Sayt test holatida ishlamoqda!
15 May, 2025   |   17 Zulqa`da, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:29
Quyosh
05:04
Peshin
12:24
Asr
17:24
Shom
19:38
Xufton
21:07
Bismillah
15 May, 2025, 17 Zulqa`da, 1446

“Ramazonni qanday o‘tkazyapsiz? Ulamolar tavsiyasi”

27.04.2020   2888   4 min.
“Ramazonni qanday o‘tkazyapsiz? Ulamolar tavsiyasi”

Mohi Ramazon ro‘zasini bizlarga farz qilgan Alloh taologa cheksiz hamdu sanolar bo‘lsin!  

Ramazon oyining tunlarini bedor, ibodatda o‘tkazishni biz ummatlariga sunnat qilib qoldirgan Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga durudu salavotlar bo‘lsin!        

Ushbu muborak oyni o‘zimiz uchun foydali va unumli o‘tkazishda ulamolarning bir qancha tavsiyalariga tayanib ish ko‘rish maqsadga muvofiqdir.

Biz ham oilamiz bilan birgalikda ushbu muborak oyni ustozlarimizning tavsiyalariga asosanlangan holda o‘tkazishga harakat qilmoqdamiz.

Quyida mazkur tavsiyalarni sizlarga ham ilindik. Zotan, ularga amal qilgan bandalar albatta bu oyning fazlu barokatidan ulushga ega bo‘ladi.

1. Ramazon tunlarini bedor o‘tkazish. Rasululloh sallollohu alayhi va sallam dedilar: “Ramazon kechalarini iymon va savob umidida namoz o‘qib bedor o‘tkizgan kishining gunohlari kechiriladi”   (Imom Buxoriy rivoyati).

2.Miskinlarga taom ulashish. Alloh taolo O‘z Kalomi Qur’oni karimning Inson surasi, 2-7 oyatlarida shunday marhamat qiladi:

“O‘zlari suyumli (ya’ni muhtoj bo‘lishlariga) karamay miskin, yetim va asirlarga taom beradilar va  biz sizlarga Allohning yuzi uchun taom beramiz. Sizlardan mukofot va minnatdorchilik istamaymiz. Bizlar Parvardigorimiz tomonidan bo‘ladigan, (daxshatli azobidan yuzlar) tirishib, burishib qoladigan bir Kundan qo‘rqamiz – dedilar”.

3.Ro‘zadorlarga iftorlik berish. Rasululloh sallollohu alayhi va sallam dedilar: “Ro‘zadorga iftor bergan kishiga ro‘zadorning savobining mislicha savob beriladi va ro‘zadorning savobi hech ham  kamaytirilmaydi” (Nasoiy rivoyati).

4.Ko‘proq sadaqa va ehson qilish. Rasululloh sallollohu alayhi va sallam eng saxovatli kishilardan edilar. Xususan, ramazon oyi kelganda u kishining saxovatlari, esib turgan shamoldan ham saxovatliroq bo‘lib kolar edi.

Rasululloh sallollohu alayhi va sallam: “Sadaqalarning eng afzali ramazon oyidagi sadaqadir” — dedilar (Termiziy rivoyati).

5.Qur’onni ko‘p o‘qish. Abdulloh ibn Amr ibn Os roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallamshunday deganlar: “Kim Qur’on o‘qisa, bas, u nubuvvat (darajasi)ga pog‘onama-pog‘ona ko‘tarilib boribdi. Faqat unga vahiy qilinmaydi, xolos. Qur’on sohibi qalbida Allohning Kalomi bo‘la turib g‘azab qilgan kishi bilan tortishishi va johil kishiga qo‘shilib johillik qilishi to‘g‘ri emas” (Bayhaqiy “Shuabul-iymon”da va Hokim “Mustadrak”da rivoyat qilgan).

6.Qadr kechasini izlash. Alloh taolo  Qur’oni karimning Qadr surasi, 1-3 oyatida shunday deydi:

Albatta Biz u (Qur’on)ni Qadr kechasida nozil qildik. (Ey Muhammad sallallohu alayhi va sallam), Qadr kechasi nima ekanligini Siz kayerdan ham bilar edingiz?! Qadr kechasi ming oydan yaxshirokdir.

Rasululloh sallollohu alayhi va sallam dedilar: “Qadr kechasini iymon bilan va savob umidida namoz o‘qib o‘tqizgan kishining o‘tgan gunohlari kechiriladi”  (Imom Buxoriy rivoyati).

7.Zikr va istig‘forni ko‘paytirish. Alloh taolo Ra’d surasining 28 oyatida marhamat qiladi:

“Ular iymon keltirgan va Allohning zikri ila qalblari orom topganlardir. Ogoh bo‘lingkim, Allohning zikri ila qalblar orom topur!”.

Albatta, iymon keltirganlarning qalblari Allohning zikri ila orom topadi. Chunki u qalblar o‘zlarining Allohga doimiy bog‘liq ekanlarini his etadilar.

“Robbingizga istig‘for aytinglar, so‘ngra Unga tavba qilinglar. (Shunda) U sizlarni ma’lum muddatgacha yaxshi rohatlar ila bahramand qilur va har bir fazl egasiga fazlini berur” (Hud surasi, 3-oyat).

