Sayt test holatida ishlamoqda!
28 Oktabr, 2026   |   17 Jumadul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
05:30
Quyosh
06:49
Peshin
12:12
Asr
15:42
Shom
17:27
Xufton
18:41
Bismillah
28 Oktabr, 2026, 17 Jumadul avval, 1448

Ramazon bu

26.04.2020   8990   1 min.
Ramazon bu

Oylar sarvari bo‘lgan, 
Ramazon bu, Ramazon. 
Qalblar gavhari bo‘lgan - 
Ramazon bu, Ramazon! 

Go‘zal mohitobondur, 
Bir oygina mehmondur. 
Poklanishga imkondur, 
Ramazon bu, Ramazon! 

Avvali rahmat erur, 
Mag‘firatga yuz burur. 
Do‘zaxdan najot berur, 
Ramazon bu, Ramazon! 

Chin banda qadrin bilar, 
Silayi rahm qilar, 
Saxovatdan nur ilar, 
Ramazon bu, Ramazon! 

Qilib iymon shukrini, 
Haq din — Islom fikrini. 
Qo‘ymas tildan zikrini, 
Ramazon bu, Ramazon! 

Ko‘ngillarni eritgan, 
Kalomlarni dur etgan. 
Chehralarni nur etgan - 
Ramazon bu, Ramazon! 

Duolarni aylab soy, 
Iymonga bo‘lamiz boy. 
Qur’on nozil bo‘lgan oy - 
Ramazon bu, Ramazon! 

Haq rizosi ko‘chida, 
Toat kunduz-kechida. 
Qadr bordir ichida - 
Ramazon bu, Ramazon! 

Ro‘zamizdur qanoat, 
Mo‘jizayu, sinoat. 
Rabb oldida shafoat, 
Ramazon bu, Ramazon! 

G‘animatdur har dami, 
Ixloslilar bayrami. 
Allohning keng karami, 
Ramazon bu, Ramazon! 

Oylar sarvari bo‘lgan, 
Ramazon bu, Ramazon. 
Qalblar gavhari bo‘lgan - 
Ramazon bu, Ramazon! 

Bobur BOBOMUROD,
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi

 

Ramazon-2020
Boshqa maqolalar

Baholash tizimida eng yuqori natija ko‘rsatgan imomlar 20 mln so‘mgacha rag‘batlantirildi

27.10.2026   12983   2 min.
Baholash tizimida eng yuqori natija ko‘rsatgan imomlar 20 mln so‘mgacha rag‘batlantirildi

Xorazm viloyatidagi ilmiy-amaliy seminar doirasida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari tomonidan tizimda fidokorona xizmat qilayotgan ilg‘or xodimlar taqdirlandi. Bunda xodimlar faoliyati va kasbga bo‘lgan sadoqatini xolisona baholash maqsadida joriy etilgan zamonaviy KPI tizimi orqali yil davomida eng yuqori natijalarni qayd etgan imom-domlalarga «Maqtov yorlig‘i», pul mukofoti va qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.

Jumladan, besh yildan beri har kuni bomdod namozini jamoatga o‘qib berish uchun 40 km yo‘l bosib keluvchi va ta’sirchan suhbatlari ila qavm savodxonligini oshirgan Urganch shahridagi “Oxunbobo” masjidi imom-xatibi Hasan domla Kenjayev fidoyiligi uchun 20 million so‘m pul mukofoti bilan e’tirof etildi.

Shuningdek, KPI baholash tizimi bo‘yicha quyidagi 10 nafar diniy soha xodimi ham o‘z yo‘nalishida peshqadam bo‘lib, munosib e’tirofga sazovor bo‘ldi:

– Husan domla Asadov, Buxoro viloyati Kogon tumani «Hoji Salim» masjidi imom-xatibi;

– Xayrulla domla Adambayev, Xorazm viloyati Yangibozor tumani "Juma" masjidi imom-xatibi;

– Faxriddin domla Shayzoqov, Jizzax viloyati Jizzax shahri "Qaliya" masjidi imom-xatibi);

– Nurullo domla Mahkamov, Namangan viloyati Chust tumani "Said Nasimxon to‘ra" jome masjidi imom-xatibi;

– Qutlimurat domla Iztileuov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Bo‘zatov tumani "Suyin eshon bobo" masjidi imom-xatibi;

– Muhammadyor domla Jomonqulov, Samarqand viloyati Bulung‘ur tumani "Amir Hamza" masjidi imom-xatibi;

– Hamdam domla Sobirov, Xorazm viloyati Qo‘shko‘pir tumani "Abul Qosim bobo" masjidi imom-xatibi;

– Salohiddin domla Toshanov, Toshkent shahri Yakkasaroy tumani "Yakkasaroy" masjidi imom-xatibi;

– Bahodir domla Murtazoyev, Toshkent viloyati Chinoz tumani "Qozi Mahalla" masjidi imom-xatibi;

– Ibodulla domla Sobirov, Xorazm viloyati Xonqa tumani "Xalifayi Xudoyqul eshon bobo" masjidi imom-noibilari eng yuqori natija ko‘rsatganlari uchun munosib taqdirlandilar.

Bunday yuksak e’tibor va mukofotlar diniy soha xodimlarini kelgusidagi ezgu amallar hamda yurtimizning ma’naviy-ma’rifiy taraqqiyotiga yanada ulkan hissa qo‘shishga ruhlantiradi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati