‘animat bilaylik. Bu oydan onadan tug‘ilgandek gunohlardan mag‘firat holda chiqaylik. Omiyn.
Abdumannon USMONOV,
"Hasanboy" jome masjidi imom xatibi
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Hazrat Tahonaviy rahmatullohi alayhmurid va yaqinlariga «safar qilsangiz va yukingiz sizga bepul olib ketishingizga ruxsat bergan miqdordan ortiq bo‘lsa, albatta, ortiqcha yukning haqqini ado eting va keyin safar qiling», deya ko‘rsatma berar edilar.
Bir kuni u kishi safar qilish uchun vokzalga yetib keldilar. Poyezd kelishiga yaqin qolgan edi. Hazrat yuklarini olib, yuklar tortiladigan joyga yetib keldilar va navbatga turdilar. Tasodifan poyezdda birga ketadigan konduktor u yerga keldi va hazratni tanib qoldi. Darhol: «Hazrat, siz bu yerda nega turibsiz?» deb so‘radi.
Hazrat: «Yukimni torttirish uchun kelganman», dedilar.
Konduktor: «Sizga yukingizni torttirishga zarurat yo‘q. Hech qanday muammo bo‘lmaydi. Men siz bilan birga poyezdda ketaman. Ortiqcha yuk uchun haq to‘lashingiz shart emas», dedi.
Hazrat: «Siz men bilan birga qayergacha borasiz?» deb so‘radilar.
Konduktor: «Falon bekatgacha boraman», dedi.
Hazrat: «Keyin u yog‘iga nima bo‘ladi?» deb so‘radilar. Konduktor: «U bekatda boshqa konduktor keladi. Men unga bu hazratning yuklari, deb aytib qo‘yaman», dedi.
Hazrat: «U konduktor men bilan birga qayergacha boradi?» deb so‘radilar.
Konduktor: «U uzoqqa ketadi. Undan ancha oldin sizning bekatingiz keladi», dedi.
Hazrat: «Yo‘q, men ancha uzoqqa ketaman, oxirat tarafga ketaman, qabrimga ketaman. Qaysi konduktor men bilan birga ketadi?» dedilar. Keyin: «Oxiratda mendan bir davlatga oid poyezdda yukning haqqini ado qilmay qilgan safaring va o‘g‘irliging hisobini ber degan talab bo‘lsa, u yerda qaysi konduktor menga yordam bera oladi?!» dedilar.
«Nasihatlar guldastasi» kitobidan