Sayt test holatida ishlamoqda!
26 Iyun, 2025   |   1 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:06
Quyosh
04:51
Peshin
12:31
Asr
17:41
Shom
20:03
Xufton
21:42
Bismillah
26 Iyun, 2025, 1 Muharram, 1447

Oylar sultoni – mohi Ramazon yurtimizga qut-baraka va ofiyat olib kelsin!

25.04.2020   3902   8 min.
Oylar sultoni – mohi Ramazon  yurtimizga qut-baraka va ofiyat olib kelsin!

 

Butun musulmon olami, xususan yurtimiz ahli muborak Ramazon oyini katta hozirlik ila qarshi olmoqda. Ezgulik, mehr-shafqat va sabr-qanoat oyi bo‘lgan fazilatli Ramazon oyi bu yil dunyoda koronavirus kasalligi keng tarqalgan og‘ir davrga to‘g‘ri kelmoqda. Ana shunday qiyin sharoitda ham dinimiz buyurgan amallarni oila davrasida ado etib kelayotgan mo‘min-musulmonlarimiz ushbu fazilatli oyni Alloh taoloning cheksiz rahmati va mag‘firatining belgisi sifatida, ertangi kunga katta ishonch va xursandchilik ila kutib olmoqda.

Yurtimizda ham ushbu xastalikka chalinganlar mavjudligi barchamizdan hushyorlikni yanada kuchaytirib, karantin tartib-qoidalariga qat’iy amal qilishni talab etadi. O‘z navbatida bu yo‘lda chinakam qahramonlik qilib, jasorat ko‘rsatayotganlarning haqqiga mudom duoi xayrlar qilamiz.

Yurtlarni qut-barakaga burkaydigan, ofatu balolarni uzoq qiladigan, gunohlar mag‘firat etilib, iltijolarimiz mustajob bo‘ladigan Rahmat oyi o‘lkamizda bir oygina mehmon bo‘ladi.

Ma’lumki, muborak Ramazon oyi ro‘zasi Islomning besh shartidan biri bo‘lib, Qur’oni karim oyatlari ila ro‘za ibodati farz qilingan. Hadisi qudsiylardan birida Alloh taolo tomonidan: «Ro‘za men uchundir va uning mukofotini men beraman», – deyiladi va ro‘zaning xos ibodat hamda ulug‘ savobga ega ekaniga ishora qilinadi.

Har bir ilohiy amrda o‘ziga xos hikmat bor. Ro‘zaning barcha xususiyati va hikmati yolg‘iz Allohga ayon. Bir narsa aniqki, Ramazon – rahmat va mag‘firat oyi, oylarning sultoni va eng ulug‘idir. Ro‘za tanaga ham, ruhga ham fayz bag‘ishlaydi. Moddiy va ma’naviy zararlardan muhofaza etadi.

Boshqa oylarga nisbatan bu oyda Allohga yaqinlashish, ulug‘ ajru mukofotlarga sazovor bo‘lish imkoniyatlari ko‘proq. Bu oyda qilingan bir savobli ishning ajri 70 marotaba ko‘paytirib berilishi, Qadr kechasinig ming oydan afzalligi, bu kechada qilingan ibodatning ajri ming oylik qilingan ibodatning savobidan ortiqligi har bir kishiga ruh bag‘ishlaydi.

Bu oyda yer yuzining turli tarafidagi musulmonlar mushtarak tuyg‘u va mushtarak qarashlar bilan birlashadilar. Bir xil vaqtda ochiqadilar, chanqaydilar, e’tiqodli holatda Allohga taslim bo‘ladilar, muhabbat namunasini ko‘rsatadilar. Yaxshilik, xayru hasanot barchaga barobar ochiladi. Allohning afv va mag‘firat xazinasidan har bir mo‘min o‘z ulush va nasibasini olishga harakat qiladi. Kishilar ro‘za davomida o‘zlarini sabr-qanoat, mashaqqat va qiyinchiliklarda toblaydilar, Alloh bergan ne’matlarning qadriga yetish haqida o‘ylaydilar.

Shubhasiz, ro‘za islomning boshqa ahkomlari va ibodatlari kabi jamiyat hayoti va taraqqiyotiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Xayru saxovat ishlari musulmonlarni yanada jipslashtiradi, ularda mehr-oqibat, dinu diyonat tuyg‘ularini junbushga keltiradi.

Hazrati Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam shunday xushxabar qilganlar: «Agar bir kishi ramazon oyida Allohga yaqinligini mustahkamlamoqchi bo‘lib, biror ibodat yoki xayrli amalni bajarsa, go‘yo ramazondan boshqa oyda bir farzni bajargandek bo‘ladi. Va kimki, ramazonda bir farzni ado qilsa, go‘yo ramazondan boshqa oyda yetmishta farzni ado qilgandek savobga ega bo‘ladi» – deya marhamat qiladilar.

Rivoyatlarda Ramazon oyida Nabiy sallallohu alayhi vasallamning xayru saxovatlari yanada ziyoda bo‘lishi haqida ko‘p bor bayon etilgan. Shuning uchun ham bu oyda yordamga muhtoj kishilarga moddiy jihatdan yordamlashishning ayni mavsumidir.

20 aprel kuni muhtaram Prezidentimiz “Muborak Ramazon oyini munosib tarzda o‘tkazish to‘g‘risida” qarorlarini e’lon qildilar. Unda Ramazon oyining hozirgi sinovli davrni yengib o‘tishdagi ahamiyatini inobatga olib, bir qator muhim vazifalar belgilandi. Ushbu qarorda belgilangan vazifalar bugungi sinovli damlarda mo‘min-musulmonlarning qalblariga mamnunlik baxsh etdi, kelajakka bo‘lgan ishonchlarini yanada mustahkamladi. Ayniqsa, ehtiyojmand kishilarni qo‘llab-quvvatlash, mehr-oqibat va o‘zaro hurmat muhitini mustahkamlashga alohida urg‘u qaratganlari barchani birdek mamnun etdi.

Chunonchi, 20 aprel kungi videoselektor yig‘ilishda ham muhtaram Prezidentimiz “Saxovat va ko‘mak” umumxalq harakati tashabbusini ilgari surdilar. Yurtboshimiz muborak Ramazon oyida muhtoj oilalarga yordam ko‘rsatish ulug‘ ibodat ekani, har bir imkoni bor kishini ijtimoiy himoyaga muhtoj aholini, avvalo mahalladoshlari, qo‘ni-qo‘shnilarini qo‘llab-quvvatlashga da’vat etdilar.

Ramazon oyi davomida Islom diniga xos bo‘lgan diniy-milliy qadriyatlar, shukronalik va saxovatpeshalik fazilatlarini yanada kuchli namoyish qilish, yordamga muhtoj oilalarga mehr-muruvvat ko‘rsatishning afzalligi haqida dinimizda ko‘p ta’kidlangan.

Saxovatpesha kishilarimiz Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallamning: “Beva va miskinga g‘amxo‘rlik qiluvchi kishi Alloh taolo yo‘lida sa’y harakat qiluvchi yoki kechalari bilan toat ibodat qilib, kunduzlari ro‘za tutuvchi kishi kabidir”, degan hadisi shariflariga muvofiq, Alloh taolo roziligi yo‘lida  ehtiyojmand oilalarga saxovat ko‘rsatadilar.

Ramazon – Qur’on oyidir. Qur’oni karim ayni shu oyda nozil bo‘lgan. Alloh taolo shunday deydi: “Ramazon oyi – odamlar uchun hidoyat (manbai) va to‘g‘ri yo‘l hamda ajrim etuvchi hujjatlardan iborat Qur’on nozil qilingan oydir...” (Baqara, 185). Rasululloh sallallohu alayhi vasallam bu oyda Qur’oni karimni farishta Jabroil alayhissalomga to‘liq o‘qib berar edilar. Imom Buxoriy rahimahulloh Ramazon oyida har kuni bir marta xatm qilar edilar.