 

Saidabror Umarov

 

Ramazon-2020
Boshqa maqolalar

O‘tirgan tik turgandan yaxshiroq

14.05.2025   2100   3 min.
O‘tirgan tik turgandan yaxshiroq

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Fitna – bu jamiyatda ixtilof, nizo va buzg‘unchilikka olib keladigan omillar majmuasidir. Tarix davomida fitna turli ko‘rinishlarda – siyosiy qarama-qarshilik, diniy ziddiyat yoki ijtimoiy beqarorlik sifatida namoyon bo‘lgan.

Fitna jamiyat rivojiga salbiy ta’sir ko‘rsatib, munosabatlarning buzilishiga sabab bo‘ladi. Ijtimoiy nizolar odamlar o‘rtasida ishonchni yo‘qotadi, bu esa hamkorlik va birdamlikka putur yetkazadi. Masalan, siyosiy fitnalar davlat institutiga bo‘lgan ishonchni kamaytirib, qonun ustuvorligiga xalaqit beradi. Iqtisodiy jihatdan, fitna savdo-sotiq, investitsiyalar va ishlab chiqarishning pasayishiga olib keladi. Tarixdagi ko‘plab misollar mavjud bo‘lib, fuqarolik urushlari, ommaviy tartibsizliklar fitnaning iqtisodiy va ijtimoiy zararlarini ko‘rsatadi.

Diniy yoki mafkuraviy fitnalar esa jamiyatdagi ma’naviy qadriyatlarga tahdid soladi. Bunday nizolar odamlarni guruhlarga bo‘lib, bir-biriga qarshi qo‘yadi, bu esa uzoq muddatli parokandalikka sabab bo‘ladi. Fitna ko‘pincha yoshlarning radikallashuvi, axloqiy buzilish va ma’naviy yo‘qotishlar bilan bog‘lanadi.

Baqara surasi 217-oyatida “Fitna qotillikdan ham og‘ir gunohdir”, 191-oyatda “Fitna qotillikdan ham yomondir” deyilgan.

“Tafsiri Irfon”da, zolim va qonxo‘r kimsalar hamisha insonlar, butun-butun qabilalar o‘rtasida fitna, nifoq solib, jamiyatning tinch hayotini parokanda qilishi, fitna esa odamlarni qatl qilishdan ham og‘ir jinoyat ekani aytilgan.

Fitna konstruktiv yo‘naltirilib, oldi olinmasa, buzg‘unchilik va beqarorlikka sabab bo‘ladi. Imom Buxoriy va Muslim rivoyat qilgan hadisda, “Yaqin orada fitnalar bo‘ladi. O‘sha chog‘da o‘tirib olgan odam tik turgandan yaxshiroqdir. O‘rnida jim tik turgan esa yurayotgan odamdan yaxshiroqdir. Yayov yurgan esa tez-tez yurayotgan odamdan yaxshiroqdir. Kim o‘sha fitnalarga e’tibor bersa uni fitna o‘ziga tortib ketadi. Kimki qutulishga joy topa olsa, o‘sha joyda fitnadan himoyalansin!”, deyilgan.

Bu hadisda Rasul alayhissalom fitnaga aralashib qolishdan qaytarib, undan chetda bo‘lish yo‘llarini bayon qilgan. Fitnaga qiziqmaslik, e’tibor qilmaslik, qo‘shilmaslik bilan himoyalanishni tavsiya qilganlar.

Fitnaning zararli ta’sirini kamaytirish uchun jamiyatda ma’rifat va muloqotni kuchaytirish zarur. Ta’lim va axborot vositalari orqali odamlarning tanqidiy fikrlash qobiliyatini oshirish, ularni fitna unsurlaridan himoya qiladi. Davlat va jamoat tashkilotlari esa adolatli qonunlar va ochiq muloqot orqali ishonch muhitini shakllantiradi.

Bundan tashqari, fitnaning oldini olishda ma’naviy-axloqiy tarbiya muhim o‘rin tutadi. Dini va milliy qadriyatlarga asoslangan tarbiya odamlarda birdamlik va o‘zaro hurmat tuyg‘usini mustahkamlaydi. Nihoyat, fitnaga qarshi kurashishda har bir fuqaroning mas’uliyatli va faol ishtiroki muhimdir.

Alloh taolo Hujurot surasi 6-oyatda “Ey iymon keltirganlar! Agar fosiq xabar keltirsa, aniqlab ko‘ringlar, bilmasdan bir qavmga musibat yetkazib qo‘yib, qilganingizga nadomat chekib qolmanglar” deb fitnaga sabab bo‘luvchi gap-so‘zlarga ko‘r-ko‘rona ergashib ketmasdan tekshirib ko‘rish lozimligini ta’lim bergan.

Shunday ekan, fitnani oldini olish, fitna keltirib chiqaruvchi sabablarni bartaraf etish, unga qarshi kurashish jamiyatning barcha a’zolari uchun umumiy vazifadir.

Shermuhammad Boltayev,
Xorazm viloyati Shayx Qosim bobo jome masjidi imom-xatibi.