O‘tgan ulug‘larimiz Ramazon oyida namozda ham, namozdan boshqa paytlarda ham Qur’onni tilovat qilar edilar.
*****
Ro‘za uch xildir:
Birinchisi ruhning ro‘zasi, bu orzuni qisqa qilishdir.
Ikkinchisi aqlning ro‘zasi, bu havoni nafsga xilof qilishdir.
Uchinchisi a’zolarning ro‘zasi, bu taomdan, ichimlikdan va jimo’dan tiyilishdir.
*****
Ro‘za nima? Ro‘za – Alloh taolo sening tilingga, qulog‘ingga, ko‘zingga, farjingga va qorningga parda urib qo‘yishidir. Sen shuni tushunib yetishing kerak. Alloh taolo ro‘za sababli seni do‘zaxdan to‘sadi.
*****
Bir keksa kishiga: “Siz qari odamsiz. Bu ro‘za sizni zaif qilib qo‘yadi-ku” deyishdi. Shunda u kishi: “Men bu ro‘zani uzoq safar uchun tayyorlayapman. Alloh taoloning toatiga sabr qilish Uning azobiga sabr qilishdan osonroqdir” deb javob berdilar.
*****
Bishr rahimahullohga: “Shunday odamlar borki, faqat Ramazon oyida ibodatga qattiq beriladilar” deyildi Shunda Bishr hazratlari: “Ular Alloh taoloning haqqini faqat Ramazonda taniydigan naqadar yomon kishilar ekan. Albatta, solih kishi yilning hammasida qattiq ibodat qiladi” dedilar.
*****
Solihlardan biridan “Rajab oyi afzalmi yoki sha’bon oyimi?” deb so‘radi. Shunda u zot: “Sen sha’boniy emas, rabboniy bo‘l” deya javob berdilar. Ya’ni faqat sha’bon oyida ibodat qilib, nafl ro‘za tutuvchi emas, balki butun umr davomida Allohning toatida bo‘lgin” dedilar.
*****
Bir kishi solihlarning biridan cho‘ri sotib oldi. Yangi xo‘jayin ramazon oyi yaqinlashganda taomlar, ichimliklarni zaxira qila boshladi. Joriya undan buning sababini so‘radi. Xo‘jayini “Ramazon yaqinlashyapti. Shunga tayyorgarlik ko‘ryapmiz” deb javob berdi. Bu gapni eshitgan joriya: “Sizlar faqat Ramazon oyida ro‘za tutasizlarmi? Mening avvalgi xo‘jayinimning barcha kunlari Ramazondek edi. Meni o‘sha kishiga qaytarib bering” dedi.
O‘MI Matbuot xizmati
Masjidi Nabaviy Madina shahrida joylashgan bo‘lib, Islom tarixidagi eng muqaddas joylardan biridir. Masjid Muhammad sollallohu alayhi vasallam tomonidan hijratning birinchi yilida, 622 yili barpo etilgan va musulmonlar uchun Makkadagi Masjidul Harom va Quddusdagi Masjidul Aqsodan keyingi uchinchi muqaddas masjid hisoblanadi. Masjidi Nabaviydagi mehroblar masjidning tarixiy va ma’naviy ahamiyatini aks ettiradi.
Mehrob – masjidda namoz vaqtida imom turadigan va qiblani ko‘rsatuvchi joy. Masjidi Nabaviydagi kengaytirishlar va qayta qurish jarayonlarida mehroblar o‘zgarib borgan. Masjidning dastlabki ko‘rinishi sodda shaklda bo‘lib, mehrob ham biror bir narsa bilan belgilanmagan. Keyinchalik, Umaviylar, Abbosiylar, Usmoniylar va Saudiylar davrida mehroblar naqshinkor san’at namunalari bilan bezatildi.
1. Payg‘ambar mehrobi. Mehrobi Nabaviy Masjidi Nabaviydagi eng muhim va asosiy mehrobdir. Mehrob Ravzada, Payg‘ambar alayhissalomning qabrlari va minbarlari orasida joylashgan. Payg‘ambar alayhissalom davrlarida U zot namoz o‘qigan joyda biror belgi bo‘lmagan, 707-710 yilda ilk bor Umaviy xalifasi Valid ibn Abdulmalik tomonidan bu joyga birinchi mehrob o‘rnatilgan.
Masjidda hozirgi shakldagi mehrob 1482 yilda Mamluk sultoni Qaytbey tomonidan qurilgan bo‘lib, keyinchalik Usmonlilar va Saudiya podshohi Fahd davrlarida ta’mirlangan. Mehrob tilla bilan qoplangan xattotlik yozuvlari va go‘zal naqshlar bilan bezatilgan.
2. Usmoniy mehrobi. Mehrobi Usmoniy hozirda ko‘p foydalaniladigan asosiy mehrob bo‘lib, Usmon ibn Affon roziyallohu anhu davrida 651 yilda masjid kengaytirilganidan qurilgan. Qibla devorining markazida joylashgan Usmon ibn Affon mehrobi o‘rnida dastlab belgi bo‘lgan.
3. Mehrobi tahajjud. Mehrob Payg‘ambar alayhissalom tahajjud namozini o‘qigan joyni bildiradi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning tungi namozlarini Masjidi Nabaviyning ustunlaridan biri yonida o‘qir edilar. Keyinchalik bu ustun yonida mehrob qurildi, ammo so‘nggi yillardagi qayta ta’mirlash ishlarida olib tashlandi va uning o‘rniga Qur’oni karim mus'haflari uchun kitob javoni o‘rnatilgan.
4. Sulaymoniy mehrobi. Mehrobi Sulaymoniy Hanafiy mehrobi deb ham nomlanadi. Sulaymoniy mehrobi Ravzadan tashqarida, Payg‘ambar alayhissalom minbarlarining o‘ng tomonida joylashgan. Bu mehrob hanafiy mazhabidagilarning namozgohi bo‘lgan. 1532 yili Sulton Sulaymon I buyrug‘i bilan bunyod etildi.
5. Fotima mehrobi. Fotima rohiyallohu anho uylari yaqinida, tahajjud mehrobining janubida, Nabiy alayhissalom hujralari atrofida joylashgani, maqbara o‘ralgani bois mehrob ko‘rinmaydi.
Po‘latxon Kattayev,
TII Hadis va islom tarixi fanlari kafedrasi katta o‘qituvchisi.