Ramazon – sabr oyi. Bu yil sabrimizni ikki hissa oshirishga to‘g‘ri keladi. Biri ro‘za tutish bilan bog‘liq mashaqqatlar bo‘lsa, ikkinchisi Alloh taoloning bir sinovi bo‘lgan karonavirus xastaligiga qarshi sabr-matonat bilan kurashishdir.

Balo-ofat qanchalik shiddatli bo‘lmasin, uning ortidan albatta yengillik, najot keladi va insonning sabriga yarasha ulug‘ ajrlar beriladi. Muhammad sollallohu alayhi vasallam «Sabrning savobi, mukofoti – jannatdir», deb marhamat qilganlar.

Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam Ramazon oyida mo‘min kishining rizqi ziyoda bo‘lishi, dasturxon fayzu barakaga to‘lishi haqida shunday marhamat qilganlar: «Bu oyda Alloh mo‘minning rizqini ko‘paytiradi». Haqiqatan ham huddi shunday holatlarga ko‘pchiligimiz guvoh bo‘lamiz.

Salmoni Forsiy roziyallohu anhu shunday rivoyat qiladilar: «Sha’bonning oxirgi kunida Rasululloh sallallohu alayhi vasallam bizga shunday xutba o‘qidilar:  «Ey insonlar! Ulug‘ va muborak bir oyning soyasi ustingizga tushdi. Shunday bir oyki, unda ming oydan afzal bir kecha bor»

Ming oydan yaxshi bo‘lgan kecha bu – qadr kechasidir. Qadr kechasi Ramazon oyida mavjud bo‘lib, qaysi kundaligi yashirilgan, sir tutilgan. Sevimli Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam: «Ramazonning oxirgi o‘n kunidagi toq kunlardan izlang» – deb aytgan. Shuning uchun Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam o‘zlari ham muborak qadr kechasini topib, undan foydalanish uchun, ramazonning oxirgi o‘n kunini bedor o‘tkazardilar.

Janobi Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam ro‘zadorlarga xushxabar sifatida: “Kimki Ramazon ro‘zasini imonu ixlos bilan tutsa, o‘tgan jami gunohlari mag‘firat qilinadi”, deb marhamat qilganlar.

Avval qayd etganimizdek, bu yilgi Ramazon dunyo bo‘ylab Koronavirus pandemiyasi tarqalgan paytga to‘g‘ri kelmoqda. Alloh taoloning rahmati yog‘iladigan oyda bu baloning daf bo‘lishini ko‘pchilik mo‘min-musulmonlar umid qilib turibdilar. Chunki Allohning rahmati ham jismimizga, ham qalbimizga shifodir. Buning ustiga bu muborak oyda ko‘payadigan tilovati Qur’onlar baloyu-ofatlarni insoniyat boshidan uzoqlashtiradi.

Shuning uchun ham bu muborak oyda qalbdan, ich-ichdan, astoyidil dunyo va oxirat saodatini so‘rab duo qilishimiz kerak. Biz gunohlar kechiriladigan, jannat eshiklari ochilib, do‘zax eshiklari yopiladigan, Parvardigori olamning rahmat va mag‘firati jo‘sh urib, Yer yuziga ilohiy nurlar yog‘iladigan oy arafasida turibmiz.

Ushbu oyni g‘animat bilib, saharliklarimizda, iftorliklarimizda yurtimiz tinchligi, dasturxonimiz to‘kinligini, koronavirus balosining tez fursatda daf etilishini, ushbu xastalikka chalingan yurtdoshlarimiz tezroq shifo topishlarini Alloh taolodan so‘raylik. Bunday ofatlar aslo yurtimiz ostonasiga yo‘lamasin, bemorlarga komil shifo bersin!

 

Homidjon ISHMATBЕKOV,

O‘zbekiston musulmonlari idorasi

raisining birinchi o‘rinbosari

Ramazon-2020
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Matbuot – jamiyat ko‘zgusi

26.06.2025   164   2 min.
Matbuot – jamiyat ko‘zgusi

Ommaviy axborot vositasi – jamiyat ko‘zgusi, millatning yuzi. Uning zimmasida keng jamoatchilikni fikrlashga chorlash, tarbiyalash, dunyoqarashni boyitishdek mas’uliyat turadi.


Keyingi yillarda mamlakatimizda huquqiy demokratik davlat va fuqarolik jamiyati barpo etishning muhim sharti bo‘lgan ommaviy axborot vositalarini rivojlantirish, ularning moddiy-texnik bazasi va kadrlar salohiyatini mustahkamlash, so‘z va matbuot erkinligini ta’minlash, soha vakillarini har jihatdan qo‘llab-quvvatlashga bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. 
 

Shu munosabat bilan bugun O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida "Matbuot – jamiyat ko‘zgusi" mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.


Mazkur tadbir 27 iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan tashkil etildi. Unda O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi rektori Muzaffar Komilov, OAV vakillari, Akademiya o‘qituvchi va xodimlari ishtirok etdi.
 

So‘zga chiqqanlar so‘nggi yillarda yurtimizda so‘z erkinligiga bo‘lgan e’tibor yangi darajaga ko‘tarilganini qayd etishdi. OAV demokratik qadriyatlarni qaror toptirish, dunyoda va mamlakatimizda sodir bo‘layotgan ijtimoiy-siyosiy jarayonlar, voqea-hodisalar haqida tezkor va haqqoniy ma’lumotlar yetkazish, Yangi O‘zbekistonning demokratik qiyofasini shakllantirishda muhim rol o‘ynayotganini ta’kidlashdi. 
 

Darhaqiqat, davlatimiz rahbari soha vakillarining mehnatini doimo e’tirof etar ekanlar, shunday fikrlarni bildirgan edilar: 
 

"Biz bugun huquqiy demokratik davlat qurayotgan ekanmiz, jurnalistikaning butun dunyoda e’tirof etilgan, o‘zgarmas talab va mezonlariga amal qilishimiz zarur. Bu mezonlarning eng asosiysi – xolislik va haqqoniylikdir. Binobarin, matbuot maydoniga kirgan inson – u jurnalist bo‘ladimi, bloger bo‘ladimi, bundan qat’i nazar – ana shu qoidalarga amal qilishi shart". 
 

Uchrashuv davomida "Yangi O‘zbekiston" va "Pravda Vostoka" gazetalari bosh muharriri Salim Doniyorov, "Jadid" gazetasi bosh muharriri Iqboljon Mirzaaliyev, Adliya vaziri maslahatchisi, bloger Shahnoza Soatova hamda "Ziyo" media markazi direktori Abduhamid Muxtorov so‘zga chiqib, o‘z fikr-mulohazalarini bildirdilar.


Shundan so‘ng yurtimizda diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar hamda yosh avlodning barkamol voyaga yetishi, xalqaro standartlar asosida ta’lim olishi, ilm-fan, kasb-hunar cho‘qqilarini egallashi hamda xalqimiz ma’naviy-ma’rifiy yuksalishi borasidagi yangilanishlarni keng jamoatchilikka samarali yetkazishda Akademiya bilan faol hamkorlik qilib kelgan bir guruh OAV xodimlarni bayram munosabati bilan taqdirlash marosimi o‘tkazildi. 

 

Bir guruh jurnalistlarga tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari topshirildi.

 

O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi

Matbuot xizmati

Matbuot – jamiyat ko‘zgusi Matbuot – jamiyat ko‘zgusi Matbuot – jamiyat ko‘zgusi Matbuot – jamiyat ko‘zgusi Matbuot – jamiyat ko‘zgusi Matbuot – jamiyat ko‘zgusi Matbuot – jamiyat ko‘zgusi Matbuot – jamiyat ko‘zgusi Matbuot – jamiyat ko‘zgusi Matbuot – jamiyat ko‘zgusi
O'zbekiston yangiliklari