Oylar sarvari bo‘lgan,
Ramazon bu, Ramazon.
Qalblar gavhari bo‘lgan -
Ramazon bu, Ramazon!
Go‘zal mohitobondur,
Bir oygina mehmondur.
Poklanishga imkondur,
Ramazon bu, Ramazon!
Avvali rahmat erur,
Mag‘firatga yuz burur.
Do‘zaxdan najot berur,
Ramazon bu, Ramazon!
Chin banda qadrin bilar,
Silayi rahm qilar,
Saxovatdan nur ilar,
Ramazon bu, Ramazon!
Qilib iymon shukrini,
Haq din — Islom fikrini.
Qo‘ymas tildan zikrini,
Ramazon bu, Ramazon!
Ko‘ngillarni eritgan,
Kalomlarni dur etgan.
Chehralarni nur etgan -
Ramazon bu, Ramazon!
Duolarni aylab soy,
Iymonga bo‘lamiz boy.
Qur’on nozil bo‘lgan oy -
Ramazon bu, Ramazon!
Haq rizosi ko‘chida,
Toat kunduz-kechida.
Qadr bordir ichida -
Ramazon bu, Ramazon!
Ro‘zamizdur qanoat,
Mo‘jizayu, sinoat.
Rabb oldida shafoat,
Ramazon bu, Ramazon!
G‘animatdur har dami,
Ixloslilar bayrami.
Allohning keng karami,
Ramazon bu, Ramazon!
Oylar sarvari bo‘lgan,
Ramazon bu, Ramazon.
Qalblar gavhari bo‘lgan -
Ramazon bu, Ramazon!
Saudiya Arabistoni poytaxtida O‘zbekiston Mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan “Miniatyura san’ati: Buxorodan Arabiston yarim oroligacha. Muqaddas qadamjolar yo‘lidagi tarix” nomli madaniy kecha va ko‘rgazmaning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tadbir O‘zbekiston elchixonasi tomonidan tashkil etildi. Unda diplomatik korpus, davlat idoralari, ommaviy axborot vositalari vakillari, madaniyat va san’at arboblari ishtirok etdi.
Ko‘rgazmada o‘zbek ustalarining 35 ta ijodiy ishi namoyish etilib, ular tashrif buyuruvchilarni O‘zbekiston miniatyura rangtasviri tarixi, badiiy xususiyatlari va an’analari bilan tanishtiradi.
O‘zbekiston elchisi Nodirjon Turg‘unov xalqlar o‘rtasidagi o‘zaro anglashuvni mustahkamlash va o‘zbek-saudiya madaniy-gumanitar aloqalarini rivojlantirishda madaniyatning o‘rnini ta’kidladi.
“AlMashtal” kreativ markazi rahbari, malaka Nura bint Saud bin Naif Al Saud O‘zbekistonni mustaqillikning 35 yilligi bilan tabriklab, miniatyura san’atini islom badiiy merosining bir qismi sifatida saqlab qolish ahamiyatini alohida qayd etdi.
Tadbir doirasida ta’lim va san’at sohasidagi hamkorlik istiqbollari ham muhokama qilindi. Saudiya universitetlari vakillari Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti bilan akademik almashinuvlar, qo‘shma tadqiqotlar va kasbiy aloqalarni o‘z ichiga olgan sheriklikni yo‘lga qo‘yishdan manfaatdor ekanliklarini bildirdilar.
Ko‘rgazma tashrif buyuruvchilar uchun ikki kun davomida ochiq bo‘ladi. Shuningdek, o‘zbek mutaxassislari rahbarligida 35 nafar saudiyalik havaskor rassomlar va yosh ustalar uchun amaliy mahorat saboqlari o‘tkaziladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati